G - harfiga oid izohli lug`atlar 

14 386

Gavan (gollandcha gaven) - dengizning tulqin, shamol va oqimlardan to`silgan va kemalar tura­digan qirg`oqqa yaqin qismi.

Gabbro (italyancha) - donador kristall tuzilishidagi magmatik tog` jinsi. Asosan dala shpati (kul rang yashil donachalar), avgit (qopa) va shox aldamchi (qora, to`q yashil)dan tarkib topgan. Yaxshi silliqlanadi. Binokorlik va hay- kaltaroshlikda ishlatiladi. O`zbekistonda Nurota, Hisor, Chotqol-Qurama tog`laridan topilgan. Gabbro–asosiy magmatik tog` jinsi. Yer po`stining 2-5 km chuqurligida magmaning asta sekin sovub, to`liq kristallanishidan hosil bo`ladi.

Gaza – tog`larda va tog` oldi qirlarida relyefda bo`rtib turtib chiqqan tog`, tog` tepasi, alohida tepa. Samarqand, Jizzax, Surxon­daryo, Qashqadaryo viloyatlari tog`li tumanlarida ko`p qo`llaniladigan geografik atama.
Gazlashtirish, xo`jalikni gazlashtirish — xalq xo`jaligida gazlar (tabiiy gazlar va zavodlarda qattiq yoqilg`idan olinadigan gazlar)ning yuqori kaloriyali yoqilg`i va kimyo sanoati uchun qimmatbaho xom ashyo sifatida keng ishlatilishi. Gaz arzon va qulay yonilg`i va xom ashyo bo`lib, olinadigan joyidan ishlatiladigan joyiga quvurlar orqali oson yetkazib beriladi. 
Gazoprovod, gaz quvuri - yonuvchi gazni olinadigan joyidan iste’mol qilinadigan joyigacha trubalar (quvurlar) orqali olib borish uchun quriladigan inshoot. Masalan, Jarqoq-Buxoro-Samarqand-Toshkent.

Galaktika - yuz milliarddan ortiq yulduz, tumanliklar va yulduzlararo moddalar (chang, gaz, kosmik zarralar)dan iborat yul­duzlar sistemasi. Ana shu gigant yulduzlar sistemasi umumiy mar­kaz - Galaktika yadrosi atrofida aylanadi. Quyosh va Quyosh sistemasidagi barcha planetalar, son-sanoqsiz yulduzlar to`plamidan iborat. So­mon yo`li ham Galaktikaga kiradi. Galaktikaning nomi ham shundan olingan (Galaktikos - Somon yo`li). Galaktika - miz dia­metri shu qadar kattaki, uni yorug`lik 80 ming yilda kesib o`tadi. Bizning galaktikadan boshqa yana millionlarcha galaktikalar kashf etilgan. Zamonaviy teleskoplar 3 mlrd. yorug`lik yiliga teng masofadagi galaktikalarni seza oladi.
Galereyali o`rmonlar – o`rmonsiz joylar, ya’ni dasht, preriya, savanna va cho`llardagi daryolar bo`ylab kambar polosa shaklida cho`zilib ketgan o`rmonlar. Afrika va Janubiy Amerika savannalarida oqadigan daryolar bo`yidagi tropik o`rmonlar tipik galereyali o`rmonlardir. O`rta Osiyoda galereyali o`rmonlar to`qaylar deb ataladi.
Galofitlar (yunoncha gals-tuz,  fiton - o`simlik) – sho`r tuproqlarga moslashgan o`simliklar. O`rta Osiyodagi sho`rxok cho`llar o`simliklari - shiradoshlar oilasiga kiruvchi oqsaksovul, cherkez, qorabaraq, sarsazan, boyalish, cho`g`on, kumarchik, ebalak, qorasho`ra va biyurg`un kabilar galofitlardir.
Garmsel (tojikcha garm — issiq, sel - oqim, havo oqimi) – O`rta Osiyodagi issiq va quruq sha­mol. Qizilqum va Qoraqum cho`llarida qizigan quruq havoning atrofga esishidan hosil bo`lib, bahor va yozda esadi. Tezligi sekun­diga 15-20 m. Garmsel esganda havo harorati keskin ko`tarilib 40 darajadan ham oshadi, nisbiy namlik pasayadi (5-10%), ba’zan quyuq to`zon ko`tariladi. Tuproqda nam yetishmay qolganidan o`simlik so`liydi yoki butunlay quriydi. Garmsel bahorikor ekinlarga ayniqsa katta zarar yetkazadi.
Geyzerlar (islandcha geyzir- otilmoq) - vaqt-vaqti bilan fon­tan bo`lib otilib turadigan issiq buloqlar. Geyzerlar asosan so`nmagan yoki yaqinda so`ngan vulkan hududlarida bo`ladi. Geyzer yer osti bo`shliq va yoriqlaridan otilib chiqadi. Geyzerlar og`zidan qaynoq suv 50 m, bug` esa 150 m balandlikkacha otilib chiqadi. Geyzerlar bir yoki bir necha kungacha harakatda bo`lishi mumkin. Geyzerlar Kamchatkada ko`p. Islandiya, AQSh, Yangi Zelandiyada ham geyzerlar bor. Geyzerlardan xonalarni isitishda, energetika ehtiyojlari uchun foy­dalanish mumkin.
Gematit (yunoncha gematos - sonli, qon rang) - mineral. Tar­kibida 70% gacha temir, bir oz marganets, titan bo`ladi. Kristallari ko`pincha plastinkasimon. Qi­zil va po`lat rangli. Krivoy-Rog va Nijniy Tagilda gematit konlari bor. Gematit rudalari cho`yan va po`lat olishda muhim xom ashyo hisoblanadi. Toza kukunsimon xillari buyoq tayyorlashda ishlatiladi.
Genotsid (yunoncha yeenos – urug`, qabila, lotincha sedo- o`ldiraman) - irqiy, milliy yoki boshqa bahonalar bilan aholining muayyan guruhini qirib tashlash. Genotsid ekspluatator guruhlarning eng reaksion doiralari tomonidan insoniyatga qarshi yovuz niyat bilan qilinadigan og`ir jinoyatlardan biridir. 2-jahon urushida yahudiylarning fashistlar tomoni­dan qirib tashlanishi; Janubiy Afrika Respublikasida negrlarning irqchilar tomonidan o`ldirilishi genotsiddir.
Geobotanika (yunoncha ge - yer va fiton - o`simlik) - yer yuzida o`simlik turkumlarining qonuniyatlarini o`rganadigan fan. U fi­totsenologiya, ekologiya va o`simlik­lar geografiyasi kabi bo`limlardan iborat.
Geografik zonalar, quruqlikdagi tabiat zonalari - geografik qobiqning geog­rafik mintaqalar doirasida aso­san issiqlik bilan namlik miqdori va nisbatiga qarab muayyan tartibda qonuniy almashinib boradigan asosiy landshaft qismlari. Yer yuzida ro`y beradigan hodisalar yerning ichki kuchlariga va Quyoshdan keladigan radiatsiya miqdoriga bog`liq. Geografik zonalar landshaft qobig`ining eng xarakterli struktu­ra xususiyatidir. Geografik zonalarning keskin chegaralari yo`, ular bir-biriga asta-sekin o`tib boradi. Yer shar shaklida bo`lganligi uchun quyoshning nur energiyasi bir tekisda taqsimlanmaydi. Yerning Quyosh atrofida uzluksiz aylanib turishi va Yer aylanish o`qining orbita tekisligiga 66,5 daraja og`ishganligi tufayli bu notekislik qisman kamayadi. Bu omillar Yer sharida ta­biiy sharoiti bir-biridan tubdan farq qiladigan geografik zonalarni vujudga keltiradi. Quyoshning nur energiya­si ekvatordan qutblarga tomon turli miqdorda tushganligidan harorat, bug`lanish va bulutlar, yog`inlar, relyef va shamollar, iqlim, nurash va tuproq hosil bo`lish jarayonlari, suvlar, o`simlik va boshqa zonalar hosil qilgan.
