Q - harfiga oid izohli lug`atlar 

15 042

Qavs - 1) zodiak zonasidagi yulduzlar turkumi; 2) Shamsiya (quyosh) hisobidagi yilning to`qqizinchi oyi, 22-noyabrdan 21-dekabrgacha davom etadi. Bu vaqtda Quyosh osmon sferasida Qavs yulduzlar turkumidan o`tadi.

Qayir, poyma - daryo, kanal va ko`llar bo`ylab cho`zilgan, suv ko`paygan vaqtda suv bosib ketadigan pastak zaxob yerlar. Qayir lar­ni, odatda, o`tlar, to`qay o`simliklari qoplagan bo`ladi. Qayirlarda chuqurliklar - eski o`zanlar ko`p bo`ladi. Qayirlarning kengligi daryo oqadigan joy reylefi xarakteriga qarab, bir necha metrdan o`nlab km.gacha boradi. Tekislikda oquvchi katta daryolarning qayirlari eni 40 km.gacha yetadi.

Qayir tuproqlar - daryo yonlarining allyuvial yotqiziqlarida hosil bo'ladigan tuproqlar. 

Qaynar - suvi pastdan yuqori­ga ko`tarilib chiqadigan buloq - qaynar buloq. Turkmanistonda balchiq vulkani ham qaynar deyiladi.

Qalay rudalari - tarkibida qazib olish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq miqdorda qalay bo`lgan mineral birikmalar. Asosiy minerallari: kassiterit - qalaytosh (tarkibida 78,8% gacha qalay bo`ladi), stannin-qalay kolchedani (tarkibida 27,5% gacha qalay bor). Qalayli mineral ju­da ko`p; 1-2% va undan ortiq qa­lay bo`lganlari qazib chiqarila­di. Biroq, tarkibida foizning 1/10, hatto 1/100 ulushi miqdorida qalay bo`lgan konlarni qazib chiqarish ham rentabel hisoblanadi. Qalay rudalari boyitiladi. Qalay bilan mis qotishmasi (bronza) qadimdan ma’lum. Qalay oksidlanmaydi. Qalay qalaylash va qotishmalar (jumladan bosmaxona harflari) uchun ishla­tiladi. Konlari: Uzoq Sharq, Zabaykale, Qozog`iston, XXR, Malayziya, Indoneziya, Tayland, Boliviya, Ni­geriya va b.

Qanot - yer po`stining burmalangan qatlamlarida bukilgan joylar oralig`idagi ozmi-ko`pmi tekis nishab qatlamlar.

Qantar (arabcha qantar - yoy, ko`prik) - qishning yarmi, qantar og`di - qish yarmidan o`tdi.

Qasaba(arabcha qasaba - shahar) - tarixiy manbalarda, jum­ladan «Bobirnoma»da «posyolka», «shaharcha» ma’nosida ishlatilgan atama.

Qashqa - har yer-har yerida qor yoki muz ko`rinib turadigan yalang`och qoyali tog` cho`qqisi; o`simlik qoplamagan to`zima qum, o`zani toshloq tezoqar daryo va h.k. Masalan, qashqaqum, qashqatog`, qashqasuv. Nomlar tarkibida ham bor: Qashqadaryo, Qashqasuv.

Qizil temirtosh - tarkibida temir ko`p mineral.

Qizil tuproqlar - sernam subtropik va tropik mamlakatlarda aksari temirga boy ona jinslar ustida hosil bo`ladigan tuproqlar. Xitoyning markaziy va janubi-sharqiy hududlarida, Vyet­nam, Yaponiyada, AQSh, Braziliya, Urugvayda, Afrikada, Fransiyaning janubida, Italiya, Ispaniya, Qora dengizning sharqiy sohilida (Gruziya) va Kaspiy dengizining janubi-g`arbiy sohi­li (Ozarbayjon)da uchraydi. Ust­ki qatlamida 10% gacha chirindisi bo`ladi. Qizil tuproqlarda choy, tamaki, tok, sitrus ekinlar va boshqalar ekiladi.

