Jahondagi zamonaviy geosiyosiy vaziyat. Davlatlarning integratsion uyushmalari 

10 678

Jahon siyosiy sahnasidan kontinental davlatlar qudratini namoyon etuvchi Sobiq  Ittifoqning  parchalanib  ketishi  ko‘plab  siyosiy  o‘zgarishlarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘ldi. Uzoq davrlardan buyon ikki qutbli ya’ni, bipolyar bo‘lgan dunyoda qisqa fursat ichida bir qator geosiyosiy markazlar shakllandi.

Ma’lumki, Yevropa jahon mintaqalari orasida eng ko‘p turli siyosiy jarayonlar va o‘zgarishlarni boshidan kechirgan mintaqa hisoblanadi. Potsdam shartnomasi urushdan keyingi davrlarda G‘arbiy Yevropaning AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya davlatlari yordamida siyosiy jihatdan yuksalishi,  kapitalistik  munosabatlarga asoslangan iqtisodning rivojlanishiga sababchi bo‘ldi. Sharqiy Yevropa davlatlarining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi esa Sobiq Ittifoq davlati ta’sirida amalga oshgan va bu yerda sotsialistik tuzum asosiy mafkuraga aylangan.

Urush talofatlari bartaraf etilgach, ushbu subregionning asosiy davlatlari hamkorlikda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishish, sharqiy davlatlarda yuzaga  kelgan  sotsialistik  tuzumning  g‘arbiy  hududlarga  yoyilishining oldini  olish  maqsadida  keyinchalik  jahondagi  eng  kuchli  integratsion uyushmalardan biri deb tan olingan Yevropa Ittifoqi shakllantirildi. Sharqiy Yevropa hududida sotsialistik tuzum yemirilgach, undagi davlatlarni o‘z geosiyosiy  nazoratida  ushlash  maqsadida  2004–2013-yillar  oralig‘ida subregionning 11 ta davlati Yevropa Ittifoqi tarkibiga kiritildi.
 
Yevropa  davlatlari  iqtisodiyotida  2008-yil  yuz  bergan  moliyaviy-iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlari hali ham sezilib turgan davrda Afrika va  Yaqin  Sharq  davlatlarida  yuz  berayotgan  turli  siyosiy  notinchliklar natijasida  mintaqa hududiga katta miqdorda migrantlarning kirib kelishi bir qator siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy muammolarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘lmoqda.  Turli toifadagi migrantlar bilan birga Yevropaga turli g‘oyalar, turli madaniyat va urf-odatlar ham kirib kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida migrantlar va tub aholi o‘rtasida turli ziddiyatlarni keltirib chiqarmoqda. 

1776-yil Angliyaning Amerikadagi  13  ta mustamlakasi o‘z  siyosiy mustaqilligini e’lon qildi. Asosan, zamonaviy AQSH hududining shimoli-sharqiy va sharqiy qismlarini egallagan 13 ta shtat keyingi davrlarda o‘z hududlarini kengaytirish maqsadida bu yerdagi turli davlatlarga tegishli bo‘lgan bir qism yerlarni sotib olgan bo‘lsa (masalan: Fransiyadan Luizianani, Rossiyadan Alyaskani), janubiy va markaziy shtatlarning katta qismini esa urushlar natijasida Ispaniya, Meksika kabi davlatlardan tortib oldi. XIX asrning oxiridan boshlab, avval meridinal yo‘nalishda butun Amerika qit’asini, keyinchalik esa Yevropa, Osiyo, Afrika va Avstraliya hamda Okeaniya hududlari nazoratini sekin-astalik bilan qo‘lga kiritdi. 

Hozirgi davrda AQSH o‘zining asosiy raqiblari deb bilgan Rossiya, Xitoy, Germaniya, Eron, islom diniga e’tiqod qiluvchi Arab davlatlari atrofida o‘z geosiyosiy tayanch nuqtalarini shakllantirib, ularni qirg‘oqbo‘yi hududlariga chiqish imkoniyatini iloji boricha cheklashga harakat qilmoqda. Shu orqali bir qutbli dunyoni shakllantirib, butun dunyo mintaqalarini nazoratini qo‘lga olishga intiladi.

SSSRning parchalanishi uning eng qudratli davlati hisoblangan  Rossiya oldida bir tarafdan ichki ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish, ikkinchi tarafdan,  qaytadan  jahondagi  siyosiy  mavqeyini  tiklashdek  murakkab vazifani ko‘ndalang qilib qo‘ydi.  Rossiya o‘z muammolarini hal etish uchun zarur bo‘lgan vaqtni qo‘ldan boy bermaslik uchun, avvalo, MDH hududida tinchlikni saqlanib turishidan manfaatdordir. Shu bilan birga g‘arb ta’siriga tushib qolayotgan MDH davlatlarini o‘z ta’sir doirasida saqlab turishga ham harakat qilmoqda. 