  Shimoliy yarim sharda quyidagi zonalar bor: Arktika muz sahrolari, tundra, o`rmon-tundra, mo`tadil mintaqa o`rmonlari, mo`tadil mintaqa o`rmon-dashtlari, mo`tadil mintaqa chala cho`llari, mo’tadil mintaqa cho`llari, subtropik doimiy yashil o`rmonlar va bo`tazorlar, subtropik aralash musson o`rmonlari, subtropik o`rmon-dashtlar, subtropik dashtlar, subtropik chala cho`llar, subtropik cho`llar, sernam tropik-o`rmonlar, tropik siyrak o`rmonlar, quruq o`rmonlar va savannalar, tropik chala cho`llar, tropik cho`llar, subek­vatorial musson aralash o`rmonla­ri, ekvatorial o`rmonlar (gileya) zonalari. Janubiy yarim sharda esa bulardan tundra zonasi, o`rmon-tundra zonasi, mo’tadil mintaqa cho`llari zonasi uchramaydi.
Geografik zonallik - Yer land­shaft qobig`ining asosiy qonuniyatlaridan biri. Geografik zonallik Yerning shar shaklida ekanligi va buning oqibatida Quyosh radiatsiyasining yer yuzida notekis taqsimlanishi, ya’ni ekvatordan qutblarga tomon kamayib borishi oqibatida ro`y beradi. Geografik zonallik landshaftlarning zo­na va mintaqalar tarzida ekva­tordan qutblarga tomon almashinib, borishida namoyon bo`ladi.
Geografik xaritalar - yer yuza­si yoki uning biror qismining belgilangan masshtabda kartografik proyeksiya asosida, shartli belgilar yordamida saralangan (genera­lizatsiya qilingan), umumlashtirilgan va kichraytirilgan tasviri. Bunda jamiyat va tabiatda sodir bo`ladigan voqea va hodisalarning geografik joylanishi, holati hamda ular orasidagi o`zaro bog`lanish ko`rsatiladi. Geografik xaritalar 2 ga bo`linadi: 1) umumgeografik xaritalar; 2) maxsus yoki mavzuli xaritalar. Umumgeografik xaritaning asosiy mazmunini yer yuzidagi hamma geografik ob’ektlar tashkil qiladi va masshtabga ko`ra: 1) topografik (1:200 000 va undan yirik), 2) obzor-topografik (1:200000 dan 1:1000000 gacha) va 3) obzor (1:1000000 dan mayda) xaritalarga bo`linadi. Maxsus xaritalarda umumgeografik yoki boshqa bir xaritaning biror elementi (elementlari) to`liq tasvirlanadi (aholi xaritalari yoki tektonik geologik xaritalar). Maxsus xaritalar: a) tabiiy geografik; geologiya, geofizika, geomorfolo­giya, iqlim, gidrologiya, tuproq, geobotanika, zoogeografiya, tabiiy rayonlashtirish xaritalari va b.,
b) ijtimoiy-iqtisodiy va tarixiy: aholi, sanoat, qishloq xo`jaligi, transport, madaniyat, siyosiy-ma’muriy va b.,
v) texnik rejalashtirish; navigatsiya, yangi yerlarni uzlashtirishdagi loyihalash kabi xaritalardan ibo­rat.
Geografik kashfiyot - 1) biron-bir geografik ob’ektning ilk bor topilishi, ochilishi. Masalan, Amerikaning ochilishi, Antarktidaning ochilishi, Chad ko`lining to­pilishi va h.k.; 2) geografiya nazariyasida katta yangiliklar yaratilishi, chunonchi, geografik qonuniyatlarning kashf qilinishi.
Geografik kenglik - biron joyning ekvatordan qancha daraja uzoqda ekanligini ko`rsatadigan miqdor. Geografik kenglik meridian bo`ylab ekvatorning har ikki tomoniga qarab 0 darajadan 90 darajagacha hisoblanadi va ekvatordan shimoldagi kengliklar shimoliy, janubdagilari janu­biy kenglik deb ataladi.
Geografik kompleks, geokompleks, geosistema, ta­biiy hududiy kom­pleks, landshaft - biron-bir aniq  hududdagi barcha geog­rafik komponentlarning bir butunligi. Binobarin geografik kompleks paydo bo`lishi, rivojlanishi, geografik o`rni va hozirgi geografik jarayonlarning umumiyligi, bir butunligi bilan ajralib turadi. Geografik kompleksga fatsiyadan tortib to geografik zonagacha bo`lgan barcha katta-kichik tabiiy komplekslar kiradi. Geografik komplekslarni regional tabiiy geografiya yoki landshaftshunoslik o`rganadi. So`nggi yillarda iqtisodiy geografiyaning asosiy ob’ekti bo`lgan hududiy ishlab chiqarish komplekslari ham geografik kompleks (geosistema) deb qaralmoqda.
Geografik komponent - geo­grafik qobiq va landshaftlar­ning asosiy strukturaviy qismi. Geografik qobiq to`rt geografik komponent - at­mosfera, biosfera, gidrosfera va litosferaning bir butunligidan iborat. Landshaft komponentlariga tog` jinslari, relyef shakl­lari, havo massalari, suvlar, o`simlik va hayvon turkumlari kiradi. Geografik component - tarmoq tabiiy geo­grafik fanlar - geomorfologiya, iqlimshunoslik, okeanologiya, quruqlik gidrologiyasi, tuproqshunoslik, geobotanika, zoogeografiya va boshqalarning o`rganish predmetidir. 

Geografik koordinatalar - biron nuqtaning yer yuzidagi o`rnini aniqlaydigan miqdorlar. Geografik koordinatalar geografik kenglik bilan geografik uzunlikdan tarkib topadi. Meridianlar bilan parallellarni tasvirlaydigan chiziqlar gradus to`rini hosil qiladi.
Geografik landshaft, land­shaft - Yer geografik qobig`ining tabiiy taraqqiyot davomida vujudga kelgan va o`z tabiati bi­lan boshqa joylardan farq qiladigan qismi. Keng ma’noda - geografik yoki tabiiy hududiy kompleks (masalan, tayga zonasi, shu zonaning ayrim provinsiyasi yoki hududi, botqoqlik hududi va h.k); ba’zan geografik landshaft atamasiga tipologik ma’no ham beriladi (tayga land­shafti, botqoqlik landshafti deganda o`z tabiatiga ko`ra o`xshash, lekin bir-biridan uzoqda bo`lgan joylar tushuniladi). Tor ma’no­da – geografik landshaft kelib chiqishi va taraqqiyot tarixiga ko`ra bir xil, geolo­gik fundamenti bir butun, rel­yefi bir tipda, iqlimi umumiy, gidrometrik sharoiti, tuproqlari, biotsenozlari o`xshash bo`lgan aniq hudud. Shu ma’noda geografik landshaft ta­biiy geografik rayonlashtirish kategoriyalaridan biri.
Geografik mintaqa, geogra­fik poyas - yer yuzasidagi keng­lik zonal tabiiy geografik bo`linishning eng yirik qismlari. Geografik mintaqalar bir-birlaridan iqlimi bilan farq qiladi. Geografik mintaqaning turli joyida namlik turlicha bo`lishi mumkin; bu esa geografik mintaqada turli geo­grafik zonalarni vujudga keltiradi. Odatda Yer shari quyidagi geografik mintaqalarga bo`linadi. Arktika mintaqasi, Antarktika mintaqasi, subarktika mintaqasi, subantarktika mintaqasi, mo`tadil mintaqalar, subtropik mintaqalar, sub­ekvatorial mintaqalar, ekvato­rial mintaqa. O`zbekiston hududisi o`rtacha mintaqa bilan subtropik mintaqa orasida joylashgan.