Qilamiq - daryo, kanal, ariq chetlarida sovuqdan suvning muz­lab qolishi hodisasi. Qilamiq juda ham yupqa bo`ladi. Suv yuzasiga tushgan qor erib ketmay ham qilamiq hozil qiladi. Bunday qilamiq qor qilamiq deyiladi. Suvning muzlashidan muz qilamig`i hosil bo`ladi.

Qir - usti yassi yoki salgina gumbazsimon balandliklar, tepaliklar, platolar, yassi past tog`lar. Masalan, O`rta Rossiya qirlari, Volgabo`yi qirlari, Qoplonqir va h.k. Qoraqum va Qizilqumdagi qoldiq platolar, usti yassi past tog`lar sam qir deyiladi. Qirlar baland tekisliklar, tog`larning oqar suvlar, shamol yemirishidan, tek­tonik ko`tarilishlar natijasida hosil bo`ladi. Qir - yer yuzasini tevarak atrofdagi joylarga nisbatan baland- roq ko'tarilib turadigan bir qismi.

Qirg`oq - dengiz, ko`l, daryo, suv omborlari chekkasida suv bi­lan tutashib turadigan kambar joy. Qirg`oqda doimiy ravishda suv bevosita ta’sir ko`rsatib tu­radi.

Qirg`oq yoni muzi - dengizning qirg`og`i bo`yida hosil bo`lgan muz. Ko`pincha qirg`oq yoni sayozliklarida hosil bo`ladi. Kengligi o`nlab, hatto yuzlab kilometrga yetishi mumkin.

Qirg`oq chizig`i - suv yuzasi bilan quruqlik chegarasi.

Qisnoq - daryo o`zani toraygan joy, bo`g`oz joy. Daryo o`zanining chuqurlatish eroziyasi kuchli bo`lgan qismlarida hosil bo`ladi.

Qit’a - Yer sharidagi quruqlikning katta qismi. Qit`aga mate­rik yoki materik qismi bilan bir qatorda yon-veridagi orollar ham kiradi. Yer sharida 6 ta qit`a bor: Yevropa, Osiyo, Afrika, Av­straliya, Amerika, Antarktida. Tinch okeanning Amerika, Avstra­liya va Osiyodan uzoqdagi orolla­ri «orolli» qit`a hisoblanadi va Okeaniya deb ataladi. 

Qishloq (qishlov, qishda turiladigan joy) - aholi o`troq yashaydigan punkt; geografik nom tarkibida ham uchraydi: Mang`ishloq yarim oroli.

Qishloq aholisi - qishloq joylarda yashaydigan aholi; qishloqlarda yashab, qishloq xo`jaligi bilan bog`liq bo`lmagan sohada, ko`pincha yon-veridagi shaharda ishlaydigan kishilar ham qishloq aholisi hisoblanadi.

Qishloq xo`jalik aholisi - qishloq xo`jaligida band bo`lgan aholi.

Qovoq - daryo va ko`llarning baland qirg`og`i, jarlik, baland terrasa. Joy nomlari tarkibida ham bor: Oqqovoq, Qovoqtov.

Qolgan o`zan, qolgan daryo - daryoning oldingi o`zanidan butunlay yoki qisman ajralib qolgan qismi. Daryo o`zaniga otqiziqlar tiqilib qolishi yoki daryo­ning boshqa tomonga burilib keti­shi natijasida hosil bo`ladi. Dastlab kichikroq ko`l bo`ladi, ke­yin oqiziqlar to`lib botqoqlikka va zaxkash o`tloqqa aylanadi.

Qoldiq tog` - qadimda baland o`lkaning yemirilishidan qolgan va qattiq tog` jinslaridan tuzilgan yakka-yakka balandliklar. Nurash qoldiq tog`lari, supa qoldiq tog`lar, yuvilma qoldiq tog`lar bo`ladi.

