Yuriy Senkevich
Yuriy Senkevich (1937-2003)
XX asrda yashab o`tgan mashhur sayyohlardan biri, ko`p millionli teletomoshabinlarga «Kinosayohatchilar klubi» ko`rsatuvi orqali yaxshi tanish bo`lgan olim, jurnalist va teleboshlovchi Yuriy Senkevichdir. Sayyoh shunisi bilan
mashhur ediki, u amalga oshirgan sayohatlari davomida olgan taassurotlarini o`z kitoblarida va teleekranda jonli tarzda ifoda eta
olgan. Uning sayohatlari haqidagi esdaliklarini o`qigan yoki ko`rsatuvlarini tomosha qilgan har bir kishi o`zini o`sha sayohatda
bevosita qatnashayotgandek his qilardi go`yo.
Yuriy Senkevich 1937-yil 4-martda Mo`gulistonning Bayan-tumen (hozirgi
Chaybolsan) shahrida tug`ilgan. Ota-onasi Sankt-Peterburdagi harbiy tibbiyot
akademiyasini tugatgandan so`ng, shu shaharga ishga yuborilgach, Yuriy dunyoga
kelgan. Senkevichlarning aksariyati tibbiyot sohasi vakillari edilar.
Yoshligida biologiya, zoologiya va umuman tabiiy fanlardan yaxshi saboq olgan
Yuriy ota-onasi izidan borib, 1960-yilda Sankt-Peterburg harbiy tibbiyot
akademiyasini tugatdi.
Yu.Senkevich 1962-yildan boshlab fan bilan jiddiy shug`ullana boshladi.
Dastlab, Mudofaa vazirligiga qarashli Aviatsiya va koinot tibbiyoti
institutida, keyinchalik Moskvadagi Tibbiy-biologik muammolar institutida
ekstremal vaziyatlarda inson xulq-atvorining xususiyatlari mavzusida tadqiqot
olib borgan. Tadqiqot mavzusining favqulodda muhimligi bois, u 1964-yilda
fazogirlarni tayyorlash guruhiga qabul qilindi. 1967-yilda esa Yu.Senkevich
Antarktikaga ekstremal sharoitda yashash uchun ko`rash bo`yicha tashkil etilgan
ikki yillik ekspeditsiyada ishtirok etish uchun taklif etilgan. Mazkur
ekspeditsiya dunyoning eng sovuq qutbi (-88,3 daraja) nomini olgan materik -
Antarktidadagi «Vostok» ilmiy tekshirish stansiyasida tadqiqotlar olib borgan.
Ana shundan so`ng, sayohatlar Yu.Senkevichning asosiy mashg`ulotiga aylandi,
deyish mumkin. Mazkur ekspeditsiya davomida sayyoh jurnalist sifatida ham
shakllandi. U «Halqlar do`stligi» jurnalida mazkur sayohat to`g`risida
qiziqarli ma’lumotlarni e’lon qilib borgan.
1969-yilda mashhur norveg sayyoh-olimi Tur Xeyerdal tropik qamish
(papirus) dan yasalgan «Ra» kemasida qadimgi xalqlarning okeanlar osha
suzishlarni amalga oshirgan bo`lishi mumkinligini isbot qilish uchun Atlantika
orqali sayohatni tashkil etdi. Xeyerdal o`zining yetti kishilik xalqaro
ekipajiga universal inson - vrach, bir qator tabiiy fanlar bo`yicha yetuk olim,
ingliz tilini mukammal biladigan jurnalist Yuriy Senkevichni ham taklif qildi.
1969-yildagi «Ra-1» kemasida tashkil etilgan ekspeditsiya kemaning halokatga
uchrashi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo`lsa, 1970-yilda «Ra-2»
kemasida 7 kishidan iborat xalqaro ekspeditsiya Karib dengizi Sharqidagi
Barbados oroligacha suzib bora olgan.
1973-yildan Yuriy
Senkevich markaziy televideniyedagi «Kinosayohatchilar klubi» ko`rsatuvi
boshlovchisi sifatida faoliyat ko`rsata boshlagan. Tinib-tinchimas sayyoh ,,olim
va nafis so`z ustasi bo`lgan Senkevich «Kinosayohatchilar klubi»ni ko`p millionli
teletomoshabinlarning sevimli ko`rsatuviga aylanishiga erisha olgan. Mazkur ko`rsatuv
ekranga berilayotgan ma’lumotlarning keng miqyosliligi, jiddiyligi, mazmunan
chuqurligi bilan tezda shuxhrat qozondi. Ko`rsatuvda dunyodagi turli xalklar va
mamlakatlarning hayoti, turmush tarzi va urf-odatlari haqida qiziqarli
ma’lumotlar berilib, ular tomoshabinda sayohat qilish hissini o`ygotardi. Turli
yillarda o`tkazilgan ijtimoiy so`rovlar shuni ko`rsatadiki, Yu.Senkevichning
«Kinosayohatchilar klubi» o`zining doimiy ko`pmillionli muxlislariga ega
bo`lgan va shu bois - «Ginnessning rekordlar kitobi» ga kiritilgan.