Geografik muhit - kishilik jamiyatini o`rab turgan tabiiy sharoit; ijtimoiy ishlab chiqarishning muayyan tarixiy bosqichida tabiatning jamiyat bilan o`zaro ta’sir jarayonida bo`ladigan qismi. Jamiyat rivojlanib borgan sari geografik muhit doirasi o`zgarib, kengayib boradi. Jamiyat rivojlanishining dastlabki bosqichlarida kishilar asosan hayot uchun zarur tabiiy manbalar (yovvoyi meva, o`t va hayvonlar, unumdor tuproq va h.k.) dan foydalangan. Keyinchalik ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojlanishi bilan tabiiy boyliklar (metall, yog`och, issiqlik manbalari va h.k.) mehnat vositalariga aylanib, ahamiyati orta bordi. Geografik muhit jamiyat taraqqiyotining doimiy va zaruriy sharoitlaridan biri, u mehnat taqsimotiga va ishlab chiqarish tarmoqlarining joylashishiga faol ta’sir ko`rsatadi. O`z navbatida jamiyat ham geografik muhitga ta’sir ko`rsatadi. Jami­yat bilan geografik muhitning o`zaro ta’siri ijtimoiy tuzum xarakteriga bog`liq. 
Geografik bashorat - geograrafiyadagi eng yangi yo`nalishlardan biri. Geografik bashoratning maqsadi ta­biiy sharoit, aholi va xo`jalikning o`zaro ta’sirida geografik komplekslar (geosistemalar)ning kelgusidagi o`zgarishlarini tadqiq qilish va oldindan aytib berishdan, ya’ni bashorat qilishdan ibo­rat. Shunga binoan, geografik bashorat tabiiy geografik (tabiiy sharoitni bashorat qilish) demogeografik (aholini bashorat qilish) va iqtisodiy-geografik tahlil (xalq xo`jaligining rivojlanishini tahlil qilish) dan iborat. Geografik bashorat bir qancha ilmiy prinsiplarga asoslanadi. Bulardan eng muhimlari: tarixiy prinsip, boshlang`ich hodisa va jarayonlarni o`rganish prinsipi, taqqoslash prinsipi, barqarorlik (turg`unlik) prinsipi, tahlilning uzluksizligi prinsipi, ekspertlar bahosi prinsipi va ) h.k.
Geografik sektorlar - geog­rafik mintaqalarning Antarktidadan boshqa barcha materiklarda atmosfera sirkulyatsiyasi va namlik aylanishi ta’sirida uch qismga: g`arbiy va sharqiy okean bo`yi qismlariga hamda markaziy - ma­terik ichkarisidagi qismga bo`linishi. Materiklarning dengiz bo`yi sektorida o`rmon landshaftlari ustun tursa, materik ichkarisidagi qismlarida quruq kontinental iqlim ustun turadi. Ba’zi geograflar (chunonchi, F.N Milkov) geografik sektorlarni zonalik spektrlari deb ham ataydilar.
Geografik tadqiqot metodlari - geografiya fanlarining o`z dasturlarini o`rganish usullari. Geografiyaning eng asosiy va o`ziga xos tadqiqot metodi geografik taqqoslash metodidir. Geografik taqqoslash metodi geosistemalar va ayrim komponentlar hamda xalq xo`jaligi tarmoqlarini ham tari­xiy jihatdan (zamonda), ya’ni paydo bo`lishi va rivojlanishi jihatidan, ham hududiy tarqalishi jihatidan (makonda), ham sifat jihatidan, ham miqdor jihatidan qiyoslashni taqozo eta­di. Bevosita dalada o`tkaziladigan tabiiy geografik tadqiqot metodlari ekspeditsiya metodi va statsionar metoddan iborat. Uzoqdan turib (distansion) kuzatish metodlaridan aerokosmik metodlar tobora keng foydalanilmoqda. Tabiiy geografiyada geokimyo, geofizika va ekologiya, metodlari ham qo`llanilmoqda.
  Iqisodiy geografiyada sta­tistik ma’lumotlarni tahlil qilish, balans, iqtisodiy-geografik hodisalarni bevosita kuzatish me­todlari jadal rivojlanmoqda. Geografik tadqiqotlarda karto­grafiya metodi ayniqsa katta ahamiyatga ega. So`nggi yillarda mate­matik metodlarga e’tibor kuchaymoqda.
Geografik uzunlik - geogra­fik koordinatalardan biri. Yer yuzasidagi bir nutqadan o`tkazilgan meridian tekisligi bilan shartli qabul qilingan boshlang`ich meridian tekisligi orasidagi burchak. Geografik uzunlik boshlang`ich (bosh) meridiandan sharq va g`arb tomonlarga 180 darajagacha o`zgaradi. G`arb tomondagisi g`arbiy uzunlik sharq tomondagisi sharqiy uzunlik deyi­ladi. G`arbdagi uzunlik manfiy (—), sharqdagi uzunlik musbat (+) belgilar bilan ko`rsatiladi. Masalan, Samarqandning geog­rafik uzunligi +67°.
Geografik fazo - pastda Moxorovichich yuzasidan (ya’ni yer po`stining pastki chegarasidan) yuqorida Yer magnit maydonining yuvo­ri chegarasigacha (bu chegara Yer radiusidan 10 baravardan ortiq balanddan o`tadi) bo`lgan oraliqdagi tabiiy sistema. Bu tushunchani M.M.Yermolayev asoslab bergan va fanga kiritgan. Geografik fazo to`rt bo`limdan iborat; bular yaqin kos­mos, yuqori atmosfera, geografik qobiq va yer po`stining tag qatla­mi. Geografik fazo tushunchasi geografik qobiqning fazodagi o`rni va rolini aniqlashga imkon beradi.
Geografik qobiq, land­shaft qobig`i - Yerning lito­sfera, gidrosfera, atmosfera va biosferalar o`zaro tutashadigan hamda bir-biriga ta’sir etadigan qismi. Geografik qobiqning tarkibi va tuzilishi juda murakkab. Geografik qobiqning yuqorigi chegarasi ham, pastki chegarasi ham shartlidir. Geografik qobiq  butun gidrosferani, yer po`stining yuqori qismini, atmosferaning quyi qismini (25-30 km qalinlikdagi qatlamni) o`z ichiga oladi. Geografik qobiqning eng qalin qismi 40 km ga yaqin.
Geografik qutblar (Shimoliy qutb va Janubiy qutb) - Yer aylanishidan hosil bo`lgan xayoliy o`qning Yer yuzasi bilan kesishgan matematik nuqtalari. Geografik qutblarda yer meridianlarining hammasi tuta- shadi. Unda odatdagi dunyo tomonlari yo`q, kun va tun almashinmaydi. U yerda quyosh yarim yil chiqadi va yarim yil botmaydi. Yer shakli sharga deyarli o`xshash bo`lganidan qutblarga quyosh nuri yotiq tushadi, natijada geografik qutb atrofida juda keng maydonning iqlimi sovuq bo`ladi. Shimoliy geografik Shimo­liy Muz okeanining muz bilan qoplangan suvi ustida joylashgan. Shimoliy geografik qutbga birinchi bo`lib amerikalik qutbshunos R. Piri (1909-yil 6-aprel) yetib borgan. Janubiy geografik qutb Antarktida materigining Tinch okean sohiliga yaqin muz qoplami ustidadir, birinchi bo`lib unga norvegiyalik tadqiqotchi R. Amundsen (1911-yil 14-de­kabr) borgan.
Geografiya (yunoncha ge-yer, grafo-tasvirlayman) - Yer yuzining tabiati va xo`jaligini o`rganadigan fanlar majmui. Antik dunyo olimlari yer yuzasining manzarasini geografiya so`zi bilan ifodalaganlar. Geografiya atamasini dastlab Era­tosfen (miloddan avval 276-194-yillarda) ishlatgan. O`rta Osiyoda IX-X asrlardan boshlab geografiya so`zi ma’nosida «surati arz», «yetti iqlim», «Kitobi mamolik va masolik» («Mamlakatlar va masofalar kitobi») iboralari qo`llanilgan. XIX asrda va XX boshlarida o`zbek tilida geografiya «Jug`rofiya» shaklida yozilgan. 1940-yillardan geografiya shakli tarqaldi. Hozirgi davrda «Geografiya», o`rniga «Geografiya fanlari sistemasi» iborasini qo`llash ilmiy jihatdan to`g`riroqdir.
  So`nggi yillarda geografiya geografik komplekslar haqidagi fandir degan tasavvur olg`a surilmoqda. Ta­biiy hududiy komplekslar va hududiy ishlab chiqarish komplekslari geografiyaning eng muhim funda- mental tushunchalaridir. Ularni har tomonlama tadqiq qilish geografiyaning mohiyatini tashkil etadi.
