Fazliddin Hikmatov 

6 690

Fazliddin Hikmatov 

Geografiya fanlari doktori (2001), professor (2003). 1985-yilda nomzodlik, 2001-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. U 150 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Shulardan 5 tasi monografiya, 2 ta darslik, 11 ta o’quv qo’llanma, 20 dan ortiq o’quv-uslubiy ko’rsatmalardir. Uning ilmiy maqolalari «Vestnik MGU», «Problemi osvoyeniya pustin», «Voprosi geografii i geoekologii», «Vestnik KazNU» kabi chet el, «O’zbekiston FA axboroti», «O’zbekiston FA ma’ruzalari», «O’zbekiston Geografiya jamiyatining axboroti», «O’zbekiston Ekologik xabarnomasi», «O’zMU xabarlari» kabi respublika ilmiy jurnallarida chop etilgan. U tog`li hududlar gidrologiyasi sohasida nafaqat O’zbekistonda, balki chet ellarda ham taniqlidir. Uning ilmiy ishlarida tog` daryolari oqimining shakllanish qonuniyatlariga oid ilmiy-nazariy qarashlar rivojlantirilgan, ularni hisoblash va prognozlash usullari takomillashtirilgan. Fazliddin Hikmatov rahbarligida mamlakatimizda ilk bor "Orol havzasi yer usti suvlari kartasi” (2004) va "O’zbekiston yer usti suvlari atlasi” (2006, 2008) o’zbek, ingliz va rus tillarida, yaratildi. U 2012-yilda nashr etilgan "Географический атлас Узбекистана” ning redkollegiya a’zosi va undagi "Suv resurslari” bo’limining ilmiy rahbaridir.

Fazliddin Hikmatov Xalqaro Biosfera fanlari akademiyasining muxbir a’zosi (2001-y.) va 2005-yilda M.V.Lomonosov nomidagi MDUning «Faxriy yorlig`i» bilan mukofotlangan.

Fazliddin Hikmatov muntazam ravishda O’zR Davlat Ilmiy Texnika Dasturining ustuvor ilmiy yo’nalishlari hisoblangan fundamental, amaliy va innovatsion grantlari ilmiy rahbaridir. Hozirgi kunda u O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi – O’zgidrometda BMTning Rivojlanish Dasturi (UNDP) doirasida "O’zbekistonda iqlimiy xavflarni boshqarish” mavzuida bajarilayotgan xalqaro loyihaning ishtirokchisi, O’zMUda TEMPUSning "UZWATER - O’zbekistonda Oliy ta’lim tizimi uchun atrof-muhit muhofazasi va suv resurslarini boshqarishga urg`u bergan holda barqaror rivojlanish fanlari bo’yicha magistratura dasturlari” loyihasi ijrochilaridan biridir.

Fazliddin Hikmatovning hamkasblari va shogirdlari bilan hammualliflikda yaratgan "Gidrologiya asoslari”, "Umumiy gidrologiya”, "Gidrometeorologiyada statistik usullar”, "Iqlim o’zgarishi”, "O’zan jarayonlari va o’zan oqimi dinamikasi”, "Ko’lshunoslik”, "Gidrologiya va gidrometriya”, "Gidromet­riya”, "Gidrologik bashorat” kabi darslik va o’quv qo’llanmalaridan mamlakatimiz va qo’shni respublikalar oliy o’quv yurtlarida o’quv jarayonida keng foydalanilmoqda. Uning rahbarligida tayyorlagan "Umumiy gidrologiyadan amaliy mashg`ulotlar” (2005-y.), "Gidrologiya va gidrometriya” (2008-y.) o’quv qo’llanmalari "Yilning eng yaxshi darsligi va o’quv adabiyoti muallifi” Respublika tanlovining II darajali diplomi va "Faxriy yorlig`i” bilan mukofotlangan. 

