Yerning markazida nima borligini biz qayoqdan bilamiz?
Olimlar (hatto asboblar yordamida ham) Yer qa'riga juda chuqur kirib borish imkoni bo’lmagani uchun uni o’rganishda tadqiqotning boshqa usullaridan foydalanishadi. Shunday usullardan biri vulqonlar otilishini o’rganishdir. Vulqonlar Yer yuzasiga nihoyatda qizib ketgan gazlarni va suyuq tog’ jinslarini chiqarib tashlaydi. Bu Yer qa'ridagi temperatura juda issiq ekanini ko’rsatadi. Yana bir usul zilzilalarni o’rganishdir. Zil-zila vaqtida paydo bo’ladigan to’lqinlar Yerning ichki qismini rentgen surati kabi aks ettiradi. Zilzila ro’y berayotganda tog’ jinslari orqali turli tomonga har xil tebranishlar tarqaladi. Bu tebranishlar seysmik to’lqinlar deb ataladi. Ular turli materiallardan turlicha tezlikda o’tadi, bir tog’ jinsidan ikkinchisiga o’tayotganda, yo’nalishi ham o’zgarib ketadi. Olimlar bunday to’lqinlarni o’ta sezgir asboblar yordamida o’rganib, Yerning ichki qatlamlarida nima bor ekanini bilib olishadi. Ular 2 880 km chuqurlikda seysmik to’lqinlar harakati keskin o’zgarishini aniqlashdi. U yerda to’lqinlarning ayrim turlari yo’nalishini o’zgartiradi, boshqalari esa butunlay yo’q bo’lib ketadi. Demak, ushbu chuqurlikda material o’zgaradi. Zilziladan hosil bo’ladigan zarba to’lqinlari turli seysmik stansiyalarga turli vaqtda yetib boradi. Bu qisman to’lqinlarni o’tkazadigan materialga bog’liq. Bu Yer qa'rida nimalar borligini o’rganish kalitidir. Yer qa'rida nima bor, degan savolga qisqacha javob quyidagichadir: qattiq tog’ jinslaridan tarkib topgan ustki qatlam va qobiqning qalinligi qit'alar ostida 50 km.ni, okeanlar ostida esa 5 km.ni tashkil etadi. Qobiqning ostida ham qattiq jinslardan tarkib topgan mantiya bor. Uning qalinligi 2900 km.dir. Yerning ichki qismida yadro bor. Yadro ham ikkiga bo’linadi. Tashqi suyuq yadro erigan temir va nikeldan tarkib topgan, uning ichida esa qattiq metalldan iborat ichki yadro bor.
YERNING OG’IRLIGI QANCHA?
Yer Koinotda muallaq turgani uchun uning vaznini tarozi pallasiga qo’yib o’lchab bo’lmaydi. Yerning vazni to’g’risida gapirilganda, avvalo, u tarkib topgan moddalar miqdori nazarda tutiladi. Yerning massasi, taxminan, 5,976 sekstillion tonnani tashkil etadi. Yaxshiroq tasavvur qilishingiz uchun ushbu raqamni to’la keltiramiz: 5 976 000 000 000 000 000 000 000. Olimlar Yerning massasi aynan shuncha ekanini qanday aniqlashgan? Ular buni aniqlash uchun ikki jismning o’zaro tortishish qonunidan foydalanishadi. Gravitatsiya kuchi aynan shu tortishishga bog’liq. Oddiy so’z bilan aytganda, ikki jismning o’zaro tortishishi ularning massasi va o’rtasidagi masofaga bog’liq. Narsalar qancha katta bo’lsa, ular bir-birini shuncha katta kuch bilan tortadi. Ular bir-biridan qancha olisda bo’lsa, bu kuch shuncha kichik bo’ladi. Yerning vazni quyidagicha o’lchanadi: kichkina bir yuk ipga osib qo’yiladi, so’ngra bu yukning holati o’lchanadi. O’sha yukning yoniga bir tonna qo’rg’oshin qo’yiladi. Yuk va qo’rg’oshin o’rtasida tortishish paydo bo’ladi, natijada yuk bir oz chetga og’adi. (Bu og’ish amalda 0,000 02 mm.ni tashkil qiladi. Shuning o’ziyoq o’lchov qanchalik aniq bo’lishi lozimligini ko’rsatadi.) Olimlar bunday o’lchashlardan keyin matematika yordamida Yerning vaznini hisoblab chiqishdi. Ular Yerning vazniga nisbatan tortish kuchini o’lchashdi hamda bir tonna qo’rg’oshin osig’liq turgan yukni o’ziga tortishini o’lchashdi. Hisoblab chiqilgan nisbiy farq Yerning massasini ko’rsatadi.Massa nimadan hosil bo’ladi? Unga qattiq tog’ jinslaridan iborat qobiq, mantiya deb ataladigan qattiq jinslardan iborat qatlam, so’ngra ichki qism — yadro kiradi.
