Taygada yashash osonmi? 

4 460

  "Tayga” so‘zining kelib chiqishi turkiy tillarga borib taqaladi. Oltoyliklar tilida u "tog‘lar”, "olmaxon” ma’nolarini anglatadi. Yoqutlar tilida "o‘rmon” va "uzoq masofa”, mo‘g‘ul tilida esa "tog‘lar zanjiri”, "tog‘ o‘rmoni” ma’nosiga ega. Boshqa turkiy tillarda ham u "tov” – "tog‘” so‘zi bilan bog‘liq mazmunni bildiradi.
  Mutaxassislar shimoliy yarimshardagi ignabargli o‘rmonlar hududiga "tayga” nomini bergan. Bu hududning umumiy maydoni 9 million kvadrat kilometrga yaqin. Asosan archa, oqqarag‘ay, tilog‘och va qarag‘ay kabi ignabargli daraxtlar o‘sadigan ushbu o‘rmon mintaqasi Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning shimoliy qismlarini egallagan.
  Tayga mo‘tadil namchil hududda joylashgan. Bu yerlarda ignabarg o‘rmonlardan tashqari, botqoqliklar ham bor. Ular Kanada va Sibirdagi o‘rmonlarda ko‘p.
  Rossiyaning eng katta landshaft hududi taygadir. Yevropada esa Skandinaviya yarimoroli va Finlyandiya asosan shunday o‘rmonlar bilan qoplangan.
  O‘rmonlar yeriga nur kam tushgani sababli bu yerda butalar va changalzorlar yaxshi shakllanmagan. Yevropa shimolidagi taygalarda archa, Kanada va Alyaskada esa tilog‘och aralash archa o‘rmonlari, Ural taygalarida qayin ko‘p o‘sadi. Sibir va Uzoq Sharq o‘rmonlarida bo‘lsa, turli butalar va tilog‘ochlar siyrak yerlashgan.
  Tayganing hayvonot olami boy va xilma-xil. Silovsin, quyon, bug‘u, burunduq, suvsar va olmaxon ko‘p tarqalgan. Qushlardan kalqur, bulduruq, qarag‘ayqarg‘a ko‘p uchraydi. Taygada hayvonlar yashashi uchun sharoit tundraga nisbatan yaxshiroq. Shu sababli o‘troq jonzotlar ko‘p. Dunyodagi mo‘ynali hayvonlarning asosiy qismi taygada.
 Yevroosiyo taygalarini sayyoramizning "yashil o‘pka”si deyishadi. Chunki atmosferaning pastki qatlamidagi kislorod va uglerod muvozanati aynan shu o‘rmonlarga bog‘liq. Atrof-muhitni himoyalash va ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsadida Shimoliy Amerika va Yevroosiyo taygalarida bir qator qo‘riqxonalar tashkil etilgan.
  Taygalar yog‘och sanoatining xomashyo manbaidir. Bu yerda ko‘mir, neft, gaz kabi foydali qazilmalar topilgan va qazib olinyapti.
 Mintaqa aholisi asosan mo‘ynali hayvonlarni ovlash, dorivor giyohlar, yovvoyi yong‘oq, ho‘l meva va qo‘ziqorinlarni yig‘ish, baliqchilik, yog‘och tayyorlash va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Bu yerda aholi unchalik zich emas. Turli elatlarga mansub taygaliklar asrlar osha o‘z hayot tarzlarini o‘zgartirmay kelyapti.Ular garchi ko‘chmanchi bo‘lsa-da, butun yilni taygada o‘tkazadi, shu yerda qishlaydi. Boshqa ko‘chmanchilar kabi taygaliklar ham hayvon terilaridan tayyorlangan chodirlar va ko‘chma uylarda yashaydi. Bu chodirlar ichiga o‘choq quriladi va o‘t yoqib isitiladi.
  Bir-bir yarim oy davom etadigan yoz faslidagina yerdan qor ketadi. Bu paytda odamlar qish g‘amini yeyish bilan ovora bo‘ladi. Mevalar teriladi, ov qilinadi. Bundan tashqari, ularga vertolyotlarda boshqa oziq-ovqatlar ham keltiriladi. Xullas, qishga zaxira to‘planadi.
  Taygada o‘troq aholi ham bor. Ular yog‘och uyli qishloqlarda yashaydi. Bunday maskanlarda taygaliklarning farzandlari o‘qiydigan maktab-internatlar, tibbiy muassasalar ham bor.
  Aholi iqlim injiqliklariga qaramay, tomorqalarida turli sabzavotlar ham yetishtiradi. Biroq asosiy mahsulotlar "hayot qaynagan” hududlardan keltiriladi. O‘troq aholi asosan hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Ammo so‘nggi vaqtlarda shaharga ko‘chib ketish hollari ko‘paygan. Chunki shaharlarda ish topish oson va oliy ta’lim olish mumkin.
  Geologlar, neft-gaz sohasi mutaxassislari va ovchilar esa, ishlash uchun taygaga keladi. Maxsus shaharchalar va turar joy maskanlarida yashaydigan bu kishilarga oziq-ovqat vertolyotlarda tashib keltiriladi.
  Taygaliklarning hayot tarzi haqida o‘qigan yoki eshitgan kishi: "Shunday sharoitda ham yashab bo‘ladimi?” degan o‘yga borishi mumkin. Ammo ular kengchilikda, tabiat bilan uyg‘un shaklda kun kechiradilar. Shu bois sershovqin shahar-qishloqlarda eng so‘nggi texnika va axborot vositalari ichida yashayotgan kishilardan ko‘ra baxtiyorroq bo‘lsalar, ne ajab! 

Orif Tolib  
"Hidoyat” jurnalining 2014-yil 9-sonida chop etilgan. 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.