14-fevral – Buyuk shoir, tarixchi, geograf Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun. 

2 507

Zahiriddin Muhammad  Boburning hayoti va ijodi. 
Bobur (taxallusi to‘liq ismi Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo) (1483.14.2, Andijon – 1530.26.12,Agra) – o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili: buyuk shoir: tarixchi, geograf; davlat arbobi, iste’dodli sarkarda; boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda.

Uning otasi - Umarshayx Mirzo Farg‘ona viloyatining hokimi bo‘lgan. Boburning onasi Qutlug‘ Nigor xonim Toshkent hokimi Yunusxonning qizi bo‘lgan.

Boburning bolaligi asosan Andijon va uning atroflarida o‘tdi. Bobur saroy muhitida o‘qidi va tarbiya topdi. Yoshligidan ilm-fanga, she'riyatga qiziqa boshladi. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan "Bobur”(Sher) laqabini olgan. Otasi vafotidan keyin 1494 yil iyun oyida, o‘n ikki yoshda taxtga o‘tirdi. Boburning siyosiy faoliyatidagi dastlabki maqsadi Amir Temur davlatining poytaxti strategik va geografik jihatidan muhim bo‘lgan Samarqandni egallash va Movarounnahrda markazlashgan kuchli davlatni saqlash, mustahkamlash hamda Temur imperiyasini qayta tiklash edi. 1495-1496 yillarda Bobur Samarqandga ikki marta muvaffaqiyatsiz yurish qildi. 1497-1498 yillarda u Samarqand atrofidagi bir qancha joylarni va Samarqandni egallaydi. Samarqand hokimi Boysung‘ur Mirzo esa Qunduzga qochadi.

Bobur Samarqandni yuz kun idora qiladi. Andijonda unga qarshi isyon ko‘targani uchun Samarqandni tashlab Andijonga qaytadi, lekin uni egallay olmagach, Xo‘jandga, so‘ng Toshkent hokimi Sulton Mahmud oldiga borib, ular yordami bilan Andijonni oladi. 1500 yilda Samarqandni ikkinchi marta egallaydi. Shu yili  Alisher Navoiy bilan xat yozisha boshlaydi. Lekin ikkinchi xatiga javob kelguncha Samarqand shayboniylar qo‘liga o‘tib ketadi. Bu davrda mamlakat siyosiy hayotida beboshlik, o‘zaro urushlar kuchayib bormoqda edi. Bir tomondan, shimoldan, Dashti qipchoqdan kelayotgan shayboniyxon qo‘shinlarining tazyiqi ostida, ikkinchi tomondan, temuriylar orasidagi  ixtilof, o‘zaro kelishmovchilik natijasida  Bobur Farg‘onani ham tashlab chiqishga va janubga qarab yo‘l olishga majbur bo‘ladi.

Hisordagi parchalanib borayotgan beklar, alohida-alohida yashayotgan afg‘on qabilalari birin-ketin Bobur tomoniga o‘tdilar.1504 yilda esa Qobul viloyatining hokimi shaharni Boburga topshirib taslim bo‘ldi. Lekin Bobur o‘z  vatanidan tamom umidini uzmadi. 1506 yilda Xuroson podshosi Husayin Bayqaro temuriylarga mansub bo‘lgan kuchlarni birlashtirib, bosib kelayotgan Shayboniyxonga qaqshatqich zarba berishda tashabbus ko‘rsatgan bo‘lsada, lekin Husayin Bayqaroning vafoti (1506) va shahzodalar o‘rtasida avj olgan ixtilof bu harakatni natijasiz qoldirdi.Bu katta tadbirga umid bog‘lagan Bobur muvaffaqiyatsizlikka uchragandan keyin vaqtincha chekinishga va Qobulga qaytishga majbur bo‘ldi.

