O‘zbekiston tuproqlari, o‘simlik va hayvonot dunyosi
O‘zbekistonning
tuproq qoplami, o‘simlik va hayvonot dunyosi juda xilma-xil bo‘lib, ular
tabiatning boshqa elementlariga, xususan, relyefi va iqlimiga bog‘liq holda
joylashgan.
K.Z.Zokirov tavsiya etgan to‘rtta: cho‘l, adir, tog‘ va yaylov mintaqalarining har
biri o‘ziga xos iqlim, tuproq qoplami, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ega.
Cho‘l
mintaqasi O‘zbekiston hududining 70 foizini ishg‘ol qiladi.
Cho‘l
tuproqlari xilma-xil bo‘lib, unda sur-qo‘ng‘ir, qumli cho‘l, o‘tloq-botqoq,
taqir va bo‘z tuproqlar uchraydi.
Ustyurt
platosi, Qizilqumdagi past tog‘lar va Nurota tog‘ etaklaridagi toshloq
cho‘llarda sur-qo‘ng‘ir tuproqlar tarqalgan. Bunday tuproqlarda chirindi juda
kam (0,3-1 foiz) bo‘ladi.
Qizilqum,
Markaziy Farg‘ona va Mirzacho‘ldagi qumli tekisliklarda qumli cho‘l tuproqlari
tarqalgan bo‘lib, chirindi miqdori 0,3-0,6 foizni tashkil etadi.
Gilli
jinslardan tarkib topgan cho‘llarda taqirlar ham uchraydi, ular tarkibidagi
chirindi miqdori 0,5-1 foizga yetadi.
Yerosti
suvlari yer betiga yaqin bo‘lgan Mirzacho‘l, Markaziy Farg‘ona, Qarshi
cho‘llari va Amudaryo etagida sho‘rxok va sho‘r tuproqlar tarqalgan.
O‘zbekistonning
yirik daryo vodiylarida o‘tloq va botqoq tuproqlari uchraydi.
Zarafshon,
Chirchiq, Ohangaron, Qashqadaryo, Quyi Amudaryo va Surxondaryo vodiylaridagi
bo‘z tuproqlar uzoq vaqt ishlov berilishi natijasida tabiiy xususiyatini
o‘zgartirib, madaniy bo‘z tuproqlarga aylangan.
O‘simliklari. Cho‘l mintaqasining yozi quruq, jazirama issiq, yog‘inga nisbatan potensial
bug‘lanish ko‘p bo‘lganligi tufayli, o‘simliklar shu sharoitga moslashgan.
Cho‘lda
bahorda arpag‘on, lola, lolaqizg‘aldoq, qorabosh, boychechak, binafsha,
chuchmoma, tariqbosh, chig‘ir, isfarak,
iloq, kovrak kabilar o‘sadi. Bu o‘tlar yozda sarg‘ayib, qurib qoladi,
qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar esa o‘saveradi. Ularning eng muhimlari
qumli yerlarda o‘suvchi saksovul, selin, juzg‘un, qora qandim, cherkez,
quyonsuyak va iloq.
O‘zbekistonning
sho‘rxok joylarida yulg‘un, sho‘ra, sho‘r ajriq, shuvoq, sarisazan, baliqko‘z
o‘ssa, toshloqli yerlarida siyrak holda
burgan, qora bayalich, isiriq o‘sadi.
O‘zbekiston
cho‘l mintaqasining daryo vodiylarida (Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Chirchiq
va b.) to‘qayzorlar joylashib, qizilmiya,
yantoq, qamish, qo‘g‘a, kendir, turang‘il, tol, jiyda, yulg‘un, chakanda
(oblepixa) kabi o‘simliklar o‘sadi.
Cho‘l
hayvonlari. Cho‘l hayvonlari mahalliy sharoitga moslashgan bo‘lib,
aksariyatining rangi qum rangidadir. Cho‘llardagi ba’zi hayvonlar (yumronqoziq,
qo‘shoyoq, ko‘rsichqon) jazirama issiq va quruq yozga moslashgan.
Yozda
kunduzi qumlar +75, + 80°C qizib ketganligi tufayli, ba’zi hasharotlar,
kaltakesak, ilon va boshqalar salqin joy- larda yoki inlarida bekinib, kech
kirishi bilan faollashadi.
Cho‘l
mintaqasida sutemizuvchilardan cho‘l mushugi, jayron, oqquyruq, qoraquloq,
qoplon, xongul, tulki va bo‘rilar
yashaydi. Shuningdek, kemiruvchilardan yumronqoziqlar, qumsichqon, qo‘shoyoq,
ko‘rsichqon va tiрratikan uchraydi.
Cho‘llarda
sudralib yuruvchilardan echkemar, qum bo‘g‘ma iloni, kapcha ilon (Turkiston
kobrasi), chiрor ilon, o‘qilon, charxilon, kaltakesaklar, cho‘l toshbaqasi
yashaydi. Kaltakesaklar ichida eng kattasi echkemar bo‘lib, uzunligi 1,5 m ga
yetib, mayda kaltakesak, ilon kabi sudralib yuruvchilar bilan oziqlanadi.
Cho‘lda
hasharotlardan qoraqurt, chayon, falanga (biy), chigirtka kabilar mavjud. Bular ichida qoraqurt o‘ta
zaharli o‘rgimchaksimonlar turiga kiradi.
Cho‘l
mintaqasi to‘qayzorlarida chiyabo‘ri,
tulki, bo‘ri, to‘qay mushugi, to‘ng‘iz, qirg‘ovul, qarqara, birqozon, g‘oz,
o‘rdak va boshqalar yashaydi.