Sobiq  sho‘rolar  tizimidan  qolgan  ijtimoiy-iqtisodiy  xususiyatga ega  bo‘lgan  ichki,  Rossiyaning  ta’sir  doirasini  toraytirishga  qaratilgan NATO hududining sharqqa qarab kengayib borishi, xalqaro terroristik va boshqa guruhlarning Rossiya geosiyosiy mavqeini pasaytirishga bo‘lgan harakatlari ko‘rinishidagi tashqi omillar uning jahondagi asosiy geosiyosiy markazlaridan biriga aylanishiga to‘sqinlik qilmoqda.  

Jahonning qadimiy madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Xitoyda 1910-yil  monarxiya tuzumining ag‘darilishi Sharqiy  Osiyo mintaqasida  katta o‘zgarishlarning  yuz  berishiga  sababchi  bo‘ldi.  1949-yil  ichki  siyosiy kelishmovchiliklarni SSSR yordamida hal qilgan kommunistik partiya bu yerda sotsialistik tuzumni o‘rnatishga erishdi. Bugungi Xitoy geosiyosati davlatning izchil iqtisodiy rivojlanishi, sotsialistik rejali iqtisodiyotdan erkin bozor munosabatlariga o‘tishiga qaratilgan. Xitoyning 1976–1989-yillardagi rahbari Den Syaopin tomonidan ishlab chiqilgan konsepsiya asosida Xitoyda iqtisodiyot va jamiyatni erkinlashtirish borasidagi islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Qisqa fursatda iqtisodiyotda ijobiy natijalarga erishildi.  Buni  Xitoyning  umumiy  YMM  ko‘rsatkichiga  ko‘ra  jahonda birinchi o‘rinni egallashida ham ko‘rish mumkin. 2016-yil ma’lumotlariga ko‘ra, jahon umumiy YMMning 17,8 % ga yaqini  aynan ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, iqtisodiy qudratini oshirib borayotgan Xitoy  jahonda  o‘zining  geosiyosiy  ta’sir  doirasini  ham  kengaytirishga intilmoqda. U birinchi navbatda, yaqin qo‘shnilari, katta tabiiy, ijtimoiy va iqtisodiy resurs imkoniyatiga ega davlatlar bilan aloqalarini mustahkamlab bormoqda. 

Ma’lumki, Yaqin Sharq davlatlari o‘ta qulay geosiyosiy o‘ringa ega. Uch qit’a – Yevropa, Osiyo va Afrika chorrahasida joylashganligi mintaqaga ko‘plab  yirik  davlatlarning  geoosiyosiy  qiziqishlariga  sabab  bo‘ladi. So‘nggi yillarda bu yerda topilgan energiya resurslarining katta zaxirasi bu qiziqishning yanada ortishiga olib kelmoqda. Shu  bilan birga bu hudud jahonning  eng  notinch  mintaqalaridan  biri  bo‘lib  hisoblanadi.  Bunga, birinchi navbatda, diniy omil asosiy sababchi hisoblanadi.

1947-yil 29-noyabrda  BMT  tomonidan  taklif etilgan  rejaga  muvofiq Falastin hududlarida yahudiy va arab davlatlari tashkil etish ko‘zda tutildi. 1948-yil 14-mayida bu hududda yahudiy  diniga e’tiqod  qiluvchi  Isroil davlatining tashkil topishi arab davlatlarining noroziliklariga sabab bo‘ldi. Natijada, 1948-yil 15-may arab davlatlar ligasi o‘z qo‘shinlarini Falastin yerlariga olib kirdi. Harbiy harakatlar uzoq muddat davom etmagan bo‘lsa-da, u hozirgacha o‘z yechimini topmagan "Falastin - Isroil” muammolarining shakllanishiga olib keldi. 

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda mintaqa hududining Suriyaga tegishli hududlariga kelib  o‘rnashgan radikal islom guruhlari tomonidan  tashkil etgan davlatchilik ko‘rinishining yuzaga kelishi, unga qarshi avval Suriya Armiyasi,  so‘ngra Rossiya, AQSH,  bir qator Yevropa  davlatlari ittifoqi birlashgan  qo‘shinlarining  kurashi  mintaqadagi  geosiyosiy  vaziyatning yomonlashuviga  olib  kelgan.  Harbiy  harakatlar  olib  borilayotgan hududlarda tinch aholining o‘z uylaridan bosh olib ketishlariga, mavjud iqtisodiy obyektlarning yakson bo‘lishiga sababchi bo‘lmoqda. Yaqin Sharq davlatlari muammosi jahon siyosiy hayotidagi hal qilinmagan munozarali masalalardan biri hisoblanadi.

