Fillar inson xizmatida 

9 090

Fil — quruqlikda yashaydigan eng ulkan hayvon. Fil tashqi ko’rinishi, g`alati tabiati bilan boshqa hayvonlardan keskin ajralib turadi.

Fil ko’rinishidan beg`am, qo’pol va beso’naqay bo’lsada, aslida ziyrak, hushyor va tabiati nozik hayvondir. Fil gavdasining balandligi 3,5 metrgacha, og`irligi 4,5 tonnagacha boradi. Xartumi — filning hidlash, sezish va ushlash a’zosidir.

U xartumi yordamida besh kilometr naridagi hidni seza oladi. Fil og`ziga ozuqani xartumi bilan uzatadi. U xartumiga 10—20 litr suvni tortib oladi-da, keyin og`ziga quyib ichadi, xartumiga suv olib o’zini cho’miltiradi.

Fil xartumida yo’g`on-yo’g`on xodalarni o’yinchoqday ko’taradi. Xartum ichida barmoqlarga o’xshash tarmoqchalar horki, fil ular yordamida yerdan juda mayda narsalarni, hatto o’tlar orasidan ignani ham topib oladi.

Fil xartumi bilan urib odamni oldirishi, yo’lbarsni esa mayib qilishi mumkin.

Fillar bir-birini yaxshi ko’rganida xartumi bilan quchoqlashadi, o’pishadi. Urg`ochi fil bolasini xartumi bilan erkalaydi va silaydi.

Fillar 70-80 yil umr ko’radi. Ular 18-20 yoshida balog`atga etadi. «Sevishgan» fillar dastlab alohida yashaydilar. Urg`ochi fil homilador bo’lgachgina podaga qaytib keladi. Shundan keyin uni keksa, tajribali urg`ochi fil nazorat qilib yuradi. 22 oy deganda filning ko’zi yoriydi. Chaqaloq filning banlandligi 1 metr, og`irligi 90 kilogramm keladi. U tug`ilishi bilanoq tik turadi, yurib ketadi, ko’p o’tmay sho’xlik qilib o’ynoqlay oladigan boladi.

Umuman, ona fil bolasiga juda mehribon bo’lib, uni doimo nazorat qiladi.
 
Fil ko’rinishidan qo’pol bo’lsada, daraxtlar orasidan epchillik bilan o’tadi. Fil yurganda changalzorda na barglarning shitirlashi va na shox-shabbalarning ovozi eshitilmaydi. Fil yurgan yo’ldan ohu yurganda ham ovoz chiqishi mumkin. Fil shunday ehtiyotkor hayvon.
Fillar ishtahali maxluqdir. Hind fili kuniga 250 kilogrammgacha ozuqa yeydi. U, asosan, o’simliklar: daraxtlarning barglari, shox-shabbalari, po’stlog`i, mevalari, bambuklar va har xil o’tlar bilan oziqlanadi.

Қuruqlikda yashaydigan hayvonlar ichida suvga eng o’chi fildir. Bitta fil kuniga 100—200 litr chamasi suv ichadi. Suvni ko’rdimi, o’tib ketolmaydi. Darhol suv ichadi, yuvinadi, cho’miladi. Fil suvda rohatlanib, miriqib cho’milishni yoqtiradi. Beso’naqayligiga qaramay, suvda yaxshi suzadi, ustidagi yuklari bilan ham daryodan suzib o’ta oladi.

Fil hamiyatli hayvon hisoblanadi. Biron falokat ro’y bergudek bo’lsa, ular bir-birlariga ko’maklashadilar. Fil jarohatlansa yoki xastalansa, sheriklari uni xartumi va tishlari bilan oyoqqa turg`izib, suyab, xavf-xatarsiz joygacha eltib qo’yadilar.

Fillardan biri chuqurga tushib. ketgudek bo’lsa, sheriklari uni chuqurdan chiqarish payida bo’ladilar: xartumlari bilan tortib olishga urinib ko’radilar, buning iloji bo’lmasa, chuqurning bir chekkasini tishlari bilan o’yib nishab qiladilar; xullas, ilojini qilib sheriklarini chuqurdan qutqarib oladilar. Kunlardan bir kuni Hindistonda fillar podasining boshlig`i — sardori tepalik-dan temiryo’l iziga ag`darilib tushgan. Boshqa fillar vvni qutqarmoqchi bo’lib temiryo’l atrofida to’dalashib qolishgan. Natijada poyezdlar qatnovi 4 soatga to’xtab qolgan. Har bir fil podasining sardori bo’ladi.

