Alyaska sotilishi bilan bog`liq mish-mishlar va noto’g`ri fikrlar 

5 819

  Amerika qo’shma shtatlari safiga 49-shtat bo’lib kirgan Alyaskaning Rossiya tomonidan sotib yuborilishi tarixdagi eng yirik va shov-shuvlarga sabab bo’lgan kelishuvlardan biridir. 1867-yildagi davlatlararo shartnomaga ko’ra AQSh 7 200 000 dollar evaziga umumiy maydoni 1 518 800 km² bo’lgan Alyaska yarim orolini atrofdagi kichik orollar va qirg`oqdan naridagi 10 milya masofagacha qo’shib sotib oladi. Eng qizig`i bu kelishuv ko’pchilik o’ylaganidek Amerikaning o’ta ayyorligi tufayli emas, Rossiya tarafining bu hududdan qanday qilib bo’lsa-da qutulish, har qanday summaga bo’lsa-da pullash ishtiyoqi kuchliligi tufayli amalga oshgandi.Bu ko’pmi-kammi?! Narx borasidagi tortishuvlar hali-hanuz davom etmoqda. Umumiy maydoni 1 518 800 km² bo’lgan Alyaska yarim oroli har bir kvadrat kilometri uchun 4 dollaru 73 sentga, yoki bir gektari 5 sent atrofida pullanadi. Tekin berib yuborilgan ekanda, dersiz. Lekin o’sha davrlarda bu juda katta pul bo`lgan. Qiyoslash uchun shuni aytib o’tish lozimki, deyarli 15 shtat hududini qamrab olgan, Alyaskadan ham kattaroq 2 100 000 km² bo’lgan va yaxshi o’zlashtirilgan tarixiy Luiziana fransuzlar tomonidan AQShga 10 mln. dollar evaziga sotilgandi. Arzon sotilgan degan fikr yurituvchilar ham qaysidir ma’noda haqdirlar. Boylik tushunchalari anchagina boshqacharoq bo’lgan u davrlarda Nyu-Yorkdagi o’sha davrda yagona bo’lgan 3 qavatli sud binosi AQSh hukumatiga butun Alyaskaga nisbatan qimmatroqqa tushgandi. Endi Alyaska sotilganidan keyingi faktlarga e’tibor bering
1. Alyaska AQSh tasarrufiga aylanganidan so’ng 30 yil o’tib bu hududdagi Klondayk degan joyda oltin konlari topiladi va "Oltin isitmasi” butun dunyodagi oltintoparlarni Alyaskaga chorlaydi.
2. XX asrda ochilgan neft va gaz konlarining o’zidan 200 milliard dollarga yaqin daromad olinadi.
3. 1988 yilda hisoblanishicha, Alyaskadagi baliqchilikning o’zi 1 kunda Alyaska sotib olinganidan ko’ra ko’proq daromad olarkan.
4. Alyaskani sotib olish orqali AQSh tarixdagi eng foydali bitimni amalga oshirgan. Bu o’lkadan topilgan pullardan tashqari Alyaska AQShning bu sarhadlardagi harbiy salohiyatini ham oshirib yuborgandi.
Alyaska sotilishi bilan bog`liq mish-mishlar va noto’g`ri fikrlar:
• "Kelishuv puli to’lanmagan va Amerika Rossiyani aldagan. Shuning uchun Rossiya Alyaskani qaytarib olishi mumkin”. Buning aslo iloji yo’q. Chunki yuqoridagi fikrlar o’z isbotini topgan taqdirda ham har ikki davlat qonunlarida ko’rsatilgan da’vo muddati allaqachon o’tib ketgan.
• "Alyaska sotilmagan. Balki 99 yilga ijaraga berilgan. AQShning Alyaskani 20 asrga kelibgina o’z safiga 49 shtat sifatida qo’shib olganligi sababi shu”. Bu ham isbotini topmagan mish-mish. Alyaska sotilayotgan davrda imperatorning obro’sini to’kmaslik maqsadida o’ylab topilgan va qog`ozga tushirilgan uydirma.
• "Alyaska evaziga olingan oltinlar Rossiyaga yetib kelmagan. Yo’lda qaroqchilar talab ketishgan, qolgan-qutganini ortgan kema okeanga cho’kib ketgan”. Bu ham bir mish-mish. Pullar banklargacha yetib borgan va imperator xohishiga ko’ra sarflangan.
• "Alyaskani uzoqni ko’ra bilmaydigan Yekaterina II sotib yuborgan”. Bunisi endi hech qanday qolipga sig`maydi. Yekaterina II 1796-yilda, Alyaska sotilishidan 71 yil oldin vafot etgan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.