Hozirgi zamon geografiyasi geografik fanlarini butun bir sistemasidan iborat. Geografiya: 1) tabiiy yoki tabiiy geografik fanlar 2) ijtimoiy geografik fanlar - geografiya tarixi va geografiyaning tarmoqlari tarixi, iqtisodiy geografik fanlardan hamda 3) kartografiyadan tashkil topgan. Harbiy geografiya, tibbiyot geografiyasi, o`lkashunoslik, turizm, geografiya o`qitish metodikasi ham geografiya fanlari sistemasiga kiradi. Keyingi yil­larda koinotni o`rganish rivojlanishi bilan selenografiya (Oy geografiyasi), kosmos yershunosligi kabi sohalar vujudga keldi. Yer sun’iy yuldoshlaridan turib yer yuzasi­ning suratini olish va xaritasini chizish usullari ham yaratildi.
  Fan-texnika yuksak darajada taraqqiy etgan hozirgi davrda geografiyaning ijtimoiy roli yanada ortib, u konstruktiv geografiyaga aylandi. Konstruktiv geografiya­ning eng asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: rivojlangan jamiyatning atrof muhitga bo`lgan ta’sirini o`rganish va tahlil qilish; tabiiy resurslarni, ayniqsa ularning yangi turlarini tobora tez sur’atlar bi­lan aniqlash, ularni baholash, ulardan foydalanish yo`llarini tadqiq qilish; ishlab chiqarish va aholi punktlarini oqilona rivojlantirish, joylashtirish hamda hududiy tashkil qilish ma­salalarini tadqiq etish; hozirgi zamon va kelajak texnika vositalari yordamida tabiiy hududiy komplekslarni tubdan oqilona  rivojlanish, joylashtirish hamda hududiy tashkil qilish masalasini tadqiq etish; hozirgi zamon va kelajak texnika vositalari yordamida tabiiy hududiy komplekslarni tubdan oqilona o`zgartirish va sermahsul madaniy landshaftlar yaratish; yangidan-yangi hududiy ishlab chiqarish komplekslarini barpo qilish va ularni kompleks rivojlantirish muammolarini tadqiq etish.
Geografiya tarixi — geografiyaning tarmog`i. Geografiya tarixi turli ijtimoiy-iqtisodiy bosqichlarda ge­ografik bilimlarning vujudga kelishi, shakllanishi, ularning hozirgi darajasi hamda rivojlanish istiqbollarini tarixiy jarayon sifatida o`rganadi. Geografiya tarixi ik­ki asosiy qismdan: geografik kashfiyot va tadqiqotlar tarixi hamda geografiyaning fan sifatidagi tarixidan iborat. Geogra­fiyaning fan sifatidagi tarixida uning predmeti, metodlari, nazariyasi va amaliy ahamiyatining asosiy rivojlanish yo`li - evolyutsiyasi o`rganiladi.
Geodeziya (yunoncha ye - yer, dayo - qismlarga bo`laman) - Yer­ning shakli va o`lchamlarini aniqlash, yer yuzasi tasvirini plan va xaritalarga tushirish, turli ilmiy va amaliy maqsadlar uchun yer yuzasida o`lchash ishlari olib borish haqidagi fan.
Geokriologiya, muzloqshunoslik - yer po`sti (litosfera)ning muzlagan qatlami - kriolitozona haqidagi fan. Geokrilogiya do­imiy muzlab yotgan grunt va tuproqlarning vujudga kelishi, rivojlanishi, tarqalishi hamda tabiatdagi va xo`jalikdagi ahamiyatini o`rganadi. Rus geokrio­logiya fanining asoschisi - M. I. Sumgin.
Geologik kesim, geologik profil - yer po`stidagi tarkibi va yoshi turlicha bo`lgan jinslar, siniqlar va burmalarning vertikal tekislikka tushirilgan tasviri.
Geologik havza - geologik tuzilishi bir xil bo`lgan hududda to`plangan foydali qazilma konlari. Masalan, Tunguska toshko`mir havzasi, Gazli - Amudaryo gaz kon­lari havzasi.
Geologiya (yunoncha ge - yer, lo­gos - fan) - Yerning tarkibi, ichki tuzilishi, tarixiy rivojla­nish qonuniyatlari, cho`kindi va magmatik jinslar bilan bog`liq bo`lgan konlar va yer osti suvlarining paydo bo`lishi, shuningdek yerda bo`ladigan turli geologik jarayonlarni o`rganadigan fan. Yaqin yillargacha geologiya faqat foyda­li qazilmalarni izlash bilan shug`ullangan bo`lsa, hozir geologik xulosalarsiz yirik sanoat inshootlari - zavod, fabrika, temir yo`l, gidro­stansiya va ulkan suv omborlarini qurish mumkin emas. Yer po`stidagi jarayonlar uni tashkil etuvchi moddalarning bir-biri bilan reaksiyaga kirishishi natijasida sodir bo`lib, yer yuzasida zilzilalar, vulkanlar, burmalanish jarayonlari tarzida namoyon bo`ladi. Geologiya fani bir-biriga bog`liq bir necha sohalardan - petrografiya, lito­logiya, mineralogiya, kristallogra­fiya, geokimyo, metallogeniya, gid­rogeologiya, geomorfologiya, dina­mik geologiya, muhandislik geolo­giyasi, geotektonika, vulkanologiya, geofizika, seysmologiya, tarixiy geologiya, stratigrafiya, paleon­tologiya va amaliy geologiyadan iborat.
Gemorfologiya (yunoncha ge - yer, morfe - shakl, logos - fan) - Yer sharining relyef shakllari haqidagi fan. Geomorfologiya relyef shakllarining paydo bo`lishi, rivojlanishi, hududiy taqsimlanishi va rivojlanish qonuniyatlarini o`rganadi. Geomorfologiya geografiya fanlari sistemasiga kiradi, chunki unda relyef shakllari geografiya kompleksining tarkibiy qismi - kom­ponenti sifatida o`rganiladi. Geomorfologiyaning rivojlanishiga A.A.Borzov, V.A.Ob­ruchev, K.K.Markov va I.S.Shchukin juda katta hissa qo`shgan. Akademik I.P.Gerasimovning morfostruktura va morfoskulptura haqidagi nazariyasi geomorfologiyaning hozirgi taraqqiyotida katta rol o`ynamoqda.
Geosinklinal - yer po`stining jadal cho`kayotgan va dengizdan iborat bo`lib, cho`kindi hamda vulkanik jinslar to`planayotgan uzun cho`zilgan qismlari. Geosinklinallar uch tipga bo`linadi: materik chekkalaridagi geosinklinal (Sharqiy Osiyo geosinklinali), materik o`rtasidagi geosinklinal (O`rta den­giz geosinklinali) va okeanlar orasidagi geosinklinallar (Indoneziya geosinklinali) Geosinklinallar minglab km gacha cho`zilgan bo`ladi, kengligi esa yuzlab km ga, ko`pi bilan ming km ga yetadi, Geosinklinallarning rivojlanishi bosqichli bo`ladi. Uzoq vatq davom etadigan cho`kindi to`p­lanishi bosqichidan keyin tog`lar paydo bo`lishi bosqichi bo`ladi. So`ngra tog`li o`lka yemirila borib, oxiri platformalarga aylanadi.
Geosistema - geografiya fanining asosiy ilmiy tadqiqot ob’ekti. Geosistemaga fatsiyadan tortib to geografik qobiqgacha bo`lgan barcha tabiiy geografik birliklar, shu­ningdek iqtisodiy geografiyaning asosiy tadqiqot ob’yekti: turli katta-kichiklikdagi hududiy ishlab chiqarish komplekslari ki­radi. Geosistemaning sinonimi - geogra­fik kompleks.
Geosferalar (yunoncha ge - yer va sfera - shar) - geografik qobiqning ayrim qismlari, ya’ni: atmosfera, biosfera, gidrosfera va litosfera (yer po`stining umumlashma nomi). Bu to`rtala geosfera bir butun geotrafik qobiqni hosil qiladi. Geografik qobiqning bir butunligi geosferalar o`rta­sidagi uzluksiz modda va energiya almashinuvi orqali amalga oshadi.
