Chiqindilarni boshqarish va mavjud muammolar yechimi borasida amalga oshirilayotgan ishlar
S.Tursunov
O’zbekiston
Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik
palatasi
deputati
Mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy
resurslardan oqilona foydalanish sohasida yirik islohotlar amalga oshirilmoqda. Mustaqillik yillarida
mamlakatimizda bu sohaning zamonaviy mustahkam normativ-huquqiy bazasi yaratildi.
Ekologiya,
atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi faoliyatni belgilab
beruvchi 30 ga yaqin qonunlar va 200 dan ortiq qonunosti me’yoriy hujjatlar qabul
qilindi. Shuning bilan bir qatorda hozirda jamiyatimizning rivojlanishi bilan bog`liq
bo’lgan ekologik muammolardan biri chiqindilar mauammosi bo’lib, bugungi kunda chiqindilar
atrof-muhitni ifloslantirishi natijasida atrof muhitga, fuqarolar hayoti va sog`lig`iga,
shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mulklariga xavf tug`dirmoqda. Bunday
sharoitda, hosil bo’layotgan chiqindilarni to’plash, saqlash, tashish, yo’q qilish,
ko’mib tashlash, utilizatsiya qilish, ularni turlarga ajratish va qayta ishlash
masalasi ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Chiqindilar
bilan bog`liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish
hamda chiqindilarni boshqarishga oid davlat siyosatini yuritish maqsadida
2002 yil 5-aprelda «Chiqindilar to’g`risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni qabul
qilingan. Qonunning asosiy vazifasi chiqindilarning fuqarolar hayotiga va sog`lig`iga,
atrof-muhitga zararli ta’sirining oldini olish hamda chiqindilar hosil bo’lishini
kamaytirishdan iboratdir. Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni
to’plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko’rsatish qoidalari, O’zbekiston Respublikasi
Adliya vazirligida 2014-yil 12-noyabrda 2625-son bilan ro’yxatga olingan O’zbekiston
"O’zkommunxizmat" agentligi bosh direktorining 2014-yil 16-oktyabrdagi
104-son buyrug`i bilan tasdiqlangan maishiy chiqindilarni tashish qoidalari va shu
kabi bir qator qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan.
Dunyoning
deyarli barcha mamlakatlarida qattiq maishiy chiqindilar aholi jon boshiga hisoblaganda
har yili bir foizga oshib borayapti. Bu esa o’z navbatida jahonning ekologik barqarorligiga
o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatmay qolmaydi, albatta. Mutaxassislarning hisob-kitoblari
bo’yicha, bugungi kunda chiqindining 800 dan ortiq turi qayd etilgan bo’lib, kelajakda
chiqindining tur ko’rsatkichi bundanda yuqoriga qarab o’sishi mumkin.
Energetika, rangli va qora metallurgiya, kimyo sanoati va qurilish
industriyasida foydalaniladigan materiallardan hosil bo’lgan chiqindilar atrof-muhitni
ifloslantiruvchi asosiy manbaga aylanmoqda. Ularni e’tiborsiz qoldirish esa tabiiy
resurslar va tabiatning kutilmagan o’zgarishlariga sabab bo’ladi. Chunki hatto
tabiiy xomashyodan tayyorlangan mahsulotning ham yerga singib, qo’shilib ketishi
uzoq vaqt davom etadigan jarayon hisoblanadi. Masalan, qog`oz chiqindiga aylanganidan
so’ng faqat uch oydan keyingina chiriy boshlaydi. Plastik, polietilen xaltachalarning
biologik komponentlarga to’liq ajralishi uchun 400-450 yil talab etilsa, shisha
faqat million yildan keyingina to’la yo’qolishi mumkin.
Shuni ta’kidlash
joizki, bu chiqindilarning 80 foizini organik moddalar tashkil qiladi va ularni
qayta ishlash natijasida katta miqdordagi energiya va energiya tashuvchilarni ishlab
chiqarish mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, maishiy chiqindilar butun dunyoda
arzon xomashyo hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi chiqindilarning
85 foizini qayta ishlash mumkinligini ko’rsatmoqda. Ayrim mamlakatlarda chiqindilarni
alohida yig`ish tizimi yo’lga qo’yilgan. Natijada qog`oz, plastik, alyuminiy kabi
xomashyoning katta qismi qayta ishlashga yuboriladi. Bu jarayonning atrof muhitga
ijobiy ta’siri juda katta. Chiqindilarni qayta ishlash natijasida mahsulot
ishlab chiqarish uchun sarflanadigan energiya va xomashyo miqdori 50 foizgacha
tejalishi mumkin.
