Xalqaro migratsiya jarayonlari va muammolari
Jahon mamlakatlarida aholi tarkibi
va joylashuviga
migratsiyalar katta ta’sir ko‘rsatadi.
Migratsiya (lotincha migratio – "ko‘chish”) – aholining bir
hududdan boshqa hududga
doimiy yoki vaqtincha
muddatga ko‘chishi. Bitta manzilgoh
ichidagi ko‘chish migratsiya
hisoblanmaydi. Migratsiyalar bir necha mezonlarga ko‘ra tasniflanishi
mumkin. Hududiy miqyosi jihatidan tashqi va ichki migratsiyalar ajratiladi.
Tashqi migratsiya deganda, boshqa davlatga ko‘chish tushuniladi. Ba’zida tashqi
migratsiyalar materik ichidagi va
materiklararo migratsiyalarga bo‘linadi.
Ichki migratsiya bir davlat
ichidagi boshqa hududga
ko‘chish hisoblanadi. U, o‘z navbatida, rayon ichidagi va
rayonlararo migratsiyalarga bo‘linadi.
Muddatiga
ko‘ra migratsiyalar doimiy
va vaqtincha turlarga
bo‘linadi. Vaqtincha
migratsiyalar mavsumiy, vaxtali
hamda mayatniksimon (tebranma) bo‘ladi. Mavsumiy migratsiyalar
ko‘proq qishloq xo‘jalik ishlari bilan
bog‘liq bo‘lsa, vaxtali
migratsiyalar, asosan, tabiiy
sharoiti noqulay hududlar dagi
foydali qazilma konlarida yoki qurilish obyektlarida mehnat qilish bilan
bog‘liq. Mayatniksimon migratsiyalar
esa shahar va
uning atrofi o‘rtasida kunlik va
haftalik tartibda kechadi: shaharga uning atrofidagi qishloq va kichikroq
shaharlardan aholi ishlashga, o‘qishga va boshqa maqsadlarda, shaharliklar esa
chetga, asosan, dam olish, ziyorat qilish yoki dehqonchilik bilan shug‘ullanish
uchun tez-tez qatnab turishadi.
Aholi
migratsiyasiga iqtisodiy,
oilaviy, etnik, diniy, siyosiy, ekologik (tabiiy) kabi omillar sabab
bo‘ladi. Migratsiyalar,
asosan, iqtisodiy sabablar, ya’ni
muayyan yashash sharoiti va ish
o‘rinlarini qidirish bilan bog‘liq.
Oilaviy migratsiyalar turli
joylarda yashayotgan oila
a’zolarining o‘zaro birlashuvi borasida amalga oshadi. Etnik va diniy
migratsiyalar deganda, ma’lum millat yoki din vakillarining boshqa davlat yoki hududga
ko‘chishi tushuniladi. Siyosiy migratsiyalar urush yoki siyosiy inqiloblar natijasida
ro‘y beradi. Ekologik
migrantlar tabiiy muhitning buzilishi tufayli
yashash hududini tark
etadilar. Bundan tashqari, aholi migratsiyalari ixtiyoriy va majburiy, tashkillashtirilgan va
tashkillashtirilmagan kabi turlarga ham bo‘linadi.
Hozirgi
vaqtda eng katta
migratsiya to‘lqini rivojlanayotgan mamlakatlardan rivojlangan Mamlakatlarga
tomon yo‘nalgan. Bunda eng ko‘p
xorijiy migrantlarni AQSH
qabul qiladi. Oxirgi
yillarda bu davlatdagi immigrantlar soni 45 mln kishidan oshgani qayd
etilgan. G‘arbiy Yevropa davlatlari orasida esa eng ko‘p immigrantlar Germaniya,
Buyuk Britaniya va Fransiyaga kelgan. Bu davlatlarning har birida 7-10 mln
immigrant yashamoqda. G‘arbiy Yevropaga immigrantlarning asosiy qismi
Janubi-g‘arbiy va Janubiy Osiyo, Shimoliy Afrika hamda Sharqiy
Yevropa davlatlaridan bormoqdalar.
