A - harfiga oid izohli lug`atlar 

8 009

Addis-Abeba - Efiopiya poytaxti. Mahalliy ahmara tilida «bahor guli», «yangi gul» degan ma'nolarni beradi. Shaharning epiteti-laqabi ham «mangu bahor shahri»dir.

Adeli Yeri - Antarktida materigidagi yer, joy nomi. Fransuz sayyohi J.Dyumon-Dyurvil o'z rafiqasi nomiga bu yerni shunday atagan. Pingvinlarning eng ko'p tarqalgan turlaridan biri ham Adeli pingvini deyiladi.

Adriatika - Yevropadagi dengiz. Italiyaning shimoli-sharqiy sohilidagi Adriya shahri nomilan olingan.

Afina - Gresiya poytaxti, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri. Shaharga dastlab aholi e.a. XVI-XIII asrlarda o'troqlasha boshlagan. Nom afsonaviy Afina ismidan olingan. Lekin qadimgi yunon tilida tepalik yerni bildiruvchi atinai so'zi ham bo'lgan. Shahar shunday tepalikda joylashganligi uchun unga atina, afina-«tepa» nomi berilgan bo'lishi mumkin, deb hisoblaydi H.Hasanov.

Afrika - qit'a, kattaligi jihatdan Yevrosiyodan so'ng ikkinchi o'rinda turuvchi materik. Gomer asarlarida (e.a. XII asr) Liviya tarzida tilgan olingan. Liviya - libu qabilasi nomidan olingan.
Afrika nomi dastlab e.a. III asrda finikiyaliklar shahri Karfagen (hozirgi Tunis shahri atrofi) atrofidagi yerlarga nisbatan ishlatilgan. Ushbu nom shu yerlarda yashaydigan afri yoki afariki qabilasi nomidan olingan. Karfagen davlati e.a. 146-yilda parchalanib, uning o'rnida qadimgi rimliklarning qo'l ostidagi yerlar-Afrika provinsiyasi paydo bo'ladi. Keyinchalik ushbu nom butun materikka nisbatan ishlatiladigan bo'lgan.
Afrikaning yana grekcha afri-«sovuq emas» degan ma'nosi ham bor. Haqiqat ham Afrika dunyodagi eng issiq materik. Lekin Afrika nomi yuqorida tilga olingan qabila nomidan olinganligi haqiqatga yaqinroqdir. 

Ajal (O'lim) vodiysi - Shimoliy Amerikaning eng past nuqtasi (dengiz sathidan –86 m pastda joylashgan), shuningdek g'arbiy yarimsharning eng issiq joylaridan biri. 1849-yili bir guruh oltin izlovchilar suvsizlikdan halok bo'lishgan, shuning uchun vodiy shunday atalgan.

Alp - Yevropadagi tog'. Qadimgi kelt tilida «tog'», «balandlik» ma'nolarini bildiradi. Lekin lotincha «alba»-oq so'zidan olingan degan farazlar ham bor. Alpinizm, alp o'tloqlari atamalari shu tog' nomidan kelib chiqqan.

Alyaska - Shimoliy Amerikadagi yarim orol va shtat nomi. Aleut tilida «katta yer» degan ma'noni beradi. 

Amazonka - dunyodagi eng sersuv va havzasining maydoniga ko'ra eng katta daryo. 1542-yili ispan konkistadori Fransisko Orelyan boshchiligadagi ekspedisiya daryoning mansabidan to uning boshlanish qismigacha sayohat uyushtirgan. Madeyra irmog'ining Amazonkaga qu-yilig qismida ispanlar mahalliy hindu qabilalari bilan to'qnash kelishadi. Taassufki, askarlarning boshliqlari hindu ayollari edi. Ispanlarga bu hol qadimgi yunon afsonalaridagi amazonkalar-lashkar ayollarni eslatar edi. Shuning uchun ular daryoni amazonkalar daryosi, ya'ni lashkar ayollar daryosi, deb nom qo'yishgan.
XX asrlarda Amazonkaga uyushtirilgan sayohatlar hindu ayollarini janglarda ishtirok etishini yana bir bor isbot etgan bo'lsada, toponimistlar amazonkalar haqidagi afsonani daryo nomiga aloqasi yo'q, deb hisoblaydilar.
Amazonka nomi hindu qabilalaridan birining tilidagi «amasunu»-katta suv, daryo so'zidan olingan. Bunday nomlar dunyodagi boshqa yirik daryolar uchun ham xos. Masalan, Amur, Yenisey, Missisipi nomlar ham katta suv, daryo degan ma'nolarni anglatadi. Lekin Amazonka nomi Amerika qit'asidagi boshqa hech bir gidronimlar tarkibida uchramaydi. Ayrim olimlarning fikricha «amasunu»-daryoning qu-yilish qismida qalqish hisobiga bo'ladigan tabiiy hodisa-to'lqin bilan bog'liq, deb hisoblaydilar.
H.Hasanov ham «amazunu»-katta to'lqin, daryo nomi shundan olingan bo'lsa kerak, deb hisoblaydi.