Bugungi
kunda yer yuzidagi ko’pgina rivojlangan davlatlarda yuzaga kelayotgan noxush vaziyat
va ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida chiqindidan unumli foydalanish
yo’lga qo’yilmoqda. Ayrim mamlakatlarda chiqindilarni turlarga ajratib, alohida
yig`ish tizimi yo’lga qo’yilgan bo’lib, Yaponiyada rezina mahsulotlarining 34 foizi,
qog`oz va kartonning 54 foizi, shisha buyumlarning 43 foizi chiqindini qayta ishlash
hisobiga tayyorlanadi. Xitoyda esa metalldan yasalgan buyumlarning 33 foizi, jun,
ipak va charmdan tayorlangan buyumlar, hatto attorlik buyularining 34 foizi turli
xil chiqindilarni qayta ishlash orqali tayyorlanadi.
Shveysariya
esa bugungi kunda chiqindilarga eng e’tiborli mamlakat sifatida e’tirof etilmoqda.
Sababi bu davlatda chiqindilar fuqarolar tomonidan turlarga ajratilgan holda maxsus
konteynerlarga tashlanishi lozim. Bu tartibga rioya qilmagan fuqaro esa jarimaga
tortiladi. Chiqindilar turlarga ajratilmagan holda bir idishga joylashtirilishiga
ham ruxsat beriladi, ammo u ma’lum miqdorda soliq to’lashi lozim. Shuning
uchun ham bu mamlakatda fuqarolar chiqindilarni ikkilamchi qayta ishlash punktlariga
topshirishni afzal ko’rishadi. Bu kabi misollarni dunyoning ko’plab rivojlangan
mamlakatlarida keltirib o’tish mumkin.
Amaliyot
shuni ko’rsatadiki, qattiq maishiy chiqindilarni alohida to’plash tizimini joriy
etgan xorijiy mamlakatlarda qog`oz, shisha, plastik chiqindilarning turli konteynerlarga
joylashtirilishi ushbu materiallardan mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan
zavod va fabrikalarda qiziqish uyg`otmoqda. Saralangan oziq-ovqat chiqindilari biogaz
ishlab chiqarish imkonini bersa, rangli metallar ikkilamchi ishlab chiqarishga yo’naltirilmoqda.
Fan-texnika va texnologiyalarning jadal rivojlanishi jarayonida aholi
iste’moli uchun yaroqsiz bo’lgan ishlab chiqarish mahsulotlarining chiqindi sifatida
tashlab yuborilishi, insonning tabiatga ko’rsatayotgan salbiy ta’siri sifatida tobora
avj olib bormoqda. Inson va tabiat o’rtasidagi munosabatlar murakkablashib,
ushbu ta’sir tabiiy omillar bilan qiyoslanadigan darajaga yetdi. Shuning uchun
bugungi kunda tobora ko’payib borayotgan chiqindilarni to’g`ri boshqarish orqali
atrof muhitni muhofaza qilish, hozirgi davrning eng dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi.
Ekologik
muammolarni hal qilishda turli xil chiqindilarni qayta ishlash va uning me’yor hamda
turlarini kamaytirish, ulardan ikkilamchi xomashyo sifatida qayta foydalanish orqali
atrof muhitga chiqadigan ekologik salbiy oqibatlarning oldini olish va bundan tashqari
ta’lim muassasalaridagi o’quvchi, talaba yoshlarga, hatto shahar, qishloq va mahallalarda
fuqarolarga ham chiqindilarni to’g`ri boshqarish ta’limini yo’lga qo’yish muhim
vazifadir.
