O‘rta Zarafshon tabiiy geografik okrugi 

24 986

Okrug O‘zbekistonning markaziy qismini, yer po‘stining tektonik jarayonlar ta’sirida cho‘kkan Zarafshon vodiysining respublikamizga qaraydigan o‘rta qismini o‘z ichiga oladi. Okrug aniq tabiiy chegaraga ega bo‘lib, uni shimol tomondan Nurota tog‘lari, janubdan  Chaqilkalon,  Qoratepa, Zirabuloq, Ziyovuddin tog‘lari o‘rab tursa, sharqdan Tojikiston bilan chegaradosh. G‘arbda Quyi Zarafshon okrugidan Xazar yo‘lagi bilan ajralib turadi.

YER YUZASI VA GEOLOGIK TUZILISHI, IQLIMI
Zarafshon okrugi Turon plitasining cho‘kkan qismida joylashib, neogen davrida dengiz suvining cho‘kindisi tufayli quruqlikka aylangan, so‘ngra daryo o‘zanini yuvib, chuqurlashtirib, qator qayirlar hosil qilgan. Bu qayirlar gil, qumoq va lyossimon jinslardan tashkil topgan.

O‘rta Zarafshon okrugini har ikki tomonidan o‘rab turgan tog‘lar esa paleozoy erasining ohaktosh, kristall va slanes kabi tog‘ jinslaridan tarkib topgan. Bu jinslar gersin tog‘ hosil bo‘lish jarayonida burmalangan. Natijada okrug shimolida Nurota, Oqtov va Qoratov, janubida esa Qoratepa, Ziyovuddin hamda Zirabuloq tog‘lari ko‘tarilib qolgan. Bu tog‘lar so‘nggi nurash oqibatida pasayib, Zarafshon daryosining irmoqlari va soylar hamda fizik nurash ta’sirida yassilanib, qiymalanib, hozirgi qiyofasi shakllangan.

Relyefi. O‘rta Zarafshon okrugining relyefi bir xil emas, uning vodiysi tekislikdan iborat bo‘lib, sharqdan g‘arbga pasayib boradi: Samarqand shahri yaqinida balandlik 700-750 m bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘onda 450 m, Navoiyda 347 m ga tushib qoladi. Okrug  markaziy qismidan ham shimolga, ham janubga balandlashib boradi. Okrugning shimolida Nurota tizmasi joylashib, о‘rtacha balandligi 1500 m, eng baland cho‘qqisi – Hayotboshi 2169 m. Nurota tog‘ining janubida balandligi 500-600 m bo‘lgan Nurota-Qo‘ytosh botig‘i o‘rnashgan, uning janubida G‘ubdintog‘, Qaroqchitog‘, Oqtov, Qoratov, Baxiltog‘ joylashgan.

Zarafshon vodiysining janubida Qoratepa, Zirabuloq, Ziyovuddin tog‘lari joylashib, ular orasida Qarnob va Jom botiqlari o‘rnashgan.

Okrug hududidagi Zarafshon vodiysining o‘ziga xos xususiyati shundaki, u goh kengayadi, goh torayadi. Zarafshon vodiysining ana shunday kengaygan joyida Samarqand botig‘i joylashgan. Uning, yerusti tuzilishi yassi tekislikdan iborat bo‘lib, g‘arbda to Xazar yo‘lagigacha 220 km ga cho‘zilgan. Uning kengligi 50-60 km bo‘lib, shimol va janubdan past tog‘lar o‘rab olgan. Okrugning bu qismida Zarafshon daryosining uchta ko‘hna qayirlari bo‘lib, ular lyossimon yumshoq jinslardan tuzilgan. Shu sababli soy va mavsumiy suvlar yuvib, juda ko‘p jarlar hosil bo‘lgan.

Samarqand botig‘i g‘arbga tomon torayib, pasayib boradi. Chunki Qoratov va Ziyovuddin tog‘larining g‘arbiy davomi hisoblangan Avtobach hamda Azkamar platolari yaqinlashib, Xazar yo‘lagini hosil qiladi. Bu yerda Zarafshon vodiysi tarqalib, uning kengligi 8-10 km bo‘lib qoladi. Xazar yo‘lagidan g‘arbga o‘tgach, Zarafshon vodiysi yana kengayib, pasayib, Buxoro vohasini hosil qiladi.

IQLIMI, ICHKI SUVLARI, TUPROQLARI, O‘SIMLIK QOPLAMI VA HAYVONOT DUNYOSI
Iqlimi. O‘rta Zarafshon okrugi iqlimi O‘zbekiston tekislik qismidagiga o‘xshash bo‘lib, qishi sovuq, yozi issiq va quruq, yog‘in kam. Okrug janubda joylashganligidan hamda shimol, shimoli sharqdan tog‘lar bilan o‘ralganligidan qishda havo haddan tashqari sovib ketmaydi. Yanvarning o‘rtacha harorati –0,9 –1,9°C. Ba’zan Arktika havosi kirib kelganda eng past harorat –24 –35°C gacha pasayadi. Yozda esa havo ochiq bo‘lib, +26 +28°C atrofida bo‘lib, eng yuqori harorat +40 +44°C ga yetadi.