Boshqa rivojlangan davlatlardan
Avstraliya, Kanada, Yangi
Zelandiya, Isroil va
JAR ko‘plab xorijiy migrantlarni
qabul qilmoqda. Shunday ekan, barcha
rivojlangan davlatlarda migratsiya saldosi (balansi) musbat hisoblanadi.
Aksariyat
qismi manfiy migratsiya
balansiga ega bo‘lgan
rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida
ham yirik migratsion
oqimlar vujudga kelgan. Jumladan,
katta miqdordagi xorijiy migrantlarni Fors qo‘ltig‘idagi arab mamlakatlari,
ayniqsa, Saudiya Arabistoni va BAA hamda Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya singari yangi
sanoatlashgan davlatlar jalb
qilmoqda. Bu davlatlarga Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Yaman, Indoneziya, Vyetnam,
Misr kabi Osiyo hamda Afrika
mamlakatlaridan millionlab immigrantlar borib mehnat qilishmoqda.
Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrika qit’alarida qo‘shni
davlatlar orasida nafaqat
iqtisodiy, balki siyosiy,
ekologik, etnik omillarga
bog‘liq holda soni jihatidan
yirik, lekin hududiy
ko‘lami nuqtayi nazaridan
lokal (mahalliy) migratsion oqimlar ham ro‘y bermoqda. Masalan,
Suriyadan Turkiyaga, Afg‘onistondan Eronga,
Ugandadan Keniyaga millionlab kishilar ko‘chib bormoqdalar.
Yirik migratsiya oqimlari MDH hududida ham mavjud bo‘lib, ko‘proq Rossiyaga
yo‘nalgan.
Hozirgi
zamondagi xalqaro aholi
migratsiyalariga qator xususiyatlar va muammoli jihatlar
xos. Eng ahamiyatlisi
shundaki, migratsiya jarayonlari
bugungi kunga kelib chindan ham
globallashdi, deyarli barcha mintaqa va
mamlakatlarni o‘z doirasi
bilan qamrab oldi.
Tashqi migratsiya ayrim
hollarda, ayniqsa, rivojlangan
va o‘tish iqtisodiyotidagi davlatlar uchun
aholining umumiy ko‘payishida
katta rol o‘ynaydigan bo‘ldi. Ammo
xalqaro migratsiya oqimlari
immigratsiya markaziga aylangan davlatlar
aholisining tarkibi va
harakatiga, jamiyatdagi etnik va
konfessional (diniy) xilma-xillikka, millatlararo
va dinlararo munosabatlarga sezilarli
darajada ta’sir o‘tkazmoqda. Ba’zida mahalliy aholi va kelgindilar orasida
to‘qnashuv, mojarolar ham sodir bo‘lib turibdi. Shu bilan birga, oxirgi
yillarda dunyoda aholining majburiy migratsiyalari kuchayib bormoqda. Bu
migratsion to‘lqinlarning o‘choq lari sifatida Suriya, Iroq, Falastin, Liviya,
Afg‘oniston va boshqa harbiy-siyosiy vaziyati og‘ir va aholining keng qatlamlari
uchun xavfli bo‘lgan davlatlar alohida ajralib turibdi.
Zamonaviy
migratsiyaning yana bir
muhim jihati shundan
iboratki, xalqaro
migrantlarning sifat tarkibi
(masalan, ta’lim darajasi
nuqtayi nazaridan) o‘zgarib bormoqda, davlatlararo migratsiya oqimlarida
yuqori malakali mutaxassislarning ishtiroki faollashmoqda. Bu vaziyat immigratsiya markazlari bo‘lmish rivojlangan
davlatlar uchun ijobiy ahamiyat kasb etsa, emigratsiya o‘choqlari – rivojlanayotgan
va o‘tish iqtisodiyotidagi davlatlar uchun esa buning aksi, ya’ni salbiy holat
hisoblanadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.