Quyi Zarafshon tabiiy geografik okrugi
Quyi
Zarafshon okrugi shu nom bilan ataluvchi daryoning quyi qismida joylashib, o‘z
ichiga Buxoro va Qorako‘l vohalarini oladi. Okrug sharqda kengligi 8-10 km
bo‘lgan Xazar yo‘lagi orqali O‘rta Zarafshon okrugidan ajralib turadi. Okrug
shimol va g‘arbdan Qizilqum okrugi, janubi g‘arbdan Sandiqli qumligi orqali
Turkmaniston Respublikasi, sharqdan Qashqadaryo okrugi bilan chegaralanadi. Bu
yerda chegara Azkamar, Quyimozor, Jarqoq balandliklari orqali o‘tadi.
Geologik tuzilishi va foydali qazilmalari
Quyi Zarafshon okrugi tektonik botiqda
joylashib, negizi paleozoy erasi ohaktosh slaneslaridan iborat bo‘lib, uning
ustini mezozoy va kaynazoy eralarining cho‘kindi jins hamda mergellari, gillari
va qumtoshlari qoplab olgan. Mezozoy erasining yura va bo‘r davr jinslari
(ohaktosh, dolomit va boshqa) ko‘proq okrugning sharqida joylashgan
balandliklarda uchraydi.
Quyi Zarafshon okrugida nisbatan ko‘p tarqalgan
jinslar — bu kaynozoy erasining neogen va paleogen yotqiziqlari hisoblanib,
ular asosan, Gazli atrofida, Jarqoq, Saritosh, Qiziltepa balandliklarida,
Buxoro vohasining janubida, Qorako‘l vohasida, Dengizko‘l atrofida joylashib,
sarg‘ish, sur, jigarrang qum va qumtoshlardan iborat.
Quyi Zarafshonda eng ko‘p tarqalgan jinslar
to‘rtlamchi davrga xos bo‘lib, ular genetik jihatdan Zarafshon daryosi,
vaqtincha oqar suvlar, ko‘l va shamol natijasida vujudga kelgan shag‘al, qum,
qumoq, lyoss gillaridan iborat.
Quyi Zarafshon okrugidagi Dengizko‘l va boshqa
ko‘llar atrofida ko‘l yotqiziqlari — to‘q surrangli gil, qumoq, Buxoro va
Qorako‘l vohalari atrofida esa eol yo‘l bilan vujudga kelgan qumliklar
joylashgan.
To‘rtlamchi davr boshlarida Qashqadaryo va
Sangzor daryolari Zarafshonga quyilgach, sersuv bo‘lib, Qoraqum tomon oqqan.
To‘rtlamchi
davr o‘rtalarida Amudaryo shimoli g‘arb (Orol tomon)ga oqishi tufayli
Zarafshon daryosi Amudaryoga quyila boshlagan. To‘rtlamchi davr oxirida ham
Zarafshon vaqt-vaqti bilan Amudaryoga quyilib turgan. Lekin, so‘ngra
Qashqadaryo va Sangzor daryolarining Zarafshonga quyilmay qo‘yishi natijasida Zarafshon tarmoqlanib oqib,
Qorako‘l deltasini hosil qilgan. Qashqadaryo esa janubga burilib, tarmoqlanib,
katta delta hosil qilgan bo‘lsa, Sangzor daryosi shimol tomon burilib, Mirzacho‘l
tomonga oqa boshlagan, natijada Zarafshon suvi kamayib, Amudaryoga yetib
bormagan.
Quyi Zarafshon okrugida daryolarning
tarmoqlanib oqishi va zilzilalar sodir
bo‘lib turishi neotektonik jarayonlar bilan bog‘liq. Yaqin davrgacha O‘rta
Osiyoning tekislik qismi, shu jumladan, Quyi Zarafshon okrugi ham seysmik
jihatidan birmuncha tinch deb hisoblanar edi. Lekin Zarafshon okrugi hududida
so‘nggi yillarda zilzilalar (Buxoroda 1821-1822-yillarda 8 balli, Gazlida 1976-
va 1987-yillari 9-10 balli) bo‘lib turishi bu hududni ham seysmik rayonga
kiritilishiga asos bo‘ldi.