Amerika - qit'a, H.Hasanov ta'biri bilan aytganda dunyo xaritasidagi eng chalkash, xato nom. Chunki qit'ani mahalliy xalq bunday atamagan. X.Kolumb Hindistonga borish maqsadida 1492-yili shu yerlarga kelib qolib, hatto bu yerlarni Hindiston (Vest Indiya) deb atagan. Lekin undan avval normannlar va boshqa sayyohlar, savdogarlar bu yerlarga borib turishgan. Amerika nomi Amerigo Vespuchchi nomi bilan bog'liq. U Janubiy Amerikaning shimoli-sharqiy va sharqiy sohillarini o'rgangan va 32 betdan iborat maktubida noma'lum yerlarga borganligini yozadi. 1507-yili nemis kartografi Valdzemyuller o'z xaritasiga bu yerlarni «Amerigo yerlari»  («Amerigo Vespuchchi tilgan olgan yerlar» ma'nosida) deb yozib qo'yadi. Shu bilan butun qit'a nomi Amerika bo'lib ketgan. Amerika qit'asi Shimoliy va Janubiy Amerika materiklaridan iborat.

Amerika Qo'shma Shtatlari - Shimoliy Amerikadagi davlat. 1776-yili Angliyaning bu yerlardagi 13 ta koloniyasi Amerika Qo'shma Shtatlariga birlashgan. Hozir u 50 ta shtatni o'z ichiga oladi. XX asr boshlarida «Shimoliy Amerika Qo'shma Shtatlari» deb atalgan. Umuman, Amerika va AQSH nomlarini chalkashtirib yubormaslik kerak: Amerika-umuman qit'a nomi, AQSH-davlat nomi. Amerika qit'asida 35 ta davlat bor, shulardan biri Amerika Qo'shma shtatlaridir.

Amsterdam - Niderlandiya poytaxti va yirik port shahar. Gollandcha «Amstel daryosidagi damba» degan ma'noni beradi.

Amudaryo - ikki yarim ming yildan ortiq vaqt mobaynida tilga olinib kelinayotgan daryo. Turli davrlarda har xil nom bilan atalgan. Dastlabki nomlaridan biri «O'kuz» bo'lib «suv», «daryo» degan ma'nolarni beradi.
O'rta Osiyo haqida kitob yozgan yunon olimlari mahalliy O'kuz nomini Oks, Oksus, Akes tarzida yozib, g'arbga ma'lum qildilar. Shundan Oks-Amudaryoning yunoncha nomi degan tushuncha paydo bo'lgan. Bu daryoning Arang, Aranxa nomlari qadim zamonda, Jayhun degan nomi esa o'rta asrlarda mashhur edi. Ba'zan Vaxrud, Vaxshu deb yozganlar, Vaxsh so'zi-«suv xudosi», «suv malikasi» ma'nosida bo'lgan. Pokistonda Amudaryoni hozir ham Vakshunada deb yuritadilar. Ayrim bo'laklari Jaryob, Balx daryosi, Termiz daryosi, Kelif daryosi, Urganch daryosi, Xorazm daryosi, Jurjoniya daryosi nomlari bilan yuritilgan. Jumladan, u o'rta oqimdagi Omul, Omuyya (XV  asrdan buyon Chorjo'y, hozirgi Turkmanobod) shahri yonida Omuy daryosi deb atalgan, qisqarib Amu bo'lib qolgan (bu so'zning asl ma'nosi aniq emas, amurd ismli xalqqa dahli bo'lsa ehtimol). Zamonlar o'tishi bilan bu nom butun daryoni «egallab» olgan. Buning boisi shuki, Omuyya (Chorjo'y) shahri Eron bilan Turkiston o'rtasidagi eng muhim savdo yo'li ustida, daryo kechigi yonida joylashgan muhim manzil bo'lganligidan ko'p og'izga olinib, ovoza bo'lib, boshqa nomlardan g'olib chiqqan.
Amudaryo nomiga beriladigan «O'jar daryo», «Jo'shqin daryo», «Qutirgan daryo» singari izohlar uning lug'aviy ma'nosi emas, laqabi, xulqidir.

Amur - daryo, Rossiya Uzoq Sharqidan oqib o'tib, Tatar bo'g'ozining Amur limaniga quyiladi. Daryo turli xalqlar tilida turlicha ataladi: evenklar Shilkar, mongollar Xoramuren-«qora daryo», manchjurlar Saxalyan-ula «qora suv», «qora suvli daryo» va hokazo deb ataydilar. Amur tangu-mangchjur tillaridagi amar-«katta daryo» so'zi asosida vujudga kelgan. 