Tahlillarga
ko’ra, so’nggi yillarda respublikamizda yiliga 100 million tonnadan ortiq sanoat
chiqindisi, 35 million tonnaga yaqin maishiy chiqindi hosil bo’ladi. Chiqindi
poligonlarida 2 milliard tonnaga yaqin sanoat, qurilish va maishiy chiqindilar saqlanayotgani
hamda ular 12 ming gektar maydonni egallab turganini inobatga olsak, chiqindilarning
salbiy ta’sirini tasavvur etish qiyin emas.
Qattiq maishiy
chiqindilarni turlarga ajratilgan holda alohida to’plashni qat’iy tarzda yo’lga
qo’yilishi mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash borasida muhim ahamiyat
kasb etadi. Sababi, plastik butilkaning to’liq parchalanishi uchun kamida 700 yil
talab etiladi. Plastik idishlar, polietilen paketlar va boshqa chiqindilar suv havzalariga
tushib, atrof-muhit zararlanishiga sabab bo’ladi va inson salomatligi uchun xavf
tug`diradi. Yoki energiya beradigan asboblar (batareya va akkumulyator) ni umumiy
chiqindilarga qo’shib yuboramiz. Vaholanki, birgina shunday element 20 kvadrat metr
yerni zaharlaydi. Uning tarkibidagi og`ir metallar esa tuproq va yerosti suvlariga
singadi.
Mamlakatimizda
ham maishiy chiqindilarni qayta ishlash masalasiga katta e’tibor qaratib kelinayapti.
Chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga
solish maqsadida 2002-yilda O’zbekiston Respublikasining "Chiqindilar to’g`risida”gi
Qonuni qabul qilingan. Qonunning asosiy mazmuni chiqindilarning fuqarolar hayoti,
sog`lig`i va atrof-muhitga zararli ta’sirining oldini olishga qaratilgan. Vazirlar
Mahkamasining 2014-yil 27-oktyabrdagi "Chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga
oshirish sohasida davlat hisobi va nazoratini olib borish tartibi to’g`risidagi
nizomni tasdiqlash haqida” qarori va yana bir qator qonun hujjatlari bu boradagi
ishlar uchun dasturilamal bo’layapti.
Ko’rilayotgan
chora-tadbirlar chiqindilar bilan birga, qimmatli modda va materiallarning yo’q
bo’lib ketishiga yo’l qo’ymaslik, atrof-muhitning sanoat va maishiy chiqindilar
bilan ifloslanishining oldini olish, qattiq maishiy chiqindilarning yig`ilishi,
zararsizlantirish muammolarini hal etishga yo’naltirilgan. Bu borada esa qishloq
joylarida uy xo’jaliklaridan chiqqan turli, ayniqsa, chorva mollari chiqindilarini
yo’qotishning eng samarali usullari kompostlash orqali muammo yechimini bartaraf
etish mumkin. Bu esa tuproq unumdorligini oshiruvchi ekologik toza, ogranik o’g`it
va ularni dalaga qo’llash texnik va iqtisodiy jihatdan arzon, qulay va samarali
vosita hisoblanadi. Bundan tashqari ulardan tabiiy, ekologik toza va arzon biogaz
ham olish mumkinki, bu esa o’z navbatida viloyatning chekka tumanlaridagi aholini
tabiiy gaz yetishmovchiligi muammosini hal qilishga yordam beradi.
Mamlakatimizda
iste’molchilar endi qattiq maishiy chiqindilarni alohida paketlarga joylashtirishlari,
plastmassa, metall (turlari bo’yicha), shisha buyumlari, qog`oz chiqindilari, shuningdek,
biochiqindilar va qayta ishlanmaydigan hamda utilizatsiya qilinmaydigan boshqa chiqindilar
alohida saralanishi lozim. Chiqindi to’plash shoxobchalari chiqindilarni alohida
to’plash uchun rangi, belgisi va yozuvi bilan ajralib turadigan maxsus konteynerlar
bilan jihozlash, bundan tashqari, tarkibida simob bo’lgan lampalar ham boshqa chiqindilardan
alohida saqlanishi shart. Ular maishiy chiqindilarni qabul qilish shoxobchalaridagi
maxsus konteynerlarga joylashtirilishi lozim.