Fillarning xotirasi juda yaxshi. Ular o’zini qiziqtirgan yoki kuchli taassurot qoldirgan narsalarni, voqealarni bir necha yilgacha eslaridan chiqarmaydilar. Filni jabrlasangiz, u buni aslo unutmaydi. Ko’p marta ozor bergan kishidan fil qasos olishi ham mumkin. AҚShdagi Gollivud kinokompaniyasida bir qo’pol operator kinoga olayotganida filga bo’lar-bo’lmasga ozor beravergan. Bir kuni suratga olayotgan paytda operator filning xartumiga oyogg`i bilan bir necha marta tepgan. Ko’pdan buyon ozor yeb kelgan fil ortiq chidolmay, operatorni xartumi bilan dast ko’tarib daraxtga qisib qo’ygan. Operatorning ikki qovurg`asi singan, Fil insof qilgan, u operatorni majaqlab tashlashi ham mumkin edi.

Fil biron kimsaga mehr qo’ysa, uni hech yodidan chiqarmaydi. Ichib mast bo’lgan egasini uyiga eson-omon eltib qo’yadigan, bola boqadigan fillar ham bor.

Fil, umuman, yuvosh hayvon. Ammo jazavasi qo’zisa… qilg`ilikni qiladi. Masalan, Hindistondagi qishloqlardan biriga 50 tacha yovvoyi fil hujum qilib, dehqonlarning uy-joylarini vayron, ekinlarini payhon, odamlarni halok qilganligi, Afrikaning Chad mamlakati janubida esa fillar juda katta poda ho’lib dehqonlar dalasiga bostirib kirganligi, ikki qishloqdagi ikki ming gektar ekinni payhon qilganligi ma’lum. Hindistonning G`arbiy Bangol viloyatida yovvoyi fillar hujumidan 1973-yilda 14 kishi, 1974-yilda 19 kishi halok bo’lgan. 1974-yildagi fellar hujumi dastidan 250 dan ortiq uy vayron bo’lgan. Fillar ko’proq och va suvsiz qolganlarida qishloqlarga hujum qilishadi. Birmada fillar hujum qilib parovozni ag`dargan, degan gap ham tarqalgan edi.

Yer sharida fillarning ikki turi mavjud, bulardan biri hind feli. U Osiyoda: Hindiston, Bangladesh, Birma, Tailand, Vetnam, Sumatra va Shri-Lankada yashaydi. Ikkinchisi — Afrika feli — Afrikaning savanna va nam ekvatorial o’rmonlarida yashaydi Hind fillari Afrika fillariga nisbatan ancha «yuvosh, juda  mehnatkash, yumushkor bo’ladi, qo’lga tez o’rganadi. Hind fili tishining uzunligi 1—1,5 metr keladi. Urg`ochi filning uzun tishi bo’lmaydi.

Afrika fillari juda badfe’l, odamga o’rganishi qiyin. Hind filidan yirikroq, qulog`i katta — shalpangquloq, tishlari ancha uzun (uzunligi 3—4 metr, og`irligi 100 kilogramm) keladi; urg`ochi filning ham uzun tishi bo’ladi.

Afrika fili uxlaganida yotmaydi. U tush paytida katta daraxtga suyanib mudraydi yoki uxlaydi. Fillar har gal ovqatlanganidan keyin yarim soatcha mizg`ib oladi. Ular uxlagan paytida ham xatarli hidni o’z vaqtida sezib olish uchun xartumini yuqori ko’tarib turadi.
«Fil sichqondan qo’rqadi, chunki sichqon filning xartumiga kirib ketarmish», deyishadi, shu to’g`rimi? Bu, noto’g`ri. Fil xartumiga sichqon kirishidan qo’rqmaydi. Mabodo sichqon filning xartumiga kirgudek bo’lsa, uni chirpirak qilib tuflab yuboradi. Lekin «fil sichqondan qo’rqadi» degan iboraning zamirida haqiqat bor. Fil zabardast, ammo tabiati, asabi nozik maxluq. U qitirlagan tovushga chidab turolmaydi. Sichqon va kalamushlarning narsalarni qitirlatib kemirishi filni asabiylashtirib yuboradi, jazavasini qo’zg`atadi.

