Farg`ona viloyati 

16 658

Maydoni 6,7 ming km.kv. Aholisi 3 million 683 ming 300 kishidan ortiq (2019-yil 1-yanvar holati). Farg`ona viloyatida 15 ta tuman, 9 ta shahar va 197 ta shaharcha mavjud. 

Viloyatga vodiyning tekislik qismi, Oloy va Turkiston tizmalarining tog‘oldilari kiradi. Isfayram, Shohimardon, So‘x, Isfara daryolarining dehqonchilikda ahamiyati katta. Norin bilan Qoradaryodan bir necha sug‘oruv kanallari chiqarilgan (ularni o‘quv atlasidan qarab chiqing). Viloyat yalpi sanoat mahsulotiga ko‘ra faqat Toshkent viloyatidan keyinda turadi.
Qishloq ­xo‘jaligining ­asosiy ­tarmoqlari: donchilik, paxtachilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, go‘sht-sut chorvachiligi, parrandachilik, ipakchilik. 
Sanoatning ­asosiy ­tarmoqlari: elektroenergetika, kimyo, neftni qayta ishlash, qurilish materiallari, yengil sanoat va oziq-ovqat sanoati

Farg‘ona viloyati qishloq­ xo‘jaligi paxta va g‘alla yetishtirish hamda pillachilikka ixtisoslashgan. Ekin maydonining asosiy qismiga paxta va g‘alla ekiladi. Bug‘doy va arpa bahorikor yerlarda, sholi esa zaxkash yerlarda yetishtiriladi. Makkajo‘xori, oq jo‘xori va beda hamma tumanlarda paxta bilan almashlab ekiladi.

Bog‘dorchilik, uzumchilik uchun viloyatda sharoit qulay. Viloyat anori va anjiri bilan dong chiqargan. Farg‘ona viloyatida yaylovlar Andijon viloyatidagiga qaraganda ancha ko‘p. Chorva mollari, asosan, qo‘y va echkilardan iborat. Viloyat mamlakatda yetishtiriladigan pillaning 20 foizga yaqinini beradi.

Sanoati ko‘p tarmoqli bo‘lib, unda og‘ir sanoatning salmog‘i ancha katta. Neftni qayta ishlash, kimyo va energetika sanoati iqtisodiy rayondagina emas, balki respublikada ham ajralib turadi. Neftni qayta ishlaydigan 2 ta zavod bo‘lib, biri Farg‘onada, ikkinchisi Oltiariqda joylashgan. Mashinasozlik, metallsozlik va binokorlik materiallari ishlab chiqaruvchi tarmoqlar ham muhim ahamiyatga ega. Yengil va oziq-ovqat sanoati qishloq xo‘jalik tarmoqlari negizida vujudga kelgan. 
Sanoat korxonalari Farg‘ona-Marg‘ilon sanoat rayoni va Qo‘qon, Quvasoy sanoat tugunlarida to‘plangan. 

Transporti. Viloyat temiryo‘l va avtomobil yo‘llari bilan yaxshi ta’minlangan. Viloyatdan paxta tolasi va paxta moyi, shoyi, ip-gazlama, trikotaj mollar, quritilgan meva, meva konservalari, mineral o‘g‘it va sement jo‘natiladi. Taxtayog‘och, har xil uskunalar, traktorlar, paxtachilik uchun zarur mashinalar, g‘alla, un, qand, keng iste’mol buyumlari keltiriladi.

Shaharlari. Viloyatda 9 ta shahar bor. Farg‘ona muhim sanoat, transport va madaniyat markazidir. Shahar suv bilan yaxshi ta’minlangan, yozi birmuncha salqin. Shaharda ikkita IEM ishlab turibdi. Iqtisodiy rayonning birlashgan energetika tizimi shu IEMlar asosida shakllangan. Shaharda Farg‘ona davlat universiteti, politexnika instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutlarining filiallari faoliyat ko‘rsatadi. Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti bor. Madaniyat va istirohat bog‘lari, favvoralar, xiyobonlar, soya-salqin maydonlar shaharga o‘zgacha tarovat beradi. Buyuk astronom, matematik va geograf Ahmad al-Farg‘oniy shu makonda tavallud topgan.

Marg‘ilon shoyi (atlas) ishlab chiqarishning markazi sifatida qadimdan dong chiqargan shahar. Shaharda paxta, ko‘n zavodi, ipak ishlab chiqaruvchi korxonalar bor. Marg‘ilonliklarning to‘qimachilik malakasi yuksak darajada takomillashdi va keng quloch yoydi. Marg‘ilon shoyi kombinati mamlakatdagi eng yirik to‘qimachilik korxonalaridan biridir. Kombinat ayni vaqtda yirik o‘quv markazi hamdir. Unda Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Mashhur fiqh olimi Burhoniddin Marg‘inoniy shu yerda tug‘ilgan.

Qo‘qon Farg‘ona viloyatining g‘arbida, transport yo‘llari ustida joylashgan. Undan Toshkent, Namangan va Farg‘ona tomonlarga temiryo‘l va avtomobil yo‘llari o‘tadi. Mustaqillik yillarida Qo‘qonning sanoati rivojlanib, shahar muhim sanoat tuguniga aylandi. Shahardagi superfosfat zavodi hamda elektr mashinasozligi, to‘qimachilik mashinasozligi zavodlari respublikadagi yirik korxonalardandir. Shahar uzoq vaqt Qo‘qon xonligi poytaxti bo‘lgan. U viloyatdagi asosiy madaniyat markazlaridan biridir.

Quvasoy 1954-yilda ishchi shaharchasi o‘rnida barpo etilgan. Shahar yaqinidagi ohak, mergel, gips va gil boyliklari negizida u qurilish materiallari ishlab chiqaradigan sanoat markaziga aylandi. Endilikda sement, shifer, ohak hamda g‘isht zavodlaridan iborat kombinat ishlab turibdi. Mazkur kombinat respublikada ishlab chiqariladigan sementning salmoqli qismini bermoqda. 
Quvasoy chinni zavodida kosa, piyola, choynak, lagan va boshqa idishlar ishlab chiqarish yildan yilga ortmoqda.

Rishton – kulolchilik buyumlari ishlab chiqaradigan markaz. Bundagi kulolchilik artellari birlashtirilib, kombinatga aylantirilgan. Hozir kombinatda 20 xildan ortiq buyum ishlab chiqarilmoqda.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.