O‘zbekistonning geoekologik muammolari 

15 366

Geoekologik  muammolarning  vujudga  kelishi  tabiiy  jarayonlar  va  inson  faoliyati  bilan  bog‘liq  tarzda  ro‘y  berishi mumkin.  Geoekologik  muammolarni  keltirib  chiqaruvchi  tabiiy  omillar  va  jarayonlardan  asosiylari:  vulqon  otilishi,  zilzila,  surilma,  ko‘chki,  sel,  suv  toshqini,  kuchli shamollar, yong‘inlar va boshqalar. Bunday omillar bevosita har  bir  geotizimning  tabiiy  xususiyatlari  bilan  bog‘liq  bo‘lib,  unda  inson  ishtiroki bo‘lmaydi.
 
Inson  va  tabiiy  muhitning  o‘zaro  ta’siri  kelib  chiqishi  jihatidan  ekologik  muammo  hisoblanadi.  Lekin,  u  ma’lum  geotizimda  turli  miqyosda  hamda  tabiiy  va  ijtimoiy-iqtisodiy  geografik  qonuniyatlar  asosida ro‘y bergani sababli geografik muammo ham hisoblanadi, ya’ni  ekologik  muammo  muayyan  geotizimda tarkib topib, shakllanib, rivojlanish  bosqichlarini  bosib  o‘tadi.  Shu  nuqtayi  nazardan  geoekologik  muammo deyiladi.
 
Geoekologik muammolar – insonlarning sog‘ligi va xo‘jalik faoliyatiga salbiy ta’sir  etadigan, ularning  tabiiy muhit  bilan  munosabatlarida  va  geotizimlarning  bir  butunligida  nomutanosiblikni  keltirib  chiqaruvchi,  tabiiy  va  antropogen  omillar  natijasida yuzaga  kelgan  jarayon  va  hodisalar.
 
Geoekologik  muammolar,  odatda,  tizimli xususiyatga  ega  bo‘lib,  bu  xususiyatlar  quyidagilarda  namoyon  bo‘ladi:  tabiiy  hamda  ijtimoiy  jarayonlar  va  qonuniyatlarning  o‘zaro  ta’siri;  geograf  ya,  ekologiya,  geologiya  va  boshqa  fanlarning  integratsiyasini  talab  etadigan  fanlararo ahamiyat kasb etishi; resurslardan turli maqsadlarda bir qancha foydalanuvchilarning  mavjudligi; geotizim  yoki  geoekologik muammoning  holatini bitta ko‘rsatkich bilan tavsiflash mumkin emasligi.  

Geoekologik muammolarning turlari. Geoekologik muammo qotib  qolgan, o‘zgarmas holat bo‘lmay, balki muntazam ravishda o‘zgaruvchi  va  rivojlanuvchi,  ko‘p  sonli  oddiy  muammolar  tizimidir.  Geoekologik  muammolarni  bir  qancha  ko‘rsatkichlar  (xo‘jalik  sohalari  bilan  bog‘liq,  egallagan  maydoni  bo‘yicha,  oqibatiga  ko‘ra,  kelib  chiqish  omillari)  bo‘yicha  tasniflash  mumkin,  lekin  yuqorida  ta’kidlaganimizdek, geoekologik muammo muayyan maydonda tarkib topib  shakllanadi.  Shu  sababli,  bunday  muammolar  tarqalgan  maydoni bo‘yicha  –  sayyoraviy, regional va lokal,  ayrim  hollarda  esa  milliy  kabi guruhlarga ajratiladi.  

Sayyoraviy geoekologik muammolar – butun geografik qobiq doirasida  ro‘y  beradigan  va  Yer  yuzining  barcha  qismlariga  ta’sir  etadigan,  barcha  mamlakatlarga,  butun  insoniyatga  birdek  xavf  soladigan  eng  murakkab geoekologik muammolardir. Bularga "Issiqxona samarasi” va  iqlim  isishi,  "Ozon  tuynugi”,  Dunyo  okeani  sathining  ko‘tarilishi  va  suvining  ifloslanishi,  cho‘llashish  va  h.k.  kiradi.  Bunday  geoekologik  muammolarni  bartaraf  etish  uchun  barcha  davlatlar  birlashib,  yagona  dastur asosida harakat qilishlari lozim. Yer yuzidagi barcha mamlakatlar  o‘z  hududidagi  lokal  va  regional  muammolarni  hal  etish  orqaligina  global geoekologik muammolarning yechimini topishlari mumkin.
 
