Rual Amundsen 

8 402

 

Rual Amundsen
(1872-1928)
  Dunyoning turli qismlarini kashf etish­da va geografik tadqiqotlar tarixida yorqin iz qoldirgan sayyohlar talaygina. Ammo ular orasida birinchi bo`lganlar hamda butun umrini sayohatga baxshida etganlari juda kam. Ana shunday taniqli sayohlardan biri norvegiyalik buyuk qutbshunos olim Rual Engelbregt Gravning Amundsendir.
  Haqiqatdan ham, R.Amundsen geografik kashfiyotlar tarixida qator yangi sahifalarni ochgan. Uzoq vaqtlar davomida u Yer sharining shartli o`qi og`adigan har ikkala nuqtalar - Shimoliy va Janubiy qutblarda bo`lgan yagona sayyoh, hisoblanib kelingan. Shuningdek, Shimoliy qutb orqali o`tadigan va muhim ahamiyatga ega bo`lgan dengiz transport yo`llarining kashf etilishi ham bevosita R.Amundsen nomi bilan bog`liq. Sayyohning qutblarni tadqiq qilish borasidagi ilmiy merosi XX asrning bi­rinchi yarmida katta tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan va unga zamondoshlari tomonidan «Qutblar qiroli», deb nom berilgan.
  Rual Amundsen 1872-yilda Norvegiyaning janubi-sharqidagi Borge shaharchasida dengizchi oilasida dunyoga kelgan. Otasiga doi­mo havas qilgan Rual, yoshligidanoq o`zini qiyin sharoitlarga chiniqtira borib, har kuni uzoq masofalarga chang`ida yo`rgan, hatto, qishda ham xonasi derazasini ochib quyib, yerga to`shalgan gilamchada ustiga bitta palto yoki gazeta yopingan holda uxlagan.
  Universitetning tibbiyot fakultetiga o`qishga kirgan Rual, oilaviy sharoiti tufayli o`qishni tashlab, 22 yoshida dengiz ovchiligi kemasiga matros bo`lib yollangan. Dastlab, Shpitsbergen atroflarida, keyinchalik Meksika, Ispaniya va Afrikaga suzib, dengizchi sifatida malakasini oshirdi. 1896-yilda shturmanlikka imtihon topshirib, 1897-yilda Belgiya ekspeditsiyasi tarkibida Antarktidaga jo`nagan. Yaxshi tayyorgarlik ko`rilmagani va ekspe­ditsiya a’zolarida tajriba yetishmasligi sababli, bir joyda 13 oy qishlab, to`xtab qoldilar. Ana shu tajribalarning barchasi Rual Amundsenning keyingi qutbshunos sifatidagi hayotida katta rol o`ynagan.
  1899-yilda Yevropaga qaytgan R.Amundsen kema kapitanligiga muvaffaqiyatli imtihon topshirib, «Yoa» nomli kichikroq kema sotib olgan. Uning azaliy orzusi - 300 yildan beri hech kimga nasib etmagan va o`sha vaqtlarda insoniyat orzu qilib kelayotgan Yevropadan Amerikaga dengiz orqali o`tishning eng qulay yo`li bo`lgan Shimoli-g`arbiy yo`lakni kashf etish edi.
  Uch yillik tayyorgarlik va yana uch yillik mashaqqatli dengiz sayohati tufayli R.Amundsen 1903-1906-yillar mobaynida Gren­landiya atrofidan suzib o`tib, Kanadaning shimoliy qirg`oqdari orqali Bering bo`g`izigacha yetib borgan va Shimoliy-g`arbiy dengiz yo`lini ochishga muvaffaq bo`lgan.
  1906-yilga kelib yevropalik va amerikalik sayyohlar o`rtasida qutblarni zabt etish borasida musobaqa avj olib ketgan edi. Shuning uchun R.Amundsen ham 1907-yilda Shimoliy qutbga sayohatni rejalashtira boshlagan. Ammo amerikalik sayyoh J.Kuk tomonidan Shimoliy qutbning birinchi bo`lib zabt etilgani uning rejasini birmuncha o`zgartirib, Janubiy qutb ekspeditsiyasini tashkil etishga majbur etdi.
