Yer yuzasi, geologik tuzilishi va foydali qazilmalari 

19 019

YER YUZASINING ASOSIY XUSUSIYATLARI
Yer yuzasining tuzilishi jihatidan O‘zbekiston hududi ikki qismga bo‘linadi, katta (78,7 foiz) qismi tekislikdan, qolgan (21,3 foiz) qismi tog‘lardan va tog‘ oralig‘idagi botiqlardan iboratdir. Respublikamiz yer yuzasi g‘arb va shimoli g‘arbdan sharq va janubi sharq tomon ko‘tarilib boradi.

Tekisliklari.  O‘zbekistonning tekislik qismi Turon tekisligining bir qismi bo‘lib, uning g‘arbi va shimoli g‘arbini egallagan. Tekislikning shimoli-g‘arbiy chekkasida Ustyurt platosi joylashgan. U atrofidagi tekisliklardan va Orol dengizi yuzasidan tik ko‘tarilib turadigan yonbag‘irlar bilan o‘rab olingan, ular chinklar deb yuritiladi. Platoning O‘zbekiston joylashgan qismining okean sathidan balandligi 120-180 m atrofida bo‘lib, uning eng yuqori nuqtasi Qorabovur qirida (292 m). Ustyurtning yer yuzasi butunlay tekis bo‘lmasdan bir qancha botiqlar (Borsakelmas, Asaka-Оvdonva boshqalar) uchraydi, platoning janubi-sharqiy qismida esa Sariqamish botig‘i joylashgan.

Amudaryoning quyi oqimida juda katta delta hosil bo‘lgan. Uning yuzasi daryoning qadimgi (Ko‘hnadaryo, Daryoliq) va hozirgi o‘zanlari bilan kesilgan. Uning o‘rta qismida tub tog‘ jinslaridan tuzilgan kichik-kichik balandliklar ko‘zga tashlanadi.

Amudaryo deltasidan sharqda Qizilqum cho‘li boshlanadi. Yer yuzasining tuzilishi juda xilma-xil. Bu yerda past tog‘lar — Bo‘kantov, Tomditov, Ovminzatov, Quljuqtov, Yetimtov, uning g‘arbiy qismida esa Sulton Uvays tog‘i qumli va gilli tekisliklar orasida qad ko‘tarib turibdi. Qizilqumning katta qismini qumli tekisliklar egallagan. Past tog‘lar orasida esa botiqlar (Mingbuloq, Oyoqog‘itma, Qoraxotinva boshqalar) joylashgan. Ulardan Mingbuloq botig‘ining tubi okean sathidan 12 m pastda joylashgan. Qizilqum hududida Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolarining qadimgi o‘zanlari ham uchraydi.

Qizilqum cho‘lidan sharq va janubi sharqda Mirzacho‘l, Qarnob, Qarshi, Malik gilli cho‘llari joylashgan.
Tog‘lari. Tyanshan  va  Hisor-Oloy tog‘ tizmalarining g‘arbiy va janubi-g‘arbiy tarmoqlari O‘zbekiston hududida joylashgan. Ularning okean sathidan balandligi janub va g‘arb tomon asta-sekin pasayib borib, tekisliklarga tutashib ketadi. O‘zbekistonning shimoli-sharqiy qismida G‘arbiy Tyanshanning bir qancha tog‘ tizmalari (Qorjontov, Ugom, Piskom, Chatqol, Qurama) joylashgan. Bular Talas Olatovidan boshlanadi. Bu tog‘ tizmasida Manas  nomli cho‘qqi bo‘lib, uning okean sathidan balandligi 4484 m dir. Chatqol tog‘ tizmasining O‘zbekiston hududida joylashgan qismida esa Katta Chimyon nomli cho‘qqi bo‘lib, uning balandligi 3309 m ga yetadi. Chatqol va Qurama tog‘ tizmalari orasida Ohangaron platosi joylashgan. G‘arbiy Tyanshan tog‘ tizmasining okean sathidan balandligi  2500-4000 m bo‘lib, uning yuqori qismlarida muzliklar uchraydi.

Farg‘ona botig‘ining markaziy qismi O‘zbekistonda joylashgan bo‘lib, g‘arbdan Qurama, shimoldan Chatqol, sharqdan Farg‘ona, janubdan Oloy, Turkiston tog‘ tizmalari o‘rab olgan.

