«Gumburlovchi suv» 

4 623

Yer yuzidagi go‘zal manzaraga ega bo‘lgan tabiat go‘shalaridan biri – bu sharsharalardir. Ona sayyoramizda sharsharalar juda ko‘p. Ularning eng yiriklari – Anxel, Viltoriya, Iguasu, Niagara hamda Livingiston sharsharalaridir. Bular orasida Niagara sharsharasi o‘zining betakrorligi bilan alohida ajralib turadi.

Niagara so‘zi mahalliy indeyslarning irokez qabilasi tilida «gumburlovchi suv» degan ma’noni bildiradi. Haqiqatan ham, bir me’yordagi gumburlash ovozi 20-25 km olisdan eshitilib turadi.

Niagara sharsharasining suvi 17-18 qavatli bino balandligicha keladigan joydan bastga otilib tushadi. Yashil rang suv sharsharadan pastga tushib ko‘pirib ketadi. Qirg‘oqdagi daraxtlarning ildizlari suvda ilondek to‘lg‘anib yotadi. Sharshara suvlarida parchalangan qayiq qoldiqlari ham uchrab turadi. 

Sharshara yaqinida, ko‘zga ko‘rinarli joyda «qutqaruv chambaragi» osib qo‘yilgan bo‘lib, unga «Suvga zaruratsiz tashlagan kishiga bir yillik qamoq» deb yozib qo‘yilgan. «Qutqaruv chambaragi» har ehtimolga qarshi, biror kishi qayig‘ini boshqarolmay sharsharaga yaqin kelib qolganda uni qutqarishga mo‘ljallangan. 1960-yil J. Xonikot qayiqda bir bola bilan bir qizni aylantirib yurganida qayiq ag‘dariladi, Xonikot qayig‘i bilan cho‘kib ketadi, suvda oqib kelayotganda qizni bir amallab sharshara yonida ushlab qolishadi. Qizning 7 yoshli ukasi – Rodjerni hammaning ko‘z o‘ngida suv o‘z qa’riga oladi. 

Niagara sharsharasining sohil devori bir kilometrdan ortiqroq masofaga cho‘zilib ketgan. Mana shu masofada mayda suv zarralaridan rang-barang kamalak vujudga kelib, quyosh nurida tovlanib, jilolanib turadi.

Niagaraning bir sohili AQSH bo‘lsa, narigi sohili – Kanada. Odamlar, mashinalarning harakati shundaygina ko‘rinib turadi. Niagaraning Kanada sohilida balandligi 100 metr keladigan, ko‘rinishidan zarg‘aldoq rang qo‘ziqorinni eslatadigan restoranli minora qurilgan. «Boy qizi» (qo‘ng‘iz) taqlididagi lift minoraning tepasiga olib chiqadi. Niagara sharsharasining ulug‘vor manzarasiga nigoh tashlashni istagan sayyoh ana shu «Boy qizi»da «sayr» qilishi mumkin. Niagara daryosining AQSH sohilida ham shunga o‘xshash minora bor. Bu minoradan sharshara manzarasi yaxshi ko‘rinsa-da, minoraning o‘zi Kanadadagi minoradan past va tepasida restorani yo‘q. 

Mazkur sharshara 9000 yil muqaddam Niagara daryosida dolomitli ohaktosh va gilli slaneslardan tuzilgan jarlikda vujudga kelgan. Daryo o‘rtasidagi orol Niagara sharsharasini ikkiga bo‘lgan. Sharsharaning chap tomonidagi – Kanadaga qarashli qismining kengligi 800 metr va balandligi 48 metr; sharsharaning o‘ng tomondagi – AQSHga qarashli qismining kengligi 300 metr va balandligi 51 metrdir. Niagara sharsharasidan har sekundda 5500 kub metr suv tushib turadi. Shu sababdan juda katta quvvatga ega. Daryoning AQSH va Kanada qismiga bir nechta GES qurilgan. Sharsharadagi GES uchun to‘g‘on qurib ovora bo‘lishmaydi. Suv turbinalarga toshlar orasidan kovlangan tunnel orqali o‘tadi. Gidroelektr stansiyalardan biri sharsharadan biroz pastroqda joylashgan bo‘lib, uni hamma ham payqay olmaydi. Niagara suvining faqat 27 foizidangina gidroelektr stansiyalarida foydalanish mumkinligi haqida qonun bor. 

Niagara sharsharasini ziyorat qiluvchilar shunchalik ko‘pki, sharshara gidroelektr stansiyaga qaraganda ko‘proq daromad keltiradi.

Niagaraning «nuqsoni» – sharshara ostonasining sekin-asta yemirilib orqaga chekina borishidir. Ostona yiliga bir necha santimetrdan tortib bir yarim metrgacha yemirilayotgani sababli sharshara «tavallud topgan» kunidan buyon 11 kilometr orqaga chekingan. Ba’zan sharshara ostonasida o‘pirilish ham ro‘y berib turadi. O‘pirilish sharsharani kemtik qilib, husnini buzishi mumkin. 1971-yilda xuddi shunday xavf vujudga kelganda «sharsharani darhol ta’mirlash zarur» degan qaror qabul qilingan. AQSH tomondagi suv Kanada tomonga burib yuborilib, o‘zani sinchiklab ko‘zdan kechirilgach, zarur joylari eng oliy nav sement bilan yamalgach, sharshara yana ishga tushirib yuborilgan.

Tabiatning ajoyib me’moriy mahsuli hisoblangan sharsharalar dunyoda juda ko‘p, ammo Niagaradek mashhur va shov-shuvga sababchi boshqa sharsharaning o‘zi yo‘q. Bu jihatdan Niagara Yer sayyorasida yakka-yagonadir. Niagaraga har yili 16 millionga yaqin sayyoh kelib ketadi. Bundan ikki yuz ellik yil muqaddam dovyurak, jahongashta odamlargina ko‘rishga muyassar bo‘lgan bu ajoyib dargohni hozir keksalar ham nabiralari bilan birgalikda borib ko‘rmoqdalar. Yevropaliklar sharsharani dastlab XVII asrda «ziyorat» qilganlar. Shundan beri fusunkor bu manzarani Yer yuzining turli chekkalaridan millionlab sayyohlar kelib ko‘rdi. Sharsharaning dovrug‘ini eshitib, uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun kelganlar orasida olimlarni ham, sarguzasht ishqibozlarini ham, hangomachi bekorchilarni ham uchratish mumkin.

Oradan bir necha asr o‘tganiga qaramasdan Niagara hamon odamlarning diqqat e’tiborida. Sharsharaga sayyohlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida uni ko‘z-ko‘z qilmoqdalar.

Niagara atrofida Quyosh botib, qosh qorayishi bilan Kanada tomonidan sharsharaga yorug‘ligi bir yarim million sham yorug‘ligiga teng bo‘lgan projektorlardan nur yog‘ila boshlaydi. Projektorlarning maxsus konstruksiyasi sharshara kaskadlariga dastlab to‘q qizil, bir minutdan keyin binafsha rang, yana bir minutdan so‘ng och sariq rang berib turadi.

Niagarani ko‘rish uchun kelgan sayyohlar sharshara atrofidagi parkda sayr qilishadi, sharshara o‘rtasidagi orolda bo‘lishadi, maxsus liftda sharshara etagiga tushishadi. Yuqoridan dahshat bilan tushayotgan sharshara tagida bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydi. Niagara haqiqatan ham ulug‘vor, fusunkor va salobatli ko‘rinishga ega.
 
Muxriddin AVEZOV,
Olmazor tumanidagi 278-maktabning 
geografiya fani o‘qituvchisi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.