Regional geoekologik muammolar  –  egallagan  maydoniga  ko‘ra  global  geoekologik  muammolardan  kichikroq  bo‘lib,  ko‘pincha  bir  yoki  bir  necha  turlardan  tashkil  topgan  geoekologik  hodisa-jarayonlar  kompleksidan iborat bo‘ladi. Regional geoekologik muammolar regional  miqyosdagi  geotizimlarni  band  etib,  butun  Yer  yuzi  uchun  xavf  solmasligi mumkin, ammo ularning soni tobora ortib bormoqda. Ushbu  muammolar ayrim hududlargagina tegishli bo‘lishiga qaramay, ekologik  va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari  nihoyatda xavfli va salmoqli, ularni o‘z  vaqtida  oldini  olish  va  bartaraf  etmaslik  kelajakda  keng  miqyosdagi  og‘ir ekologik kulfatlarni keltirib chiqarishi mumkin.  

Regional  geoekologik  muammolar  tarkib  topishi  jihatidan  oddiy  va  murakkab  toifadagi  geoekologik  muammolarga  bo‘linadi.  Bir  turdagi  hodisa  va  jarayonlardan  iborat  bo‘lsa  –  oddiy  toifadagi,  bir  necha  geoekologik hodisa va jarayonlardan iborat bo‘lsa – murakkab toifadagi  geoekologik muammolar deyiladi.  Murakkab geoekologik hodisalarning  yechimi  ham  murakkab  bo‘lib,  ko‘p  vaqt  talab  qiladi.  U  tobora  murakkablashish va yangi hududlarni egallash  yo‘nalishida  rivojlanadi.  Oddiy  geoekologik muammolar ham makonda va vaqt mobaynida o‘ta  murakkablashuvi oqibatida murakkab tusga aylanishi mumkin.  

Orol  va  Orolbo‘yi  muammosi  O‘zbekiston  va  qo‘shni  respublikalar  hududida  joylashgan  regional  geoekologik  muammodir.  Shu  sababli  mazkur  muammoni  bartaraf  etishda  Orol  havzasidagi  barcha  qo‘shni  respublikalar O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishlari lozim. Lokal  (mahalliy)  geoekologik  muammolar  –  regional  geoekologik  muammolarga  nisbatan  kichikroq  maydonlarni  egallab,  bir  yoki  ikki mamlakat  hududida  joylashgan  ma’lum  geotizim  doirasida  yuzaga  kelgan  muammolardir.  Bunday  geoekologik  muammolar  inson  xo‘jalik  faoliyati  bilan  bog‘liq  bo‘lib,  tabiiy  resurslardan  intensiv  foydalanish  va  bu  jarayonda  tabiat  qonuniyatlarini  hisobga  olmaslik, aholining  bir  joyda  o‘ta  zich  to‘planishi  va  boshqa  sabablar  tufayli  kelib  chiqadi.  Yer  yuzasining  namgarchilik  hududlarida  botqoqliklarning  quritilishi,  qurg‘oqchil  mintaqalarda  sun’iy  sug‘orish,  suvomborlar  barpo  etish,  yaylov  chorvachiligini  rivojlantirish,  ishlab  chiqarish  korxonalarining  qurilishi  kabi  jarayonlardagi  ayrim  xatoliklar  hamda  insonning  ba’zi  pala-partish faoliyati lokal geoekologik muammolar yuzaga kelishiga va  keng miqyosda tarqalishiga sabab bo‘ladi.  
 
O‘zbekistondagi lokal geoekologik muammolarni ko‘rib  chiqadigan  bo‘lsak, ularning har tarafl ama kompleks tahlili va kelib chiqishi sababiga  ko‘ra  quyidagi  genetik  guruhlarini  ajratish  mumkin:  1)  atmosfera  havosining  ifloslanishi  bilan  bog‘liq  muammolar  –  yirik  shaharlar  va  sanoatlashgan  hududlarda;  2)  suvdan intensiv foydalanish  bilan  bog‘liq  muammolar – zovur suvlarining ko‘llarda to‘planishi, chuchuk suvlarning  yetishmasligi, chuchuk  suv havzalarining  ifl oslanishi va h.k.;  3) yerdan  intensiv  foydalanish  bilan  bog‘liq  muammolar  –  eroziya,  sho‘rlashish,  yaylovlarning  degradatsiyaga  uchrashi;  4)  geotizimlarga  texnogen  ta’sir  bilan bog‘liq muammolar – konchilik sanoati chiqindilarining to‘planishi,  geotizimning  buzilishi,  og‘ir  texnikaning  yaylovlarni  payhon  qilishi  va  h.k.;  5)  chorvaning  intensiv  boqilishi  va  buta-daraxtlarni  kesish  bilan bog‘liq  muammolar;  6)  rekreatsiya  obyektlaridan  foydalanish  bilan  bog‘liq  muammolar;  7)  zaharli  kimyoviy  moddalarning  tabiiy  muhitni  ifloslashi bilan bog‘liq muammolar va h.k.
 