Geotektonika - yer po`stida ro`y beradigan harakatlarni va tog` jinslarining yotish holatlarini o`rganuvchi fan. 
Geotektura - Yer sharining eng katta relyef shakllari. Geotekturaga materiklar, okean botiqlari, eng katta tog` sistemalari (masalan, And, Tyanshan, Pomir-Oloy, Himolay kabi tog` sistemalari), yassi tog`liklar (masalan, O`rta Sibir yassi tog`ligi) va tekislik o`lkalari kiradi. Atamani fanga 1946-yilda akademik I.P.Gerasimov kiritgan.
Geotermik bosqich - Yer po`sti­dagi tog` jinslari harorati 1 daraja ortishiga to`g`ri keladigan chuqurlik. Geotermik bosqich o`rta hisobda 30-40 m ga teng bo`lib, kristalli jinslarda bu miqdor 120-200 m ga yetadi.
Geotermik gradiyent (yunoncha ge - yer va terme - issiqlik, lo­tincha gradiyens - qadamlovchi) - yer ostiga tik tushilganda har 100 m chuqurlikda haroratning qancha oshib borishini ko`rsatadigan miqdor. O`rta hisobda 3 darajaga teng. Geotermik gradiyent yer osti qatlamlarini tadqiq qilishda katta rol o`ynaydi.
Geofizika — Yerning fizik xossalarini va yer po`stida, suv va atmosferada sodir bo`ladigan jarayonlarni o`rganadigan fanlar majmui. Og`irlik kuchi, atmosfera, yerning zichligi, ichki tuzilishi va radioaktivligi, yer magnetizmi va zilzila haqidagi ta’limotlar geofizika tarkibiga kiradi. Geofizika uchta katta tarmoqqa bo`linadi: yer fizikasi, gidrofizika, atmosfera fizikasi. Bu bo`limlarning har biri yana bir necha bo`limchalarga ajraladi. Masalan, atmosfera fizikasi bo`limi umumiy meteorologiya, dinamik meteorologiya, sinoptik meteorolo­giya, aviatsiya meteorologiyasi, agro­meteorologiya, iqlimshunoslik ka­bi sohalarga bo`linadi. Geofizik tadqiqotlar foydali qazilmalar topishda, zilziladan muhofaza qilinishda, raketa texnikasi taraqqiyotida, ob-havoni oldindan aytib berishda, radio eshittirish ishlarida katta ahamiyatga ega.
Geokimyoviy landshaft - yer yuzasida kimyoviy elementlar va birikmalarning migratsiyasi (ha­rakati) xususiyatlariga qarab ajratiladigan landshaft. Har bir geokimyoviy landshaft tabiatda element va birik­malarning o`ziga xos harakati ti­pi hamda o`ziga xos modda va ener­giya almashinuvi tipiga ega. Bu ta’limot asoschisi aka­demik B.B.Polinovdir.
Geokimyo - Yerning kimyoviy tarkibi, kimyoviy elementlarning paydo bo`lishi, tarqalishi va bir joydan ikkinchi joyga ko`chib yurish qonuniyatlarini o`rganadigan fan. Geokimyo geologiya fanining bir qismidir.
 Kimyoviy elementlarning yer po`stidagi turli tarkibli tog` jinslarida tarqalishi yer sharining o`rtacha kimyoviy tarkibidan katta farq qiladi. Tog` jinslaridagi kimyoviy elementlarning o`rtacha miqdori (klark)ni aniqlash, yer osti foydali qazilmalarini izlab topishda katta ahamiyatga ega.
Geotsentrik sistema - dunyoning markazi Yer, boshqa hamma os­mon jismlari Yer atrofida harakatlanadi degan qadimgi dunyoqarash. XVI asrdan geotsentrik sistema o`rnini, geli­otsentrik sistema oldi.
Gersin burmalanishi - pale­ozoy erasining ikkinchi yarmidagi tog` paydo bo`lish bosqichi. Gersin burmalanishi De­von davrida boshlanib, Trias davrining o`rtalarigacha davom etgan. Gersin burmalanishida katta maydondagi geosinklinallar burmali tog`larga aylangan. Ural, Tyanshanning katta qismi, Garbiy (Rudali) Oltoy va boshqalar gersin bosqichida burmalangan tog`lardir. G`arbiy Sibir va Turon plitalarining zamini ham gersin burmalanishi bosqichida burma­langan.
Geterotrof  organizmlar (yunoncha geteros - boshqa va trofe - oziq) - hayoti uchun zarur or­ganik birikmalarni mineral moddalardan sintez qilmay, tayyor organik moddalar bilan oziqlanadigan organizmlar. Ayrim yuk­sak o`simliklar, zamburug`lar, ko`pchilik mikroorganizmlar, hamma hayvonlar va odam geterotrof organizmlarga ki­radi.
Gigrometr - havodagi suv bug`ining miqdorini aniqlaydigan asbob. Tuzilishi va ishlash prin­sipi jihatidan mutlaq, kondensatsion, qilli, psixrometrik va elektr gigrometrlarga bo`linadi. Eng ko`p ishlatiladigan qilli gigrometr yog`sizlangan qil havo namligining o`zgarishi natijasida uzayadi yoki qisqaradi. Uning shkalasi darajalarga bo`lingan.
Gigroskopik suv - tog` jinslari zarralarining yuzasini yupqa parda holatida o`rab turuvchi bir molekulali suv. Gigroskopik suv tog` jinslari zarralari yuzasida molekulyar va elektr kuchlar yordamida ushlanib turib, bir joydan ikkinchi joy­ga bug` holatida harakat qiladi.
Gidrogeografiya - gidrologiyaning quruqlikdagi suvlarni geografik komplekslarning komponenti sifatida qarab, ularni boshqa komponentlar (iqlim, tog` jinslari, relyef, tuproqlar, o`simlik qoplami) bilan bog`lab o`rganuvchi yo`nalishi. Gidrogeografiyada quruqlikdagi suvlarning barcha xil suv resurslari - yer usti va yer osti suvlari, tuproq namligi, yog`inlar, muzliklar bilan bog`liqligi ham o`rganiladi.
Gidrogeologiya - geologiya va gidrologiyaning bir tarmog`i bo`lib, yer osti suvlarining paydo bo`lish manbai, tarkibi, xossalari, harakati va tarqalish qonuniyatlari, yer betiga oqib chiqish sha­roiti hamda ahamiyatini o`rganadi. Gidrogeologik ma’lumotlar sanoat, aholi punktlari va sanatoriylarni suv bilan ta’minlashda, foyda­li qazilma konlarini ishga solishda muhim ahamiyatga ega.
Gidrograf - suv sarfining ma’lum davr ichida o`zgarishini ifodalovchi grafik. Masalan, daryo gidrografiyasi, asosan, bahorgi yoki yozgi to`­lin suv davri uchun, bir yilga tuziladi. Bahorgi yoki yozgi to`lin suv davrining boshlanish va tamom bo`lish kunlarini, suv sarfi maksimumi, minimumi va boshqalarni gidrograf asosida aniqlash mumkin.
Gidrografiya (yunoncha gidro - suv, grafo - yozaman) - 1) gidro­logiya fanining bir qismi, quruqlikdagi suvlar (daryo, ko`l, botqoqliklar)ni o`rganadi; 2) dengiz va okeanlarda kema qatnovi xavfsizligini ta’minlash sohasida qilinadigan ishlar majmui; 3) den­giz, daryo, ko`llarni xaritaga tu­shirish va ularning kema qatnovi uchun qanchalik yaroqli ekanini tasvirlab yozish (lotsiya); 4) biror hududdagi daryolar hamda vaqtincha oqar suvlar, ko`llar va botqoqlar yigindisi.
Gidrolakkolit, ko`pchimado`ng (yunoncha gidro - suv, lakkos - chuqurlik va litos - tosh) - yer ostidagi muzliklar hajmining kengayishi natijasida yuzaga keladigan tepalik. Gidrolakkolit gumbaz shakli­da, balandligi 30 m va undan ko`p; kengligi 200 m ga boradi. Marka­ziy qismi muzlik yoki muzlagan jinslardan, ustki qismi har xil tarkibli jinslar yig`indisidan iborat bo`ladi. Gidrolakkolit Yakutiya va Zabaykaleda ko`p uchraydi.
