''O’z sayyorangni tartibga keltir...'' 

4 157

 Sent-Ekzyuperi qahramonining bu qoidasi hamma uchun shior bo’lishi shart.
 XX asrning taniqli adiblaridan biri Antuan de Sent-Ekzyuperining mashhur asari bor: "Kichkina shahzoda”. Ushbu asar qahramoni bo’lgan mitti bolakay bir o’rinda shunday deydi: "Ertalab turib yuvindim, o’zimni va so’ng darhol o’z sayyoramni tartibga keltirdim...” Kichkina shahzodaning qoidasiga ko’ra, o’z sayyorasini tartibga keltirish – eng muhim, hamma bajarishi lozim bo’lgan ish.
 Garchi qaysidir ma’noda ramziyroq aytilgan bo’lsa hamki, "sayyorani tartibga keltirish” degan jumla tagida ulkan ma’no yashiringanday tuyuladi menga. Aynan tartibga keltirish: ham o’zini, ham sayyorani orastalash, sarishtalash... Ya’ni bu iboradagi "sayyora” so’zini bir qarashda, ichki olam, deb tushunish mumkin bo’lsa, yana bir qarashda, o’z uyi, yashab turgan maskani, butun Yer yuzi, deya qabul qilish mumkinday. Xoh u ma’noda aytilgan bo’lsin, xoh bu ma’noda, baribir, ma’nolar o’rtasida o’zaro mustahkam bog`liqlik borligini idrok etish qiyin emas. Zero, inson o’zini o’rab turgan tashqi muhitga ta’sir o’tkaza oladigan oliy ongli mavjudot. Uning uyi - sayyorasi esa Kichkina shahzodaniki singari mittigina emas, balki juda ulkan: Yer sharining yo’l uzunligi 40 ming 10 kilometrni tashkil etadi. Yerga doir yana ko’plab shu kabi raqamlarni keltirish mumkin. Biroq uning naqadar ulkan ekanini tasavvur qilish uchun esa yuqoridagi dalilning o’ziyoq yetarli.
  Eng qizig`i, insonning to’laqonli hayot kechirishi uchun faqatgina sayyora yuzasi yetarli emas: suv, havo, jonivoru qushlar, o’simliklar ham yashashimiz uchun birday zarur omil sanaladi. Demak, kichkina shahzoda tartibga keltirmoqchi bo’lgan sayyorada ish mo’l ekan, ayniqsa, bugungi kunda...
  Mutaxassislarning aniqlashlaricha, Yerning yoshi 4,5 milliard yilga teng ekan. To’g`ri, inson nisbatan birmuncha keyinroq paydo bo’lgan. Biroq uning shiddat bilan taraqqiy etishi natijasida sayyoraning tabiiy holatiga putur yetdi. Bugunga kelib insoniyat ozon tuynugi kengayishi, atmosfera va Dunyo okeani suvining ifloslanishi, muzliklar erishiyu global isish kabi muammolar qurshovida qoldi.
  Aslida bu muammolarning kelib chiqishiga kichkina bir harakat sabab bo’lishi mumkinligi haqida esa mulohaza qilib ko’rmaymiz ham. Ya’ni qanday harakat? Aytaylik, har kuni ko’chaga chiqamiz. Ishga boramiz, bozor-o’charga yoki mehmonga, ba’zida tabiat qo’yniga dam olish uchun yo’l olamiz. Shunday paytlarda qo’limizdagi ortiqcha qog`oz parchasi, sellofan yoki plastik idishlarni duch kelgan yerga tashlab ketaveramiz. Boshqalar ham shunday qilishadi. Shuning uchun ham o’zimizni zarracha aybdor sanamaymiz. Bu kichkina ishimizning ertangi oqibatini o’ylab o’tirishga vaqt sarflamaymiz. Vaholanki, tabiat jonkuyarlari bo’lgan mutaxassislarning aniqlashlariga ko’ra, chiqitga chiqarilgan plastik idish, polietilen xaltachalarning biologik komponentlarga to’liq ajralishi, ya’ni chirib bitishi uchun 400-450 yil talab etilsa, shisha faqat million yildan keyingina to’la yo’qolishi mumkin. Oddiygina bir parcha qog`ozning chirib, tuproqqa qo’shilib ketishi uchun ma’lum vaqt talab qilinadi. To o’sha vaqt kelguniga qadar esa, ming afsuski, bu keraksiz mahsulotlar atrof-muhitning ifloslanishi uchungina xizmat qiladi.

  Ta’kidlash kerakki, istiqlol yillarida yurtimizda tabiatga munosabat tubdan o’zgarib, atrof-muhit musaffoligini asrash, yerlar degradatsiyasini kamaytirish, suvdan tejab-tergab foydalanish borasida ko’pgina qonun va qarorlar qabul qilinib, amalga tatbiq etilmoqda. Jumladan, 2013-yil 4-iyulda qabul qilingan "Ekologik nazorat to’g`risida”gi qonun shular jumlasidandir. Mazkur hujjat mamlakatimizda atrof-muhit muhofazasi, tabiatni asrash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini ijobiy hal etishda muhim qadam bo’ldi.
  Biroq eng muhim bir qonunni unutmaslik kerak. Bu – har bir shaxsning o’zi yashab turgan muhitda barqaror vaziyatni shakllantirish, tabiatdagi muvozanatni saqlashga javobgar ekanini dildan his etishidir. Zero, faqat shundagina bir qarashda oddiy ko’ringan noto’g`ri harakat ulkan muammolarni keltirib chiqarmasligiga kafolat berish mumkin. Ona sayyorani tartibga keltirish uchun eng avval shu haqiqatni anglab yetishimiz shart.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.