Robert Skott
(1868-1912)
Robert Folkon Skott Antarktida materigini tadqiq qilishga
katta hissa qo`shgan, Janubiy qutbga Rual Amundsendan keyin ikkinchi bo`lib
yetib borgan buyuk ingliz sayyohi. Butun umrini dengizchilik bilan o`tkazgan va
dunyoning turli qismlarida sayohatda bo`lgan.
Robert Skott 1868-yilning 6-iyunida Buyuk
Britaniyaning Devon grafligidagi Devonport shaharchasida tug`ilgan. 12 yoshida,
ya’ni 1880 yilda bo`lajak qutbshunos ingliz flotiga yosh yunga bo`lib xizmatga
kirgan. Bolaligida Skottning sog`ligi uncha yaxshi bo`lmagan va shu bois o`zini
chiniqtirish uchun muntazam sport bilan shug`ullangan. Gempshir grafligidagi
Ferem kollejini tugatgach, ko`plab kemalarda xizmat qilgan va 1886-yilda
Vest-Indiyaga yuborilgan. Vest-Indiyada bo`lgan vaqtida Britaniya Qirollik
geografiya jamiyatining prezidenti K.Merkem bilan tanishgan va uning tavsiyasi
bilan 1901-1904-yillardagi birinchi yirik ingliz Antarktida ekspeditsiyasiga
boshchilik qilgan.
Antarktika ekspeditsiyasi davomida R.Skott «Diskaveri»
kemasida Antarktidadagi Viktoriya yerining qoyali g`arbiy qirg`og`ini to`la
tadqiq qildi. Ross shelf muzligi bo`ylab uning g`arbiy chekkasiga qadar suzib,
keyinchalik yarimorol ekanligi ma’lum bo`lgan «Eduard VII yeri»ni kashf etdi.
1902-yilning oxirida R.Skott Ross shelf muzligini kashf etishda davom etib, uning
Sharqiy chekkasi bo`ylab har ikkala tomonga
1200 km
yo`l bosib, 600
km masofada cho`zilib yotgan Transantarktika
tog`larini o`rgangan.
1903-yilning oxirida R.Skott Antarktika vohasining muz
va qordan holi vodiysini birinchi bo`lib kashf etib, baland tog`li Viktoriya yeri
platosi bo`ylab 500 km masofani bosib o`tgan. Ushbu
sayohati tufayli R.Skott oltita davlat Geografiya jamiyatlarining oltin
medallari bilan takdirlandi.
1905-yildan 1909-yilga qadar Robert Skott mamlakat bo`ylab
sayohat qilib, turli mavzularda ma’ruzalar qildi. Yana
motorli chanalarni sinab, o`zining 1910-1913-yillarda bo`lib o`tgan ikkinchi
Antarktika ekspeditsiyasi uchun mablag` to`plagan. Shunday qilib, Skott o`zining
ikkinchi ekspeditsiyasiga 1910-yilning iyunida «Terra nova» kemasida jo`nab
ketdi. 1911- yilning fevralida Mak-Merdo qo`ltig`ida lager ko`rgan R.Skott
shelf muzligining Sharqiy qismini o`rgana turib, Kit buxtasida janubiy qutbni
zabt etishga qaror qilgan yana bir sayyoh - norvegiyalik Rual Amundsenning
kemasiga duch kelgan.
It qo`shilgan chanalar bilan Janubiy qutbga yo`l olgan
R. Amundsendan farqli ularoq, R.Skott
o`z ekspeditsiyasining Antarktika muzliklarida harakat qilishi uchun motorli
chanalar va poni otlardan foydalangan. Janubiy qutbgacha ikki tomonga bo`lgan
masofa 2760
km va shuni hisobga olib, R.Skott 1911-yilning
1-noyabrida yo`lga chiqqan. Ammo qattiq sovuq qutb iqlimi sharoitida motorli
chanalarga solinadigan kerosin muzlab qolib, poni otlar tez-tez qorga botib,
muzda sirpanib, yurishga qiynalgan. Shuning uchun ham R.Skott ekspeditsiyasi it
qo`shilgan chanalarda qutb tomon tez harakatlangan Amundsen ekspeditsiyasiga qaraganda juda sekin yo`rgan.
Birinchi bo`lib motorli chanalar ishdan chiqqan, so`ngra
poni otlarning ham ko`pchiligi nobud bo`lgan. Shuning uchun sayyohlar
ekspeditsiyada mavjud kam sonli it qo`shilgan chanalarning har biriga 90
kilogrammdan yuk ortib, Ross shelf muzligining 60 kilometrli o`zani bo`ylab
oldinga yurishgan. Ammo 1911-yilning dekabr oyida havo harorati -20 darajadan
past va kuchli bo`ron sharoitida bir kunda atigi 5-6 km
yo`l bosib o`tilgan.
1911-yilning
20-dekabrida R. Skott holdan toygan ekspeditsiyaning 11 a’zosini orqaga qaytarib
yubordi. 1912-yilning 3-yanvarida faqat eng kuchli to`rt nafar sayyoh, Janubiy qutb
tomon u bilan birga borishiga qaror qildi. Bu paytda ular Janubiy qutbdan 270 km
uzoqlikda edilar.