Gidrologiya (yunoncha gidro - suv, logos - fan) - gidrosferadagi tabiiy suvlarni o`rganuvchi fan. O`rganish ob’yektiga qarab ikki tarmoqqa - okean va dengizlar gidrologiyasi va quruqlik gidrologiyasiga bo`linadi. Quruqlik gidrologiyasi yana daryolar gidrologiyasi, ko`lshunoslik, botqoqlik gidrologiyasi va muzliklar gidrologiyasiga bo`linadi. Bu har bir tarmoqda gidrologik ob’yektlarning suv rejimi, suv balansi, suv dinamikasi, suv tagi hodisalari, issiqlik jarayonlari, suvning holati, kimyoviy va bio­logik jarayonlar o`rganiladi. Suv ob’ektlaridagi gidrologik prosesslar muayyan geografik sharo­itda, geografik kompleks komponentlarining o`zaro ta’siri natijasi sifatida ro`y beradi. Shu sababli gidrologiya geografik fanlar sistemasiga kiradi va geologiya, geo­fizika, geokimyo, biologiya fan­lari bilan chambarchas bog`liq. Gidrologiya statsionar, ekspeditsion kuzatish, dalada va laboratoriyada eksperimentlar o`tkazish, matematik sta­tistika metodlaridan keng foydalanadi.
Gidromorf tuproq hosil bo`lish jarayoni – yog`inlardan tashqari qo`shimcha suv manbalari - oqar suvlar, grunt suvlari va botqoqlik suvlari ishtirokida tuproq hosil bo`lish jarayoni. Bu jarayonda qo`shimcha namlik (suv) miqdoriga qarab yo yarim gidro­morf tuproqlar (o`tloqi qora tuproqlar, botqoqlangan podzol tuproqlar va b.) yoki tipik gidromorf tuproqlar (botqoqlik tuproqlari, sho`rxoklar va b.) hosil bo`ladi. Binobarin, gidromorf tuproqlar, odatda, quritishni talab etadi.
Gidroresurslar daryolar va sharsharalarning balanddan tushuvchi suvi kuchida mujassamlashgan energiya zahiralari. Gidroresurslarning zahiralari tugab qolmaydi, ya’ni yog`in-sochin hisobiga tiklanib turadi. Gidroresurslar zahirasi jihatidan Rossiya birinchi o`rinda turadi; so`ngra XXR, AQSh va Kanada keladi. Rossiya daryolaridan gidroresurslarga eng boylari Yenisey va Angaradir. Gidroresurslar «oq ko`mir» deb ham ataladi.
Gidrouzel - bir necha vazifani bajaruvchi gidroinshootlar majmui. Energetika, transport, suv olish maqsadlarida foydalaniladigan xillari bo`ladi. Gidrouzel tarkibiga to`g`on, elektr stansiya binosi, kemalar qatnaydigan shlyuz, suv olish, baliq o`tkazish inshootlari va boshqalar kiradi. 

Gil - cho`kindi jins. Kaoli­nit, montmorillonit va gid­roslyuda minerallaridan iborat. A.Ye.Fersmanning hisobiga ko`ra, Gil yer po`stining 80% ini, og`irligining esa 4% ini tashkil etadi. Gil tuproq paydo bo`lishi va unumdorligida katta rol o`ynaydi. Gil 0,01 mm va undan kichik gil minerallari zarralaridan iborat, yopishqoq-cho`ziluvchan, suv bilan aralashganda xamirsimon massaga aylanadi, kuydirilganda toshdek qotadi. Gil bosim ta’sirida o`zgarib, gilli slanets va argillitga aylanadi. Gilning boshqa turlariga gilmoya va lyosslar kiradi. Gilmoya xals xo`jaligida keng qo`llaniladi. Mineralogik granulometrik va kimyoviy tarkibi, strukturasi, ion almashinish xossalari undan keng foydalanishga imkon beradi. Kaolinitli gillardan alyuminiy olinadi va olovga chidamli mahsulotlar, chinni va fayans buyumlar ishlanadi. Gidroslyudali gillar qishloq xo`jaligida ishlatiladi. Montmorillonitli gillar sanoat va qishloq xo`jaligida adsorbent ka­talizatog` rolini o`ynaydi. Kao­linitli gillar Angrenda, Mar­kaziy Qizilsumda, Zirabuloq-Ziyovuddin tog`larida, montmoril­lonitli gillar Azkamar, Chimyon, Kakaydi va Markaziy Qizilqumda keng tarqalgan.
Gilvata - dengiz va okean tublarida vulkan kullari hamda suv oqizib kelgan gillarning ishqorli muhitda o`zgarishidan hosil bo`lgan gil. Tabiatda oq, yashil, kul rang, qo`ngir va boshqa ranglarda uchraydi. Yumshoq, yog`li, silliq bo`lib, qizitilsa toshga ay­lanadi. Suvda buktirilsa, hajmi 2-15 barobar ortadi. Gilvata, tog` tog` yog`i, ko`kshiram, gilmoya, sozkesak toshsovun deb ham ataladi.
Gilli slanets - gillarning yer po`stida bosim ta’sirida siqilishidan paydo bo`ladigan metamorfik tog` jinsi. Gilli slanets qatlanib ajralish xossasiga ega. Suvda ivimaydi, gilga nisbatan qattiq. Qora-kul rang, goho yashil rangda uchraydi. Gilli slanetsdan qurilishda, qalam ishlab chiqarishda, qishloq xo`jaligida ug`it sifatida foydalaniladi.
Gilli chullar – cho`l tiplaridan biri. Dengiz, ko`l, daryo va prolyuvial gil yotqiziqlarida vu­judga keladi. Tuproqlari bo`z tuproq (qo`ng`ir bo`z, och qo`ng`ir tus­li), kamroq sho`r bo`z tuproqlardan iborat. O`simliklari orasida tur­li xil shuvoq, sho`ra ko`proq uch­raydi. Hayvonlardan jayron, sayroq, yumronsoziq va sudraluvchilar yashaydi. Taqirlar ham cho`llarning shu tipiga kiradi.
Gilmoya - gil turlaridan bi­ri.
Giperurbanizatsiya (yunoncha giper – o`ta) - shahar aglomeratsiyalarining bir-birlariga qo`shilib, megalopolislar hosil qilishi.
Gipotsentr (yunoncha gipo - ostida va lotincha sentrum - markaz), o`choq, markaz-zilzila markazi. Zilzilaning boshlang`ich silkinishi gipotsentrdan tarqaladi. Gipotsentr ko`pincha 0 dan 100 km chuqurlikda, ba’zan, hatto 300 km dan 700 km chuqurlikda bo`ladi.
Gipsli cho`llar – cho`l tiplaridan biri. O`rta Osiyoning shimoliy qismidagi supasimon qirlarda, tog` oldi tekisliklarida uchraydi. Tuprog`i gipsli bo`z tuproq. Tup­roq yuzasi karbonatli bo`lib, tagida qalin gips qatlami bo`ladi. Shuvoq-sho`ra o`simliklari siyrak o`sadi. Osiyo, Shimoliy va Janu­biy Afrikada, Shimoliy Amerikada va Avstraliyada bor.
Gir dibod - quyun, aylanma shamol, siklon.
Girdob - dengiz, daryo, anhor, kanal va h.k. lar suvining yuza qismida sodir bo`ladigan aylanma harakat. Girdob ko`pincha ikki yo`nalishdagi oqimlar tutashgan joyda ro`y beradi. Girdob daryo, kanal, ariqlarning o`zan shakliga, o`zan tagi relyefiga bog`liq holda ham hosil bo`ladi.
Girlo - Qora va Azov dengizlariga quyiluvchi daryolarning tarmoqlari. Masalan, Kiliya girlosi, Sula girlosi, Georgiy girlosi va boshqalar.