Quyi Zarafshon okrugi va uning atrofi neft-gaz
zaxirasiga boy hudud hisoblanib, eng muhim konlari Gazli, Jarqoq, Qorovulbozor,
Shodi, Dengizko‘l va boshqalar hisoblanadi. Shuningdek, okrug hududida bir
nechta tuz hamda har xil qurilish xomashyo konlari mavjud.
Yerusti tuzilishi. Quyi Zarafshon okrugi yerusti tuzilishi jihatidan O‘rta Zarafshondan farqlanadi. Chunki O‘rta Zarafshon okrugini ikki tomondan tog‘lar o‘rab olgan bo‘lsa, aksincha, Quyi Zarafshon Xazar yo‘lagidan o‘tgach, janubi g‘arbga qarab kengayib, pasayib, Buxoro va Qorako‘l vohasini hosil qiladi. Buxoro vohasini shimoli g‘arbdan Qizilqum o‘rab olsa, sharqda Qiziltepa (362 m), Quyimozor (216 m), Qumsulton kabi balandliklar, janubi g‘arbdan Qorako‘l balandligi o‘rab olgan.
Buxoro vohasining uzunligi 102 km atrofida,
kengligi 50-70 km, mutlaq balandligi 200-250 m bo‘lib, janubi g‘arbga biroz
nishab tekislik hisoblanadi.
Buxoro vohasida Zarafshon daryosining to‘rtta
qayiri (terrasasi) joylashgan. Birinchi qayir daryoning har ikki qismida
joylashib, nisbiy balandligi 1-1,5 m, kengligi 1,5-2,0 km. Ikkinchi qayirining
nisbiy balandligi (daryo o‘zanidan) 2-5 m. Uchinchi qayiri uncha keng bo‘lmay,
bilinar-bilinmas holda ikkinchi qayirdan ko‘tarilib turadi. To‘rtinchi — eng
qadimiy qayiri vohani o‘rab olgan platolarining quyi qismida joylashgan. Buxoro
vohasidagi qayirlarning ko‘p qismi yerlardan qishloq xo‘jaligida foydalanish
natijasida tekislab yuborilgan.
Buxoro vohasi janubi g‘arbga qarab pasayib,
torayib, Qorako‘l platosiga tutashib ketadi. Qorako‘l platosidan o‘tgach, okrug
hududi yana kengayib, Qorako‘l vohasini hosil qiladi. Qorako‘l vohasi janubi
sharqda Sandiqli qumligi, janubda Eshakchi qumligi bilan o‘ralgan.
Qorako‘l vohasining uzunligi 100 km atrofida,
kengligi 50 km. Yer yuzasi tekis bo‘lib, janubi g‘arbga — Amudaryo vodiysi
tomon nishablikda joylashgan. Mutlaq balandligi shimoli sharqida 200 m, janubi
g‘arbida 180 m, Amudaryo vodiysiga tutashgan qismida 178 m ga teng.
Qorako‘l vohasi Buxoro vohasidan sho‘rxoklar,
sho‘rxokli botiqlar, sho‘r ko‘llarning ko‘pligi va qumliklar o‘rab olganligi
bilan farqlanadi.
IQLIMI, SUVLARI, TUPROQLARI, O‘SIMLIKLARI VA
HAYVONOT DUNYOSI
Iqlimi.
Quyi Zarafshon okrugi qisqa va beqaror qish bilan, quruq, seroftob,
jazirama yoz bilan tavsiflanadi. Qishda okrug hududiga shimoldan sovuq, quruq
shamollarning esishi tufayli hamma qismida yanvarning o‘rtacha harorati 0°C dan
past bo‘ladi.
Quyi Zarafshon okrugiga yozda shimoli g‘arbdan
nam havo massalari esib tursa-da, lekin haroratning yuqoriligi tufayli yog‘in
yog‘maydi.