1947-yilda Moskvadan Kiyev hayvonot bog`iga bir nechta hayvon bilan birga fil ham poyezdda jo’natiladi. Poyezd yo’ldagi bekatlardan birida bir necha kun turib qoladi. Fil alohida vagonda oyoqlari vagon poliga zanjir bilan mahkamlangan holda keltirilayotgan edi. Fil negadir g`azabga kelib, vagon taxtalarini ko’chirib tashqariga ota boshlaydi, qo’shni vagonda qafas ichida yotgan bo’rini, so’ngra yo’lbarsni qafasi bilan uloqtirib tashlaydi. Yo’lbars qafasdan chiqib ketadi… Bularning hammasiga kalamush sababchi bo’lgan; uning fil oldidagi qoldiq ozuqani qitirlatib kemirishi filning jahlini chiqargan, asabini buzgan.

Fillarning maxsus mozori bo’lar ekan, degan rivoyatlar tarqalgan. Қimmatbaho fil suyaklari deb fil mozorlarini axtargan, ularni topolmay sarson bo’lgan kishilar oz emas. Shri-Lankada yashaydigan xalqlarning aytishicha, fil hayotining so’nggi kunlarida o’rmonga kirib ketib batamom g`oyib bo’lar emish. Afrikaliklarda ham shunga o’xshash rivoyatlar bor.

Tadqiqotchilar va sayyohlarning fikricha, fillar qarib qolganidan keyin darmondan ketadi, muskullari bo’shashadi. Bemajol fil loy yoki botqoqliklarga botib shu yerda qolib ketishi, timsohlarga yem bo’lishi ham mumkin. Biror sabab bilan o’lib qolgan filni podadagi sheriklari yerni kavlab ko’mib ketgan hollar ham bo’lgan.

Fil suyagi qimmatbaho hisoblanadi. Fil suyagidan katta daromad olishni dastlab arablar boshlab bergan. 1900-yilda fil suyagi bilan savdo qilish hind savdogarlari qo’liga o’tadi. Fil suyagidan har xil ziynat buyumlari, zirak, marjon, pichoq, haykal, qo’g`irchoq va musiqa asboblari yasaladi. Odamlar fil tishi, fil suyagi uchun qanchadan qancha fillarni qirib yuborishgan.

Fil — odamlarga el bo’ladigan maxluq. Fillarni xonakilashtirish Hindistonda juda qadim zamondan rasm bo’lgan. Fillar qadimdan inson xizmatida. Iskandar Zulqarnayn Hindistonga yurish qilganida fillar jangga solingan. Ular saf tortib, og`ir tanklardek bostirib borib yovga dahshat solgan, haybatli fillarni ko’rgan dushman tumtaraqay qochgan.

Changalzorlarda yo’l ochish, xoda-yog`och tashish, og`ir ishlarni qilishda fil tengi yo’q hayyon. Odamlar shu maqsadda, vovvoyi fillarni tutib qo’lga o’rgatishgan.

Filni tutish usuli bir necha xildir. Biz shularning bir xilinigina aytib bermoqchimiz. Janubiy Hindistonda mana bu usul qo’llaniladi: fillar ko’proq yuradigan joy aniqlanadi. Ular o’tadigan yo’l ustiga enini va bo’yini 3 metrdan qilib o’ra qaziladi, o’raning chuqurligi 4 metr bo’ladi. o’raning usti shox-shabba bilan omonat yopiladi, ustiga biroz tuproq tashlanadi.

Fillar inson xizmatida. o’raga yiqilib tushganida fil shikastlanmasligi uchun o’ra tubiga qalin qatlam qilib barg solinadi.

Fil ovlovchilardan bir nechtasi chetda poylab yotadi. O’raga fil yiqilishi bilanoq ular zudlik bilan tegishli odamlarga xabar beradi. Odamlar ko’pchilik bo’lib yig`ilishadi. Sherigini qutqarish payida yurgan boshqa yovvoyi fillar miltiq otib, shovqin ko’tarib haydab yuboriladi. Fil chuqurdan chiqishga urinadi, lekin maxsus o’rgatilgan fillar uning chiqishiga yo’l qo’ymaydi, 18 soat shunday davom etadi. Bu vaqt ichida fil chiqishga urinaverib charchaydi, holdan toyadi. Ana shundan keyin filga sirtmoq solinadi. Chuqurning bir cheti qiya qilib o’yiladi yoki chuqurga yo’g`on xodalar tashlanadi. o’rgatilgan fillardan ikkitasi chuqurdan filni tortib chiqaradi. Shu tarzda tutilgan fil belgilangan joyga jo’natiladi. Agar chuqurga filning bolasi tushgan bo’lsa, ona fil har qancha haydashsa ham chuqurdan nariga ketmaydi, uning atrofida kun bo’yi «yig`lab» yuradi…