O‘z hujumlarini davom ettirgan Shayboniyxon O‘rta Osiyoni bosib olish uchun janubdan harbiy yurish boshlagan Eronlik shoh Ismoil qo‘shinlariga qarshi kurashda Marv shahrida halok bo‘ldi. Qulay siyosiy va harbiy vaziyatdan foydalanib Bobur 1512 yilda Samarqandni uchinchi marta ishg‘ol qildi. Oradan olti oylar chamasi vaqt o‘tgandan so‘ng, Shayboniyxonning jiyani Ubaydullaxon katta kuch to‘plab, Samarqandga, Bobur ustiga yurish boshladi.Ubaydullaxon  qo‘shinlari bilan Bobur askarlari o‘rtasida Samarqand uchun bo‘lgan jangda Bobur mag‘lubiyatga uchrab, shaharni bo‘shatishga majbur bo‘ladi.

1525 yilda Bobur Shimoliy Hindiston hukmronligini o‘z qo‘liga kiritishga muvaffaq bo‘ladi va shu paytdan boshlab Hindiston uning ikkinchi vatani bo‘lib qoladi. U yerda Bobur o‘z atrofiga o‘sha davrning eng yaxshi shoir va olimlarini yig‘ib, qurilish ishlarini olib boradi, o‘zining sevimli ishi bo‘lgan adabiyot bilan shug‘ullanadi.
Boburning ma'rifatparvarligi ham diqqatga sazovor. U doim olim va fozillar, san'atkor kishilar bilan birga bo‘lishga, ular bilan maslahat qilishga, o‘z bilimini tinmay oshirishga intildi. Uning to‘rt o‘g‘li (Humoyun, Kamron, Askariy, Hindol) va uch qizi (Gulchehra, Gulrang, Gulbadan) bo‘lib,ularga ham o‘zining shu hususiyatlarini singdirishga harakat qilgan. Bobur davlatni boshqarishda ham ana shu tarzda maslahat, kengash bilan ish tutish lozimligini uqtirdi. Farzandlaridan Xumoyun, Kamron va Gulbadanbegim shoir va adib bo‘lib yetishdilar. Bobur uchun Vatandan uzoqda, g‘urbatda yashash nihoyatda og‘ir edi. Buning ustiga uzoq vaqt sarson-sargardonlikni boshidan kechirish, dushmanlariga qarshi uzluksiz kurash olib borish uning sog‘lig‘iga ta'sir qilgan edi. "Boburnoma”da o‘zining og‘ir ahvoli, sog‘lig‘i yomonlashib borayotganligi haqida quyidagi ruboiyni yozadi.
 
Jismimga isitma kuda mahkam bo‘ladur.
Ko‘zdin o‘chadur uyqu chu axshom bo‘ladur.
Har ikkalasmig‘anmi bila satrimdek,
Borg‘on sayin bu ortadur,ulkum bo‘ladur.
     
Bobur Hindistonda besh yil hukm surgandan so‘ng 1530 yilda Agrada o‘zi obod qilgan "Zarafshon” chorbog‘ida vafot etadi. Keyinroq boburiylardan Shohjahon (Boburning chevarasi) hukmronligi davrida uning xoki Qobulda yasalgan maqbaraga ko‘chirildi.

Bobur Mirzo o‘zi podsho bo‘lgani uchun hech kimga tobe emas edi, ijod jarayonida o‘zini butunlay mustaqil his qilar va erkin qalam tebratardi. O‘sha davrning ko‘pgina  saroy shoirlarida bo‘lmagan ijod erkinligi Bobur Mirzoda bor edi.

Ingliz sharqshunosi Denison Rose Turkiston, Afg‘onistonda yozilgan she'rlarini Parij milliy kutubxonasidan, Hindistonda yozilgan she'rlarini esa Rampur kutubxonasidan topib, 1910 yilda bosma va fotonusxa holida nashr ettirgan.

Bobur she'rlari hijron azobida kuygan dil ko‘zlaridan oqqan yosh bilan yozilgan. Ularda ona yurt sog‘inchida ado bo‘lgan farzandning, yor firoqida azob chekkan oshiqning, o‘z xatolarini anglab yetgan komil insonning, bobolari toj-davlatini saqlab qololmagan hoqonning alamlari ifodalangan.     
       
        Hijron qafasida jon qushi dom qiladur,
        G‘urbat bu aziz umrni kam qiladur.
        Ne nav bitay firoqu g‘urbat sharhin,
        Ko‘z yoshi namaning yuzin nam qiladur.
 