Geoekologik  muammolarni  yechimining  ilmiy  asoslari. Ushbu  muam molarning yechimi tizimli tahlilga bog‘liq. Tizimli tahlil natijasida  muammoning  asosiy  xususiyatlari,  ko‘lami,  rivojlanish  bosqichlari,  yo‘nalishlari,  sabablari  va omillari,  oqibatlari  va boshqalar ayon  bo‘ladi. Geoekologik muammolarni tadqiq etishda asosan hududiy, geotizimli va ekologik prinsiplar qo‘llaniladi.
 
Hududiy prinsipni qo‘llash, muammoning hududiy miqyosini aniqlashga,  uning  rivojlanish  chegaralarini,  tarqalish  arealini  ajratishga  imkon  beradi.  Mazkur  prinsip  hudud  yaxlitligi,  uning  boshqa  hududlar  bilan  aloqasi, o‘zaro bog‘liqlik va ta’sirda bo‘lishini bilishga imkon beradi.  

Geotizimli prinsip geoekologik muammoni o‘rganish uchun geografik asos hisoblanadi, chunki u hududning tuzilishi to‘g‘risida axborot berish  bilan birga uning qanday tabiiy xususiyatlarga, resurslarga ega ekanligi  haqida  ma’lumotlarni  olishga  imkon  beradi.
 
 Mazkur  prinsip  geotizimlar  chegaralarining  joylashuvini,  ularning  nisbati,  bir-birlariga  nisbatan  past-balandligi,  tarkibiy-dinamik  holati  haqida  ma’lumot  beradi.  Ushbu  prinsip  muammoning  ko‘pgina  xususiyatlarini  baholashda,  kelajakda  bo‘ladigan  o‘zgarishlarni  oldindan  prognoz  qilishda,  turli  tadbirlar  tizimini  asoslashda  va  ularni  qo‘llashda,  barcha  turdagi  kartalarni  tuzishda asos bo‘ladi.
 
Ekologik prinsipning  qo‘llanilishi  tirik  organizmlar, jumladan insonning  atrof-muhit  bilan  o‘zaro  aloqalari,  ta’siri  va  munosabatda  bo‘lishi nazarda  tutilganligi bilan bog‘liq. Ekologik muammoning mantiqiy  ma’nosi  ham  aslida tirik  organizm bilan jonsiz  tabiat  orasidagi  o‘zaro  aloqa va munosabatlarning buzilishidan iboratdir. Ushbu munosabatning  ziddiyatlashuvi  muayyan  geotizimlarda  ro‘y  berib,  hududiy  xususiyatga  ega  bo‘ladi.  Shuning  uchun  ham  mazkur  muammoni  geoekologik  muam mo sifatida tadqiq etish zarur.
 
Geoekologik muammoni bartaraf etish deganda, avvalo, dastlabki tabiiy  muvozanatni  qayta  tiklashni  tushunmoq  lozim.  Tabiiy  muvozanat  (ekologik muvozanat)ni qayta tiklash – tabiiy komponentlar va geotizimlar orasidagi o‘zaro bog‘liqlik, aloqadorlik va harakatni dastlabki holatiga yaqinlashtirishdir, lekin uni asl holiga qaytarib bo‘lmaydi.  Buzilgan  tabiiy  muvozanatni  qayta  tiklash  tadbirlarida  aho lining yashash  sharoiti  va  sog‘ligini  ham  avvalgi holatiga olib kelish lozim.  Masalan:  Orol  va  Orolbo‘yi bir-biri bilan uzviy bog‘liq  bo‘lgan  regional geoekologik  muammo  bo‘lib,  ularning  yechimi  o‘zaro  bog‘liq  kompleks  tadbirlarni  baravariga  qo‘llagan  holdagina  hal  qilish  mumkin.  Bunda,  eng  birinchi  navbatda,  tashqaridan  kelayotgan  suvning  toza  va  miqdorining  ko‘p  bo‘lishiga  erishish  lozim.  Chunki,  muammoni  tezlatuv chi  kuch  qurg‘oqchil iqlim sharoitida cho‘llashish hodisasidir.  Lokal  geoekologik  muammolar  yechimi  eng  sodda  muammolar  bo‘lib,  ularni  bartaraf  etishda,  eng  avvalo,  geoekologik  muammoli  hududning  tabiiy  geograf  sharoiti  va  tabiiy  qonuniyatlari  chuqur  o‘rganilishi  lozim.  Har  bir  geotizimning  xususiyatlariga  mos  xo‘jalik  tarmoqlari  va  tabiatdan  foydalanish  chora-tadbirlarini  qo‘llash  orqali  bunday muammolarning oldi olinadi. Masalan, yerlardan sug‘orma dehqonchilikda  foydalanilishda  har  bir  geotizimning  xususiyati  o‘rganilib,  so‘ngra shunga mos ekin turlari, sug‘orish usuli va me’yorlari, agrotexnika tadbirlarini  qo‘llash, ya’ni tabiat  bilan munosabatda uning qonunlarini buzmaslik kutilgan natijalarga erishish kafolatidir.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.