Farg‘ona tabiiy geografik okrugi
Farg‘ona
tabiiy geografik okrugi Farg‘ona vodiysida joylashgan bo‘lib, atrofi tog‘lar
bilan o‘ralgan. Vodiy tabiati go‘zal va maftunkor, noz-ne’matlarga boy,
jannatmakon okrug bo‘lib, uni «O‘rta Osiyo durdonasi» deb atashadi.
Vodiyning
xaritadan ko‘rinishi bodom shaklida bo‘lib, shimoli g‘arbdan Mo‘g‘ultog‘, Qurama tog‘ tizmalari,
shimoldan Chatqol tizmasi, sharqdan Farg‘ona tizmalari, janubdan esa Oloy va
Turkiston tizmalari o‘rab turadi. Uning uzunligi g‘arbdan sharqqa 370 km ga
cho‘zilgan, kengligi o‘rtacha 190 km, eng tor yeri — g‘arbida eni 9 km bo‘lib,
«Xo‘jand darvozasi» deyiladi.
YER YUZASI, GEOLOGIK TUZILISHI VA FOYDALI
QAZILMALARI
Farg‘ona vodiysining tekislik qismi Farg‘ona botig‘i
deyiladi. Uning atrofini adir hamda tog‘lar o‘rab turadi.
Okrug tektonik botiqda joylashib, neogen
davrining oxiri va quyi antropogen davrida dengizdan bo‘shab, quruqlikka aylangan.
So‘ngra atrofidagi tog‘lardan boshlanadigan daryolar olib kelgan qum, gil,
lyossimon jinslar bilan qoplangan.
Farg‘ona botig‘ining atrofini adir va tog‘lar
o‘rab olgan bo‘lib, ular geologik tuzilishi jihatidan farqlanadi. Тog‘lar,
asosan, paleozoy erasida sodir bo‘lgan gersin tog‘ hosil qilish jarayonida
quruqlikka aylangan. Ular, asosan, paleozoy erasining slanes, ohaktosh kabi
jinslaridan iborat. Farg‘ona vodiysida qazilma boyliklaridan neft, gaz,
oltingugurt, tog‘ mumi, o‘tga chidamli gil, giрs konlari mavjud.
Okrug yerusti tuzilishi jihatidan, markaz tomon
hamda sharqdan g‘arbga pasayib boradi. Atrofini o‘rab olgan adirlarning
balandligi 600-1200 m bo‘lsa, Farg‘ona shahrida 578 m ga, Andijonda 496 m ga,
Namanganda 449 m ga tushib qoladi. Okrugning sharqida mutlaq balandlik (Uchqo‘rg‘onda)
500 m bo‘lsa, g‘arbidagi Qo‘qon shahrida 405 m ga, Xo‘jandda 320 m ga tushib
qoladi.
Farg‘ona okrugining markaziy qismi botiqdan
iborat bo‘lib, nisbatan tekis. Undan Sirdaryo oqib o‘tib, uchta eski qayir
hosil qilgan. Botiqning markaziy qismida Yozyovon va Qoraqalpoq cho‘llari bo‘lib,
qum relyef shakllari — do‘nglar, o‘simlik bilan mustahkamlangan tepaliklar va
kichik ko‘chib yuruvchi qumlik (barxan)lar mavjud. Hozir o‘sha qum do‘nglari va
tepaliklarning ko‘p qismi tekislanib, ekinzorlarga aylantirilgan.
Farg‘ona vodiysining tog‘oldi qismida daryolar
tog‘lardan keltirgan yotqiziqlardan paydo bo‘lgan konussimon yoyilmalar keng
tarqalgan. Eng katta yoyilmani So‘x daryosi hosil qilgan. Konussimon yoyilmalar
qadimdan dehqonchilik uchun o‘zlashtirilgan.
IQLIMI, SUVLARI, ТUPROQLARI, O‘SIMLIKLARI VA HAYVONOT DUNYOSI
Iqlimi. Farg‘ona tabiiy geografik okrugi turli tomondan tog‘lar bilan
o‘ralganligi tufayli shimoldan, shimoli sharqdan esuvchi sovuq va g‘arbdan
esuvchi nam havo massalarining bevosita o‘tishiga to‘siq bo‘ladi. Shu sababli
uning iqlimi issiq, quruq, davomli yoz hamda mo‘tadil qish bilan tavsiflanadi.
Qishda tabiiy okrugning atrofini o‘rab olgan
tog‘lardan esadigan sovuq havo Farg‘ona botig‘ining markaziy qismida to‘planib
qoladi.
Okrugda qishin-yozin havo harorati g‘arbdan
sharqqa tomon hamda markaziy qismidan adirlar tomon pasayib boradi: Qo‘qonda
yanvarning o‘rtacha harorati –2,2°C, iyulniki +27,5°C bo‘lsa, Kampirravotda
yanvarniki – 4,8°C, iyulniki +24,9°C ni tashkil etadi.
Ba’zi yillari shimol va shimoli sharqdan sovuq
havo massalari esib, tog‘lardan oshib o‘tishi natijasida okrug harorati pasayib
ketadi. Ana shunday paytda eng sovuq harorat –26 –30°C ga tushadi.
Okrugda yoz issiq va quruq bo‘lib, iyul oyining
o‘rtacha harorati +26 +27°C, eng issiq harorat esa +43 +44°C ga yetadi. Okrugda
o‘simliklarning barq urib rivojlanish davri (vegetatsiya) 230 — 240 kun davom
etib, harorat yig‘indisi 4400-4500°C ga yetadi.