Bobur o‘z asarlari bilan o‘zbek adabiyotini va tilini rivojiga, yuksalishiga, soddalashtirishga va jonli so‘zlashuv tiliga yaqinlashtirishga munosib hissa qo‘shdi.

O‘zbek tili tarixini o‘rganishda "Boburnoma” bebaho xazinadir. "Boburnoma” XV - XVI - asrning muhim voqyealarini badiiy aks ettirgan prozaning qimmatli namunasidir.

"Boburnoma” qomusiy xarakterdagi asarlardan bo‘lib, unda ilm-fan, urf-odat, ijtimoiy-siyosiy, tabiiy etnografik bilimlar mohirlik bilan ifodalangan.

"Boburnoma” jahon adabiyotining nodir, durdona asarlaridan  hisoblanadi.

1943-yil 14-fevral – Olot tumani tashkil etilgan kun
Buxoro viloyati Olot tumani. Viloyatning janubiy-g‘arbiy qismida joylashgan. 1943-yil 14-fevralda tashkil etilgan (1960-73 va 1983-89 yillarda Qorako‘l tumani tarkibida bo‘lgan). Maydoni 3,22 ming km.kv. Aholisi asosan, o‘zbeklardan iborat, shuningdek, turkman, qozoq, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. O‘rtacha 1 km2 ga 23,9 kishi to‘g‘ri keladi (2006). Tumanda 1 shahar (Olot), 10 qishloq fuqarolari yig‘ini bor. Markazi – Olot shahri.

Tuman hududi Zarafshon daryosining eng quyi qismidagi tekislikda joylashgan. Dengizko‘l botig‘i (160 m) va Dengizko‘l platosi o‘rtasida balandliklar bor. Tumanning 10% ga yaqin maydoni o‘zlashtirilgan vohadan iborat, qolgan qismi qumli, gipsli, gilli, sho‘rxok cho‘llardir.

 
Tumanda 8 yirik sanoat korxonasi mavjud. O‘zbekiston-Shveysariya-Germaniya qo‘shma korxonasida paxta xom ashyosidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Hunarmandchilik tarmoqlari bor. 2 avtokorxona ishlab turibdi. Tuman xo‘jaligi, asosan, paxtachilik, g‘allachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Pillachilik, sabzavotchilik, polizchilik ham rivojlangan. Fermer xo‘jaliklari, shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi, qo‘ychilik xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatadi. Jamoa va xususiy xo‘jaliklarda qoramol, qo‘y va echki, parranda boqiladi. Buxoro-Olot yo‘nalishida poezd qatnaydi.

14-fevral Xitoyda Yuansyao fonuslar bayrami
14-fevralda X asrdan  Xitoyda  Yuansyao  fonuslar bayramida  turfa rangdagi fonuslar yoqish odat tusiga aylangan. Fonuslar bayrami oy taqvimi bo‘yicha birinchi oyning 15chi kuni nishonlanadi. Odatda shahar markazida turli  shakldagi  rang-barang  fonuslar osiladi, ularning ko‘rinishi va  shakllari  turli jonivorlar, gullar va mevalarni aks ettiradi.  Chekka hududlarida mushakbozliklar, yog‘ochoyoqlarda yurish, ajdarlar o‘yini, "yange” xorovodlari, arg‘imchoqda uchish va boshqa turli tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Fonuslar bayrami  Yangi yil kutib olinishi bilan yakunlangan. XI asrga kelib bu bayram  Xitoyning hamma yerida nishonlana boshlagan.  Bu kuni yopishqoq guruch shakarlangan meva bilan tayyorlangan "yuansao” tayyorlanadi. Ular dumaloq shaklda bo‘lib, oila jamligi va birligini anglatadi. Bu bayramda  fonuslarga yozilgan topishmoqlarni topish odat tusiga kirgan. Afsonaga ko‘ra, vafot etganlar ruhi  yerga tushib, o‘zlarining yaqin insonlari bilan   Yangi yilni birga kutishadi va fonuslar bayrami kuni ular osmоnga uchib ketishadi, shunda ularning yo‘lini minglab fonuslar yoritadi. 