  Xuddi Shimoliy qutbda bo`lgani kabi, Janubiy qutbni zabt etish uchun ham R. Amundsen va angliyalik sayyoh R.Skott o`rtasida o`ziga xos musobaqa boshlanib ketdi. Bir vaqtning o`zida Janu­biy qutbga yetib borishga jazm qilgan har ikkala sayyoh, boshchilik qilgan ekspeditsiyalar oradan bir oy farq bilan uni zabt etishga muvaffaq bo`lishgan.
  Qutb iqlimi sharoitini yaxshi o`rgangan R.Amundsen «Fram» kemasida Antarktida qirg`oqlariga kelgan va ekspeditsiyasining besh a’zosi itlar qo`shilgan to`rtta chanada 1911-yilning 19-oktyabrida qutb tomon yo`l olib, 1285 km masofani bosib o`tgan. 1911-yilning 14-dekabrida R.Amundsen birinchi bo`lib Janubiy qutbga yetib borib, u yerda Norvegiya bayrogini o`rnatdi.
 R.Amundsen sayohatining muvaffaqiyatini ekspeditsiya a’zolarining boshqa sayyohlarnikiga nisbatan sovuqni 25 foiz kam o`tkazadigan bug`u terisidan tikilgan issiq kiyimlari, oralik omborlardagi yetarli oziq-ovqat zahirasi va tez yurishda juda qo`l kel­gan 52 ta baquvvat itlar ta’minlagan. R.Amundsen ekspeditsiyasi Janubiy qutbga borish va qaytishda 2570 km masofani 99 kun ichida bosib o`tgan. Shunisi e’tiborliki, R.Amundsenning Antark­tida qirg`oqlarida barpo etgan bazasi R.Skottning ushbu materik qirg`oqlaridagi asosiy bazasidan qutbga nisbatan qariyb 200 km yaqin joylashgan edi.
  Robert Skott motorli chanalar va otlarda qutbga 1912-yil 17-yanvarda yetib borgan va orqaga qaytish vaqtida halok bo`lgan. Bu haqda R.Amundsen 1913-yilda: «R.Skottning tirik qolishi uchun o`zim erishgan barcha yutuqlar va sharafdan voz kechgan bo`lar edim», deb yozgan edi.
  R.Amundsen 1918-1920-yillar davomida hozirgi Rossiyaning Shimoliy muz okeani qirg`oqlari bo`ylab ekspeditsiya uyushtirib, shimoliy dengiz yo`lini kashf etgan. Bunda sayyoh, Norvegiyaning Skandinaviya qirg`oqlaridan to Alyaskagacha bo`lgan bir necha ming kilometr masofani dengiz orqali bosib o`tgan. Shunday qilib, R.Amundsen nafaqat har ikkala qutbda bo`lgan sayyoh, balki Shi­moliy muz okeani qirg`oqlarini birinchi bo`lib to`la bosib o`tgan qutbshunos olim sifatida ham tarixda qolgan.
  Ammo Shimoliy qutbda bo`lish orzusi R.Amundsenga tinchlik bermagan. 1925-yilda uning gidrosamolyotda qutbga qilgan birin­chi parvozi texnik nosozliklar tufayli tugallanmay qoldi. 1926-yilning may oyida u yana ikki norveg sayyohi bilan birga uzunligi 106 metr va 250 ot kuchiga ega uchta motor bilan jihozlangan «Nor­vegiya» nomli dirijablda Shpitsbergendan havoga ko`tarilib, Shi­moliy qutb orqali uchib o`tib, Alyaskaga qo`nishga muvaffaq bo`lgan.
  R.Amundsen qutblarni o`rganish tarixida muhim o`rin tutgan buyuk sayyoh. Shuning uchun ham unga ehtirom sifatida Dunyo okeanining dengizi va qo`ltig`i, Antarktidadagi tog` tizmasi va ilmiy stansiya, Shimoliy muz okeanidagi kotlovina va Oydagi krater olimning nomi bilan atalgan. Sayyoh orttirgan ilmiy tajriba shu qadar ahamiyatliki, undan qutbshunoslar haligacha foydalanib kelmoqdalar.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.