O‘rta Zarafshon okrugida sovuq bo‘lmaydigan kunlar bir yilda 213-215 kunni tashkil etadi. Vegetatsiya davridagi ijobiy haroratning yig‘indisi 4300-5000°C ga yetadi.

O‘rta Zarafshon okrugida yog‘in miqdori g‘arbdan sharq tomon ortib boradi: Navoiyda (mutlaq balandligi 347 m) o‘rtacha yillik yog‘in miqdori 177 mm, Kattaqo‘rg‘onda (465 m) 282 mm, Samarqandda (695 m) 328 mm. Vodiyni o‘rab olgan tog‘larda yillik yog‘in miqdori ortib, Omonqo‘tonda 881 mm ni tashkil etadi. Yillik yog‘inning ko‘p qismi bahorda (49 foiz) va qishda (33 foiz) yog‘adi, yozda bor-yo‘g‘i 4 foizni tashkil etadi.

Okrugda yog‘inning bir qismi qor tarzida yog‘adi. Lekin haroratning iliq bo‘lishi tufayli uzoq turmay erib ketadi. Tog‘larda esa haroratning pastligi tufayli nisbatan uzoq vaqt erimay turadi.

Ichki suvlari. Okrugning asosiy daryosi Zarafshon bo‘lib, u Turkiston va Zarafshon tog‘larining tutashgan qismida joylashgan Ko‘ksuv tog‘ tugunidagi Zarafshon muzligidan Mastchoh nomi bilan boshlanadi. Mastchoh daryosi Fandaryo bilan qo‘shilgach Zarafshon nomini oladi.

Zarafshon daryosi tog‘li qismida tor va chuqur o‘zanda tez oqib, 200 ga yaqin irmoqlarni qo‘shib oladi. Okrug hududiga o‘tgach, Zarafshon daryosining oqimi sekinlashadi. Samarqand shahri yaqinida ikkiga, Oqdaryo (shimoldagisi) va Qoradaryoga (janubdagisi) ajralib, Xatirchi qishlog‘ida birlashadi. Ular orasida uzunligi 100 km, kengligi 15 km bo‘lgan Miyonqol oroli vujudga kelgan. Zarafshon daryosi Xazar yo‘lagidan o‘tgach Quyi Zarafshon okrugi boshlanadi.

Zarafshon daryosiga okrug hududida doimiy quyiluvchi bironta irmoq yo‘q. Lekin sug‘orishga sarflanib, Zarafshon daryosiga quyilmaydigan 120 ta soy mavjud. Ularning eng muhimlari Urgutsoy, Omonqo‘tonsoy, Oqsoy, To‘sunsoy, Kattasoy, Tasmachisoy va boshqalar bo‘lib, ular mavsumiy qor va yomg‘ir suvlaridan to‘yinib, suvi bahorda ko‘payib, yozda juda kamayib qoladi.

Zarafshon daryosi muz-qorlarning erishidan to‘yinadi. Shu sababli daryo suvi yozda ko‘payib, yillik oqimining 61 foizini aynan ekinlarni sug‘orish kerak bo‘lgan davrda oqizadi.

Zarafshon daryosi sersuv bo‘lib, o‘rtacha yillik suv sarfi sekundiga 165 m.kub, eng kami 30-35 m.kub, eng ko‘pi sekundiga 930 m.kub.

Zarafshon suvining bir qismi Eski Tuyatortar kanali orqali Sangzor daryosiga, Eski Anhor kanali orqali Qashqadaryo havzasiga oqizilsa, bir qismi okrug hududida sug‘orishga sarflanadi.

O‘rta Zarafshon okrugida suvlardan oqilona foydalanish maqsadida Kattaqo‘rg‘on suv ombori qurilgan bo‘lib, suv sig‘imi 1 mln m.kub.

Okrugda yerosti suvlarining zaxirasi katta bo‘lib, bo‘r, paleogen, neogen va antropogen davrlarning yotqiziqlari orasida joylashgan. Bo‘r davri yotqiziqlari orasida joylashib, 400-500 m bo‘lgan chuqurliklardan chiquvchi yerosti suvlari chuchuk bo‘lib ichishga yaroqli; paleogen va neogen yotqiziqlarining 90-100 m chuqurligida joylashgan suvlar ham sho‘r emas. Lekin antropogen davr jinslari orasida 1-20 m chuqurliklarda joylashgan suvlar biroz sho‘rlashgan. Okrug hududining chuqur qismida issiq minerallashgan yerosti suvlari mavjud.

