Sharqiy va janubi–sharqiy Osiyo davlatlari 

16 489

Sharqiy  Osiyo  davlatlari.  Osiyoning  sharqiy  qismida  joylashgan hududlari  Sharqiy  Osiyo  subregioni  hisoblanadi.  Shimoliy,  g‘arbiy, janubiy  qismlaridan  mintaqaning  quruqlik  chegaralari  o‘tsa,  sharqi Yapon,  Sariq,  Sharqiy  Xitoy,  Janubiy  Xitoy  dengizlari  zanjiri  bilan o‘ralgan. Uning umumiy maydoni 11,8 mln km.kv, aholisi soni esa 1,5 mlrd.dan ortiq. Mazkur mintaqa Yer shari quruqlik maydoning deyarli 8% ini egallaydi; dunyo aholisining 22,2% ni o‘z ichiga oladi; dunyo bo‘yicha YMM ning 1/4 qismidan ortiq shu mintaqa hissasiga to‘g‘ri keladi. Subregion hududida 5 ta mustaqil davlat joylashgan. 

Sharqiy  Osiyo  subregioni  Osiyoning  maydon  jihatdan  eng  katta mintaqasi  hisoblanadi.  Uning  davlatlari  orasida  Xitoy  maydon  kattaligiga ko‘ra jahonda uchinchi, aholi soniga ko‘ra esa, birinchi  o‘rinni egallaydi.  Koreya  Respublikasi  mintaqaning  maydon  jihatdan  kichik davlati  hisoblansa,  Mongoliya  aholi  soniga  ko‘ra  guruhda  so‘nggi o‘rinni  egallaydi.  Subregion  davlatlarining  yana  bir  o‘ziga  xos jihati shuki,  har  bir  davlat  o‘z  siyosati,  rivojlanish  holatiga  ko‘ra  deyarli bir-biriga  o‘xshamaydi.  Bu  yerda  bozor  iqtisodiyoti  talablarini  o‘zida  singdirgan  sotsialistik  tuzum  asosida  rivojlanayotgan  Xitoy  Xalq Respublikasi, jahonning eng  harbiylashgan, yopiq davlat siyosat yurituvchi,  totalitar  tuzumga  ega  bo‘lgan  Koreya  Xalq  Demokratik  Respublikasi  (KXDR),  mintaqadagi  yagona  monarxiya  tuzumiga  ega bo‘lgan,  jahonning  iqtisodiy  jihatdan  eng  rivojlangan  davlatlaridan biri  –  postindustrial  davlat  Yaponiya,  yangi  sanoatlashgan  davlat  – Koreya Respublikasi bilan bir qatorda iqtisodiyoti nisbatan past darajada rivoj langan Mongoliya joylashgan. 

To‘g‘ridan to‘g‘ri Tinch okeaniga chiqish imkoniyatiga ega (Mongoliyadan  tashqari)  ekanligi,  subregionning  qadimiy  sivilizatsiya  markazlaridan biri ekanligi geografik o`rnining ijobiy jihatlari hisoblansa, g`arbiy va janubiy qismlarining baland tog`liklardan iboratligi, asosiy qismi Tinch okeanbo`yi seysmik zonasida joylashganligi, salbiy jihat sifatida namoyon bo`ladi.

Sharqiy Osiyo davlatlari relief xususiyatlari nisbatan o`xshash. Barcha davlatlarda tog`li hududlar katta maydonni tashkil qiladi. Shu bilan bir qatorda, Gobi, Taklamakon kabi cho‘llar ham mavjud. Tog‘oldi,  daryo  vodiylari,  dengizbo‘yi  hududlari  mintaqaning  asosiy  tekislik hududlarini tashkil qiladi.

Sharqiy  Osiyo  davlatlari,  asosan,  mo‘tadil,  subtropik  va  subekvatorial  mintaqalarda  joylashgan.  Mazkur  davlatlar  iqtisodiyotida  ularning hududida mavjud bo‘lgan tabiiy resurslar katta ahamiyatga ega. Mineral resurslarning  turli ko‘rinishlari Yaponiyadan  boshqa  barcha  davlatlarda tarqalgan  bo‘lsa, Yaponiya,  Koreya  yarimoroli  davlatlari  suv  resurslariga  boyligi  bilan  ajralib  turadi. Undan  tashqari,  yer  (Xitoy),  o‘rmon (Xitoy, Koreya yarimoroli davlatlari), rekreatsion (Yaponiya, Xitoy, Koreya Respublikasi) resurslar ham katta iqtisodiy ahamiyatga ega.