YER ATMOSFERASI NIMA?
Insonning Oy va boshqa sayyoralarni o’zlashtirayotgani to’g’risida o’qiganimizda, biz atmosfera bilan bog’liq savollarga tez-tez duch kelib turamiz. Boshqa sayoralarda ham atmosfera bormi? Olimlar aniqlashicha, hech bir sayyora yoki yulduzning Yernikiga o’xshash atmosferasi yo’q. Atmosfera o’zi nima? Biz uni Yerni o’rab turgan va bir necha yuz mil balandlikka ega bo’lgan havo okeani sifatida tasavvur qilishimiz mumkin. Havo okeanining butun Yer yuzidagi tarkibi bir xil. U, asosan, ma'lum bir gazlardan tarkib topgan bo’lib, ularning proporsiyasi doimo bir xildir. Uning, taxminan, 78 foizini azot, 21 foizini kislorod, qolgan bir foizini kamdan-kam tilga olinadigan argon, neon, geliy, kripton va ksenon gazlari tashkil etadi. Yer atmosferasi bir-biridan farq qiladigan qatlamlarga bo’linadi. Balandligi 16 km bo’lgan quyi qatlam troposferadir. Bu qatlamda ob-havo shakllanadi. Balandligi 16 km.dan 48 km.gacha bo’lgan qatlam stratosferadir. Stratosferaning o’rtasida, taxminan, 20—25 km balandlikda Yerdagi jamiki jonzotni zararli qisqa to’lqinlar nurlanishidan saqlab turadigan ozon qatlami bor. Ozon kislorodning o’ziga xos shaklidir, uning molekulasi odatdagi ikki o’rniga uch atomdan tarkib topadi. Issiq ozon qatlami bizni Quyoshning o’ta faol ultrabinafsha nurlaridan asraydi. Uning yordamisiz Quyosh nuriga chidab bo’lmaydi. 100 km.dan yuqoridagi qatlam yoki qatlamlar ionosfera deb ataladi. Ionosfera Quyosh elektrlagan zarralardan iborat. Havo molekulalari doimiy harakatdadir. Atmosfera molekulalar bir-biri bilan to’xtov-siz to’qnashib turgan, ammo boshqa yoqlarga uchib keta olmaydigan sharoitdagina mavjud bo’lishi mumkin. Yuqoriga ko’tarilgan sari havo siyraklashib boradi. Pastdagi molekulaning tepadagisi bilan to’qnashgach, yana orqaga qaytish ehtimoli nihoyatda kam. Shuning uchun ham molekulalar ochiq fazoga chiqadi va atmosfera siyraklasha boradi. Ekzosfera deb ataluvchi zonada atmosferadan yulqinib chiqib ketgan molekulalar erkin harakat qiladi va bu zona Yer yuzasidan bir necha yuz kilometr balandlikdan boshlanadi.
