Yirik ekologik muammolar va ularning yechimi 

56 008

  Insonning mehnat faoliyati natijasida atrof-muhitga turli chi­qindilar chiqariladi. Chiqindilar (qattiq, gazsimon va suyuq)ning bir qismi atmosferaga, boshqasi suvga, yerga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ta’sir etib, vaqt mobaynida to‘planib boradi. Ularning yillar davomida asta-sekin to‘planib borishi turli muammolarni, ba’zan inson hayoti uchun o‘ta xavfli muammolarni keltirib chiqarishi endilikda to‘liq tasdiqlanmoqda. Quyida mazkur geoekologik muammolarning ba’zilari bilan tanishasiz.
  Insonning xo‘jalik faoliyati natijasida dunyoda yirik ekologik muammolar kelib chiqmoqda. Ular quyidagilar: «issiqxona sama­rasi», ozon «tuynugi», cho‘llashish.
«Issiqxona samarasi». Dunyo bo‘yicha XX asrning 50-yillaridan boshlab, energiya ishlab chiqarishning keskin ortishi munosabati bilan atmosferaga katta miqdorda chiqindilar chiqarila boshlandi. Atmosferaga chiqariladigan chiqindilar miqdori yiliga 5 mlrd tonnani tashkil qildi. Bu miqdor yil sayin orta boshladi. Bu esa Yerdagi o‘rtacha harorat 1890-yildagi 14,5°C dan 1980-yilda 15,2°C ga, ya’ni 0,7 darajaga ortishiga olib keldi. Mazkur ko‘rsatkich yil sayin ortib borish xususiyatiga ega. Bu esa «issiqxona samarasi»ning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Olimlarning fikricha, «issiqxona samarasi»ni vujudga keltiruvchi gazlarning hozir­gi ortish sur’ati saqlanib qolsa, har 10 yilda harorat 0,2-0,5 darajaga ortib boradi. Bu esa turli ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Dunyo bo‘yicha havo haroratining 1-2 darajaga ko‘tarilishi natijasida Yevrosiyoda tundra, o‘rmon-tundra,  tayga, aralash va keng bargli o‘rmonlar, o‘rmon-dasht va dasht tabiat zonalarining shimolga siljishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Yevropa va Afrikada daryolarning suv oqimi ortadi.
  Dunyo bo‘yicha havo haroratining ortishi muzliklarning erishi va okean suvlarining issiqlik ta’sirida kengayishiga olib keladi. XX asr davomida olimlarning hisobi bo‘yicha okean sathi 17,5 sm ga ko‘tarilgan. Amerika olimlarining bashoratiga ko‘ra 2100-yilga kelib Dunyo okeani sathi 1,4-2,2 m ga ko‘tarilishi mumkin. Bu okean sohillarida joylashgan ko‘pchilik davlatlarning suv ostida qolib ketishiga sabab bo‘ladi.
  Ozon «tuynugi». XX asrning 50-yillaridan boshlab, havoda freon gazlarining (xlor, ftor, uglerod) miqdori ko‘payganligi kuzatila boshlandi. Bu gazlar 25 km balandlikda joylashgan ozon qatlamini yemira boshladi. Ma’lumki, ozon qatlami Quyoshdan kelayotgan zararli ultrabinafsha nurlarini tutib qoladi. Ozon qatlamining yemirilishi natijasida ozon «tuynugi» hosil bo‘ldi. Mazkur tuynukdan Yer yuzasiga ultrabinafsha nurlarining kirib kelishi donli ekinlar hosilini keskin kamaytirib yuborishi, odamlarning teri raki kasaliga chalinishlariga sabab bo‘lishi aniqlangan.
  1989-yil 81 mamlakat olimlari, mutaxassislari hamda davlat arboblari qabul qilgan «Ozon qatlamini muhofaza qilish Xelsinki Deklaratsiyasi»da 2000-yilga qadar freon gazlaridan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni kamaytirib borish tadbirlari belgilab berildi. Natijada so‘nggi yillarda ozon «tuynugi»ning maydoni qisqarib bormoqda.
  Cho`llashish. Hozirgi paytda cho‘llashish jarayoni, ya’ni hosildor yerlarning, yaylovlarning cho‘lga aylanishi tabiiy va sun’iy omillar ta’sirida sodir bo‘lmoqda. Tabiiy omillarga asosan qurg‘oqchilik kiradi. Masalan, 1968-1974-yillarda Sahroi Kabirning sohil mintaqasida falokatli qurg‘oqchilik oqibatida Chad ko‘li maydonining 60 foizdan ortig‘i, Neger, Senegal daryolari qurib qoldi, namlik yetishmasligi natijasida yaylovlarning mahsuldorligi keskin kamaydi, cho‘l 100-150 km ga savannaga bostirib kirdi.
  Insonning yerdan noto‘g‘ri foydalanishi natijasida katta-katta maydonlarda hosildor yerlar cho‘lga aylanmoqda.
  Hozirgi paytda inson faoliyati ta’sirida 9 mln kv.km maydonda cho‘l hosil bo‘lgan. Har yili taxminan 21 mln ga yer to‘liq buzilib, cho‘lga aylanmoqda. Har yili sug‘orilayotgan yerlarning 6 mln ga maydoni cho‘lga aylanadi.
  Hozirgi paytga cho‘llashishning oldini olish bo‘yicha muntazam ilmiy va amaliy ishlar olib borilmoqda. Keniya davlatining poytaxti Nayrobida cho‘llashishga qarshi kurashni muvofiqlashtiruvchi tashkilot faoliyat ko‘rsatib turibdi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.