And - Janubiy Amerikadagi tog' sistemasi. Mahalliy indeyeslar tilida ant-«mis» degan so'z. Haqiqatdan ham bu yerlarda qadimdan mis konlari ma'lum bo'lgan.

Andijon - shahar, dastlab arab olimlari—Istraxiy, Ibn Havqal, Muqaddasiy asarlarida Andiyon, shuningdek, Andixon shakllarida qayd qilingan.
Andijon urug' nomi. Andi-qabila nomi, andijonliklarni hatto qisqacha «andi» deb ham ataganlar; jon qo'shimchasi, ehtimol, qadimiy terminlardan biri-gan, gon bo'lib, daryo ma'nosida bo'lishi ham mumkin, deb hisoblaydi H.Hasanov.

Antarktida - Janubiy qutb atrofidagi muz bilan qoplangan, eng sovuq va eng baland materik. Ant va Arktika-«Arktikaning teskarisi» degan so’z.

Antarktika - qit'a nomi. Antarktida materigi va uning atrofidagi dengizlar hamda orollar.
Antil orollari-Markaziy Amerikadagi Katta va Kichik Antil orollari. Ispancha anti-qarshi, illas-orollar, ya'ni «Atlantika okeanining narigi tomonidagi orollar» degan ma'noda.

Anqara - Turkiya poytaxti. H.Hasanovning fikricha «karvonsaroy», «bekat» ma'nosidagi langar so'zidan olingan. Langar «to'xtab o'tish joyi» degani.

Apennin - Yevropaning janubiy qismidagi yarim orol va tog' nomi. Kelt tilida pen-«tepalik».

Arabiston - Yevrosiyodagi va umuman dunyodagi eng katta yarim orol. Arab so'zining ma'nosi «cho'l» bo'lib, arablar-«ko'chmanchilar», «cho'lliklar» degan ma'noni bildiradi. Shundan Arabiston-«arablar yeri» kelib chiqqan.

Arafura dengizi - Hind okeanining sharqiy qismidagi dengiz, Indoneziyadagi arafura qabilasi nomidan olingan.

Araks - daryo. Armaniston va Ozarbayjon, Turkiya va Eron bilan bo'lgan davlat chegarasidan oqadi. Kuraning o'ng irmog'i. Araks qadimda Old Osiyoda mavjud bo'lgan aras-«daryo» so'zi bilan bog'liq. Araks o'rta asr arab geograflarida Ar-rass shaklida uchraydi. Hozirgi turk tilida Aras.

Ardon - daryo. Rossiyaning Shimoliy Osetiya hududidan oqib o'tadi. Terekning chap irmog'i. Ardon osetincha arra-«vahshiy bebosh», don-«daryo» so'zlaridan yasalgan bo'lib, «vahshiy daryo, bebosh daryo» demakdir. Shimoliy Osetiyadagi Ardon qishlog'i daryo nomi bilan atalgan.

Arga-sala - daryo. Rossiyaning Yakutiya hududidan oqib o'tadi. Olenok daryosining chap irmog'i. Gidronim turkiy tildagi archa-«orqa» yoki g'arb va sala-«irmoq» so'zlaridan yasalgan. Arga-sala orqa yoki g'arbiy irmoqdir.

Argentina - Janubiy Amerikaning janubi-sharqidagi davlat. Hozirgi Argentina va uning atrofidagi yerlar XVI asr boshlaridan XVIII va XIX asr boshlarigacha Ispaniya qo'l ostidagi La-Plata mustamlaka yerlari hisoblangan. Ispan bosqinchilari mahalliy xalq-indeyeslar qo'lida kumushsimon buyumlar ko'rganlar va ular dastlab kelib to'xtagan daryoni La-Plata («kumushli») deb ataganlar. 1826-yildagi ozodlikdan so'ng mustaqil Argentina Federativ Respublikasi tashkil etildi. Argentina lotincha «argentum»-kumush degan ma'noni beradi. 

Argun - Amur daryosining irmoqlaridan biri, uning Shilka daryosi bilan qo'shilishidan Amur daryosi hosil bo'ladi. Buryat tilidagi Urgengol («urgen»-keng, «gol»-daryo)-keng daryo so'zidan olingan.

Aris - daryo va shahar. Janubiy Qozog'iston viloyatida joylashgan. Sirdaryoning o'ng irmog'i, Gidronimga turkiy xalqlarning eng katta urug'i arislarning nomi asos bo'lgan. Bu urug'ning o'nlab bo'laklari qozoq, qoraqalpoq xalqining tarkibida hozir ham bor. Qozog'istondagi ko'l va temiryo'l stansiyasi ham shu urug' nomi bilan bog'liq.