ATMOSFERADAGI «PARNIK» EFFEKTI YOKI ISSIQLIKNING TO’PLANISHI NIMA?
Yerda hayot mavjud bo’lishi uchun eng zarur quvvat manbai Quyosh radiatsiyasi — Quyoshning Yer atmosferasiga kirib keluvchi elektromagnit nurlari hisoblanadi. Quyosh energiyasi fasllar almashuvi bilan bog’liq barcha atmosfera jarayonlari, shuningdek, ob-havo sharoitlari o’zgarishi sababchisidir. Quyosh energiyasining yarmiga yaqini biz Quyosh nurlari deb tushunadigan spektrning ko’zga ko’rinuvchi qismidir. Bu radiatsiya atmosferadan erkin o’tib keladi, uni quruqlik va okeanlar yuzasi yutadi va isiydi. Ammo Quyosh radiatsiyasi mingminglab yillar davomida har kuni Yer yuzasiga tushib turadi. Nega unda Yer qizib ketmaydi va kichik bir Quyoshga aylanib qolmaydi? Hamma gap shundaki, Yer ham, suv yuzasi ham o’zidan boshqa bir shaklda energiya tarqatadi: ko’zga ko’rinmas infraqizil nur yoki issiqlik chiqaradi. O’rtacha olganda, Yerga Quyosh nuri sifatida qancha energiya kelsa, kosmik fazoga infraqizil nur sifatida shuncha quvvat chiqib ketadi. Shunday qilib, sayyoramizda issiqlik muvozanati hosil bo’ladi. Hamma gap aynan qanday temperaturada muvozanat saqlanib turishidadir. Agar atmosfera bo’lmaganida Yer yuzasidagi o’rtacha temperatura -23 darajani tashkil etgan bo’lardi. Atmosferaning Yer yuzasidagi infraqizil nurlarni yutadigan himoya vositasiga ega ekani amaldagi o’rtacha temperaturaning Q15 darajada bo’lishini ta'minlaydi. Temperaturaning ko’tarilishi atmosferada «parnik effekti» yoki issiqlik to’planishi bilan bog’liq. Atmosferada karbonat angidrid gazi va suv bug’lari ko’payishi bilan u ham kuchayib boradi. Bu gazlar infraqizil radiatsiyani yaxshi yutadi. Bunday jarayon kichik bir ko’rinishda oddiy poliz teplitsasida ham ro’y beradi. Unda gazlarni yutuvchi narsa vazifasini Quyosh nurini to’siqsiz o’tkazadigan shaffof plyonka bajaradi, ammo u pastdan yuqoriga yo’nalgan tuproq haroratini yaxshi o’tkazmaydi. Keyingi yillarda atmosferada karbonat angidrid gazi konsentratsiyasi tobora ko’p yig’ilib qolmoqda. Buning sababi qazib olinayotgan yoqilg’ilar hamda yog’ochning yildan-yilga ko’plab yoqilayotgani bilan bog’liq. Buning oqibatida Yer yuzasidagi havoning o’rtacha harorati har yuz yilda 0,5 daraja ko’tarilib bormoqda. Agar kelgusida ham yoqilgi yonishi va havoda parnik gazlari konsentratsiyasining oshish sur'ati saqlanib qolsa, ayrim hisob-kitoblarga ko’ra, yangi asrda iqlim yanada isib ketishi mumkin.
NEGA YERNING OZON «KO’YLAGI» YIRTILIB BORMOQDA?