Subregion  aholi soni, uning zichlik darajasi  yuqori bo‘lgan  hududlardan  biri  hisoblanadi.  Ijtimoiy-iqtisodiy  taraqqiyot  omili  Yaponiya, Koreya  Respublikasi  aholisining  tabiiy  ko‘payish  darajasiga  salbiy ta’sir  ko‘rsatmoqda.  Ularda  tug‘ilish  darajasi  pastligi  sababli  aholi orasida katta yoshlilar hamda qariyalarning salmog‘i  ortib  bormoqda. Xitoyda  aholi  sonining  sekin  o‘sishiga,  bu  yerda  so‘nggi  yillargacha olib  borilgan  aholi  sonini  qisqartirishga  qaratilgan  demografik  siyosat sabab  bo‘lmoqda.  Mintaqa  davlatlari  orasida  KXDR  va  Mongoliyada tabiiy  ko‘payish  jarayoni  yuz  bermoqda.  Subregionda  aholi  o‘rtacha zichligi 1 km.kv.ga 136 kishiga teng. Aholi zichlik ko‘rsatkichlari Koreya Respublikasida eng  yuqori  (1 km.kv.ga  510 kishi), Mongoliyada esa  eng past (2 kishi). 

Subregionda  o‘rtacha  urbanizatsiya  darajasi  58%  bo‘lgan  holda,   uning  davlatlari  orasida  iqtisodiyoti  rivojlangan  Yaponiya  (93%),  Koreya Respublikasida (82%) baland,  KXDRda  esa  past  (60%)  ko‘rsatkichlar  kuzatiladi.  Sanoatida  konchilik  (Xitoy,  Mongoliya,  KXDR), yoqilg‘i-energetika  (Xitoy,  Koreya  Respublikasi,  Yaponiya),  qora  va rang li metallurgiya (Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi), mashinasozlik  (Xitoy,  Yaponiya,  Koreya  Respublikasi),  kimyo  (Xitoy,  Yaponiya, Koreya Respublikasi, KXDR), o‘rmon va yog‘ochsozlik (Xitoy, Koreya Respublikasi),  yengil  va  oziq-ovqat  (subregionning  barcha  davlatlari) tarmoqlari  muhim  ahamiyatga  ega.  Turli  tarmoqlarda  sanoat  mahsulotlari  ishlab  chiqarish  bo‘yicha  Xitoy, Yaponiya, Koreya  Respublikasi davlatlari  jahonda  yetakchi  davlatlardan  hisoblanadilar. Ayniqsa,  ushbu davlatlarning qora metallurgiya, kemasozlik, avtomobilsozlik, elektronika va elektrotexnika, kimyo sanoatlaridagi ulushi katta. 

Sharqiy  Osiyo  davlatlari  iqtisodiyotida  qishloq  xo‘jaligi  katta ahamiyatga  ega.  Mongoliya  va  Yaponiya  qishloq  xo‘jaligida  chorvachilikning, qolgan davlatlarda esa dehqonchilikning hissasi yuqori. Dehqonchilik  tarmoqlaridan  donchilik  (bug‘doy,  sholi,  makkajo‘xori),  texnik  ekinlar  yetishtirish  (paxta,  tamaki,  choy,  kartoshka, soya),  bog‘dorchilik  yaxshi  rivojlangan.  Chorvachilikda  qoramolchilik,  cho‘chqachilik,  parrandachilik  va  baliqchilik  muhim  o‘rin tutadi.  Mongoliyada  qo‘y  va  echkichilik,  yilqichilik,  tuyachilik  va bug‘uchilik tarmoqlari ham rivojlangan. Transportida quruqlik transporti  muhim  ahamiyatga  ega.  Dengizbo‘yida  joylashgan  davlatlarda suv  transporti ham yaxshi rivojlangan. 