Qopchig`ay - tog`lardagi daryo oqib o`tuvchi chuqur, tog`, dara; ohaktoshdan tuzilgan tizmalarni daryolar ko`ndalangiga kesib o`tgan daralar odatda shunday bo`ladi. Masalan, Boysun soyligidan Surxondaryo vodiysigacha o`tuvchi Oqqopchig`ay darasi.

Qor chizig`i - tog`lardagi shun­day chegaraki, undan balandda qor erimasdan firnga aylanadi. Qor chizig`i balandligi joyning geografik kengligi, iqlimi, yog`in miqdori, yon bag`ir ekspoziqiyasiga bog`liq. Qor chizig`i ekvator yaqinidagi tog`larda 5000 m, Novaya Zemlya orolida 600 m, Antarktidada okean sathi bilan baravar. Qor chizig`i – qor yig`iladigan va muzlik hosil bo`ladigan balandlik (tog`)ning quyi chegarasi.

Qora metallurgiya - sanoat­ning cho`yan, po`lat, ferrotqotishmalar, prokat, truba va boshqa metall buyumlar ishlab chiqariladigan tarmog`i. Qora metallurgiya ketma-ket bir necha jarayondan iborat: ruda qazib chiqarish, domna (cho`yan eritib olish), marten (po`lat eritib olish), prokat (po`latdan balkalar, relslar, simlar yasash). Cho`­yan eritib olish uchun domna pechiga temir rudasi bilan birga yoqilg`i (koks yoki yog`och ko`mir) va flyus solinadi. Po`lat maxsus xossalarga ega bo`lishi uchun eritayotganda boshqa metallar qo`shiladi. Hozirgi zamon metal­lurgiya korxonalari domna, po`lat eritish, prokat sexlaridan, koks ishlab chiqarish va koks gazlarini ishlatuvchi korxonalardan iborat. Domna pechlari bo`lmagan, temir-tersak va tayyor cho`yandan po`lat ishlab chiqaradigan korxonalar qayta eritish metallur­giyasi deyiladi. Mashinasozlik zavodlari  qaramog`ida bo`lgan va kerakli sortda po`lat, cho`yan quyadigan metallurgiya sexlari kyenjametallurgiya deyiladi. Keyingi vaqtda elektrometallurgiya, ya’ni elektr pechlarda po`lat eri­tish taraqqiy etmoqda (masalan, Bekobod metallurgiya zavodi elektr pech bilan ishlamoqda). 

Qora tuproq - deyarli qora rangdagi unumdor, donador strukturali tuproq. Ustki qatlamida 12%    chirindi bor. Lyoss, lyossi­mon gil va qumoqlar ustida pay­do bo`lgan. Dasht va o`rmonli dasht zonalarida tarqalgan: G`arbiy va Janubi-Sharqiy Yevropada, Osiyoda Mongoliya va Xitoyda, Shimoliy Amerikada AQSh G`arbida, Kanadaning janubida, Janubiy Ameri­kada - Argentina va Chilining janubida, Karpat tog`laridan Oltoygacha keng polosa bo`ylab joylashgan. Qora tuproq yerlarda bug`doy, qand lavlagi, kungaboqar, konoplya, zig`ir, grechixa, loviya ekiladi, chorvachilik, mevachilik, sabzavotchilik rivojlangan.

Qora dovul - chang-to`zon bo­`roni, yomg`irsiz qattiq shamol. Ko`pincha yozda va kuzda esadi. Bahor yomg`irsiz quruq kelganda ham bo`ladi.

Qora suv – tog` etaklarida, vodiylarda yer osti suvlaridan to`yinadigan soy, daryolar. Suvi tiniq. Ba’zan minerallashgan bo`ladi. Ba’zan zahob, to`qaylardan oqib chiqadi. Suv sarfi fasllarga qarab uncha ko`p o`zgarmaydi. O`rta Osiyoda uncha ko`p emas. Zaraf­shon, Farg`ona vodiylarida bor. Tashlama va zovur suvlari ham qora suv deb yuritiladi. Turkiyada buloq suvlari qora suv deyiladi.

