O'zbekistonning oltin zaxiralari 2130-yilgacha yetadi
Anjumanda ma`lum qilinishicha, bugungi kunda Prezident topshiriqlari asosida dasturga kiritilgan barcha loyihalarning amalga oshirilishini ta`minlash uchun yo'l xaritasi ishlab chiqilgan. Unda loyihalar hujjutlarini ishlab chiqish, texnik va texnologik jihozlarni tanlash, qurilish-montaj ishlaridan tortib, to ob`yektlarni ishga tushirishgacha bo'lgan barcha jarayonlar o'z aksini topgan.
Shuningdek tadbirda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28-mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog'ida Qizilqumdagi "Auminzo-Amatoy" oltin konlari negizida 5-gidrometallurgiya zavodi qurilishiga tamal toshi qo'yilgani ta`kidlandi.
Bundan tashqari, loyihalarni samarali amalga oshirish uchun bir qancha xorij kompaniyalari va sohaning yetakchi institutlari bilan hamkorlik yo'lga qo'yilayotgani ma`lum qilindi. Xususan, Auminzo-Amatoy konlarini o'zlashtirish hamda 5-gidrometallurgiya zavodini qurishda energiya samaradorligi yuqori bo'lgan maqbul texnologiyalarni tanlash uchun Rossiyaning "IVS" kompaniyasi yopiq aksiyadorlik jamiyati jalb etildi. Hamkorlikdagi tajriba-sinov ishlari tugallanib, texnologik reglament va loyiha hujjatlari ishlab chiqildi.
Shuningdek Rossiyaning "Irgiredmet" instituti bilan birgalikda Markaziy kon boshqarmasining "Oltinni uyumda ishqorlash" sexida hosil bo'lgan texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasini qurish loyihasi bo'yicha optimal texnologiyani tanlash uchun tajriba-sinov ishlari va texnologik reglamenti nihoyasiga yetkazilgani qayd etildi. Hozirda loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Loyiha yakunida yiliga 15 million tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega bo'lgan ulkan sanoat majmuasi yaratiladi.
Zahirasi bo'yicha dunyoda eng yirik hisoblangan "Muruntov" oltin konini o'zlashtirishning 5-bosqichi o'ta muhim loyihalardan hisoblanadi. Buning uchun Rossiyaning "VNIPI promtexnologiya" instituti olimlari jalb etildi va konni o'zlashtirishning 5-bosqich konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Shuningdek AQShning "Integro grup" kompaniyasi tomonidan oltin zaxiralarini hisob-kitob qilish uchun karerning yangi geologik-matematik modeli yaratildi. Oltin konini rivojlantirish konsepsiyasi va geologik-matematik modelning ishlab chiqilishi natijasida aniqlangan zaxira 2130-yilgacha oltin rudasi qazib olish imkoniyati mavjudligini ko'rsatib bermoqda. Mazkur loyihaning dastlabki iqtisodiy asoslari ishlab chiqilib, joriy yilning 14-mart kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.