Aholining
qattiq maishiy chiqindilarni ko’chalar, suv yo’li, ariq va qattiq maishiy chiqindilarni
to’plash va ko’mish uchun ajratilmagan joylarga tashlashi qat’iyan taqiqlanadi.
Fuqarolar va xizmat ko’rsatish tashkilotlari tomonidan chiqindilarni aholi yashash
joylarida, tabiatni muhofaza qilish, sog`lomlashtirish, rekreatsion va tarixiy-madaniy
ahamiyatga ega bo’lgan yerlarda, suvni himoya qilish zonalari va suv ob’ektlarining
sanitariya-qo’riqlash zonalari chegaralarida, shuningdek, fuqarolar hayoti va salomatligi
uchun xavf vujudga kelishi mumkin bo’lgan boshqa joylarda hamda muhofaza etiladigan
tabiiy hududlar va ob’ektlarda saqlash va ko’mish taqiqlanadi.
Qattiq va
suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning davriyligi sanitariya me’yorlari
va kasallik paydo qiluvchi bakteriyalar rivojlanishining oldini olish qoidalari
hamda joylardagi iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda, mahalliy hokimliklar
tomonidan belgilanadi. Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning minimal
davriyligi chiqindi yig`ish punktlaridan har kuni va xususiy sektordan uch kunda
bir marta amalga oshiriladi. Chiqindi va qattiq maishiy chiqindilarni o’z vaqtida
olib ketilishi ustidan jamoatchilik nazorati fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish
organlari zimmasiga yuklatilgan.
Qoidaga
muvofiq, sanitariya-tozalash tashkilotlari belgilangan muddatda chiqindilarni olib
chiqib ketishi, iste’molchilarga sifatli xizmat ko’rsatishi, aholini zarur miqdordagi
chiqindi to’plash shoxobchalari va konteynerlar bilan ta’minlashi, shuningdek, ularning
holatini nazorat qilib borishi kerak.
Shuni alohida
ta’kidlash joizki, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-dekabrdagi
315-son "Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish
va takomillashtirish chora-tadbirlari to’g`risida”gi qaroriga asosan Davlat byudjeti
mablag`lari hisobidan bosqichma – bosqich keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qarorda belgilangan dasturlarni amalga oshirish bo’yicha tasdiqlangan moliyalashtirish
manbalaridan biri hisoblangan respublika byudjeti hisobidan jami 65,0 mlrd. so’m
mablag` ajratilgan bo’lib, shundan 58,4 mlrd. so’m 400 dona chiqindi chiqarish
maxsus texnikasi sotib olishga, 6,6 mlrd. so’m obodonlashtirish boshqarmalari hisobida
bo’lgan qattiq maishiy chiqindilar poligonlariga xizmat ko’rsatish uchun 65 dona
maxsus texnika sotib olishga yo’naltirilgan. Barcha tumanlar obodonlashtirish boshqarmalari
400 dona chiqindi chiqarish maxsus texnikasi va 65 dona samosval va avtopogruzchik
maxsus texnikalari bilan ta’minlangan. Shuningdek, 21117 dona chiqindi yig`ish maydonchalarini
qurish va ularni 5015 dona konteynerlar bilan ta’minlash ishlariga jami 17,3 mlrd.
so’m, 51 ta mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarini tartibga keltirish va texnika
bilan jihozlash uchun 16,3 mlrd. so’m, 49 ta yangi barpo etiladigan qattiq maishiy
chiqindi poligonlarini qurish va texnika bilan ta’minlash uchun 2,3 mlrd. so’m mablag`
ajratilib, belgilangan ishlar amalga oshirilgan.
Muxtasar
aytganda, chiqindilarni boshqarish jarayonida kommunal xizmatlar ko’rsatish qoidalarining
me’yor va talablariga to’liq rioya etish nafaqat mahalliy hokimiyat organlari, mas’ul
tashkilotlar, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy
mulkdorlari shirkatlari, balki iste’molchilarning tashabbuskorligi va faolligiga
ham bog`liqdir. Bu borada har bir fuqaro mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar,
avvalo, inson manfaatlarini himoya qilish, aholining turmush darajasi va sifatini
oshirishga qaratilganini anglab yetishi muhimdir.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.