Qoratog` - yozda ustida qor turmaydigan past tog`lar. Land­shafti asosan chala cho`l, tog`-dasht landshaftlaridan iborat bo`ladi. Daryolari kam, borlari ham kam suv, ko`pchiligi yozda qurib qoladi. Vaqtli suvlar oqadigan quruq soylar ko`proq uchraydi. O`rta Osiyoda shu nomdagi tog`lar juda ko`p. Qora tusli jinslar - slanetslardan tashkil topgan tog`­lar ham shu nom bilan yuritiladi.

Qoraxarsang - Qoraqum cho`lida gryada qumlari orasidagi cho`l yo`sini bilan qoplangan botiq, soylik.

Qoraqum - ustini o`simlik qoplab yotadigan, mustahkamlangan qumlar.

Qorliq - oftob va shamol tegmaydigan joylarda issiq paytlarda ham erimay yotadigan qor va muzlar to`plami.

Qoqlar - O`rta Osiyo cho`llaridagi taqirlarda uchraydigan ta­biiy sayoz botiqlar. Qoqda bahorgi yog`ingarchilik vaqtida suv bo`ladi. Yoz kelishi bilan suv qurib, yer yuzasi tuz qatlami bilan qoplan­gan taqirga aylanadi. Turkmanistonda gil jinslar tarqalgan joylarda bahorgi yomg`ir suvini to`plash uchun quriladigan hovuzchalar ham qoqlar deyiladi. Bunday hovuzchalar diametri 2-3 m, chuqurligi 1 m atrofida bo`ladi. Suvdan chorva mollarini sug`orishda vaqtincha foydalaniladi.

Qoya - ko`pincha uchi o`tkir, qattiq tub tog` jinsidan tuzilgan balandlik. Turkiy xalqlar yashay­digan o`lkalarda joy nomlari tarkibida ham ko`p uchraydi: Qizilqoya dovoni (Qirg`izistonda), Ko`kqoya tog`i (Pomirda), Qoyakent (Dog`istonda) va h.k.

Quyosh - Quyosh sistemasidagi markaziy jism, Yerga eng yaqin yulduz (o`rtacha masofasi 149,6 mln.km), gazlardan iborat shar shaklidagi o`ta qizigan osmon jismi. Massasi Yer massasidan 332400 marta, diametri Yer diametridan 109 marta katta. O`z o`qi atrofida 25 yer yer sutkasida bir marta ayla­nadi. Yuzasida harorat +6000°; ichida esa 15 mln. darajaga yetadi. Quyosh energiyasining 2 mlrd. dan bir qismigina Yerga yetib keladi. Quyoshning issiqlik tarqatadigan yuza qatlami fotosfera deyila­di. Fotosfera ustida siyrak gaz­lardan iborat ikkita qalin qatlam - xromosfera va toj joy­lashgan; ultrabinafsha va radio nurlar ana shu ikki qatlamdan chiqadi.

Quyosh radiatsiyasi (lotincha radiatsio - nur sochish) - Quyoshdan yorug`lik chiqishi, elektromagnit to`lqinlarining 300000 km/sek tezlikda tarqalishi. Quyosh radiatsiyasi Yerdagi barcha jarayonlar uchun energiyaning asosiy manbaidir. Yer yuzasi­ga Quyosh radiatsiyasining hammasi ham yetib kelmaydi, bir qismini bulutlar qaytaradi, bir qismi issiqlikka aylanib yutiladi, bir qismi tarqalib, tarqoq Quyosh radiatsiyasiga aylanadi. Yer yuzasiga yetib kelgan Quyosh radiatsiyasi qisman yer yuzasidan qaytadi, qisman tuproqning va suvning ustki qatlamlarini isitib, yutiladi.