Quyi Zarafshon okrugi O‘zbekistonning eng issiq
hududlaridan hisoblanib, yillik o‘rtacha harorati +14,2 +15°C, iyulning
o‘rtacha harorati +28 +29,6°C, yanvarning o‘rtacha harorati Qorako‘lda +0,4°C,
Shofirkonda +1,5°C hisoblanadi.
Okrugda ba’zan qishda Sibir antisiklonining
kirib qolishi va Arktika havo massasining u bilan bir davrga to‘g‘ri kelishi
tufayli harorat –20 –25°C gacha pasayadi. Aksincha, yozda havo qizib, eng
yuqori harorat +44 +45°C ga ko‘tariladi.
Quyi Zarafshon okrugida sovuq bo‘lmaydigan davr
204-214 kun davom etib, vegetatsiya davridagi haroratlar yig‘indisi 5000°C ga
yetadi. Bunday iqlimiy sharoitda ingichka tolali paxta, shirin-shakar mevalar,
poliz ekinlarini yetishtirish mumkin. Quyi Zarafshon okrugida yog‘inlar hudud
va fasllar bo‘yicha notekis taqsimlangan. Buxoro va Qorako‘l vohalariga bir
yilda 100-200 mm yog‘in tushadi. Yillik yog‘inni 100 foiz desak, 44-48 foizi
bahorga, 36-44 foizi qishga, 2-3 foizi yozga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p yog‘in
mart — aprel oylariga, eng kam yog‘in iyul — avgust oylariga to‘g‘ri keladi.
Quyi Zarafshon okrugida qor har yili yog‘adi,
lekin uzoq turmay (5-10 kungacha) erib ketadi. Qorning qalinligi 5 sm atrofida
bo‘ladi.
Suvlari.
Quyi Zarafshon okrugining suv manbayi Amudaryo va Zarafshon
hisoblanadi. Okrug hududida Zarafshon daryosining suvlari Shofirkon, Vobkent,
Romitan, Shohrud va boshqa magistral kanallar orqali sug‘orishga sarflanib,
tabiiy o‘zandan faqat sizot suvlari oqadi, xolos. Ilgari Zarafshon suvi Quyi
Zarafshon okrugidan oqib o‘tib, Amudaryoga 20 km yetmasdan qumlarga shimilib
ketar edi.
Quyi Zarafshon okrugi hududiga kelguncha
Zarafshon daryosining suvi O‘rta Zarafshon okrugida ishlatilishi tufayli Buxoro
va Qorako‘l vohasiga suvi to‘la yetib kelmaydi. Shu sababli yerlarni
sug‘orishni yaxshilash, aholini suv bilan ta’minlash maqsadida uzunligi 268 km bo‘lgan
Amu-Buxoro magistral kanali qurildi. Amu-Buxoro kanalidan keladigan suvdan
sug‘orishda foydalanishdan tashqari To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari ham
to‘ldirilib turibdi. Buxoro va Qorako‘l vohasida vujudga kelgan zovur suvlarini
sug‘oriladigan hududdan chetga chiqarib tashlash oqibatida Sho‘rko‘l, Qorako‘l,
Parsanko‘l, Moxonko‘l, Qoraqir kabi ko‘llar vujudga keldi. Quyi Zarafshon
okrugida yerosti suvlari relyefga bog‘liq holda hudud bo‘yicha bir xil
joylashgan emas. Okrug sharqidagi balandroq bo‘lgan yerlarning grunt suvlari
nis- batan chuchuk va yaxshi siljiydi.
Okrugning janubi g‘arbida, Buxoro va Qorako‘l
vohalarida grunt suvi yuza (2-3 m) bo‘lib, sho‘r, ichishga yaroqsiz. Bo‘r davri
yotqiziqlari orasida bosimli yerosti suvlari mavjud bo‘lib, sho‘r emas,
binobarin, ulardan ichimlik suvi sifatida foydalanish mumkin. Quyi Zarafshon
okrugining 1000-1500 m chuqurliklarida issiq mineral suvlar mavjud bo‘lib,
ulardan davolanishda foydalanilmoqda.