O‘rta Zarafshon okrugida tuproqlar uning relyefiga, yotqiziqlariga va yerosti suvlariga bog‘liq holda joylashgan. Okrugning sug‘oriladigan qismida chirindisi 1-2 foiz bo‘lgan o‘tloq-voha tuproqlari tarqalgan. Zarafshon daryosining yuqori qayirlarida esa qadimdan sug‘oriladigan bo‘z-voha tuproqlari joylashgan. Daryolarning quyi qayirlarida grunt suvi yuza bo‘lgan joylarda biroz sho‘rlashgan botqoq-o‘tloq tuproqlari uchraydi.

O‘rta Zarafshon okrugining 350-400 m balandlikkacha bo‘lgan tekisliklarida och bo‘z tuproqlar tarqalib, chirindi miqdori 1,5-1,7 foiz, 350-400 m dan baland bo‘lgan tog‘oldi tekisliklarida esa tiрik bo‘z tuproqlar joylashib, chirindi miqdori 1,7-2,5 foiz ga boradi, 400-1000 m balandliklarda to‘q bo‘z tuproq joylashib, chirindi miqdori 2,5-3,5 foizga boradi. Okrugni o‘rab olgan tog‘larda bo‘z- qo‘ng‘ir, jigarrang tuproqlar tarqalgan.

O‘rta Zarafshon okrugining ko‘p qismi yumshoq lyossimon yotqiziqlardan tashkil topgan. Shu sababli tog‘lardan boshlanuvchi soylar, vaqtli suvlar ularni yuvib, jarlarni hosil qilgan. Bundan tashqari, yaylovlardan noto‘g‘ri foydalanish, o‘simliklarga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish, yerlarni noto‘g‘ri sug‘orilishi tufayli shamol va irrigatsiya eroziyalari sodir bo‘lmoqda.

O‘simliklari. O‘rta Zarafshon okrugining tabiiy o‘simliklari insonlarning xo‘jalik faoliyati tufayli ancha o‘zgargan. Shu sababli sug‘oriladigan yerlarda, asosan, madaniy o‘simliklar o‘sadi. Okrugning quyi qayirlarida qamish, ro‘vak, yulg‘un, tol, yantoq, ajriq, chakanda, chuchukmiya kabi to‘qay o‘simliklari uchraydi. O‘rta Zarafshon okrugining qadimiy qayirlari va tog‘oldi tekisliklarida bahorda rang,  qo‘ng‘irbosh, lolaqizg‘aldoq, chuchmoma kabilar o‘sadi. Ular yozda sarg‘ayib, quriy boshlaydi. Lekin qoqiquloq, shuvoq, chalov, mingbosh kabi o‘simliklarning o‘sishi davom etaveradi.

Okrugni o‘rab olgan tog‘larning quyi (adir) qismida (400-1000 m balandliklarda) bahorda efemer va efemeroid o‘simliklari, shuningdek, shuvoq, yovvoyi bug‘doy, yovvoyi arpa, cho‘l yalpizi, chalov, mingbosh, yetmak o‘sadi. Tog‘larning 1000 m baland qismida oqso‘xta, gulxayri, shuvoq, tog‘yalpiz, chalov, lola, astragal, daraxtlardan archa va har xil butalar mavjud.

Hayvonlari. O‘rta Zarafshon okrugi aholi zich yashaydigan hududlardan biri bo‘lib, tabiiy faunaga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu sababli tabiiy holda yashovchi hayvonlar xalq xo‘jaligida o‘zlashtirilmagan hududlarda uchraydi. Ularning eng muhimlari sudralib yuruvchilardan kaltakesak, ilonlar; sutemizuvchilardan yumronqoziq, sichqon, ko‘rsichqon, kalamush, bo‘ri, tulki, quyon, bo‘rsiq; qushlardan so‘fito‘rg‘ay, chumchuq, zarg‘aldoq, bedana, kaklik, boyo‘g‘li (ukki), qirg‘iy va boshqalar yashaydi.

O‘rta Zarafshon okrugi to‘qayzorlarida qurbaqa, suv iloni, o‘rdak, qirg‘ovul, chiyabo‘ri, to‘qay mushugi, ondatra, quyon uchraydi.

O‘rta Zarafshon to‘qay landshaftini va u yerda yashovchi o‘simlik va hayvonlarni muhofaza qilish maqsadida 1975-yili Zarafshon qo‘riqxonasi tashkil etilgan. Bu qo‘riqxonada o‘simliklardan  chakanda (oblepixa), hayvonlardan Zarafshon to‘ng‘izi himoya qilinadi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.