D - harfiga oid izohli lug`atlar 

8 402

Damashq - shahar, Suriya poytaxti. Shahar juda qadimdan-e.a. XVI asrdan ma'lum, bu davrda shahar qadimgi Misr kohinlari qo'l ostida bo'lgan. Misrliklar uni Timasku deb atashgan. Arablar Dimshiq deyishadi, etimologiyasi aniq emas.

Darling - Avstraliyaning janubi-sharqidagi daryo, Murrey daryosining o'ng irmog'i hisoblanadi. Charlz Styuart tomonidan 1829-yilda kashf etilgan. Yangi Janubiy Uels provinsiyasi gubernatori Rolf Darling nomiga Darling deb nomlangan.

Darussalom - shahar, Tanzaniya poytaxti. Shaharga 1862-yili asos solingan. Arabchada «tinchlik uyi» degan ma'noni bildiradi. Tanzaniyaliklar og'zaki nutqda oddiygina Dar deb atashadi.

Daugava - daryo, G'arbiy Dvina daryosi. Latviya hududi shunday ataladi. Latish tilida Daugava-«sersuv, ko'p suvli» degan ma'noda. Daugava daryosi bo'yidagi Daugavpils shahrining nomi ham daryo nomi asosida vujudga kelgan. Shaharga XIII asrda asos solingan. Toponimning ikkinchi qismi pils-«shahar» degan ma'noni ifodalaydi.

Dashti Kavir - cho'l, Eronda joylashgan. Kavir so'zi «sho'rxok», «botqoq yer» degan ma'noda. Kavir so'zining arabcha kabir («katta») so'ziga dahli yo'q, deydi H.Hasanov.

Dashti Lut - cho'l, Eronning sharqida joylashgan. Forscha lut so'zi «qumloq cho'l» degan ma'noni anglatadi.

Dehli - shahar, Hindiston poytaxti. Dastlab Ptolomey asarlarida Indrabara shaklida tilga olingan. Dehli nomi podsho Dillu nomi bilan bog'langan. Hozirgi Dehli Eski dehli va Yangi Dehliga bo'lingan. Eski Dehli XVII asrda Shohjahon tomonidan qurilgan va u Shoxjahonobod deb ham ataladi. 

Dejnev burni - Osiyoning eng sharqiy chekka nuqtasi, Chukotka yarim orolida joylashgan. 1648-yili Semen Ivanovich Dejnyov tomonidan kashf etilgan. Dastlab Bolshoy Kamenniy Nos, Chukotka burni, Sharqiy burun deb atalgan. 1898-yili ushbu joy kashf etilganligining 250 yilligi munosabati bilan akademik Yu.M.Shokalskiy taklifi asosida Dejnev burni deb o'zgartirildi.

Dekan - Hindistondagi yassi tog'lik. Mahalliy aholi Dakxin deb ataydi, bu qadimgi sanskritcha Dakshina-Pantx nomidan olingan bo'lib, «janubiy tomon» degan ma'noni anglatadi. 

Desna - Rossiya va Ukrainadagi daryo. Dneprning chap irmog'i. Smolensk-Moskva qirlaridagi botqoqolikdan boshlanib, Kiyev shahri yonida Dneprga quyiladi. Desna so'zining etimologiyasi hozirgacha aniq belgilangan emas. YA.Razvodavskiy, M.Fosmerlar slavyan tillaridagi desni (o'ng tomon) so'zini toponim bilan aloqador deb hisoblaydilar. A.I.Sobolevskiyning fikricha so'zning asosida "dar” termini yotadi.

Detroyt - AQSHdagi shahar. 1701-yili Guron va Eri ko'llarini bir-biri bilan bog'lab turuvchi Detroyt daryosi bo'yida fransuzlar tomonidan asos solingan. Detroyt fransuzcha detrua-bo'g'oz degan so'zdan olingan.