Ko`rsatuv mavzusini tanlash, mualliflar va mehmonlarni taklif etish
bilan Senkevichning shaxsan o`zi shug`ullangan. Tur Xeyerdal, Jak-Iv Kusto,
Karlo Mauri, Bruno Vaylatti, Jak Mayol, Jan Melori, Fyodor Konyuxov va boshqa
ko`plab mashhur sayyohlarning ko`rsatuvdagi bevosita ishtiroki uning
qiziqarliligini yanada oshirgan.
1977-1978-yillarda Yu.Senkevich Tur Xeyerdalning qamishdan yasalgan «Tigris» kemasida Hind okeani bo`ylab sayohatda kema vrachi
sifatida ishtirok etgan. Uch ming yil avvalgi loyiha bo`yicha ishlangan ushbu
kema Qizil dengiz qirg`oqdaridan yo`lga chiqqach, besh oy davomida Hind
okeanida suzib, Afrikaning Jibuti qirg`oqlariga qaytib kelgan.
1979-yilda Yu.Senkevich shimoliy qutbga chang`ida amalga oshirilgan va
1980-1982-yillarda dunyodagi eng baland cho`qqi Everestga tashkil etilgan
ekspeditsiyalarda vrach sifatida ishtirok etgan. Sayohatlari davomida olgan
taassurotlarini 60 dan ortiq ilmiy maqola va risolalarida bayon etgan, ularda
inson xulqining ekstremal vaziyatlardagi fiziologik jihatlarini, uzoq,
sayohatlar davomidagi o`zaro munosabatlarning xususiyatlarini keng yoritib
bergan. Olimning «Ra» da Atlantika orqali», «Tigris» okeanda», «Ularni ufq
chorlagan» va «Umrga teng sayohat» kabi asarlari kitobxonlar orasida mashhur.
Yuriy Senkevich dunyodagi barcha xalqlar madaniyati va tarixiga chuqur
hurmat va ehtirom bilan qaraydigan sayyoh edi. U «o`z tarixiga bo`lgan
qiziqish - millatning madaniyatliligi belgisidir» degan so`zlarini turli uchrashuvlarida
tinmay takrorlar edi. Mashhur sayyoh o`tgan asrning 80-yillari boshida
Toshkentga qilgan safarida respublikamiz yosh geograflari va sayyohlari bilan
bo`lgan uchrashuvda O`zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi haqida gapira
turib, xuddi shu so`zlarni ishlatgan edi.
Yu.Senkevich mashhur norveg sayyoh-olimi Tur Xeyerdal bilan qalin do`st
edi. 2002-yilda T.Xeyerdalning olamdan o`tganligi haqidagi xabarni eshitgach,
Yu. Senkevich yurak xuruji bilan og`rib, yotib qolgan. Ammo Yu. Senkevich umrining
oxirgi yillarida salomatligi yaxshi emasligiga qaramasdan, sayohat qilishda
davom etgan. Jumladan, 2001-yilda Shveysariya, Ispaniya, Dondagi Rostov, Qozog`iston,
Chukotka, Xanti-Mansiysk, Xitoy va Hindistonga, 2002-yilda esa Chukotka va
Vrangel orollariga sayohat qildi.
Yu.Senkevich tibbiyot fanlari nomzodi, Rossiya sayyohlar assosiatsiyasi
prezidenti, Rossiya teleakademiyasi akademigi va qator xalqaro mukofotlar
sovrindori edi. Olim 2003-yilning 25 sentyabrida o`z ish joyida vafot etgan.
Sayyohning nomi turli ob’ektlarda abadiylashtirilgan. «Aeroflot»
kompaniyasi samolyotlaridan biri, umumiy yuk ko`tarish qobiliyati 100 ming
tonna («Titanik» dan ikki baravar ko`p) bo`lgan kema va Moskva davlat turizm
industriyasi instituta Yu.Senkevich nomi bilan atalgan. Sibirdagi Omsk shahrida
«Senkevich» restorani bo`lib, uning devorlaridan birida sayyoh ishtirok etgan
«Ra-2» kemasi sayohatining fil terisiga ishlangan xaritasi osib qo`yilgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.