To`qimachilik
To'qimachilik yengil sanoat
tarkibidagi eng muhim tarmoq hisoblanadi. O'zbekistonda ip va ipak gazlamalar
to'qish qadimdan mavjud bo'lgan. Atlas, zondonachi, baxmal, beqasam, olacha
kabi gazlamalar Buyuk ipak yo'li orqali Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga
chiqarilgan. XX asr boshlarida 30 ming hunarmand gazlama to'qish bilan
shug'ullangan.
Mo'l-ko'l xomashyodan tashqari
aholining tarixiy tarkib topgan malakalari va transport qulayligiga tayanib, XX
asr o'rtalarida Toshkent, Farg'ona, Andijon va Buxoro shaharlarida
to'qimachilik korxonalari barpo etildi. Mamlakatda ip gazlama ishlab chiqarish
yiliga 453 mln kv metrdan oshdi. Ammo aholi jon boshiga hisoblanganda bu
ko'rsatkich 18 metr, ya'ni har bir kishiga belgilangan me'yorning yarmiga ham
to'g'ri kelmasdi. Bu mo'l-ko'l xomashyo va mavjud inson omili imkoniyatiga
nisbatan ancha oz edi.
Mustaqillikka erishilgach, jahon
bozorida raqobatbardosh gazlama ishlab chiqarishni keng yo'lga qo'yish
maqsadida AQSH, Italiya, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Koreya Respublikasi va
boshqa mamlakatlar bilan qo'shma korxonalar tashkil etilmoqda. Jumladan, AQSH
bilan hamkorlikda Toshkent shahrida «Supertekstil» paxta ip yigiruv qo'shma
korxonasi, Buxoro va Samarqandda «Afg'on-Buxoro-Samarqand» qo'shma korxonalari
ishga tushirildi. To'qimachilik sanoati korxonalari xorijda ishlab chiqarilgan
serunum jihozlar bilan qayta jihozlanmoqda. Sun'iy tolalardan to'qiladigan
gazlamalar sifati yaxshilandi.
To'qimachilik korxonalarida ip
gazlama, jun gazlama, shoyi va zig'ir tola gazlamalar to'qiladi. Gazlama to'qib
chiqarish jarayoni alohida-alohida joylashgan yigirish, to'qish yoki pardozlash
fabrikalarida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Transport xarajati, yuk
ortish-tushirish sarflari tayyor mahsulot tannarxiga qo'shiladi. Demak,
to'qimachilik ishlab chiqarishini yirik korxona (kombinat)da to'plash
foydaliroq bo'ladi.
O'zbekistonda tayyorlanadigan xom
ipakning qayta ishlashdan ortgan qismi xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.
Shunday qilib, to'qimachilik sanoati korxonalarini joylashtirishda
iste'molchilar, ishchi kuchi va xom-ashyo omili hisobga olinadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.