Egizaklar festivali: butun jahon bo’ylab kelgan egizaklarning ochiq bayrami 

2 933

 
Har yili dunyoning turli mamlakatlarida, jumladan, Kanada, Meksika, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Hindiston, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Polshada egizaklar festivallari o’tkazib turiladi. Ammo bu kabi festivallarning eng mashhuri har yili avgust oyida AҚShning Tvinsburg shahrida minglab egizaklar ishtirokida bo’lib o’tadi. Bu shaharga butun dunyodan egizaklar tashrif buyuradi. Har yili o’tadigan shouga nafaqat egizaklar, balki psixolog, shifokorlar, olimlar ham katta qiziqish bilan qaraydi. Olimlarning fikricha, ilmiy tadqiqotlar uchun ayni shu festival katta ahamiyat kasb etadi. Bu yilgi festival 5 avgustda boshlandi. Har yili festival biror-bir mavzuga bag`ishlanadi. Bu yilgi tadbir fazoviy sarguzashtlarga bag`ishlandi. Fantastik filmlar qahramonlari, robotlar, astronavtlar, g`alati maxluqotlar bu yil shahar ko’chalarini «egallab» oldi.

Tvinsburg shahriga XIX asrning boshlarida asos solingan. Nomi Milsvill bo’lgan shaharga ilk bor tashrif buyurganlar orasida aka-uka Aaron va Moisey Uilkoslarning borligi bois ham shahar shuhrat qozondi. Millsvil nomi allaqachon odamlarning yodidan ko’tarilgan. Aka-ukalar birgalikda ish yuritishar ekan, ahil-inoqlikda bir uyda istiqomat qilishgan va opa-singillarga uylanishgan. Boyliklari ham o’rtada bo’lgan. Farzandlarining soni ham bir xil bo’lgan. Ular o’zlari amalga oshirayotgan barcha ishlardan faxrlanishgan. Moisey va Aaron Uilkoks shu qadar o’xshash edilarki, ularning eng yaqin do’stlari xam ajratishga qiynalishardi. (Shuni oldindan aytib o’tish kerakki, ular bir xil kasallikka chalinishgan va bir kunda vafot etishgan, shu sababli ham bitta qabristonga dafn etilgan).

Ular 1819-yilda, agar shahar nomi Tvinsburg deb o’zgartiriladigan bo’lsa, u xolda maktab uchun yerlarini taqdim qilishga va mablag` berishga va’da berishdi. Shahar ma’muriyati ularning qo’li ochiqligidan foydalanib qolishga qaror qildi va shu tariqa shahar nomi o’zgartirildi.

Oradan 100 yil o’tib, ya’ni 1976-yilda shahar rasmiylari Egizaklar festivalini o’tkazishga qaror qildi. O’shanda uyushtirilgan tadbirda ilk bor 36 juft mahalliy egizak ishtirok etgan edi. Bu tadbir butun mamlakat bo’ylab tarqaldi. Shov-shuvlar o’z samarasini berdi. Oradan bir yil o’tib festivalga qiziquvchilar ko’paydi. 2015 yilda butun dunyodan kelgan 18 ming juft egizak qatnashdi. Shu tariqa kichik shaharning nomi butun dunyoga mashhur bo’ldi.

Shahar Ogayo shtatida joylashgan. Har yili bu yerga nafaqat ikki nafar aka-uka, opa-singil, aka-singil, opa-uka, balki uchlik,to’rtiliklar ham keladi.

Festival doirasida turli tuman quvnoq konkurslar o’tkaziladi. Unda egizak bo’lmish yoshu qari ishtirok etadi. Har bir ishtirokchi festivaldan nimalardir olishga va nimadir qo’shishga intiladi.

Festival o’tkazish an’anasiga qiziqish shu qadar kuchaydiki, rasmiylar Tvinsburg shahrida Egizaklar Muzeyi ochishga qaror qildi.

Tadbirda egizak bo’lmaganlar ham ishtirok etib, zavq olishi mumkin. Buning uchun bir kunga 3 dollar to’lash kerak bo’ladi. Festivalda ishtirok etishdan avval, egizaklar albatta ro’yxatdan o’tish kerak bo’ladi. Ro’yxatga olish tadbiri festivalning birinchi ish kuni erta tongda bo’lib o’tadi. Ikki egizak 15 dollar, uch egizak esa 22,50 dollar to’lashi kerak. To’rt egizak bo’lib tug`ilganlar esa 30 dollar to’lab ro’yxatdan o’tadi. Beshovlon esa 37,50 dollar to’laydi.

Festivalga tashrif buyurganlarning boshi aylanib ketishi mumkin. Ular har qadamda bir xil libosdagi, bir xil chehralarni ko’rishga majbur. Bir necha kun davomida Tvinsburg egizaklar poytaxtiga aylanadi. Turli jins va yoshdagi egizaklar o’zlarining iqtidor va qobiliyatlarini namoyish qilishga intiladilar.

Tvinsburgda egizaklar tez-tez dunyoga keladi. Ammo bu borada Braziliyaning Kandidu-Godoy shahriga yeta olmasa kerak. Ayni damda olimlar bu masala ustida bosh qotirishmoqda.
Sharofiddin To’laganov

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.