14-fevral - Uzum va uzumchilar bayrami  kuni.
Trifon Zarezan – Uzum va uzumchilar bayrami 14 fevral kuni nishonlanadi. Uning tarixi qadimgi antik davrda, Bolgariya yerlarida frakitseylar qabilalari yashagan paytdan  boshlangan. Ular  Uzum xudosi – Dionisga sajda qilishgan. Zamonaviy bolgarlar Bolqon yarim orolining shimoliy -sharqiy  qismida  7-asrlarda  yashagan frakiylarni uzum va uzumchilik udumlarini  o‘rganishgan. Shu asosida Uzum bayrami xalq ongiga marosim sifatida kirib  kelgan. Bu bayram ruhoniy Trifon  sharafiga  qo‘yilgan,u  250 yilda Nikeyda qatl qilingan. Afsonaga ko‘ra, qatl kunida mamlakatdagi barcha uzum novdalariga hasharotlar xujum qilishgan va uzumchilar muqaddas Trifondan uzumlarni himoya qilishni so‘rashgan. An’anaga ko‘ra, bu kuni kuzda ko‘proq hosil olish uchun   uzum novdalarini kesishgan, shu sababli  Bolgariyada muqaddas Trifonga Zarezan (kesilgan) deb nom berishgan. Hozirgi kunda muqaddas Trifon kunini nafaqat uzumchilar, balki bog‘bonlar, polizchilar va vino yetishtiruvchilar  ham bayram qilishadi. 14 fevral kuni bolgar uy bekalari tong sahardan quyosh chiqishi bilan turishadi.Ular  tovuqdan taomlar tayyorlashadi va maxsus yog‘ochdan ishlangan idishga uyda tayyorlangan vinodan  quyishadi. Uy bekalari bularni barchasini  non bilan yangi jundan to‘qilgan xaltaga solishadi va uy egasi bu xaltani yelkasiga ilib, uzumzorga  barcha qishloq erkaklari yig‘ilgan joyga boradi. Shu ondan boshlab bayram boshlanadi. Trifondan keyin bahor keladi  va uzumda bunday dam olishga imkoniyat bo‘lmaydi. Shuning uchun Bolgariya  qishloqlarida 3 kun davomida  qiziqarli ommaviy sayl  o‘tkaziladi. Erkaklar  tok qaychi  bilan  3 ta  katta uzum novdasidan  3ta uzum shohini kesishadi. Keyin  o‘zlari bilan olib kelingan  vinoni uzum novdasiga to‘kishadi va uzumchilar qirolini tanlashadi.  Qirol boshiga uzum novdalaridan yasalgan toj kiydirishadi, yelkaga  uzum shodasini ilishadi. Qirolni  aravaga o‘tkazib, uzumchilarning o‘zlari uni tortishadi, qishloqqa yetib borgach, har- bir ko‘chadagi xonadon oldida to‘xtashadi. Uy bekalari oq idishda vino olib chiqadilar va birinchi bo‘lib qirolning ichib berishini, keyin esa qolgan jarayon ishtirokchilari  ichishadi. Vino qoldig‘ini yelka orqasiga to‘kib yuborishadi va barchaligi "Bizning hosil mo‘l bo‘lsin!, Bizning uyimizda mo‘l-ko‘lchilik bo‘lsin!” deb hayqirishadi. Marosim uzumchilar qiroli uyigacha davom etib boradi va qirol kiyimini almashtiradi, uzum shodasi va chambarakni yechib, keyin boy dasturxon yozilgan stol boshiga  o‘tiradi va stol atrofiga barcha qishloq aholisi taklif etiladi. Uzum qirolini  o‘ziga to‘q oiladan tanlashadi, chunki u qishloqdagi barcha odamlarni boqa olishi kerak. Birinchi kuni vino daryo bo‘lib oqadi, bashorat qilishlaricha, yangi vino aynan shunday, Trifon Zarezan bayrami kunidagiday  bo‘ladi. Bayramning ikkinchi kunida yengil taomlar tarqatiladi va ko‘p miqdorda  kompot va  namokop ichiladi. Keyingi kun bo‘ridan himoyalanish kuni hisoblanadi. Bu kuni ayollar bo‘rining jag‘i ochilmasin deb,  qaychi ishlatmaydilar, tikmaydilar, to‘qimaydilar. Ular marosimiy non yopadilar va non bo‘laklarini  bo‘ridan himoya qilish uchun mol yemiga qo‘shadilar. Bu bayram  Bolgariyaning barcha viloyatlarida keng nishonlanadi. 

