Hayvonot dunyosi
O‘rta
Osiyoning tabiiy sharoiti xilma-xil bo‘lganligi tufayli uning hayvonot dunyosi
ham o‘ziga xos va rang-barangdir. O‘rta Osiyo hayvonlari chalacho‘llarda,
cho‘llarda, tog‘oldi va tog‘lar oralig‘idagi tekisliklarda, tog‘larda hamda suv
havzalarida yashaydi.
Chalacho‘llarning
hayvonot dunyosi mavsumlar bo‘yicha o‘zgarib turadi. Yozda janubdan issiqsevar
hayvonlar, ya’ni kaltakesaklar va ayrim qushlar (to‘rg‘ay, loyxo‘rak) kirib kelib,
chalacho‘llarning ichkari qismlariga yetib boradi. Kaltakesaklar bu yerlarga
moslashib, rangini o‘zgartiradi. Qish juda sovuq bo‘lganligi tufayli yozda
kelgan hayvonlar janubga yana qaytib ketadi, ko‘p hayvonlar (qo‘shoyoq va
boshqalar) uyquga ketadi, qishga oziq-ovqat yig‘uvchi turli xil sichqonlar va
kalamushlar inlariga kirib ketadi. Shimoldan qishda punochka, oq kaklik, qutb
boyqushi uchib keladi. Bulardan tashqari, qishda bu yerlarda chopqir
hayvonlardan oqquyruq ham yashaydi. Bu yerda eng ko‘p tarqalgan hayvon turi yumronqoziqlardir.
Yumronqoziq bilan birga, chalacho‘llarda qo‘shoyoqlar, cho‘l olasichqoni, dala
sichqoni, qum sichqoni, kalamush va
ko‘rsichqon ham tarqalgan.
Chalacho‘llarning
o‘zlashtirilmagan joylarida, Betpaqdala, Orolbo‘yi, Shimoliy Ustyurt, To‘rg‘ay
o‘lkasi, Balxashbo‘yida tuyoqli
hayvonlar: oqquyruq, jayron, yovvoyi qo‘y, morxo‘r, qulon va boshqalar yashaydi.
Hasharotlardan chayon, qoraqurt va
boshqa o‘rgimchaksimonlar ko‘p.
Сhalacho‘llardagi
hayvonot olami issiqqa va suvsizlikka turlicha moslashgan. Ba’zilari, umuman,
suv ichmaydi, ba’zilari kechasi hayot kechiradi, ba’zilari salqin joylarda
yashaydi, ba’zilari ildizlarni yeb, undagi suv bilan qanoatlanadi.
Sudralib
yuruvchilardan toshbaqa va kaltakesak
nihoyatda ko‘p. Kaltakesaklardan dumaloqbosh kaltakesak, qum kaltakesagi, echkemar, agama kaltakesagi yashaydi.
Ilonlardan bo‘g‘ma ilon, o‘qilon, zaharli charxilon va ko‘lvorilon, ko‘zoynakli ilonlar ko‘p.
Yirtqich
hayvonlardan tulki, chiyabo‘ri, qum mushugi va boshqalar yashaydi. Qizilqumdagi
saksovulzorlarda Buxoro kiyigi — xongul bor.
Qushlardan saksovul to‘rg‘ayi, cho‘l moyquti, cho‘l
qarg‘asi, cho‘l qarqunog‘i, saksovul chumchug‘i va boshqalar uchraydi.
Тog‘ hayvonlari
balandlik mintaqalariga bog‘liq holda tarqalgan. Chalacho‘l balandlik
mintaqasining hayvonot dunyosi chalacho‘l hayvonot dunyosi bilan bir xil
(kemiruvchilar, yirtqichlar). Тog‘ quruq cho‘llarida tulki, bo‘ri, jayron,
sirtlon yashaydi, ammo bu mintaqada cho‘lga xos bo‘lgan hayvonlar (qo‘shoyoq,
qum sichqoni, ingichka barmoqli yumron- qoziq) uchramaydi.
Keng bargli
o‘rmonlarda jayron, ayiq, to‘ng‘iz, bo‘rsiq uchraydi. Тo‘ng‘iz, asosan, daryo
bo‘ylarida ko‘proq tarqalgan. Bu mintaqada qushlardan jannat hasharotxo‘ri,
kabutar, mayqut, oq boshli sa’va, bulbul va boshqalar bor.
Ignabargli
o‘rmonlarda elik (kiyik), Jung‘oriya
Olatovida maral (bug‘u), yirtqich
hayvonlardan silovsin, O‘rta Osiyo latchasi, ayiq, manul (Yettisuvda) uchraydi.
Archazorlarda o‘rmon sichqonlari, tog‘ sichqonlari, qushlardan boltatumshuq,
tog‘ sariq chumchug‘i, chittak va tog‘
kakligi mavjud.
Baland tog‘
yaylovlarida (subalp va alp mintaqasi) tog‘ takasi, tog‘ kiyigi, tog‘ qo‘yi
(arxar), qor qoploni, kemiruvchilardan
sug‘ur tarqalgan. Qushlardan
Himolay qorakurkasi, tog‘ zog‘chasi, tog‘ to‘rg‘ayi, alp chumchuqsimon qushi
va boltayutar tarqalgan.
Тo‘qay
hayvonlari Sirdaryo, Amudaryo, Ili, Chu va boshqa daryolar qayirlaridagi
to‘qaylarda va daraxtzorlarda yashaydi. Asosiy hayvonlari to‘ng‘iz, bug‘u, to‘qay mushugi, quyon,
o‘rdak, g‘oz, qirg‘ovul, loyxo‘rak, qoravoy (baklan), birqozon,
saqoqush, flamingo va boshqalardir.
O‘rta
Osiyoda chalacho‘l va cho‘llarning o‘zlashtirilishi, tog‘ va tog‘oldi
mintaqalarida tog‘-kon sanoatining rivojlanishi, buning oqibatida ekologik
sharoitning o‘zgarishi hamda ovchilik xo‘jaligi ishlarida qat’iy tartibning
bo‘lmaganligi natijasida hayvonot olamiga zarar yetdi. Ko‘p hayvonlar kamayib
qoldi. Bu ahvol tabiatni, shu jumladan, hayvonot olamini muhofaza qilishni
qat’iy talab qiladi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.