Yer yuzasidan 20—25 km balandlikdagi stratosferada ozon qatlami joylashgan. U barcha tirik mavjudotni koinotdan kelabtgan zararli nurlardan himoya qiladi. Agar ozon qatlami bo’lmaganida, Quyosh butun sayyorani kuydirib yuborgan bo’lar edi. Endi ozon «ko’ylagi» to’satdan yirtila boshlaganini tasavvur qilib ko’ring... Keyingi paytlarda ozon qatlamida tuynuklar paydo bo’la boshladi. Albatta, qatlamning yupqalashib qolgan yerlarini halitdan yirtiqlar deb bo’lmaydi, ammo u insoniyatga baxt keltirmasligi aniq. Mutaxassislar ozon qatlamidagi bir tuynuk Janubiy qutb, boshqa kichikrogi esa Arktikada, Shpitsbergen ustida paydo bo’lganini qayd etishdi. Xo’sh, tuynuklar nega paydo bo’ladi? Ularni aerozolli qadoqlashda, xolodilnik va kon-ditsionerlarda foydalanish natijasida atmosferaga chiqadigan xlorli va ftorli uglevodorodlar hosil qiladi. Bu gazlar Yer stratosferasiga ko’tarilib, u yerda uzoq muddat saqlanib qoladi va asta-sekin ozon qatlamini kilogrammlab, tonnalab yemira boshlaydi. Ozon qatlamining yemirilishi dahshatli oqibatlarga olib keladi: atmosferada filtrlanmay Yerga yetib kelgan ultrabinafsha nurlar o’simliklar, dengiz mayda jonivorlarini (masalan, dengizda yashovchi ko’pgina katta jonivorlar uchun ozuqa bo’lgan planktonlarni) qira boshlaydi. Eng asosiysi, odamlardagi turli kasalliklarga, shu jumladan, teri rakiga sababchi bo’ladi. Insoniyat boshqa ishqorli yomg’irlar va parnik effekti singari uncha yirik bo’lmagan muammolardan farqli o’laroq, ozon tuynuklari masalasida bir to’xtamga kela oldi. Bugungi kunda, garchi hamma mamlakatlar qo’l qo’ymagan bo’lsa-da, 1998 yilga borib ozon kushandasi bo’lmish xlorli va ftorli uglevodorodlardan foydalanishni taqiqlash to’grisidagi Xalqaro bitim amal qilmoqda.
ATMOSFERANING OG’IRLIGI QANCHA?
Yerni qalin atmosfera qatlami o’rab turadi. Yer atmosferasi 20 ga yaqin gazlardan tarkib topgan. Ulardan asosiysi kislorod va azot gazlaridir. Shuningdek, uning tarkibida suv bug’lari va chang zarralari ham bor. Havo ham materiyaning boshqa istalgan turi kabi materiyadir va uning o’ziga yarasha og’irligi bor. Vazn predmetga ta'sir etuvchi og’irlik kuchi kattaligidir. Tarozi pallasiga tosh qo’yilganda, posangisi 5 kilogrammni ko’rsatsa, toshga ta'sir ko’rsatabtgan og’irlik kuchi 50 Nyutonga teng bo’ladi. Xuddi shunday Yerning tortish kuchi ham atmosferadagi har bir gaz va chang zarrasiga ta'sir etadi. Yer atmosferasining ham juda katta havo okeani sifatida o’z vazni bor. Agar uni siqib, taroziga qo’yish mumkin bo’lganda edi, taxminan 5 171 000 000 000 000 tonna tosh bosar edi. Havo bizni hamma tarafdan bosib turadi. U bizning tanamizni bir tonna yuk bilan bosadi. Tanamiz ko’nikib ketgani uchun ham biz buni sezmaymiz. Atmosfera bosimi dengiz sathida eng yuqori darajada bo’lib, u 1 kv.sm.ga 1 kg.ni tashkil etadi. Dengiz sathi atmosferaning eng quyi qatlami bo’lgani uchun ham bosim u yerda juda yuqoridir. Joylarning balandligi oshishi bilan bosim kamayib boradi. Shuning uchun ham kosmik skafandrlarda, yuqori balandlikda uchadigan samolyotlarning kabinalarida havo bosimini inson tanasi ko’nikkan darajada saqlab turishga harakat qilinadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.