Quyosh sistemasi - Quyosh, 8 planeta (Merkuriy, Venera, Yer, Mars, Yupiter, Saturi, Uran, Nep­tun) va ularning yuldoshlaridan iborat osmon jismlari sistemasi. Quyosh sistemasida bundan tashqari bir necha o`n ming kichik planeta (asteroid), ko`pdan-ko`p kometa va mayda meteor jismlar bor. Quyosh sistemasidagi barcha jismlar Quyosh at­rofida, barcha planetalar yana o`z o`qi atrofida aylanadi. Quyosh sistemasi ju­da katta yulduzlar sistemasidan iborat Galaktika tarkibiga ki­radi.

Quyosh turishi - Quyosh markazi ekliptikaning 23°27' og`ishgan eng shimoliy nuqtasidan (21- yoki 22-iyun - yozgi Quyosh turish turishi) yoyinki eng janubiy nuqtasidan (21- yoki 22-dekabr - qishki Quyosh turishi) o`tgan payt. Quyosh turishida Quyosh juda sekin og`ishadi, chunki bu joyda Quyosh ekliptika bo`ylab ekvatorga deyar­li parallel harakat qiladi. Shu­ning uchun ham bir necha kun davo­mida Quyoshning tush paytidagi balandligi deyarli o`zgarmaydi. (Quyosh turishi atamasi ham ana shundan kelib chiqqan).

Quyosh toji - quyoshning tashqi, eng ko'p cho'zilgan qatlami.

Quyg`in - ekin sug`orilganda oqova suv tashlab yuboriladigan joy. Amudaryo etagida qo`llaniladigan atama.

Qum - kattaligi 0,01 mm dan 2 mm gacha bo`lgan qirrali yoki yumaloq (silliqlangan) zarra toshlardan iborat bo`shoq cho`kindi tog` jinsi. Qumlar zarralarining katta-kichikligiga qarab, 1) donalari 1-2 mm bo`lgan dag`al qum; 2) donalari 0,5-1 mm bo`lgan yirik qum; 3) donalari 0,25-5 mm li o`rta donali qum va 4) zarralari 0,01 -0,25 mm bo`lgan mayda qumlarga bo`linadi. Qum hosil bo`lishiga qarab yana dengiz, daryo, ko`l, cho`l, muzlik qumlariga bo`linadi. Qum tarkibida minerallardan kvars ko`p bo`ladi, undan tashqari tog` shpati, gilli slanets va boshqa minerallarning zarra­lari uchraydi. Qumlardan qurilish materiali, sanoat xom ashyosi sifatida foydalaniladi. Qum tarkibida ba’zan qimmatbaho rudalarning sochilmalari uch­raydi. Qum - cho'kindi tog` jinsi; bir- biri bilan birlashmagan mayda (0,1-1 mm atrofidagi) zarrachalardan iborat. 

Qum tili, qumtil - bir uchi dengiz yoki ko`l qirg`og`iga tutashgan va qum, shag`al, chig`anoqdan tuzilgan kambar quruqlik. To`lqin olib kelgan oqiziqlardan paydo bo`ladi. Qum tili - suv oqizib keltirgan qum, shag'al, gil, mayda tosh, chig'anoqlardan tashkil topgan, bir tomoni bilan dengiz yoki ko'l qirg'og' iga tutashgan past kambar quruqlik. 

Qumloq tuproq- qum va 10-30% gil zarralardan tarkib topgan qo`ng`ir yoki sarg`ish - qizil rangdagi tog` jinsi, tarkibida gil kamroq bo`lsa, yengil quml tuproq, kamroq bo`lsa o`g`ir qumloq tuproq deyiladi. G`isht, cherepitsa va boshqalar tayyorlashda ishlatiladi.

Qumoq, qumoq tuproq - qum va 3-10% gil zarralardan tarkib topgan cho`kindi tog` jinsi. Tarkibida gil ko`proq bo`lsa og`ir, qum ko`proq bo`lsa yengil qumoq deyila­di. Qumoq tuproqli yerlar yengil va binobarin, javdar, tariq, kar­toshka va poliz ekinlari ekish uchun yaroqli bo`ladi.