Quyi Zarafshon okrugida yerusti tuzilishi, yotqiziqlar
tarkibi va yerosti suvlarining xususiyatlariga bog‘liq holda turli xil
tuproqlar tarqalgan. Okrugda sur-qo‘ng‘ir, qumoq, taqir, sho‘rxok, o‘tloq kabi
tuproqlar eng ko‘p tarqalgan.
Quyi Zarafshon okrugining chetlaridagi
qumliklarga (Qizilqum, Sandiqli qumligi) tutashgan qismlarida qumoq va qumli
tuproqlar tarqalgan. Buxoro va Qorako‘l vohasining chetlarida taqir tuproqlar
joylashgan bo‘lsa, pastqam grunt suvi yuza bo‘lgan qismida sho‘rxok tuproqlar
mavjud.
Quyi Zarafshon okrugining ichki qismida
sug‘oriladigan o‘tloq, o‘tloq-alluvial tuproqlari joylashib, ularga ishlov berish
tufayli tabiiy xususiyatini o‘zgartirib, o‘tloq-voha tuprog‘iga aylangan.
O‘simliklari. O‘simliklari ham tabiiy
unsurlarga bog‘liq holda bir xil tarqalgan emas. Okrugni o‘rab olgan qumli
cho‘llarda, asosan, juzg‘un, quyonsuyak, cherkaz, iloq o‘ssa, Buxoro vohasining
sharqida, Qorako‘l vohasining janubi sharqidagi kichik marza qumliklarida
juzg‘un, quyonsuyak, selen, oq saksovul, shuvoq, iloq kabilar mavjud.
Qorako‘l vohasi janubida joylashgan harakatdagi
qumlik- larda quyonsuyak, oq saksovul,
cherkez, juzg‘un, erkaksimon iloq o‘sadi. Okrugning giрsli cho‘llarida partek,
shuvoq, tatr (yer tezak), boyalish mavjud.
Quyi Zarafshon okrugida eng ko‘p tarqalgan
o‘simlik turi shuvoq hisoblanadi. Shuvoq, asosan, sur-qo‘ng‘ir tuproq tarqalgan
yerlarda uchraydi.
Zarafshon daryosining qadimiy qayirlarida,
deltasida, ko‘llar atrofida to‘qay o‘simlik turlari bo‘lib, ular turang‘il,
jiyda, tol, lox, qamish, chingil, yantoq, yulg‘un kabilardir. Okrugda
antropogen omillar ta’sirida to‘qayzorlar maydoni kamayib ketmoqda. Shu sababli
ayrim joylarda qo‘riqlanadigan to‘qayzorlar tashkil etish zarur.
Hayvonlari. Quyi Zarafshon okrugi hayvonlari cho‘lga xos bo‘lgan vakillar bilan tavsiflanib, jazirama, quruq, seroftob yozga moslashgan. Okrugda kalamush, yumronqoziq, qo‘shoyoq, kaltakesak, echkemar va ilonlar uchraydi. Shuningdek, cho‘l qismida tulki, bo‘ri, jayron, tiрratikan, jayra, bo‘rsiq, to‘qaylarda chiyabo‘ri, to‘ng‘iz, to‘qay mushugi, qirg‘ovul kabilar yashaydi. To‘dako‘l, Quyimozor kabi suv havzalari hamda ko‘llarda o‘rdak, g‘oz va baliqlar yashaydi. Okrugning cho‘l qismida hasharotlardan qoraqurt va falanga uchraydi.
Quyi Zarafshonda kamayib ketayotgan ayrim
hayvonlarni muhofaza qilib, ko‘paytirish uchun „Jayron ekomarkazi" parvarishxonasi
tashkil etilgan. Bu yerda xalqaro „Qizil kitob"ga kirgan jayronlar muhofaza
etiladi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.