1911-yil 6-yanvarda
ekspeditsiya 1908-1909-yillarda Janubiy qutbga borishga samarasiz harakat
qilgan ingliz sayohi Shekltonning orqaga qaytgan nuqtasidan o`tishgan. Nihoyat,
1912-yilning 17-yanvarida R.Skott va uning hamrohlari Janubiy qutbga yetib
kelib, bu yerda chodir ustiga o`rnatilgan Norvegiya bayrog`ini ko`rgach, hafasalalari
pir bo`lgan.
Chunki it qo`shilgan chana va changilarda kuniga 30 km.
dan ortiq yo`l bosgan R.Amundsen o`zining to`rt hamrohi bilan Janubiy qutbni
1911-yil 14-dekabrda, ya’ni Skottdan 33 kun oldin zabt etgan edi. Bunday ahvolni
kutmagan ingliz sayyohi o`sha kechasi mijja qoqmagan va bu havoda u o`z
kundaligida shunday yozgan edi: «Birinchi kashfiyotchi nomini olish uchun
shuncha vaqti hamda kuchini bekorga sarflagan va ushbu quvonchni his qilishdan
mahrum bo`lgan biz uchun bu juda dahshatli holat edi».
Orqaga qaytishga qaror qilgan ekspeditsiya havo harorati
-30 darajadan past bir sharoitda kuniga 30-35 km
yo`l bosgan. 14-fevralga kelib, R.Skottning hamrohlari juda holdan toydilar. Sayyohlarning
so`nggi umidi ularni qarshi olishga chiqqan chanalarning yetib kelishida edi. Haqiqatan
ham ularni ko`tib olishga chiqqan yordam chanalari 1912-yilning 2-martida
ekspeditsiyaning qutbga ketayotib to`xtagan birinchi asosiy bazasiga yetib
kelgan. Ammo bu yerda R.Skott va hamrohlarini uchratmay, ularni 8 kun ko`tib,
10-martda yana ortiga qaytib ketgan.
Yo`lda R.Skottning ikki hamrohi halok bo`lgan va qolgan
uch kishi 1912-yilning 19-martida asosiy bazaga 17 km
qolganda oxirgi marta chodir tikdilar. R.Skottning o`ng oyogini sovuq qattiq
urgan, ikki sherigi esa asosiy bazaga borib oziq-ovqat va yonilg`i olib
kelishga harakat qilgan, ammo kuchli bo`ron bunga yo`l bermagan.
1912-yilning 29-martida R.Skott o`zining o`limi
oldidan yozgan xatida «...Marra juda yaqin. Ammo afsuski boshqa hech narsa
yozolmayman, deb qo`rqaman. Biz xatarli yo`lga chiqqanligimizni bilar edik. Ammo
shart-sharoit bizga qarshi. O`lim yaqin. Xudo haqi, yaqinlarimiz haqida g`amxo`rlik
qiling!..», degan so`zlar bitilgan. Xuddi shu kuni R.Skott va uning hamrohlari
Ross shelf muzligi ustiga o`rnatilgan chodirda halo k bo`lishgan. Uning o`limi
oldidan yozgan bu oddiy va hayajonli so`zlari butun dunyo ahlining yuragidan
joy olgan va ularni hozir o`qigan kishining ham ko`zlari beixtiyor yoshlanadi.
1912-yil 7-martda
R.Amundsenning Janubiy qutbni birinchi bo`lib kashf etgani haqidagi xabar
Londonga yetib keldi. Bir oydan so`ng 1912-yilning aprelida Yangi Zelandiyadan
olingan telegrammada esa R.Skott va uning hamrohlari 1912-yil 4 yanvarda qutbdan
240 km
uzoqda to`pganligi xabar qilingan edi. Mak-Merdo qo`ltig`idan 1912-yilning 12-noyabrida
R.Skott va uning hamrohlarini qidirish uchun ekspeditsiya yuborilgan. Sayyoh va
uning ikki hamrohi asosiy bazadan 17 km uzoqlikdagi chodirdan
topilgan hamda ularning bundan sakkiz oycha muqaddam halok bo`lgani aniqlangan.
1912-yilning
fevral oyida R.Skottning «Terra Nova» kemasi Yangi Zelandiyaga yetib kelgach,
sayyoh ekspeditsiyasining natijalari butun dunyoga ma’lum bo`lgan. Britaniyada R.Skott milliy qahramon, deb e’lon
qilingan va sayyohning oilasi qirol Georg V tomonidan himoyaga olingan.
Zamondoshlarining ta’riflashicha, R.Skott o`rta bo`yli,
baquvvat, jasur va kamtar kishi bo`lib, takabburlik, yolg`onni juda yomon ko`rgan.
Qanchalik qiyin sharoitda bo`lmasin, sayyoh, o`z maqsadiga erishish uchun doimo
olg`a intilgan. Uning hayotidagi asosiy shiori: «Ko`rashish, qidirish, topish
va taslim bo`lmaslik» (inglizcha «to strive, to seek, to find, and not to yield»)
edi. Sayyoh, va hamrohlarining ko`rsatgan qahramonliklari sharafiga
Antarktidadagi cho`qqining tepasiga o`rnatilgan xotira xochida ham xuddi ana
shu so`zlar yozilgan.
Antarktidani tadqiq qilishga katta hissa qo`shgan
buyuk sayyoh, R.Skott sharafiga dunyoning turli mamlakatlarida 11 ta haykal o`rnatilgan
va uning nomi tog` tizmasiga, ikkita muzlikka, orol va ikkita qutb stansiyasiga
berilgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.