J - harfiga oid izohli lug`atlar
Javzo (arabcha javzo - egizak) - 1) Zodiak zonasidagi yulduzlar turkumi; 2) Quyosh (Shamsiya) yil hisobining uchinchi oyi, 22-maydan 21-iyungacha davom etadi. Bu vaqtda Quyosh Javzo yulduzlar turkumidan o`tadi. Javzo yozning birinchi oyi. Bu oyda O`rta Osiyoda arpa pishadi.
Javohirlar - qimmatbaho va bezak buyumlari tayyorlash uchun ishlatiladigan xar xil tarkibli minerallar. Javohirlar chiroyliligi, rangining tiniqligi va bir xilligi, yaltiroqligi, tovlanishi, qattiqligi kabi xususiyatlari bilan qadrlanadi. Yuqori nur sindirish xususiyati minerallarning yaltiroqligini kuchaytiradi. Yaltiroqlik xususiyati mineralga jilo berilganda yana ham ortadi. Olmos, yoqut, la’l, zumrad, platina, oltin, marvarid, feruza, billur (xrustal), aqiq, qahrabo va boshqa javohirdir.
Jad doirasi - ekvatordan 23°27' janubda joylashgan parallel, janubiy tropik 21- yoki 22-dekabrda Quyosh shu kenglikda zenitda bo`ladi va Quyosh ekvatordan eng janubga o`tgan bu nuqtani qishki Quyosh turishi nuqtasi deyiladi. Quyosh bu vaqtda Jad yulduzlar turkumida turganidan bu kenglik Jad doirasi deyiladi.
Jaddi - 1) Zodiak zonasidagi yulduzlar turkumi; 2) Quyosh (Shamsiya) yil hisobining o`ninchi oyi, 22-dekabrdan 21-yanvargacha davom etadi. Jaddi qishning eng qattiq oyi.
Jayxun - 1) Amudaryoning qadimgi nomlaridan biri; 2) har qanday daryo; 3) mashhur daryolar - Amudaryo, Sirdaryo, Frot, Dajla va b. Masalan, Jayxuni Chochiy - Sirdaryo, Jayxuni Xorazm - Amudaryo.
Jala - yirik tomchili kuchli yomg`ir, sharros yomg`ir. Bahor va yoz boshida siklon faoliyati juda kuchayib, ko`tarilma oqim tezlashganda, siklonning salqin fronti o`tayotganda bo`ladi. Jala qattiq jala yog`ishi, tog`lardagi qorlarning juda tez erishi natijasida vujudga keladigan tosh aralash loyqa suv oqimi.
Jangal - daryoning qayiri va pastki terrasalaridagi qalin bo`tazorlar, chakalakzor, o`rmonlar. Hozirgi o`zbek adabiy tilida changal, chakalak, changalzor shaklida qo`llaniladi.
Jilg`a – qor, yomg`ir suvlaridan hamda buloqlardan paydo bo`lgan oqar suvlar – ular birlashib daryo bo`ladi.
Jarlik – tog`li o`lkalardagi tik yonbag`irlar, daryolar baland terrasalarining tik kesilgan chekkalari, dengizlarning urilma tulqinlar hosil qilgan baland qirg`oqlari. Daryolar qalin lyoss jinslarining ostini yuvishi natijasida ham jarlik hosil bo`ladi. Tektonik yoriqlar bo`ylab uzilmalar ro`y berishidan ham jarlik vujudga keladi. Jarlarni odatda yon jarlar kesib tushgan bo`ladi. Jarlik–tog`li o`lkalardagi tik yonbag`irlar, daryolar, dengizlarning urilma to`lqinlar hosil qilgan baland qirg`oqlari.
Jiltir muz - yut. Qishda kun ilib, qor erib, uning ketidan sovuq kelishi natijasida hosil bo`ladi. Ho`l qor muz bo`lib qotadi. Yaylovdagi chorva uchun juda xavfli.
Jilg`a - qor-yomg`ir suvlaridan hamda buloqlardan paydo bo`lgan oqar suv, kichik soy. O`rta Osiyoda ko`pchilik jilg`alar yozda surib qoladi.
Jim - daryolar o`zanining suv sekin oqadigan chuqur qismlari.
Jimbuloq - buloq ko`zi bilan suvli qatlam sathi teng bo`lgan, suv suvli qatlam jinslari orasidan sizib chiqadigan buloq. Bunday buloqlar ko`pincha sizot suvlar tarqalgan yerlarda bo`ladi.
Joy tipi – tog` jinslari litologik tuzilishi bir xil bo`lgan, relyefning ma’lum bir xil shaklida joylashgan, xo`jalik jihatidan bir xil qiymatga ega bo`lgan urochishelar yig`indisidan iborat hudud. Har qaysi joy tipiga biror xil o`simlik formatsiyasi va tuproq xili xos bo`ladi. Joy tipi tushunchasini regional ma’nodagi landshaft tushunchasiga sinonim deyish mumkin.
Jungli - subtropik va tropik mintaqalarning musson iqlimli o`lkalarida (Hindiston, Hindixitoy, Zond orollari va h.k.) tarqalgan qalin o`rmonlar. Junglida daraxt va bo`talar hamda ularga chirmashib o`sgan lianalar odam o`tishi qiyin bo`lgan changalzorlar hosil qiladi. Junglida keng tarqalgan daraxt turlaridan biri g`arov – bambuk.
Jo`y - ariq, kanal. Tarixiy manbalarda, hozirgi paytda esa, asosan, Buxoro, Navoiy va Samarsand viloyatlarida ariq, ba’zan kichikroq kanal jo`y deb ataladi. Hozirgi o`zbek adabiy tilida bu so`zning kichraytirilgan (diminutiv) shakli — jo`yak saqlanib qolgan.
Jo`ybor - kanal, daryo, ariq, ba’zan ariq bo`yidagi joylar; tarixiy manbalarda, xususan vaqfnomalarda ko`p uchraydi.
Jo`na, jun - uzunasiga cho`zilib ketgan balandlik tepa, qir, suvayirg`ich. Geografik nomlar tarkibida ham uchraydi. Masalan, Jo`nariq.
Jo`sha - qizil gil (kesak). Kulolchilikda muhim xom ashyo hisoblanadi. Sopol idishlarga qizil rang yoki naqsh berishda qo`llaniladi. Buning uchun idish suvda suyultirilgan jo`shaga chayib olinadi yoki suyuqlik bilan unga naqsh beriladi. Jo`sha Andijon va Marg`ilondaro`sha ham deyiladi.
Jo`yak qum - bir-biriga parallel joylashgan kambar qator- qator qum do`nglari. Jo`yak qum ko`p esadigan shamollar yo`nalishiga mos joylashgan bo`ladi. Uzunligi bir necha kmga, balandligi 1 mdan 70 m gacha boradi. Juyaklar oralig`idagi pastlikning kengligi 2-4 kmga teng. O`rta Osiyo cho`llarida chala mustahkamlangan va o`simliklar qoplagan juyak qum ko`p tarqalgan. Jo`yak qum – bir-biriga parallel joylashgan kambar, qator-qator qum do`nglar.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.