Dnepr - Rossiya, Ukraina va Belorus hududidan oqib o'tuvchi daryo. Dastlab Gerodot (e.a. V asr) asarlarida Borisfen (qadimgi yunoncha «shimoliy daryo») shaklida tilga olingan. Qadimgi Rim manbalarida (VI asr) Danapris shaklida qo'llanilgan bo'lib, Qora dengiz bo'yi dashtlarida yashagan qadimgi skif qabilalari tilida chuqur daryo degan ma'noni beradi.

Dnestr - daryo. Ukraina va Moldovadan oqadigan daryo. Qisman ikkala davlat chegarasidan o'tib Qora dengizga quyiladi. Qadimgi yunon mualliflarida Tiris, Tiras shaklida tilga olinadi. Bu so'z skiflar tilida «tez, shoshqin» degan ma'noga ega. A.I.Sobolevskiy Dnestr so'zini sarmat tillaridagi danu-«daryo» so'zi bilan aloqador deb hisoblaydi.

Dominika - Karib dengizidagi orol va davlat, X.Kolumb tomonidan 1493-yili 3 noyabr, yakshanba kuni kashf etilgan. Shuning uchun ispancha Dominika-«yakshanba» deb atalgan.

Don - Rossiyadagi O'rta Rus qirlaridan boshanib Azov dengiziga quyiluvchi daryo. Qadimgi yunon tarixchisi Strabon (e.a. I asr-eramizning I asri) asarlarida Tanais shaklida tilga olingan. Qora dengiz bo'yi dashtlarida yashagan skiflar tilida don-«daryo» ma'nosida ishlatilgan. Don termini to'g'ridan-to'g'ri toponim shakliga o'tgan. Don termini daryo ma'nosida Shimoliy Kavkazning ko'pgina joy nomlari tarkibida ham uchraydi.

Dreyk bo'g'ozi - dunyodagi eng keng bo'g'oz, Olovli Yer va Janubiy Shetlandiya orollari oralig'ida. 1578-yili ingliz admirali,  qaroqchi Fransis Dreyk nomiga qo'yilgan bo'lib, u Magellan bo'g'ozi orqali suzib o'tib, Tinch okeanga o'tganida kuchli bo'ronga duch kelib, ushbu bo'g'ozning shimoliy qismiga kelib qolgan. Dreyk bo'g'ozi nomi Antarktida materigi kashf etilgandan so'ng-Olovli Yer oroli Janubiy materikning bir qismi emas, balki alohida orollar ekanligi isbotlangandan so'ng paydo bo'lgan. 

Dublin - shahar, Irlandiya poytaxti. Shaharga dastlab 140 yilda asos solingan. Dublin-«qora moy» degani, shahar Liffi daryosi bo'yida joylashgan bo'lib, daryo suvi torfzorlar ta'sirida qoramtir tusga ega. Shahar boshqacha Bale-Axa-Kliax (bail-«shahar», ath-«kechuv», cliath-«tol»)-«tolli kechuvdagi shahar» deb ham ataladi.

Dunay - Yevropadagi eng uzun daryolardan biri. Germaniya, Avstriya, Slovakiya, Vengriya, Xorvatiya, Serbiya, Ruminiya, Ukrania davlatlari hududlaridan oqib o'tib, Qora dengizga quyiladi. Ulkan huddan oqib o'tganligi uchun turlicha nomlanadi, lekin daryo nomi o'zagida qadimgi skifliklar tilidagi dan, don-«daryo» yotadi. Bu terminlardan yana Don, Dnepr, Dnestr daryolari nomlari ham hosil bo'lgan. Ayrim qadimgi yunon manbalarida daryoning quyi qismi istr-«kuchli suv oqim», «oqim» degan ma'nolarda ishlatilgan.

Dushanbe - shahar, Tojikiston poytaxti. 1925 -yili asos solingan, dushanba kunlari bozor bo'lgan va shuning uchun Dushanbe deyilgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.