Qumtosh - sementlangan qum donalaridan iborat cho`kindi tog` jinsi (gil, ohak, temir oksidi va boshqa sementlovchi modda bo`lib xiz­mat qiladi). Qumtoshdan tegirmontosh, sayroq, qurilish materiallari si­fatida foydalaniladi. Qumtosh - cho'kindi tog' jinsi. Gil, karbonat, kremniy, ohak, fosfat, temir kabi moddalar yordamida jipslashgan qum zarrachalaridan tashkil topgan. 

Qumtog` - qum do`nglari: Taklamakon cho`lida gryada qumlari shunday deb yuritiladi.

Quvur - ariq, qor va yomg'ir suvlarini avtomobil yo'llarini, temir yo'llarni bir tomonidan ikkinchi tomoniga o'tkazadigan tuynuk. 

Qurumlar - tog`larning yon bag`irlaridagi va yassi tepaliklardagi yalang tosh uyumlari va sochilmalar. Qurumlar qattiq tog` jinslarining fizik nurashidan hosil bo`ladi. Ular og`irlik kuchi va suvning toshlar orasida muzlab, yana erishi natijasida tog` yonbag`irla­ri bo`ylab pastga surilib turadi. Tog`larda qurumlar yurish uchun juda xavfli bo`ladi, salga surilib, tosh oqimlarini hosil qiladi.

Qurg`oqchilik - havo isib ketib uzoq vaqtgacha yog`in yormasligi. Qurg`oqchilik paytida havoda namlik kamayadi, tuproq qaqrab, ekinlar kam hozil  beradi yoki butunlay qurib qoladi. Quyi Volgabo`yi, Qozog`iston, O`rta Osiyoda qurg`oqchilik bo`lib turadi. Qurg`oqchilikka qarshi kurashish uchun dalalarda qor to`plash, yerni chuqur haydash, ihota daraxtzorlari bunyod etish, dalalarni sug`orish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish kerak.

Qutbiy asimmetriya qonuniyati - Yer shari tabiatining shimo­liy va janubiy yarim sharlarda bir-biridan farq qilishini aks ettiruvchi qonuniyat. Shimoliy yarim shar janubiy yarim shardan quruqlik va dengizlarning taqsimlanishi (hamda nisbati), iqlimi, geografik qobiqning strukturasi, muzlik shakllari, geologik tarixi, biogeografik xususiyatlari va h.k. larga ko`ra farq qiladi. Hatto, Shimoliy va Janubiy qutblar ham bir-biri­dan farq qiladi: shakliga ko`ra Shimoliy qutb qabariq (bo`rtib chiqqan), Janubiy qutb esa botiq; Shimoliy qutb - dengiz muzlari bilan, Janubiy qutb esa materik muzliklari bilan qoplangan. Arktikadan farqli ularoq, Antarktidada emizuvchi hayvonlar, naychali o`simliklar, Arktikaga xos yirik qushlar - chistik va gagalar yo`q. Shimoliy yarim shar­da pingvin, lama, kondor kabi hayvonlar, araukariya o`rmonlari uchramaydi va h.k. Qutbiy assimetrik qonuniyatni 1963-yil akademik K.K. Markov keng asoslab bergan.

Qutbiy doiralar- ekvator­dan 66°33' shimoldan va janubdan o`tgan parallellar. Shimoliy yarim sharda qishki Quyosh turishi kuni (21- yoki 22-dekabr) da qutbiy doiradan shimolda Quyosh chiqmaydi, yozgi Quyosh turishi kuni (21-yoki 22-iyun) da Quyosh botmaydi. Janu­biy yarim sharda esa buning aksi bo`ladi. Quyosh chiqmaydigan kunlar soni ekvatordan Qutbga tomon or­ta boradi va qutbda kun bilan tun yarim yildan davom etadi.

Qutbiy iqlim - abadiy sovuq iqlim, hatto yozda ham harorat kamdan-kam 0° yuqori bo`ladi. Qor va muz bilan qoplangan Shimoliy Muz okeani va undagi orollar, Grenlandiya, shuningdek Antarkti­da uchun xarakterlidir.