Janubi-sharqiy  Osiyo  davlatlari. Janubi-sharqiy  Osiyo  subregioni  tarkibiga  Hindixitoy  yarimoroli,  Malay  arxipelagi  orollari, Yangi  Gvineyaning  g‘arbiy  qismi  kiradi.  Uning  maydoni  4,5  mln km.kv  bo‘lib,  umumiy  quruqlik  maydonining  3%  ni  egallaydi. Aholisi  soni  630  mlnga  yaqin.  Ya’ni  bu  subregionda  jahon aholisining 8,5%  dan ko‘prog‘i istiqomat  qiladi.  Geografik joylashuvi  jihatidan Vyetnam,  Kambodja,  Laos,  Myanma,  Tailand  va  Malayziya  yarimorol,  Bruney,  Indoneziya,  Singapur,  Filippin  va  Sharqiy  Timor  esa orol davlatlar hisoblanadi. Bu yerda maydon kattaligi, aholi soni, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot  darajasiga  ko‘ra  bir-biridan farq qiluvchi 11 ta  davlat  joylashgan.  Ular  orasida faqat Laos  quruqlik ichkarisida  joylashgan  davlat  bo‘lganligi  sababli  to‘g‘ridan  to‘g‘ri  dengizga chiqa olmaydi. 

Davlatlarning  4  tasi  monarxiya  boshqaruv  shakliga  ega.  Ma’muriy-hududiy tuzilishiga  ko‘ra,  Malayziya  va  Myanma davlatlari  federativ davlatlar hisoblanadi.

Hind  va Tinch okeanlari oralig‘ida joylashganligi; mintaqa davlatlari iqtisodiyoti rivojida ikki yirik sivilizatsiya – Xitoy va Hindiston ta’sirining kuchli ekanligi; buyuk geografik kashfiyotlar davrida rivojlanishni boshlagan  xalqaro  savdo va dengiz  yo‘llari  ustida  joylashganligi mintaqa geografik o‘rnining asosiy xususiyatlari hisoblanadi. 

Subregion  relyefida  tog‘li va tekislik  hududlar  salmog‘i  deyarli  teng. Mintaqada  yirik  tekislik  hududlari  mavjud  emas.  Asosan,  subekvatorial va  ekvatorial  iqlim  mintaqalarida  joylashgan  bo‘lib,  iqlim  xususiyatlari bu yerda doimiy yashil tropik o‘rmonlarning mavjud bo‘lishiga sababchi bo‘lgan.  Mintaqaning  42%  hududi  o‘rmonlar  bilan  qoplangan.  Suv  resurslari bilan yaxshi ta’minlangan. Mekong, Iravadi, Chao-Praya, Xongxa daryolari  eng  asosiy  chuchuk  suv  manbalari  hisoblanadi.  Mintaqaning yirik daryolari, asosan, yarim orol davlatlar hududidan oqib o‘tadi.

Dunyo  okeani  biologik  resurslari  ham  davlatlar  iqtisodiyotida  katta ahamiyatga  ega.  Ular  aholi  tomonidan  iste’molda  keng  foydalaniladi. Malay arxipelagining ba’zi orollarida tabiiy dur yetishtiriladi. 

Mintaqa  tabiiy  resurslari  orasida  mineral  resurslar  muhim  iqtisodiy ahamiyatga ega. Myanma hududidan to Indoneziyagacha cho‘zilgan qalay-volfram  belbog‘i  o‘tgani  sabab  barcha  yarimorol  davlatlari  hamda Indoneziya  hududidan  katta  miqdorda  qalay  rudalariga  qazib  olinadi. Subregion qalayning umumiy zaxiralari bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinni  egallaydi.  Surma  zaxiralari  bo‘yicha  Janubi-sharqiy  Osiyo  qit’ada birinchi, jahonda esa ikkinchi o‘rinni egallaydi. Bundan tashqari, ushbu hududdan  neft  (Indoneziya,  Malayziya, Bruney),  toshko‘mir  (Vyetnam, Indoneziya), uran rudalari (Indoneziya,  Filippin), oltin  (Myanma, Vyetnam,  Filippin),  volfram  (Myanma,  Tailand),  boksit  (Indoneziya,  Filippin, Malayziya) kabi mineral resurslar ham qazib olinadi.Janubi-sharqiy Osiyoning deyarli barcha davlatlarida aholining tabiiy ko‘payish darajasi yuqori. Bunga birinchi navbatda milliy, diniy omillar katta ta’sir  ko‘rsatadi.  Indoneziya,  Filippin, Vyetnam  mintaqaning aholi soni ko‘p bo‘lgan davlatlari hisoblanadi. Janubi-sharqiy Osiyo hududida  200  dan  ortiq  xalqlar  yashaydi.  Ular  orasida  malayliklar,  laolar, tayliklar, vyetnamliklar, semanglar,  birmaliklar, filippinliklar, yavaliklar, xitoylar katta salmoqa ega. 