Glauber tuzi (nemis olimi Glauber nomidan), mirabi­lit - mineral. Mayda ignasimon kristall holida uchraydi. Rangsiz, shaffof, shishasimon yaltiroq, solishtirma og`irligi 1,48. Mazasi taxir, sho`r. Qorabo`roz-Go`l qo`ltig`i glauber tuzining dunyoda eng katta koni hisoblanadi. Kaspiy dengizining shimoliy sohilida, Qozog`istonda, Kavkazda, AQSh, Meksika, Argentinada konlari bor. Glauber tuzi so­da tayyorlashda, shisha, bo`yoq sanoatida va tibbiyotda ishlatiladi.
Gley - tuproq kesmasining ko`kish-sarg`ish rangdagi strukturasiz zich gorizonti. Yer yuzasida suv yig`ilib qolishidan tuproqning o`ta namlanishi natijasida hosil bo`ladi. Tundra va boshqa botqoq yerlar uchun xarakterlidir.
Gletcher (nemischa gletcher - muz) - tog`larda qor chizig`idan balandda ko`p yillar davomida to`planib qolgan muz.
Glinozyom, giltuproq-alyuminiy oksidi. Alyuminiy rudalarini kimyoviy yo`l bilan ishlash natijasida hosil bo`ladi. Un­dan elektroliz yo`li bilan alyumi­niy olinadi.
Glint (datchan tilida klint - jarlik) - Fin qo`ltig`ining janu­biy qirg`og`i bo`ylab cho`zilgan jar­lik; balandligi Fin qo`ltigi suvi sathidan 60 m gacha yetadi. Glint bu yerlarda ohaktoshlarning yer yuza­siga chiqib qolishidan hosil bo`lgan.
Globus (lotincha globus - shar) - Yer sharining modeli, kichik nusxasi, globus butun yer yuzasini, uning geometrik konturlari o`xshashligini va maydonlar nisbatini saqlagan holda tasvirlaydi.
Glyatsiologiya (lotincha glatsiyez - muz va yunoncha logos - fan) - muzliklarning paydo bo`lishi, taraqqiyoti, xususiyati, atrofdagi muhit bilan o`zaro munosabati va ularning amaliy ahamiyati haqidagi fan.
Gneys – ko`p tarqalgan metamorfik tog` jinsi. Rangi oqish, kul rang, yashilsimon. Strukturasi slanetssimon qat-qat. Gneys tarkibi­da kvars, dala shpati, biotit, slyu­da bo`ladi.
Gnomon - qadimiy astronomik asbob. Tekis maydonga o`rnatilgan tik ustuncha. Gnomon soyasining uzunligi va yo`nalishiga qarab Quyoshning gorizontdan balandligini va azimutini aniqlash mumkin. Hozir quyosh soati sifatida qo`llaniladi.
Gorizont (yunoncha gorizo - cheklayman), ufq - yer yuzasining ochiq, tekis yerda (masalan, dengizda) atrofimizda ko`ringan bir qismi. Gorizont doira shaklida bo`lib, kuzatuvchi shu doiraning markazida turadi. Balandga ko`tarilgan sari gorizont kengaya boradi: o`rta bo`yli odam tekis joyda taxminan 4,5 km gacha masofani ko`radi, 10 m balandlikdan 11,3 km, 100 m balandlikdan 35,7 km, 1000 m balandlikdan 121 km, 5 km balandlikdan 271 km masofagacha ko`rinadi. Yer bilan osmon bir-biriga tegib turganday ko`ringan chiziq gorizont chizig`i deyiladi.
Gorizont tomonlari— gorizontning to`rtta asosiy - shimol, janub, sharq, g`arb tomonlari.
Gorizontallar, izogipslar (yunoncha izos - teng va gipsos - balandlik) - geografik xaritada dengiz sathidan bir xil balandlikdagi nutqalarni birlashtiradigan chiziqlar. Gorizontallar yer yuzasining relyefi to`g`risida tasavvur be­radi.
Gorst (nemischa gorst - tepalik) - yer po`stining uzilmalar bi­lan ajralib, ko`tarilgan qismi.
Graben (nemischa graben  chuqurlik) - yer po`stining uzilmalar bilan ajralib chuqqan qismi. Graben botiq shaklida bo`ladi. Ba’zan grabenlar o`rnida ko`llar paydo bo`ladi (Issiqko`l).
Gradus (lotincha gradus - qadam, bosqich), daraja  - 1) burchak o`lchov birligi; aylananing 1/360 ulushiga teng. Gradus ° belgi bi­lan belgilanadi.
Gradus to`ri - geografik xarita yoki globuslarda meridianlar bilan parallellarning kesishishidan paydo bo`lgan to`r. Gradus to`ri yer sharidagi har qanday nuqtaning o`rnini aniqlashga imkon beradi.
Granit (lotincha granum - do­na) - otqindi tog` jinsi. Granit yer po`stining chuqur qismida, magmaning butunlay kristallanishidan hosil bo`ladi. Granit tarkibida kvars, kaliyli dala shpati, plagioklaz biotit va qisman amfibol bo`ladi. Granit imorat devorlarini bezash, poydevor, zinapoyalar yasashda, haykaltaroshlikda ishlatiladi.
Grafit (yunoncha grafu - yozaman) - mineral, yer po`stida uchraydigan sof uglerodning bir ko`rinishi. Rangi qora va to`q kul rang, metallsimon yaltiroq. Kon­lari Ural, Ukraina, Sibir, O`zbekistonda grafit Toshqazganda topilgan; chet ellarda Kanada, Shri-Lanka, Avstraliya, AQSh. Grafitdan tigel, qalam, elektrod, buyoqlar tayyorlanadi.
Grunt (nemischa grund - zamin, tuproq) - tuproq tagidagi har sanday tog` jinslari. Grunt insonning injenerlik binokorlik faoliyati ob’yekti hisoblanadi. Grunt odatda, nurash po`stining ustki qismidir.
Grunt suvlari - yer yuzasiga yaqin joylashgan doimiy suvli qatlamning yer osti suvlari. Grunt suvlari joylashgan qatlam ustida suv o`t­kazmaydigan qatlam bo`lmaydi. Grunt suvlari bosimli bo`lmaydi va faslllarga qarab sathi hamda sarfi o`zgarib turadi. 

Go`zar (tojikcha guzar – o`tish, kechib o`tiladigan joy) - 1) shahar yoki qishloqning chorraha yoki choyxona va magazinlar, baqqollik va qassoblik do`konlari bo`lgan gavjum va serqatnov, obod joyi; 2) Xorazmda soydan qayiqlarning o`tish joyi va odam o`tishi uchun qo`yilgan maxsus qayiq.
Gum – chuqurlik, o`rama, jahannam, zov

Gumid iqlim, sernam iqlim – yog`inlar miqdori bug`lanishdan ko`p bo`lib, natijada ortiqcha namlikka ega bo`lgan joylar iqlimi, tundra, aralash o`rmonlar zonasi va nam subtropiklarning ko`p qismi, baland tog`larning yuqori chegaralari gumid iqlimga ega.

Gagat– toshko`mirning to`q qora, o`ta yaltiroq turi. Qattiqligi 3 – 3,5. Dengiz loyqalari ostida ko`milib qolgan daraxt qoldiqlaridan vujudga keladi.
Galaktik yil – Quyosh va unga yaqin yulduzlarning galaktika markazi atrofida to`la bir marta aylanish davri.
Galaktik toj – galaktika atrofini o`rab turuvchi kosmik nurlar. Bu nurlar milliard yillarda yerga yetib keladi.
Galaktika– quyoshni o`z ichiga oladigan yulduzlar sistemasi. Yunoncha somon yo`li.
Galo– atmosferada sodir bo`ladigan optik hodisa. Asosan muz kristallaridan tashkil topgan bulutlarda yorug`lik sinishi. Galoda quyosh, oy atrofida halqa hosil bo`ladi.
Galaktik yil – Quyosh va unga yaqin yulduzlarning galaktika markazi atrofida to`la bir marta aylanish davri.
Galaktik toj – galaktika atrofini o`rab turuvchi kosmik nurlar. Bu nurlar milliard yillarda yerga yetib keladi.
Galaktika– quyoshni o`z ichiga oladigan yulduzlar sistemasi. Yunoncha somon yo`li.