14-fevral - Fransiyada  Nissa shahrida karnaval kunlari
Nissada  fevral oyida juda ko‘p karnavallar o‘tkaziladi. Nissadagi karnaval (Carnaval De Nice) - dunyo bo‘yicha eng yirik va qadimiy hisoblanadi.Karnaval 1924-yildan boshlab nishonlangan, o‘sha paytda bu yerga gersog Anjuyskiy bir necha kunga dam olishga kelgan.Shunda shaharda turli ballar, raqslar o‘tkazilgan. Hozirgi kunda karnaval ikki hafta davom etadi.Tantananing birinchi kunida ishtirokchi va tomoshabinlar Karnaval qirolini kutib olishadi, kechqurun esa bayram malikasini tanlashadi. Kechki paytda Massena yoqiladi. Hozirgi kunda bu oddiy chiroyli favvora va bog‘dan iborat. Karnaval kunlarida uylar 120 ming kvadrat metr fanera bilan qoplanadi va  fanerani 120 nafar rassom quvnoq, hayqiriq suratlar bilan bezatadilar. Keyin  bu quvnoq  rasmlar 150 ming lampochka bilan bezatilib, ular tungi osmonda lovullab yonib turadi, olovli g‘ildiraklar aylanishi bayramga joziba bag‘ishlaydi. Karnaval - bu chiroyli gullar namoyishidir. Gullar yurishi - haqiqiy parad bo‘lib, 20 talik platforma tirik gullar bilan bezatiladi.Bu platformalarni qoplash uchun 4000- 5000 dona gul kerak, platformalar uzunligi 7 metr, 2 metr eniga va balandligi 6 metr bo‘ladi.Kechqurun bayram konsert va mushakbozlik bilan davom etadi. Har kuni ko‘chalarda bezatilgan aravalarda gigant qo‘g‘irchoqlar bilan aylanishadi.Bu qo‘g‘irchoqlar - Karnavalning bosh qahramonlari, og‘irligi 2 tonnagacha va balandligi 8-12 metr keladi. Bundan tashqari, "Gullar jangi” shoulari ham o‘tkaziladi.

1943-yil 14-fevral – Olot tumani tashkil etilgan kun
Buxoro viloyati Olot tumani. Viloyatning janubiy-g‘arbiy qismida joylashgan. 1943-yil 14-fevralda tashkil etilgan (1960-73 va 1983-89-yillarda Qorako‘l tumani tarkibida bo‘lgan). Maydoni 3,22 ming km.kv. Aholisi asosan, o‘zbeklardan iborat, shuningdek, turkman, qozoq, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Markazi – Olot shahri.
 
 
Tuman hududi Zarafshon daryosining eng quyi qismidagi tekislikda joylashgan. Dengizko‘l botig‘i (160 m) va Dengizko‘l platosi o‘rtasida balandliklar bor. Tumanning 10% ga yaqin maydoni o‘zlashtirilgan vohadan iborat, qolgan qismi qumli, gipsli, gilli, sho‘rxok cho‘llardir.

Tumanda 8 yirik sanoat korxonasi mavjud. O‘zbekiston-Shveysariya-Germaniya qo‘shma korxonasida paxta xom ashyosidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Hunarmandchilik tarmoqlari bor. 2 avtokorxona ishlab turibdi. Tuman xo‘jaligi, asosan, paxtachilik, g‘allachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Pillachilik, sabzavotchilik, polizchilik ham rivojlangan. Fermer xo‘jaliklari, shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi, qo‘ychilik xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatadi. Jamoa va xususiy xo‘jaliklarda qoramol, qo‘y va echki, parranda boqiladi. Buxoro-Olot yo‘nalishida poezd qatnaydi.   

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.