Indoneziya,  Malayziya,  Bruneyda  islom  diniga  e’tiqod  qiluvchilar  oldingi  o‘rinda  turadi.  Tailand,  Laos,  Kambodja,  Myanma  hamda Vyetnamda buddizm, Singapurda  esa konfusiylik  dini  keng  tarqalgan.

Ayrim  davlatlarda  katoliklarning  salmog‘i katta (Filippin, Sharqiy Timor). Subregionda o‘rtacha zichlik 1  km.kv.ga  140  kishini  tashkil  etadi.  Kichik hududli davlatlarda bu ko‘rsatkich ancha  yuqori (masalan, Singapurda o‘rtacha  zichlik  1  km.kv. ga  8000  kishidan oshadi).

Urbanizatsiya darajasi 50% atrofida. Industrlashgan  hududlarda  bu  ko‘rsatkich yuqori (Singapurda  100%),  qishloq  xo‘jaligi  iqtisodiyotida  katta  salmoqqa ega davlatlarda esa past (Sharqiy Timor 30% atrofida). Jakarta, Bangkok,  Manila  mintaqaning  eng  yirik  shaharlari bo‘lib  hisoblanadi.

Mintaqa davlatlari tarixiy rivojlanishida Xitoy va Hindistonning ta’siri  katta bo‘lsada,  ushbu davlatlarning  aksariyat  qismi  o‘z ijtimoiy-iqtisodiy  taraqqiyot  yo‘lini  belgilashda  yapon  modeliga  murojaat  qilishgan. Natijada Janubi-sharqiy  Osiyo  davlatlari ichida  Singapur,  Tailand, Malayziya  kabi  yangi  sanoatlashgan  davlatlar  (so‘nggi  yillarda  ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgan rivojlanayotgan  davlatlar guruhi) soni  ortib bormoqda. Bundan  tashqari, bu yerda  Bruney  kabi  neft  eksport  qiluvchi  davlat,  Sharqiy  Timor,  Laos kabi iqtisodiyoti past darajada rivojlangan davlatlar ham mavjud.

Subregionda  konchilik  (deyarli  mintaqaning  barcha  davlatlarida), yoqilg‘i-energetika (Indoneziya, Malayziya, Bruney va b.), rangli metallurgiya  (Indoneziya,  Malayziya,  Tailand,  Vyetnam va b.),  mashinasozlik  (Indoneziya,  Singapur,  Malayziya  va  b.),  kimyo  (Indoneziya, Malayziya,  Singapur,  Vyetnam  va  b.),  yengil  va  oziq-ovqat  (deyarli mintaqaning barcha davlatlarida) sanoatlari tarmoqlari  rivojlangan.

Qishloq  xo‘jaligida  dehqonchilik  ustun  soha  bo‘lib,  sholi  asosiy ekin turi hisoblanadi. Bundan tashqari, mintaqa davlatlarida turli ziravorlar, choy, kofe, kopra, geveya (tabiiy kauchuk olish uchun) kabilar ham  yetishtiriladi.  Chorvachilikda  baliqchilik  rivojlangan.  Geografik o‘rin xususiyatlaridan  kelib chiqqan holda, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari  uchun  asosiy  transport  turlari  suv  va  avtomobil  transporti  hisoblanadi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.