Galo– atmosferada sodir bo`ladigan optik hodisa. Asosan muz kristallaridan tashkil topgan bulutlarda yorug`lik sinishi. Galoda quyosh, oy atrofida halqa hosil bo`ladi.
Galofitlar - gipsda o`suvchi o`simliklar. 
Galogen yotqiziqlar – kimyoviy yo`l bilan hosil bo`lgan cho`kindi jinslar. Sho`r suvlarda turli tuzlarning cho`kishidan hosil bo`ladi.
Garmsel– issiq va quruq havo oqimi. Qizilqum va Qoraqum cho`llarida qizigan quruq havoning atrofga esishidan hosil bo`ladi.
Geyzerlar– vaqti-vaqti bilan fontan bo`lib otilib turuvchi issiq buloqlar.
Geliograf– quyosh fotosuratini olish uchun ishlatiladigan teleskop.
Gelioskop– quyosh sirtini oddiy ko`z bilan ko`rishga imkon beradigan teleskop.
Geografik zonalar – geografik qobig`ning geografik mintaqalar doirasida asosan issiqlik bilan namlik miqdori va nisbatiga qarab muayyan tartibda qonuniy almashinib boradigan asosiy landshaft qismlari.
Geografik zonallik – yer geografik qobig`i tarkibining asosiy qonuniyatlaridan biri.
Geografik xaritalar – yer yuzasi yoki uning biror qismining belgilangan masshtabda xartagrafik tasvir asosida, shartli belgilar yordamida, saralangan, umumlashtiriligan va kichiraytirilgan tasviri.
Geografik kenglik – biror joyning ekvatordan qanchalik uzoqda ekanligini ko`rsatadigan miqdor.
Geografik koordinata – biror nuqtaning yer yuzasidagi o`rnini aniqlaydigan miqdorlar. Geografik koordinatalar geografik kenglik va geografik uzunliklardan tarkib topgan. Yer yuzasidagi har bir nuqtaning kenglik va uzunligi uning geografik koordinatasi deyiladi.
Geografik landshaft – yer geografik qobig`ining tabiiy taraqqiyoti davomida vujudga kelgan va o`z tabiati bilan boshqa joylardan farq qiladigan qismi.
Geografik mintaqa – yer yuzasi kenglik – zonal tabiiy geografik bo`linishining eng yirik qismlari. Geografik mintaqa bir-birlaridan iqlimi bilan farq qiladi.
Geografik landshaft (nemischa land - yer, shaft - manzara, ko`rinish) - Geografik qobiqdagi tabiat komponentlarining o`zaro ta`siri, aloqalari muvozanatiga ko`ra boshqa joylashdan farq qiladigan, tabiiy chegaralarga ega bo`lgan hududiy tabiat komplekslariga aytiladi.
Geografik muhit - tabiatning odamni o`rab olgan, inson jamiyati bilan bevosita o`zaro ta`sir va aloqada bo`lib turadigan, ya`ni Yerning odam hayoti bilan juda yaqindan bog`langan qismi.
Geografik uzunlik – muayyan joyning boshlang`ich meridiandan qanchalik uzoqda ekanini ko`rsatuvchi miqdor.
Geografik qobiq – yerning litosfera, gidrosfera, atmosfera va biosferalar o`zaro tutashadigan va bir-biriga ta`sir etadigan qobig`i.
Geografik qutblar – yer aylanishidan hosil bo`lgan hayoliy o`qining yer yuzasi bilan kesishgan matematik nuqtalari.
Geodeziya– yer shakli va o`lchamlarini aniqlash, yer sirti tasvirini plan va xaritalarga tushirish, yer sirtida o`lchash ishlarini olib borish usullari haqidagi fan.
Geologik vaqt – tog` jinsi qatlamlarining paydo bo`lishiga ketgan vaqt.
Geologik yosh – biror geologik voqeaning sodir bo`lganidan hozirgacha yoki biror yangi geologik hodisagacha o`tgan vaqt.
Geologik xaritalar – yer yuzasining geologik tuzilishini tasvirlovchi xaritalar.
Geologik svita – tabiiy geografik muhitda hosil bo`lib, ma`lum stratigrafik shkalani egallagan yotqiziqlar turkumi.
Geologik sistema – ma`lum geologik davrda to`plangan cho`kindi jinslar qoplami.
Geologiya– yer haqidagi fan.
Geomagnit kengligi – magnit qutb bilan kuzatilgan nuqta orasidagi burchak.
Geomagnit meridian – yer magnit maydonining gorizontal vektori yo`nalishi.
Geomagnit ekvator – qiymati nolga teng bo`lgan izoklin chizig`ning geografik nomi.
Geomagnit qutblar – geomagnit kordinatsiyasi tizimidagi qutb.
Geosferalar– yer sharining turli zichlik va tarkibidagi konsentrik qobig`i.
Geotektonika– yer po`stidagi harakatlarni va tog` jinslarining yotish holatlarini o`rganuvchi fan.
Geotermik gradiyent – yer ostiga tik tushilganda 100 metr chuqurlikda haroratning qancha oshib borishini ko`rsatuvchi miqdor.
Geotermik pog`ona – yer ostiga tik tushilganda tog` jinslarining haroratini 1 daraja oshib borishini ko`rsatuvchi kattalik(metr hisobida)
Gigrografiya– havo namligini uzluksiz qayd qiluvchi asbob.
Gigrometr– havodagi suv bug`ining miqdorini aniqlaydigan asbob.
Gigroskopik suv – tog` jinslari zarralarining yuzasini yupqa holatda o`rab turuvchi bir molekulali suv(bug`).
Gidrogeologik xaritalar – yer osti suvining kimyoviy tarkibini aks ettiruvchi xaritalar.
Gidrogeologik havzalar – yer osti suvlari to`planadigan geologik havza.
Gidrologiya– yer sharini ustki qismi suvlarini o`rganuvchi fan.
Gidrometiorlar– do`l, qirov, shudring.
Gidromorf tuproqlar – zax so`ruvchi tuproqlar. Zax yaqin yerlarda vujudga keladi.
Gidrosfera– yer sharini okean va dengizlar, daryo va ko`llar, qar va muzliklar, tuproq, botqoqlik va yer osti suvlaridan iborat suv qobig`i.
Gidroshaxta– yer ostidagi ko`mir qatlami kon ustiga yuqori bosimli suv oqimi ta`sirida chiqariladigan shaxta.
Gidroelektr stansiya – (GES) suv oqimi energiyasini elektr energiyaga aylantirib beradigan inshoot.
Gidrofitlar - suvda va nam sharoitda o`suvchi o`simliklar.
Golfstrim– Atlantika okeanining shimoliy qismidagi iliq oqim.
Gondvana– gipotetik materik. Gondvana geologlar fikricha paleozoy va mezazoy erasida bo`lgan. Janubiy Amerika, markaziy Afrika, Avstraliya va Antarktidani o`z ichiga olgan.
Gorizont– ufq.
Gorizontallar– izogipslar-geografik xaritada dengiz sathiga nisbatan bir xil balandlikda bo`lgan nuqtalarni birlashtiradigan chiziq.
Graben– yer po`stini uzilmalar bilan chegaralanib cho`kkan qismi.
Grunt suvlar – yer yuzasida pastda, birinchi suvli tog` jinslari g`ovaklarida yig`ilgan suv, o`zidan suv o`tkazmaydigan ikkinchi qatlam ustida bo`ladi.
Grivalar– qiya yon bag`irlarida 10 m dan 60 m balandlikka cho`zilib ketgan to`lqinsimon jo`yaklar.
Gumus (chirindi)– organik modalar parchalanishining oxirgi mahsuloti, u qancha ko`p bo`lsa, tuproq shancha hosildor bo`ladi.
Geografiya– fan. Yerni tasvirlab chizaman degan ma`noni anglatadi.
Geografik atlas – geografik xaritalarning albom shaklidagi to`plami. Liviyaning afsonaviy qiroli nomi.
Glyatsial - lotincha "muzli" degan ma`noni anglatadi.
Globus– yerning kichiraytirilgan shakli.
Giperboriy okeani – Shimoliy Muz okeani okean sifatida 1650-yil ajratilgan va o`sha davrda shunday nom bilan yuritilgan.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.