Turkiya Respublikasi
Osiyo va Yevropa qit’alarida joylashgan davlat. Gretsiya, Bolgariya, Gruziya,
Armeniya, Eron, Suriya, Iroq davlatlari bilan chegaradosh. Shimoliy qismini
Qora dengiz, janubini O'rta dengizi, g'arbini Egey dengizi suvlari yuvib
turadi. Marmar dengizi, Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlari orqali mamlakatning
Yevropa va Osiyodagi hududlari ajralib turadi.
Ma’muriy jihatdan 76 viloyatdan
iborat. Davlat tuzumi - Respublika. Davlat boshlig`i - Prezident. U har 7 yilda
saylanib, Qurolli Kuchlarning Bosh qumondoni vazifasini ham bajaradi. Hukumat
boshlig'i — Bosh vazir. Qonun chiqaruvchi hokimiyati 2 palatali parlament
(Buyuk Millat majlisi).
Aholisining soni 81,0 mln. kishi, o'rtacha yillik o‘sish sur’ati 1,0 foizga teng.
Din nuqtayi nazaridan islomga
mansublar 99,8 % ni va boshqalar 0,2 % ni tashkil etadi.
Davlat tili - turk tili.
Usbanizatsiya darajasi 70,1% ga teng.
Etnik tarkibi - 87% i turklar, 10% i kurdlar, 1,7 % i arablar, greklar va boshqa xalq vakillari. Mamlakatdan tashqarida 6 mln. turk yashaydi. Aholi zichligi 1 km.kv maydonga 105 kishidan to‘g‘ri keladi. Shahar aholisi 71,2% ga teng. Tabiiy o'sish har ming kishiga 15,9 kishidir. O'rtacha umrning davri erkaklarda 69 yosh, ayollarda 75 yoshga teng. Aholining 14 yoshgacha bo'lgan qismi 28%, 15-64 yoshgacha bo'lganlar 63 % ni, 65 yoshdan kattalari 8 % ni tashkil qiladi.
Turkiya - BMT, XVF, NATO ga
a’zo.
Kichik Osiyo yarimoroli juda
qadim zamonlardan boshlab shimol, janub, g`arb, sharq o`rtasida savdo va
madaniy aloqalarni bog`lab turuvchi ko`prik bo`lgan. Miloddan avvalgi VIII-VI
ming yilliklarda bu yerda dehqonchilik va chorvachilik rivojlangan. Miloddan
avvalgi 3 ming yillikda birinchi shahar-davlatlar paydo bo`lgan. Jumladan, eng
kuchlisi Xatti davlati bo`lgan. Keyinchalik bu hudud Iskandar Zulqarnayn qo`l
ostida bo`ladi, I asrda esa u rimliklar qo`liga o`tadi. Keyinchalik Vizantiya
qaramog`ida bo`ladi. XI asrda turk saljuqiylar, undan keyin esa Usmonli turklar
qo`liga o`tadi. 1320-yilda Usmonli turklar imperiyasi shakllandi.
1923-yil 29-oktyabrdan Turkiya
mustaqil respublika bo`ldi. Poytaxti – Anqara shahri. Mamlakat tarixiy
obidalarga boy. Masjidlar, ibodatxonalar, tarixiy muzeylar shular
jumlasidandir. Mamlakatning g`arbiy va markaziy qismini Anadoli yassi tog`lari
egallagan. Sharqiy qismida esa Armeniya yassi tog`lari yastanib yotivdi.
Asosiy daryolari – Yoshil, Irman, Dajla, Frot, Araks, Chorax. O`rmonlar
15% maydonni egallaydi. Unda qayrag`och, archa, sarv daraxti, buk, eman, grab
va butalar o`sadi. Hayvonlardan bug`u, olmaxon, yovvoyi cho`chqa, bo`ri,
chiyabo`ri, ayiq, tog` echkisi, sirtlonlar yashaydi. Qushlardan qarg`a, burgut,
laylak, qaldirg`och hamda ilon va kaltakesaklar keng tarqalgan.
Turkiya – industrial-agrar
mamlakat. Mamlakatda xrom (dunyoda 3-o`rinda), surma, temir rudasi, volfram,
mis, marganes, simob, boksit, oltingugurt qazib olinadi. Rangli va qora
metallurgiya rivojlangan. Neftni qayta ishlovchi va kimyo zavodlarida mineral
o`g`itlar, ishqorlar, uy-ro`zg`or, kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mashinasozlikda
yengil avtomobillar, yuk mashinalari, avtobuslar, qishloq xo`jaligi
mashinalari, dengiz kemalari, stanoklar, elektr jihozlar ishlab chiqariladi. Zamonaviy
oziq-ovqat va to`qimachilik, qurilish materiallari va sement sanoat korxonalari
faoliyat ko`rsatmoqda. Teri-poyafzal, mebel va qog`oz ishlab chiqarish
rivojlangan. Qishloq xo`jaligida bug`doy,
arpa, suli, makkajo`xori, javdar, sholi, sabzavot ekinlari yetishtiriladi. Tamaki yetishtirishda dunyoda oldingi
o`rinlardan birida turadi. Bog`dorchilik va uzumchilik keng rivojlangan. Bundan
tashqari, choy, yong`oq ham yetishtiriladi. Chorvachilikda qo`ychilik,
echkichilik, qoramolchilik, yilqichilik rivojlangan. Turkiya angor echkisi
junini eksport qilish juhatdan oldingi o`rinlardan birida turadi. Ipakchilik va
baliqchilik rivojlangan. Turizm juda yaxshi rivojlangan.
Shaharlari: Istanbul, Anqara, Izmir, Adana, Bursa, Konya, Antaliya. Istanbul – turizmning yirik markazlaridan biri. Unga miloddan avvalgi VII asrda asos solingan. Dastlab Rim imperiyasi poytaxti bo`lgan. U paytda Konstantinopol deb ham yuritilgan. Hozirgi nomini 1930-yilda olgan. Shaharda muqaddas Sofiya muzeyi, ajoyib masjidlar bor. Vizantiya va musulmon arxitekturasi yodgorliklari ko`p.
Turkiyaning transport tizimi
taraqqiy etgan. Unda avtomobil transportining roli katta. Dengiz transporti
rivojlangan.
Eksportida mashina va avtobuslar, oziq-ovqat, yengil sanoat, elektrotexnika mahsulotlari, tamaki, quruq mevalar, qishloq xo`jaligi mahsulotlari yetakchilik qiladi.
Importida mashina uskunalari, xomashyo, transport vositalari va boshqalar ustun turadi.
Pul birligi – Turkiya lirasi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.