Davlatlarning  integratsion  uyushmalari.  Jahon  iqtisodiyotida globallashuv  jarayonining  yuzaga  kelishi  iqtisodiy  integratsiyalarning shakllanishiga  sababchi  bo‘lgan.  Ma’lumki,  iqtisodiy  integratsiya davlatlararo kelishuv siyosati asosida ular o‘rtasida o‘zaro uzoq muddatli va barqaror iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi hisoblanadi. Yevropa  Ittifoqi  (YI)  mintaqaviy  integratsion  guruhlar  orasida  a’zo davlatlar soni ko‘pligi, ularning jahon iqtisodiyotida muhim o‘rin egallashi bilan ajralib turadi. Uning shakllanishi 1951-yil Yevropa ko‘mir va temir ishlab  chiqaruvchilar birlashmasi  tashkil  etilishi  bilan  bog‘liq.  Ushbu birlashmaga  Germaniya,  Fransiya,  Italiya,  Belgiya,  Niderlandiya  va Lyuksemburg davlatlari a’zo bo‘lgan. 1957-yil mazkur davlatlar Yevropa iqtisodiy hamkorligi  va atom energiyasi bo‘yicha Yevropa  hamjamiyati tashkil qilish bo‘yicha shartnoma imzolaganlar. 1967-yil yuqorida nomlari qayd qilingan uch tashkilot birlashuvi Yevropa Ittifoqining tashkil topishiga asos bo‘ldi.  1973-yil  – Buyuk Britaniya,  Daniya, Irlandiya,  1981-yil  – Gretsiya, 1986-yil Ispaniya, Portugaliya, 1995-yil – Avstriya, Shvetsiya, Finlyandiya, 2004-yil – Polsha, Chexiya, Vengriya, Slovakiya, Sloveniya, Litva, Latviya,  Estoniya, Kipr, Malta,  2007-yil  – Ruminiya, Bolgariya, 2013-yil – Xorvatiya davlatlari  mazkur tashkilotga a’zo bo‘ldilar. 2016-yil Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan referendum natijalariga ko‘ra ushbu davlat Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqib ketdi. Uning mazkur tashkilotdan to‘liq ajralib chiqishi 2017-yil yozida yuz berdi.

Ichki chegaralarga ega bo‘lmagan yagona iqtisodiy makonni yaratish, ushbu hududda ijtimoiy va iqtisodiy  aloqalarni kuchaytirish, ishlab chiqarish xarajatlarini tenglashtirish  maqsadida muomala uchun yagona valyutani joriy etish Yevropa Ittifoqining asosiy maqsadi hisoblanadi.

Mustaqil  davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ga  1991-yil 8-dekabrda asos solingan  bo‘lib,  o‘z  faoliyatini  o‘sha  yilning  21-dekabrida  boshlagan. Hamdo‘stlik nizomiga ko‘ra a’zo davlatlar  inson huquqlari va erkinligini ta’minlash, davlatlar tashqi siyosatini nazorat qilish, iqtisodiy hamkorlik, transport va aloqa tizimini rivojlantirish, aholi salomatligini muhofaza qilish, tabiatni muhofaza qilish, ijtimoiy va migratsion siyosat masalalarini hal etish; uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalarini hamkorlikda hal qilishlari zarur. Hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Moldova, Ozarbayjon, Armaniston Respublikalari tashkilot a’zolari bo‘lib hisoblanadilar. Turkmaniston esa assotsiatsiyalashgan davlat maqomiga ega. Shu bilan birga  Mongoliya, Afg‘oniston tashkilot  kuzatuvchilari  sifatida  turli darajadagi yig‘ilishlarda ishtirok etadi.

Shanxay  hamkorlik  tashkiloti  (SHHT) ning  shakllanishi  1996-yil  26-aprelda Xitoy ning Shanxay shahrida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, XXR va Tojikiston  harbiy  sohada  hamkorlik  bo‘yicha kelishuv imzolashi bilan bog‘liq. Avvaliga "Shanxay beshligi” deb nom  olgan ushbu  tashkilot  2001-yil  O‘zbekistonning unga  a’zo  bo‘lgandan  so‘ng  hozirgi rasmiy  nomdagi  tashkilot  tuzilganligi haqidagi deklaratsiyani e’lon qildi. 2017-yil  Hindiston  va  Pokiston ushbu  tashkilotning  teng  huquqli  a’zolariga aylandilar. Shu bilan birga 6 ta muloqot hamkor davlatlar, 4 ta kuzatuvchi  va 2 ta nomzod davlatlar ham ishtirok etadi. A’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni ta’minlash, mintaqada tinchlikni saqlash, xavfsizlik masalalarini o‘zaro hamkorlikda hal qilish, terrorizm va ekstremizmga qarshi birgalikda harakat qilish, qurol-yarog‘, narkotik vositalar hamda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash, iqtisodiy masalalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish kabilar tashkilotning asosiy maqsadi hisoblanadi. Hozirgi kunda tashkilot tarkibida jahonning qudratli davlatlaridan uchtasi – Rossiya, Xitoy, Hindistonning faoliyat olib borishi uning jahondagi mavqeyi oshib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.