Turkiston tog‘idan shimoli g‘arbga qarab Morguzar va Chumqor tog‘lari ajralib chiqqan. Chumqor tog‘ining faqat shimoliy yonbag‘rigina O‘zbekistonga qaraydi. Morguzar tizmasining shimoli g‘arbida Nurota tog‘ tizmalari o‘rin olgan bo‘lib, ular bir-biridan Sangzor daryosining «Amir Temur darvozasi»  darasi bilan ajralib turadi. Nurota ikki qismdan — Shimoliy va Janubiy Nurota tizmalaridan iborat. Shimoliy tog‘ tizmasidagi Hayotboshi cho‘qqisining balandligi 2169 m ga yetadi. Janubiy Nurota alohida ko‘tarilmalar (Oqtov, Qoratov, Qarachatog‘, G‘ubdintog‘)dan iborat.

Zarafshon daryosi vodiysining janubida Zarafshon tizma tog‘lari joylashgan bo‘lib, u O‘zbekiston hududida Chaqilkalon va Qoratepa nomlari bilan ataladi va ancha pasayib qoladi. Bu tog‘larning g‘arbida esa Zirabuloq, Ziyovuddin nomli past tog‘ tizmalari bo‘lib, ularning eng baland qismi 1115 m ga yetadi.

Zarafshon tizma tog‘larining janubida Hisor tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlari (Yakkabog‘, Surxontog‘, Ko‘hitang va boshqalar) joylashgan. O‘zbekistonning eng baland cho‘qqisi Hazrat Sulton (4643 m) Hisor tog‘ida joylashgan. Janubiy O‘zbekistonda Bobotog‘ tizmasi ko‘tarilgan bo‘lib, Zarkosa cho‘qqisining balandligi 2289 m dir.

Tog‘ oraliq botiqlari. O‘zbekistonning tog‘li qismida tog‘ oraliq botiqlari alohida o‘rin egallaydi. Bularning paydo bo‘lishi tog‘ tizmalarining ko‘tarilishi bilan bog‘liqdir. Hamma tog‘ oraliq botiqlarining yer yuzasi deyarli tekis bo‘lib, faqat daryo  o‘zanlari bilan kesilgan. Ularning yer yuzasi tog‘ tizmalariga yaqinlashgan sari ko‘tarilib boradi.

O‘zbekiston hududida katta tog‘ oraliq botiqlaridan biri Chirchiq-Ohangaron botig‘idir. Uni sharqda G‘arbiy Tyanshan tog‘ tizmalari o‘rab olgan, g‘arbda esa Mirzacho‘l bilan tutashib ketadi. Uning o‘rtacha balandligi 300-500 m ga teng.

Chirchiq-Ohangaron botig‘ining janubi sharqida Farg‘ona tog‘ oraliq botig‘i (vodiysi) joylashgan. Botiqni Sirdaryo kesib o‘tgan. Vodiyning okean sathidan o‘rtacha balandligi 300-400 m orasida.

Mirzacho‘lning janubi g‘arbida Nurota, Qo‘ytosh tog‘lari joylashib, uning janubida esa Sangzor-Nurota tog‘ oraliq botig‘i bor. U shimoli sharqda Morguzar va shimolda Nurota, janubda Janubiy Nurota va Chumqor tog‘lari bilan o‘rab olingan. Uning okean sathidan balandligi janubi sharqdan shimoli g‘arbga tomon 800 m dan 300 m gacha pasayib boradi.

Janubiy Nurota hamda Zarafshon va Zirabuloq, Ziyovuddin tog‘ tizmalari orasida Zarafshon botig‘i joylashgan. Bu botiqdan Zarafshon daryosi oqib o‘tadi va Samarqand shahri yaqinida ikkiga — Oqdaryo va Qoradaryoga ajraladi. Xatirchi qishlog‘i yaqinida yana birlashadi va uzunligi 100 km, kengligi 15 km ga yaqin Miyonqol orolini hosil qiladi. Botiqning okean sathidan balandligi sharqiy qismida 900 m, g‘arbida esa 300 m.

Zarafshon tizma tog‘larining janubida Kitob-Shahrisabz tog‘ oraliq botig‘i joylashgan bo‘lib, u janubi sharqdan Hisor tog‘ining janubi-g‘arbiy tarmoqlari bilan o‘ralgan, g‘arb tomoni esa ochiqdir. Uning okean sathidan balandligi g‘arbida 500 m, sharqida esa 1000 m gacha ko‘tarilgan.

O‘zbekistonning janubiy qismida Surxon-Sherobod botig‘i shimoli sharqdan janubi g‘arbga qarab cho‘zilgan. U shimol, shimoli g‘arb va g‘arbdan Hisor tog‘i va uning tarmoqlari bilan o‘rab olingan. Botiqning o‘rta qismidan Surxondaryo va Sherobod daryolari kesib o‘tadi. Surxondaryo vodiysining okean sathidan balandligi janubi g‘arbida 300 m, shimoli sharqida esa 700 m. 

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.