Arminiy Vamberi 

5 701

 

Arminiy VAMBERI
 (1832-1913)
  Markaziy Osiyoni turli davrlarda ilmiy jihatdan o`rgangan yevropalik olim va sayyohlar talaygina. Ammo XIX asr o`rtalarida hayotining turli qirralari va xususiyatlari yevropaliklarga uncha yaxshi tanish bo`lmagan uchta xonlikdan iborat mintaqaga sayohat qilgan sayyohdar juda kam. Ana shun­day sayyohdardan biri 1832-1913-yillarda yashab ijod qilgan vengriyalik Sharqshunos I olim Arminiy Vamberidir.
 A.Vamberi Vengriyaning Dunay bo`yidagi Duna-Sherdageli qishlog`ida dunyoga kelgan. Otasidan erta ajralgan Vamberi bolaligida og`ir kasallikka chalinib, bir umrga oqsoq bo`lib qoldi. Shunga qaramay, turli katolik maktablarida tahsil olishga intilgan. Ammo ko`proq bilimlarini mustaqil ravishda oshirgan va badavlat oilalarning farzandlariga til o`rgatish bi­lan tirikchilik qilgan. Bolaligidayoq A.Vamberi venger, nemis, slovak va yahudiy tillarini bilardi. Keyinchalik lotin, fransuz, ingliz, ispan, italiya, daniya va shved tillarini o`rgangan. 20 yoshida rus va qadimgi yunon tillarini o`zlashtirib, turk, arab va fors tillarini o`rgana boshlagan.
  Sharq tillariga va sayohatlarga bo`lgan katta qiziqish unda uzoq yurtlarga safar qilish orzusini uyg`otdi. Shu sababli 1857-yil­da A.Vamberi Istanbulga kelgan va asta-sekin turk zodagonlari va yevropalik diplomatlar o`rtasida muallim va olim, degan nom chiqargan. Istanbulda to`rt yil yashagan A.Vamberi qadimgi Sharq qo`lyozmalarini chuqur o`rgandi va 1861-yilda Vengriya Fanlar Akademiyasining muhbir-a’zosi etib saylandi.
 A.Vamberida Turkiyadan keyin uzoq O`rta Osiyoga sayohat qilish rejasi tug`ildi. Buning asosiy sababi borasida u shunday yozgan edi: «venger tilining oltoy tillari oilasiga kirishi hammaga ma’lum. Biz vengerlarni qiziqtiradigan bu masala, ilmiy va milliy nuqtai nazardan meni Sharqqa sayohatimga undovchi asosiy sabab hisoblanadi. Jonli tillarni o`rganish orqali men venger tili va turkiy lahjalarning o`xshashlik darajasini o`rganishga qaror qildim».
  1863-yilning mart oyida A.Vam­beri Vengriya Fanlar Akademiyasi mablag`i hisobiga millati turk bo`lgan Rashid afandi nomi bilan darvesh qiyofasida O`rta Osiyoga safar qilish maqsadida Trabzondan Tehronga yo`l oldi. Eronda Makka ziyoratidan qaytayotgan hojilar karvoniga qo`shilib, ular bilan bir necha vaqt Markaziy Eronda to`xtab, Tabriz, Zanjon va Qazvin kabi shaharlarda bo`lgan. So`ng xojilar karvoni Isfahon, Sheroz va Mozandaron orqali Kaspiy dengizining janubi-Sharqiy qirg`oqlari tomon yo`l oldi. Shu yerdan sayyoh jazirama Qoraqum cho`li orqali Xorazm vohasiga yetib kelgan.
  Xiva xonligida bir muddat bo`lgach, Qizilqum cho`li orqali Buxoroga yetib oldi. U Samarqand, Qarshi, Kerki, Andxoy, Maymana, Hirot, Mashhad orqali Tehronga qaytgan. A.Vamberi O`rta Osiyoga safarini boshlagandan roppa-rosa bir yil o`tib, ya’ni 1864-yilning martida Tehrondan Istanbulga, u yerdan Budapeshtga qaytib keldi.
  Hirotda bo`lgan bazm chog`ida afgon amirining o`g`li Yoqubxon bir guruh darveshlar orasidagi Vamberining musiqa ohangiga mos ravishda oyog`ini yerga urib to`rganiga e’tibor qaratib qolibdi. Shunda Yoqubxon «Osiyoda hech kim musiqani bu tariqa tinglamaydi», deb o`ylab, darveshning musulmonligiga shubha qilib, uni suhbatga chorlaydi. Ular islom dini, Muqaddas joylar va Afg`oniston haqida uzoq suhbatlashadilar. Yoqubxonning Vamberiga qarata «sen xoji va olimsan, ammo musulmon emas, yevropaliksan», deb aytgan gapiga sayyoh «yo`q, men turkman», deb javob bergan. Shunda Yoqubxon: «Mayli shunday bo`laqolsin. Men senga yomonlik tilamayman. Olloh yor bo`lsin», deb Vamberini qo`yib yuboribdi.