Qutbiy sho’lalar, qutbiy yog`dular - 900-1000 km baland­likda atomlar bilan molekulalarning kosmosdan atmosferaga kirib kelgan katta energiya zaryadli zarralar (elektron va protonlar) bilan o`zaro ta’sirida atmosfera yuqori qatlamlarining yorug`lik chiqarishi. Qutbiy sho`lalar turganda kechasi osmonda havo-rang oqish, sarg`ish-yashil, ba’zan sarg`ish yoki binafsha nurlar yoy, polosa, to`lqin kabi xilma-xil shakllarda tovlanadi. Qutbiy sho`lalar qutbiy o`lkalardan tashqari ba’zan o`rtacha kengliklarda ham kuzatiladi. 

Qutb yog`dusi - yer atmosferasining 900-1000 km balandligidagi siyrak qatlamlar atom va molekulalarining koinotdan katta tezlik bilan kelayotgan zaryadli zarralar bilan to'qnashishi tufayli yorug'lanishi. 

Qutblar, geografik qutblar - Yer aylanish o`qi yer yuzasi bilan kesishgan nuqtalar. Yer sharidagi barcha meridianlar qutblarda birlashadi. Qutb yulduziga qaragan qutblar Shimoliy, teskari tomondagisi Janubiy qutb deyiladi. Shimoliy qutb Shimoliy Muz okea­ni o`rtasida, Janubiy qutb Antarktidaning Tinch okeanga yaqin qismida.

Qushlar bozori - kayra, chay­ka, lyurik kabi dengiz qushlari gala-gala bo`lib tik qoyalarga uya qo`ygan joylar. Yevropa, Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika, Ja­nubiy Afrika, Yangi Zelandiya qirg`oqlarida, Janubiy yarim shardagi okean orollarida, MDHda esa Novaya Zemlya, Frans-Iosif Yeri orollarida uchraydi. Ba’zi bir qushlar bozori o`nlarcha km ga cho`ziladi va bir necha yuz ming qushdan ibo­rat bo`ladi. Qushlar bozoridan tuxum, pat, par, Chili bilan Peruda parranda gungi - guano olinadi.

Quyu - cho`llardagi kichik quduq. Joy, quduqlar nomlari tar­kibida ko`p uchraydi. Masalan, Qoraqumdagi Islomquyu, Qoziqquyu va b.

Quyun - atmosferada vujud­ga keladigan kuchli uyurma shamol. Ko`pincha momaqaldiroqli bulutlarda hosil bo`ladi. Eni dengiz ustida bir necha o`n m, quruqlikda bir necha yuz m, balandligi 800- 1500 m bo`lishi mumkin. Qyunda havo odatda soat strelkasiga teskari aylanadi, ayni vaqtda spiral kabi yuqoriga ko`tarilib, chang yoki suvni o`ziga tortadi. Sekundiga 50-100 m tezlik bilan aylanadi, yer yuzasi bo`ylab sekundiga 10-20 m tezlikda harakat qiladi va 40-60 km gacha davom etadi. Quyun tromb, AQShda tornado deb ataladi.

