O'zbekiston oltin zaxiralari bo'yicha dunyoda 9-o'rinda 

5 801

12-may kuni Toshkent shahridagi Milliy matbuot markazida Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan matbuot anjumani o'tkazildi. Tadbir Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2026-yilgacha qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni ko'paytirish dasturlarining amalga oshirilishi, ko'zda tutilgan modernizatsiya tadbirlari, istiqbolli loyihalar samaradorligiga bag'ishlangan "NKMK: yangilanish va taraqqiyot sari" mavzusi ostida bo'lib o'tdi. 
 
Mana 17 yildirki, mamlakatimizda har yili may oyining uchinchi yakshanbasi O'zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni sifatida nishonlanib kelinadi. Kasb bayramini nishonlayotgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi mustaqillik yillarida ulkan bunyodkorlik va iqtisodiy yuksalishlar yo'lini bosib o'tgani ta`kidlandi. 

Bugungi kunda qariyb 60 ming nafar turli kasb egalari mehnat qilayotgan kombinat qudratli ishlab chiqarish ob`yektlari va infratuzilmasiga ega gigant korxonaga aylandi. Mendeleyev jadvalida yuzdan ziyod element bo'lsa, shularning aksariyati - oltin, kumush, mis, tabiiy gaz, volfram, kaliy tuzlari, fosforitlar, kaolinlarning tasdiqlangan zahiralari bo'yicha O'zbekiston istiqbolli rudalar jihatidan MDH davlatlaridagina emas, balki dunyo miqyosidagi yetakchilardan biri hisoblanadi. 

Kombinat direktorining iqtisod bo'yicha o'rinbosari Nurmat Jo'libekovning "Kun.uz" muxbiriga ma`lum qilishicha, bugungi kunda O'zbekiston oltin ishlab chiqarish bo'yicha dunyoda 10-o'rinni egallaydi, oltin zaxirasi bo'yicha esa 9-o'rinda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2017-2026-yillarda kombinatni rivojlantirish dasturlari yaqin 10 yilda tarixiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishni belgilab berdi. 2017-2026 yillarda 3 milliard 63 million dollarlik 27 loyihaning amalga oshirilishi kombinatda mahsulot ishlab chiqarish hajmini 30 foizga oshirib, 31 mingga yaqin yangi ish o'rinlarining yaratilishiga xizmat qiladi. 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.