  1864-yilda A.Vamberi O`rta Osiyoga, xususan, Xiva va Buxoro xonliklariga sayohati natijalarini o`z ichiga olgan, Yevropa, Ros­siya va Shimoliy Amerikada katta qiziqish o`ygotgan «O`rta Osiyo bo`ylab sayohat» nomli asarini e’lon qilgan. Ushbu asarning deyarli barcha Yevropa tillariga tarjima qilingani ham unga bo`lgan katta qiziqishdan dalolat. Asarning bu qadar mashhur bo`lib ketishini A.Vamberining o`zi «undan oldin hech bir yevropalik sayyoh O`rta Osiyoga bu qadar o`ziga xos usulda, ya’ni boshqa millat va din vakili qiyofasida sayohat uyushtirmaganligida», deb izohlagan edi. Vengriyalik sayyoh mintaqaning eng uzoq chekkalariga kirib borishga va ular haqida zavqli hikoya qilishga muvaffaq bo`lgan.
  A.Vamberining Buxorodan Samarqandga qilgan safari taassurotlarini o`qir ekansiz, kitobda Buxoro vohasi, Zarafshon daryosi, Malikcho`l va unda qoldiqlari hozirgacha saqlanib qolgan karvonsaroy hamda sardoba haqidagi ma’lumotlar geografik jihatdan naqadar aniqlik bilan tasvirlanganiga amin bo`lasiz.
  Venger sayyohi yozgan kitobning yana bir  qimmatli tomoni shundaki, muallif uni islom dini asoslari, mahalliy halk urf-odatlari va tilini bilgan kishi sifatida bayon qilgan. Uning safar taassurotlari qayd etilgan kitobi Markaziy Osiyoning yevropaliklar uchun notanish bo`lgan xalqlari, yerlari, suvlari, iqlimi va landshafti haqida birmuncha to`liq ma’lumotlarni beradi. Asarda o`zbeklar va turkmanlar to`g`risida, ayniqsa, bu xalqlarning kelib chiqishi, tarixi, urug`chilik munosabatlari va urf-odatlari haqida o`sha zamon nuqtai nazaridan birmuncha yangi ma’lumotlar keltirilgan.
  A.Vamberi sayohati davomida Xiva, Buxoro va Samarqandda bo`lib, olgan taassurotlari va ko`rgan-eshitganlarini buzmasdan, ob’ektiv tasvirlagan. Mutaxassislarning fikricha, sayyohning «O`rta Osiyo bo`ylab sayohat» asari XIX asrda tarixiy-geografiya va etnografiya sohasida yaratilgan ilmiy adabiyotlar orasida muhim o`rin tutadi. Muallif Turkmaniston, Xiva xonligi va Buxoro amirligi aholisining ijtimoiy-xo`jalik hayoti, tabiiy-ekologik sharoitiga aniq va yorqin ta’rif bergan. Shuningdek, sayyoh butun mintaqa uchun muhim hisoblangan sun’iy sug`orishning ahamiyati to`g`risida to`xtalib, asosiy irrigatsiya tarmoqlarini sanab o`tgan. Bundan tashqari, muallif mintaqa mamlakatlarining tashqi iqtisodiy-savdo aloqalari bo`yicha ham qimmatli ma’lumotlar keltirgan.
  Xiva, Buxoro va Samarqanddagi takrorlanmas tarixiy obidalarning venger sayyohi tomonidan ta’riflanishi yevropaliklarda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi boy madaniy meroslarga qiziqishning ortishi uchun turtki bo`ldi. A.Vamberining jonli tillar, xalq ogzaki ijodi va adabiyot haqidagi materiallari e’tiborga loyiq. U og`izdan-og`izga o`tib kelayotgan boy xalq merosi hamda Navoiyning klassik adabiyot namunalari bilan yevropaliklarni tanishtirdi.
  A.Vamberining sayohatlardan olgan taassurotlarini o`z ichi­ga olgan «O`rta Osiyo bo`ylab sayohat» asari turli dalillar bilan juda ishonarli yozilgani sababli ba’zi olimlar uni soxtalikda, ma’lumotlarni qalbakilashtirishda ayblashgan, hatto. Ammo vaqt o`tishi bilan bu ayblovning noto`g`riligi va sayyohning kitobxonlar ishonchiga sazovor bo`lgan ma’lumotlar o`z ko`zlari bilan ko`rgan taassurotlari ekani undan keyin mintaqaga tashrif buyurgan ko`plab boshqa yevropalik sayyohlar tomonidan tasdiqlangan. Shuning uchun bu asar hozirgi kunda ham geograf, tarixchi, adabiyotshunoslar va boshqa fanlar mutaxassislari e’tiboridan chetda qolgani yo`q va undagi qimmatli ma’lumotlarni olimlar o`rganishda davom etmoqda.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.