O‘zbekistonning tabiiy boyliklari va ularni muhofaza qilish 

132 124

Inson tabiatdan oladigan barcha moddiy boyliklar — yer-osti boyliklari, suv, havo, tuproq, o‘simliklar, hayvonot olami va boshqalar tabiiy resurs (boylik) hisoblanadi.

O‘zbekiston tabiati va tabiiy boyliklarini muhofaza qilish —inson uchun zarur bo‘lgan qazilma boyliklardan oqilona foydalanish, suv va havoni toza saqlash, tuproqni eroziyadan saqlash, o‘simlik va hayvonot dunyosini tabiiy holicha asrab qolib, qayta tiklashni hamda xushmanzara joylar (sharshara, shovva, ajoyib manzaralar, buloq va boshqalar)ni tabiiy holicha saqlash kabilarni o‘z ichiga oladi.
 
Lekin hozir tabiatga inson xo‘jaligi faoliyatining ta’siri natijasida respublikamizning ba’zi okruglari (Orolbo‘yi, Surxon vodiysi, Quyi Zarafshon va Quyi Amudaryo)da ekologik holat yomonlashib bormoqda.
 
O‘zbekiston havosining ifloslanishida energetika, neft-gaz sanoati, transport, kimyo sanoati, metallurgiya sanoati, maishiy-kommunal xo‘jalikning hissasi katta. O‘sha korxonalar chiqarayotgan zararli birikmalarni 100 foiz desak, ular quyidagicha taqsimlangan.
 
O‘zbekistonda sanoat tarmoqlari va transportdan yiliga 2000 tonna atrofida iflos chiqindi (birikma)lar chiqarilib, uning 1300,1 tonnadan ortig‘i transport hisobiga to‘g‘ri keladi. Binobarin, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Andijon kabi katta shaharlar havosi ifloslanishining 80 foizi avtotransport hissasiga to‘g‘ri keladi. Yirik sanoat obyektlari joylashgan shaharlarda havoning ifloslanishida sanoatning hissasi katta. Natijada, Olmaliq, Angren, Navoiy, Andijon, Farg‘ona, Toshkent kabi shaharlar havosi oltingugurt, azot oksidlari, ammiak, vodorod ftorid va boshqa gazlar bilan ifloslangan.
 
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlari havosi Tojikistonning Tursunzoda shahridagi aluminiy zavodidan chiqqan zaharli ftor gazi bilan ifloslangan. Natijada, tumanlarda bolalar o‘limi ko‘paymoqda, uzum va mevali daraxtlarning bargi sarg‘ayib, qoramollar kasallanib, tishi to‘kilib
ketmoqda.
 
Respublikamiz havosini toza saqlash uchun korxonalarda zamonaviy tozalovchi inshootlar qurish zarur. Bunda havoni ifloslovchi moddalarni ushlab qolib, ulardan qayta foydalanish imkoniyati vujudga keladi.
 
Respublikamiz daryolari sanoat korxonalari, maishiy xizmat ko‘rsatish, sog‘lomlashtirish tashkilotlari, parrandachilik majmuyi va chorvachilik fermalaridan chiqqan suvlar hamda zovur suvlari bilan ifloslanmoqda.
 
Suv boyliklarini toza saqlashdagi asosiy vazifa o‘sha korxonalardan chiqayotgan iflos suvlarni tozalab, zararsizlantirib, so‘ngra suv havzalariga tashlashga erishishdan iborat.
 
O‘zbekistonning tuproq qatlamini eroziyadan saqlash, uning unumdorligini tiklash uchun kurashish kerak. Buning uchun ekinlarni sug‘orish qoidasiga rioya qilish, sug‘orishning ilg‘or usullaridan foydalanishga o‘tish zarur. Ekinlarning hosildorligini oshirish uchun ko‘proq organik o‘g‘itlar (go‘ng) dan foydalanib, qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi biologic usul bilan kurashishga erishish zarur.
 
Respublikamiz havosining musaffo, xushmanzara yerlarining ko‘p bo‘lishi, avvalo, yashil o‘simliklarga, ayniqsa, o‘rmonlarga bog‘liq. Aholining o‘rmonlarga, ayniqsa, mevali (yong‘oq, pista, bodom, do‘lana va hokazo) va dorivor (zira, piyoz, anzur, qoraqand, oqqayin, yetmak va boshqa) o‘simliklarga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishi tufayli ular kamayib ketmoqda. Shu sababli dam oluvchilar, sayyohlar, o‘quvchilarga o‘simliklarni nobud qilmaslik, ularning mevasini, urug‘ini ruxsatsiz yig‘maslik kabi tushuntirish va targ‘ibot ishlarini keng olib borish zarur.
 
So‘nggi yillarda insonning xo‘jalik faoliyati ta’sirida (yerlarni haydash, yangi turar joylar barpo etish, yaylovlardan noto‘g‘ri foydalanish, noto‘g‘ri ov qilish) hayvonlar soni va turi kamayib ketmoqda. Chunonchi, oqquyruq, jayron, laylak, xongul, arxar, burama shoxli echki (morxo‘r), qirg‘ovul, kaklik miqdori keskin kamayib ketdi. Ba’zi hayvonlar, jumladan, Turon yo‘lbarsi butunlay yo‘qolib ketdi.
 
O‘zbekiston tabiatining ko‘rkamligi uning hududida nodir tabiat go‘shalari (ajoyib soy, jilg‘a, buloq, sharshara, shovva, noyob daraxtlar, har xil jinslar, ochilib qolgan qoyalar, g‘orlar, korizlar, sardobalar va hokazolar)ni tabiiy holicha saqlab qolishga bog‘liq.
 
O‘zbekistonda turi, soni kamayib borayotgan noyob o‘simlik va hayvonlarni hisobga oluvchi ikki jildli «O‘zbekiston Qizil kitobi» nashr etilgan.
 
Uning birinchi jildiga noyob o‘simlik turlaridan Korovin shirachi, Turkiston yovvoyi noki, yovvoyi anor, Zarafshon piyozi, tog‘piyoz, O‘zbekiston lolasi, yovvoyi anjir, Omonqora va Buxoro astragali, yovvoyi uzum, chinnigul, mingdevona, sumbul, chilonjiyda, Chimyon lolasi, guli salim kabi o‘simliklar kiritilgan.
 
«Qizil kitob»ning ikkinchi jildidan shalpangquloq ko‘rshapalak, ko‘k sug‘ur, katta qo‘shoyoq, qo‘ng‘ir ayiq, Turkiston qunduzi, sirtlon, qoplon, gepard, xongul, jayron, Ustyurt qo‘yi, Buxoro qo‘yi, arxar, oq va qora laylak, qizil g‘oz, lochin, burgut, oq turna, echkemar, kapcha ilon kabilar o‘rin olgan.
 
O‘zbekiston tabiatini muhofaza qilishda qo‘riqxona, milliy bog‘ va buyurtmaxonalarning ahamiyati juda katta. O‘zbekiston hududida 2016-yil holatiga ko‘ra 8 ta davlat qo‘riqxonasi, 3 ta milliy bog‘, 12 ta buyurtmaxona, 1 ta biosfera rezervati hamda 3 ta parvarishxonalar mavjud.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.