Adir
mintaqasi. Okean sathidan 400-500 m.dan 1000-1200 m.gacha bo‘lgan balandliklarda joylashgan.
Oddiy bo‘z
tuproq tog‘ etaklarida, 500-600 m dan 1000 m gacha bo‘lgan balandliklarda
tarqalgan, tarkibida chirindi 1,5-2,5 foizni tashkil etadi.
Okean
sathidan 1000-1600 m balandliklarda to‘q tusli bo‘z tuproqlar tarqalgan bo‘lib,
tarkibidagi chirindi miqdori 3-4 foizga boradi, ko‘pincha bahorikor ekinlar
ekiladi.
Adir mintaqasida
cho‘lga nisbatan o‘simliklar ko‘proq bo‘lib, bahorda qizil, sariq rangdagi
lolalar va chuchmomalar bilan qoplanadi. Shuningdek,
qo‘ng‘irbosh, rang, sasir, yantoq, kavrak va gulxayrilar o‘sadi. Adirlarda
zirk, na’matak, do‘lana kabi buta va chinor,
terak, qayrag‘och kabi daraxtlar o‘sadi.
Adir
mintaqasida cho‘lga xos sudralib yuruvchilardan
kaltakesak (agama, gekkon)lar, ilon (kapchabosh ilon, zaharli ko‘k
ilon)lar, hatto falanga, chayon kabi hasharotlar ham uchraydi.
Adirda tulki, bo‘ri, toshbaqa, yumronqoziq, jayra,
bo‘rsiq va tiрratikanlar uchraydi.
Qushlardan pushtirang chug‘urchuq (asalarilar kushandasi), ko‘k qarg‘a, kaklik,
zog‘cha, kalxat, qirg‘iy va burgut
kabilar yashaydi.
Adir
vohalarida musicha, chumchuq, bulbul, mayna, qaldirg‘och va sassiqpopishak va boshqalar mavjud.
Tog‘
mintaqasi. Okean sathidan 1000-1200 m dan 2700-2800 m gacha bo‘lgan balandlikdagi joylarni o‘z ichiga oladi.
Tog‘larda
tog‘-qo‘ng‘ir va tog‘-jigarrang tuproqlari tarkib topgan bo‘lib, tarkibida
chirindi miqdori 4-6 foizgacha yetadi.
Tog‘
mintaqasining daryo vodiylari va qayirlarida o‘tloq, botqoq-o‘tloq tuproqlari
uchraydi.
Tog‘larda betaga, rovoch, tog‘ yalpizi kabi o‘tlar,
na’matak, zirk, dukcho‘p va irg‘ay kabi butalar o‘sadi. Tog‘da bodom, pista, do‘lana,
o‘rik, olma, olcha, nok, xandon pista kabi mevali daraxtlar ham uchraydi.
Tog‘
mintaqasining 1400 m dan 2500 m gacha bo‘lgan balandliklarida archa, yong‘oq, Turkiston qayini, teraklardan
tashkil topgan o‘rmonlar uchraydi.
O‘rmonlar
suv oqimlarini tartibga soladi, sellarning oldini oladi, tuproqlarni yuvilib
ketishdan saqlaydi, havo haroratini mo‘tadillashtiradi, havodagi
zararli moddalarni yutib, kislorod chiqaradi.
Tog‘
mintaqasida hayvon turlari adirga nisbatan ko‘p. Lekin havoning salqinligi tufayli
sudralib yuruvchilar kam bo‘lib, Oloy tog‘ iloni, Turkiston agamasi uchraydi.
Tog‘
mintaqasida o‘rmon sichqoni, oq sichqon, ko‘rshapalak, oq suvsar, qunduz,
o‘rmon olmaxoni, qo‘ng‘ir ayiq, chiрor sirtlon, silovsin, bo‘ri, tulki,
bo‘rsiq, quyon, to‘ng‘iz yashaydi. Qushlardan burgut, tasqara, itolg‘a, kaklik,
boltatumshuq, bulbul kabilar mavjud.
Yaylov
mintaqasi. Yaylov mintaqasi 2700-2800 m dan balandda joylashgan bo‘lib, iqlimi sovuq va nam. Bunday sharoitda och qo‘ng‘ir va o‘tloq tuproqlar hosil bo‘ladi.
Yaylov
mintaqasi subalp va alp o‘tloqlaridan iborat. Ayrim, quyoshga teskari
yonbag‘irlarda yil bo‘yi qor saqlanishi mumkin. Subalp o‘tloqlarda, asosan,
baland bo‘yli o‘tlar, shuningdek, boshoqlilardan yovvoyi arpa,
yovvoyi suli, betagalar o‘sadi.
Alp
o‘tloqlarida to‘ng‘izsirt, qoqio‘t, tiрchoq, binafshalar o‘sadi. Yaylov
mintaqasida yirik sutemizuvchilardan alqor, bug‘u (elik), qo‘ng‘ir ayiq, tog‘
takasi, muflon, qoplon, qor barsi, kiyiklar, kemiruvchilardan — sug‘ur
yashaydi. Yaylovdagi oq tirnoqli ayiq «O‘zbekiston Qizil kitobi»ga kiritilgan.
O‘zbekistonning
yuqorida qayd qilingan balandlik mintaqalaridagi suv havzalarida baliqlarning
bir necha turlari yashaydi. Ularning eng muhimlari laqqabaliq, zog‘orabaliq,
shohbaliq (oybaliq), marinka, cho‘rtanbaliq kabi baliqlardir. Amudaryo va
Sirdaryoda yashovchi qilquyruq balig‘i
noyob tur bo‘lib, «O‘zbekiston Qizil kitobi»ga kiritilgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.