Fazliddin Hikmatov rahbarligida 3 ta nomzodlik va 20 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Ular Respublikamizning turli oliy o’quv yurtlari va tashkilotlarida mutaxassisligi bo’yicha faoliyat ko’rsatmoqdalar. Hozirgi kunda 3 katta ilmiy xodim – izlanuvchi va 1 mustaqil tadqiqotchi-izlanuvchi F.Hikmatov rahbarligida doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz universitet ta’lim tizimida yangi  "Gidrometeorologiya” va "Gidrologiya” ta’lim yo’nalishlari, "Quruqlik gidrologiyasi, suv resurslari”, "Gidrokimyo”, "Glyatsiologiya va qor qoplami monitoringi”, "Sel toshqinlari gidrologiyasi”, "Gidrometeorologiya (faoliyat turi bo’yicha)” kabi magistratura mutaxassis­liklari ochildi. Mazkur bakalavriatura yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklarning Davlat ta’lim standartlari, namunaviy o’quv rejalari va fan dasturlari tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblangan O’zMUda F.Hikmatov rahbarligida ishlab chiqildi.

Fazliddin Hikmatov Rossiya, Qozog`iston oliy o’quv yurtlari bilan O’zMU aloqalarini yanada kengaytirishga hissa qo’shmoqda. Bugungi kunda O’zMU F.Hikmatov professorlik lavozimida ishlayotgan Quruqlik gidrologiyasi kafedrasi vakilligida Rossiya Gidrometeorologiya universiteti, Moskva Davlat universiteti, Qozog`iston Milliy universiteti, O’zR Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi, O’zgidromet, Samarqand davlat universiteti, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti kabilar bilan mutaxassislar tayyorlash va ilmiy tadqiqot ishlarini bajarishda innovatsion va korporativ hamkorlik haqida shartnomalarga ega. 

Fazliddin Hikmatov "Umumiy gidrologiya”, "Umumiy va maxsus gidravlika” fanlaridan bakalavrlarga, "Quruqlik gidrologiyasi”, "Gidrologik prognozlar” kabi maxsus kurslardan esa magistratura bosqichi talabalariga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo’llagan holda ma’ruzalar o’qiydi, amaliy mashg`ulotlarni o’tkazadi. Uning «Umumiy va maxsus gidravlika» fanidan «Ochiq o’zanlarda suvning notekis harakati» (dekabr,2014-y.) va "Quruqlik gidrologiyasi” fanidan "Daryo oqimining o’zgaruvchanligi va oqim me’yori” (noyabr, 2014-y.) mavzuidagi ochiq darslari yosh hamkasb-pedagoglar ishtirokida o’tkazildi.

Fazliddin Hikmatov yosh olimlar va iqtidorli talabalar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratadi. Uning rahbarligida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan iqtidorli talabalar xalqaro va respublika miqyosidagi turli tanlovlarda sovrinli o’rinlarni egallagan. Jumladan, 2013-yilda I.Belikov Qozig`istonning Almati shahrida talabalar o’rtasida o’tkazilgan xalqaro seminar-treningdagi ma’ruzasi uchun maxsus diplom bilan, M.Boboxonova, A.Shodiyev, S.Kadirovalar "Global iqlim o’zgarishiga moslashish bo’yicha eng yaxshi g`oya – 2012” Respublika tanlovida II darajali diplom bilan taqdirlandilar, A.Shodiyev (2012 y.), D.Djurayeva (2013 y.) va A.Qushakovlar (2014 y.) esa oliy o’quv yurtlari talabalari o’rtasida "Gidrologiya va gidrometriya” fanidan  o’tkazilgan Respublika fan olimpiadasida faxrli ikkinchi o’rinni egalladilar.

Fazliddin Hikmatov Gidrometeorologiya ilmiy-nazariy seminari raisi, O’zR Geografiya Jamiyatining prezidenti, "O’zbekiston Geografiya Jamiyatining Axboroti” jurnalining bosh muharriri o’rinbosari, O’zR OAK ekspertlar kengashi, Fan va texnologiyalar markazi  ekspertlar kengashi, O’zR Qishloq va suv xo’jaligi vazirligining Irrigatsiya va Drenaj milliy qo’mitasi, MDU qoshidagi Eroziya va o’zan jarayonlari muammolari bo’yicha Xalqaro Muvofiqlashtiruvchi Kengash a’zosi sifatida jamoat ishlarini sitqidildan bajarib kelmoqda.

Fazliddin Hikmatov 2008-yilda "Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

Fazliddin Hikmatov mehnatkashligi, namunaviy axloqiy madaniyati va hayotning barcha jabhalarida kamtarinligi, ayni paytda fidoiy, jonkuyar olim va pedagog sifatida respublikamiz ziyolilari orasida hurmat qozongan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.