Ashgabad - Turkmaniston poytaxti, 1881 yilda asos solingan. Ushbu nom ishq, oshiq so'zlari bilan bog'lanadi va «oshiqlar shahri», «havas qiladigan joy» degan ma'noni bildiradi.

Atlantika - okean, dastlab qadimgi grek olimi Gerodot (e.a.V asr) asarlarida «Gerakl ustunlari (Gibraltar bo'g'ozi ortidagi) ortidagi dengiz Atlantis deb ataladi» deb tilga olingan.
Qadimgi Rim olimi Pliniy (I asr) asarlarida esa Okeanus Atlantikus-Atlantika okeani tarzida yozilgan. Turli davrlarda okeanning ayrim qismlari - G'arbiy okean, Shimoliy dengiz, Ichki dengiz deb nomlangan. XVII asr o'rtalaridan boshlab Atlantika okeani deb nomlanadigan bo'lgan.
Okean nomini ayrimlar afsonaviy Atlantida nomi bog'lashadi. Yana boshqa tahminlarga ko'ra, finikiyaliklar g'arb tomonni «atlat» tun, qorong'ilik deb ataganlar. Shundan, Afrikadagi Atlas tog'lari va Atlantika-«g'arbiy qorong'ilik» nomlari kelib chiqqan.

Avliyo Yelena oroli - Atlantika okeanining o'rta qismidagi orol. 1502-yilda Bibi Yelena kunida kashf etilganligi sababli San-Yelena, ya'ni Avliyo Yelena deb nomlangan.

Avliyo Lavrentiy daryosi - Shimoliy Amerikadagi daryo. Buyuk ko'llardan oqib chiqib shu nom bilan ataluvchi ko'rfazga quyiladi. Bu nom Avliyo Lavrentiyga bag'ishlangan katoliklar bayrami kunida berilganligi uchun shunday atalgan.

Avstraliya - materik, «janubiy», «janubiy yer» degan ma'nolarni beradi. Qadimda ekvatordan janubda to qutbgacha cho'zilgan noma'lum yer-«Terra australis inkgnito», ya'ni «janubiy noma'lum yer» deb yuritilar edi. Materikni dastlab 1606-yilning boshlarida gollandiyalik sayyoh Villem Yanszon kashf etgan. Dastlab gollandlar materikni Yangi Gollandiya deb atashgan. Abel Tasmanning 1642-1644-yillardagi sayohatlaridan so'ng materik yaxlit, alohida quruqlik ekanligi aniqlandi. Keyinchalik, materik to'liq kashf etilgandan so'ng «inkognito»-noma'ulm so'zi tushib qolib, «Terra Australis»-«Janubiy Yer» deb ataladigan bo'ldi, binobarin, materik to'laligicha janubiy yarimsharda joylashgan. XIX asr boshlaridan qisqacha Avstraliya deb ataladi.

Avstriya - Yevropadagi davlat. Asli nomi Osterreyx bo'lib, nemischa «ost»-sharq, «reyx»-o'lka, ya'ni sharqiy o'lka degan ma'noni beradi.

Azor orollari - Atlantika okeanidagi Portugaliyaga qarashli orollar to'dasi. Orollarni XV asrda portugallar kashf etishgan va ko'plab qushlarni ko'rishgan. Ularni dastlab qirg'iy deb bilganlar va shunga ko'ra portugalcha «azor»-qirg'iy orollari deb nomlashgan.

Axtuba - daryo. Rossiyaning Astraxan va Volgograd oblastlaridan oqib o'tadi. Volganing chap irmog'i. Axtuba turkiy so'z degan fikrlar bor, ya'ni «Oqtepa» degan ma'noda. Turkiy xalqlar baland tog'lardan oqib keladigan daryolarni oq suv, oq daryo deb ataganlar. Balki daryoning boshlanish joyiga nisbatan gidronim Axtuba deb atalgandir.

Ayag'uz - daryo. Qozog'istonning Semipalatinsk viloyatidan oqib o'tib, Balxash ko'liga quyiladi. Ye.Koychubayev toponimni etnik nom bilan bog'laydi. Ay-qabila nomi bilan guz va o'g'iz «daryo» so'zlari birikkan. Nomning izohi: Ayaguz-«ay qabilasi daryosi» demakdir. Ayag'uz ikki so'zdan: ayaq «oyoq» va «uz» so'zlaridan tuzilgan. Ayaq xalq tilida ko'p qo'llaniladigan geografik termin bo'lib, «past, kun botish, g'arb» degan ma'nolarni beradi. Uz yoki Us qadimgi turkiy tilda «suv yoki o'zan, daryo» demakdir. Shunday ekan, Ayag'uz «pastdagi suv, pastdagi daryo» ma'nosiga egadir.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.