Qo`ypeshonalar, qo`chqortumshuqlar - muzliklar tekislagan va silliqlangan qoyalar. Muzliklar orasida muzlab qolgan tog jinslari parchalarining tirnagan izlari ko`rinadi. Qo`ytumshuqlar qadimgi muzlik hududlari (Finlyan­diya, Kola yarim oroli, Kareliya) da ko`p uchraydi.
Qo`ychilik - chorvachilikning bir tarmog`i; qo`ylar go`shti va juni uchun boqiladi. Dag`al junli qo`ylar (asosan hisori, jaydari va boshqa zotlar) junidan movut, piyma etik, kigiz va b.; uy-ro`zg`or jihozlari, mayin junli qo`y­lar (merinos va b.) junidan qimmatli jun gazlamalar tayyor­lanadi. Ba’zi bir qo`y zotlaridan pishiq, issiq po`stin ishlanadi. Qorako`l qo`ylarning terisidan shuba, telpak, yoqa qilinadi.
Qo`ytosh – granit tog` jinsi tarqalgan joyda yer yuzasida sochilib yotadigan silliqlangan gra­nit toshlar. Haroratning kes­kin o`zgarishi, oqin suv va shamol ta’sirida yumaloq, chuziq shaklga ega bo`lib, dam olib yotgan qo`lar podasini eslatadi. Joy nomi sifatida ham qo`llaniladi. Masalan, Nurota tizmasidagi Qo`ytosh.
Qo`l– asosiy tog`, katta vo­diy, bosh jar, soydan turli to­monga ajrab chiqqn ikkinchi darajadagi tizma, soy, dara, jarcha. Ba’zan geografik nomlar tarki­bida uchraydi.
Qo`ltiq- okean, dengiz va ko`llarning quruqlik ichkarisiga kirib turgan qismi. Ba’zi joy­larda okeanlarning dengizlarga xos xususiyatlar, gidrologik rejimga ega bo`lgan qismlari ham qo`ltiq deb yuritilgan. Masalan, Bengaliya qo`ltig`i, Fors qo`ltig`i, Meksika qo`lltig`i va h.k.
Qo`ng`ir ko`mir - sifati past­roq ko`mir. Tarkibida 55-78% uglerod bor. Cho`kindi jinslar orasida qatlamlar holida yotadi. O`simlik qoldiqlaridan hosil bo`lgan qo`ng`irk o`mir gil moddalar aralashmasi tufayli serko`l bo`ladi. Issiqlik berish qobiliyati 5-6 ming kkal/kg. yoqilg`i sifatida ishlatiladi; Qo`ng`irk o`mirdan suyuq yonilg`i, yonuvchi gaz va boshqa kimyoviy mahsulotlar ham olinadi.
Qo`ng`ir cho`l - dasht tuproqlari-och qo`ng`ir tuproqlar; tarki­bida chirindi kam (2% ga yaqin); tarkibida tuzlar ko`p. Qo`ng`ir cho`l-dasht tuproqlari uchraydigan yerlardan asosan yaylov sifatida, sug`orilganda esa - dehqonchilikda foydalaniladi. Qo`ng`ir cho`l-dasht tuproqlari Kaspiybo`yi pasttekisligida va undan sharq tomondagi yerlarda tarqalgan.
Qo`ng`ir o`rmon tuproqlar – qo`ng`ir rang, chirindisi kam (3-7%) tuproqlar. Qo`ng`ir o`rmon tuproqlar - asosan aralash o`rmonlar (qora qayin, qo­ra qayin-qaragay o`rmonlari tarqalgan joylarda, Karpat tog`lari, Qrim va Kavkaz tog`lari, Uzoq Sharqning janubida uch­raydi.
Qo`ng`ir temirtosh, limo­nit - tarkibida gil va boshqa mod­dalar aralash temir bo`lgan bir qancha minerallar aralashmasi. Qo`ng`ir temirtosh keng tarqalgan temir rudalaridan biri. Rangi qo`ng`ir, sariq-qo`ng`ir va qora. Cho`kindi jinslarda uchraydi, tarkibida te­mir 30% dan kam bo`lmagan qong`ir temirtosh rudalari sanoat ahamiyatiga ega bo`ladi.
Qo`riq yerlar - dehqonchilikda foydalanish mumkin bo`lgan, ya’ni haydab, turli ekinlar yetish­tirish mumkin bo`lgan, biroq, hali o`zlashtirilmagan yoki endigina o`zlashtirilayotgan yerlar.
Qo`riqxona- tabiat kompleksining bir qismi - hayvonlar, o`simliklar, foydali qazilma, noyob reylef shakllari qonun asosi­da muhofaza qilinadigan joy. Qo`riqxonalar vaqtli yoki doimiy bo`lishi mumkin. Ko`pchilik qo`riqxonalarda ov hayvonlari muhofaza qilinadi va ko`paytiriladi. U yerdagi hayvonlar soni boshqarib turiladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.