Fil muloyim va xushmuomala, odamoxun va itoatgo’y bo’lib, ancha og`ir ishlami bajaradi. Fillar ayrim hollarda zamonaviy texnika o’rnini ham bosadi: chakalakzorlarni tozalaydi, to’nkalarni sug`uradi, yo’llarni tekislaydi, og`ir yuklarni ko’taradi, vagonlarga yuk ortib-yuk tushiradi, loyga botib qolgan mashinalarni tortib chiqaradi, yuk va odam tashiydi. Katta daryolarga ko’prik solish, yo’l qurish va yer haydash ishlarida ham fillardan foydalaniladi. Ular har qanday noqulay sharoitda o’tish qiyin bo’lgan changalzorlarda ham, botqoqlikda ham ishlayveradi. Changalzorda yog`och tashish oson ish emas, ammo fil o’rmonda og`irligi bir-ikki tonna keladigan yog`ochlarni bemalol sudrab ketaveradi.

Fillar xotirasi yaxshi bo’lganligidan uzoq masofalarga boriladigan yo’llarni yaxshi eslab qoladi. Borilgan yo’ldan o’zi, adashmay manziliga qaytib keloladi. Fil jami 60-70 xil ish hajarishi mumkin. Bir ish ketidan ikkinchisini o’zi bajaraveradi.

Fillar maxsus «maktab»larda ishga o’rgatiladi, so’ngra ishga yo’llanma oladi. «Diplom»li tajribali yuk tashuvchi fillarning bahosi 20 ming rupiyagacha boradi. Boshqa oddiy fillarning bahosi esa 4—5 ming rupiyadan ortmaydi. Hozir Shri-Lankaning o’zida 10 mingdan ortiq ishchi fil bor. Shri-Lankada fillar «maktabi» bor. «Maktab»ga 5 yoshdan 10 yoshgacha bo’lgan fillar qabul qilinadi; bu yoshda fillar qobiliyatli, idrokli va xotirasi o’tkir bo’ladi. Yoshi o’tgan, masalan, 30 yashar filning zehni pasaygan bo’lib, muallimlarini qiynab qo’yishi mumkin. «Maktab»da o’qishni uddalay olmagan fillar o’rmonga haydab yuboriladi. Fillarga «maktab»da ikki xil baho qo’yiladi: «qoniqarli» va «qoniqarsiz». Fillarning «maktab»da o’rganadigan «fan»lari: gimnastika, dala ishlari, og`ir yuk tashish, filbon bilan muomala qilish, to’nka sug`urish va fillar axloqi. Fillar suvni yaxshi ko’rishini nazarda tutib, ular har kuni ikki soat cho’miltiriladi. Har kuni cho’miltirib turilmasa, ularning «dangasa» bo’lib qolishi, tanballik qilishi hech gap cmas.
Fil, odatda, shovqinni yoqtirmaydi. To’satdan eshitilgan shovqindan fillar sarosimaga tushib, o’zlarini boshqarolmay qoladi. Shunday vaqtda ular hammayoqni ag`dar-to’ntar qilishi, odamlarni shikastlashi mumkin. «Maktab»da fillar muntazam ravishda shovqin eshittirib chiniqtiriladi. Keyinchalik ular poyezd, yuk mashinalarining shovqinini pisand qilmaydigan bo’lib qoladilar.

O’rgatilgan fillar kunduzi ishlaydi, tunda esa jamoasi bilan hirga bo’ladi. Fillar yolg`izlikni yoqtirmaydi.

Fil — juda aqlli hayvon. «Maktab»ni bitirgan fil filbonning har xil buyrug`ini darhol tushunib, uni bajaradi, filbonning qo’lidan tushib ketgan buyumlarni ham olib beradi.

Diniy marosimlarda qatnashuvchi odamlar o’z ataganlarini odatga ko’ra sochib yuboradilar. Fil sochilgan tangalarni bitta qo’ymay terib olib egasiga topshiradi.

«Maktab»da har filga bitta muallim tayinlanadi. Filga ovqat berish, uni yuvintirish ham shu muallim zimmasida boladi. «Maktab»da fil estetik tarbiya ham oladi. Shuning uchun «ma’lumotli» fil yoqimli musiqani zavqlanib tinglaydi.
manba: megadunyo.uz

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.