Farg‘ona tabiiy geografik okrugining g‘arbiy
qismida yog‘in miqdori 80-250 mm.
Okrugning sharqidagi tog‘oldi va adirlar
qismiga yiliga 300-400 mm yog‘in tushadi. Okrugda yog‘inning asosiy qismi bahor
va qish oylariga to‘g‘ri keladi. Yog‘inning bir qismi qor holida yog‘ib, u bir
yilda 30-38 kun erimay turishi mumkin. Bahor oylarida ba’zan jala yog‘adi va bu
selni vujudga keltirib, xo‘jalikka zarar keltiradi.
Okrugda qishda kuchli Bekobod shamoli vodiydan
Mirzacho‘l tomon essa, bahor va kuzda Mirzacho‘ldan vodiy tomon Qo‘qon shamoli
esib turadi.
Suvlari. Okrugdagi eng katta va sersuv daryolar— Norin, Qoradaryo va Sirdaryo hisoblanadi.
Norin daryosining uzunligi 578 km bo‘lib,
qor-muz suvlaridan to‘yinadi. Uning o‘rtacha yillik suv sarfi Uchqo‘rg‘on
yaqinida sekundiga 427 m.kub. Suv sarfining 80 foizi mart-sentabr oylariga
to‘g‘ri keladi.
Qoradaryo Farg‘ona va Oloy tizmalaridan
boshlanuvchi Тor va Qora G‘ulja daryolarining qo‘shilishidan vujudga kelib,
Baliqchi qishlog‘ida Norin bilan tutashadi. Uning uzunligi 180 km bo‘lib,
qor-muz suvlaridan to‘yinadi. Yillik o‘rtacha suv sarfi Baliqchi qishlog‘i
yonida sekundiga 123 m.kub bo‘lib, suv sarfining 46,4 foizi mart-iyun oylariga
to‘g‘ri keladi.
Тabiiy geografik okrugning sharqidagi Farg‘ona
tizmasidan Yassi, Ko‘gart, Qorao‘ngur, Moylisuv kabi daryo va soylar
boshlanadi. Ular qorlarning erishidan to‘yinadi, eng ko‘p suv oqimi bahorda
sodir bo‘ladi.
Okrugni shimol va g‘arb tomonidan o‘rab olgan
Chatqol va Qurama tog‘laridan Chodaksoy, Kosonsoy, Namangansoy, Chortoqsoy,
Podshoota, Qorasuv kabi daryolar boshlanadi. Ularning suvi may-iyun oylarida
ko‘payadi.
Okrugning janubidagi Oloy va Тurkiston
tog‘laridan Xo‘jabaqirg‘on, Isfara, So‘x (uzunligi 130 km, suv sarfi sekundiga
42 m.kub), Shohimardon, Isfayramsoy, Aravonsoy, Oqbura, Qurshab kabi daryolar
boshlanadi. Bu daryo va soylar muz va qorlardan suv oladi, yillik oqimining 60
foizga yaqini iyul — sentabr oylariga to‘g‘ri keladi.
Tuproqlari. Farg‘ona okrugining geologik va yer
yuzasining tuzilishi, iqlimi, yerosti suvlarining xususiyatlari bir xil bo‘lmaganligi
sababli uning tuproqlari ham xilma-xil. Uning markaziy past qismida, Sirdaryo
qayirlarida o‘tloq, o‘tloq-botqoq, grunt suvi yuza joylarda botqoq-sho‘rxok,
sho‘rxok, Yozyovon va Qoraqalpoq cho‘lida qumoq, qumli tuproqlar hosil bo‘lgan.
Okrugning yerosti suvlari chuqur bo‘lgan tekislik qismida va adirlarda och
tusli, oddiy (tiрik) va to‘q tusli bo‘z tuproqlar tarqalgan.
O‘lkaning 300-500 m balandliklarida och tusli
bo‘z tuproqlar (chirindi miqdori 1-1,5 foiz), 500-800 m balandliklarda oddiy
bo‘z tuproq (chirindi miqdori 1,5-2,5 foiz) tarqalgan. Okean sathidan 800-1400
m balandliklarda to‘q tusli bo‘z tuproqlar (chirindi miqdori 3,5-4 foiz)
tarqalgan.
O‘simliklari va hayvonot dunyosi. Okrugning markaziy qismidagi sho‘rxok yerlarda pashmak, baliqko‘z, seta, sho‘ra, yulg‘un, qumli yerlarida esa juzg‘un, quyonsuyak, saksovul o‘sadi.
Sirdaryo qayirlarida yantoq, yulg‘un, qamish,
tol, yovvoyi jiyda uchraydi. Adirlarda
bahorda rang, qo‘ng‘irbosh, shaytonkavush o‘sadi, ular yozda qurib qoladi,
so‘ngra oq kavrak, oq shuvoq, qizil
burgan, chalov o‘sishni davom ettiradi.
Okrugga tutashgan tog‘ yonbag‘irlarida archa,
terak kabi daraxtlar ham o‘sadi.
Okrugning markaziy qismidagi qumli yerlarda
kaltakesak, yumronqoziq, qo‘shoyoq, ilonlar hamda har xil hasharotlar yashaydi.
Тo‘qaylarida chiyabo‘ri, qirg‘ovul, g‘oz va o‘rdak uchraydi.
Adirlarda
toshbaqa, ilon, sichqon,
yumronqoziq uchrasa, tog‘larida bo‘rsiq,
bo‘ri, tulki kabi hayvonlar yashaydi. Suv havzalarida zog‘orabaliq, laqqabaliq, cho‘rtanbaliq,
daryolarning tog‘li qismida qorabaliq (oybaliq) uchraydi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.