M - harfiga oid izohli lug`atlar 

16 396

Mavj (to`lqin) - suv yuza qismining havo bosimining o`zgarishi, shamol, yer qimirlashi, suv qalqishi natijasida ro`y beradigan tebranma haarakati. Mavj suv yuzasida ketma-ket keladigan marza va ular orasidagi botiqlardan iborat. Mavjning eng past qismi mavj etagi, eng baland qismi mavj yo`li yoki qirrasi, eng baland qismi bilan eng past qismi orasidagi tik balandlik mavj balandligi, bir yo`li bilan ikkinchi yo`li yoki bir etagi bilan ikkinchi etagi orasi­dagi masofa mavj uzunligi deyila­di. Mavj ma’lum vaqt mobaynida (masalan, bir soniyada) o`tgan maso­fa mavj tezligi deyiladi. Mavj ba­landligi okeanlarda 15 m ga, dengiz zilzilasi vaqtida 50 m gacha yetishi mumkin. Mavj uzunligi 250 m gacha boradi.

Mavze- joy. Shaharning ay­rim nomlar bilan yuritiladigan qismlari. Masalan, Ko`kcha mavzei, Bo`rjar mavzei.

Mavsum- 1) fasl, yil fasli. Mavsum iqlimi, astronomic, fenologik belgilariga qarab ajratiladi. Iqlimiy yoki sinoptik mavsum astronomik faysllarga to`g`ri kelmaydi. O`rta mintaqada, jumladan, O`zbekistonda to`rtta mavsum - bahor, yoz, kuz, qish ajratiladi 2) biror ish bajariladigan davr. Masalan, chigit ekish mavsumi, baliq ovlash mavsumi, paxta terish (o`rim-yig`im) mavsumi.

Mavsumiy shamollar - fasldan faslga o`z yo`nalishini o`zgartiradigan shamollar. Quruqlikning yilning issiq faslida tez isib, havo bosimining keskin kamayishi va ayni paytda okeanlar­da salqinroq bo`lib, havo bosi­mining kattaligi natijasida quruqlik bilan okean o`rtasida esib turadi. Qishda quruqlikdan okeanga, yozda okeandan quruqlikka tomon esadi. Mavsumiy shamollar hukmron o`lkalarda (Sharqiy, Janubiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Avstraliya va h.k.) qishning qurg`oqchil, yozning sernam kelishiga sabab bo`ladi.

Magistral (lotincha magistralis - asosiy) - 1) asosiy yo`nalish, yo`llardagi asosiy liniya (temir yo`l magistrali, suv magistra­li); 2) katta shaharlardagi serqatnov keng ko`cha; 3) elektr tarmog`i, telegraf va telefon aloqadagi asosiy kabel sim; 4) kana­lizatsiya, vodoprovod yoki gaz tarmog`idagi asosiy quvur; 5) sug`orish tarmog`ida suv havzasi, daryo, kanaldan sug`oriladigan yerlarga suv oqadigan asosiy taqsimlash kanali.

Magma (yunoncha magma - quyuq moy) -yer qa’rida murakkab fizik-kimyoviy jarayonlar nati­jasida hosil bo`lgan olovsimon suyuq modda. Magma yer qa’ridan ko`tarilayotganda tarkibiy qismlarga ajralib qavatlanib tarkibidagi uchuvchan moddalar yo`qoladi, natijada turli tarkibli intru­ziv, effuziv va tomir jinslar hosil bo`ladi. Magma – yer qa`rida murakkab fizik-kimyoviy jarayonlar natijasida hosil bo`lgan olovsimon suyuq modda.

Magmatik tog` jinslari - magmaning sovishi va kristallanishidan hosil bo`lgan tog` jins­lari. Sovish sharoitiga qarab megmatik tog` jinslari ikkiga bo`linadi. Effu­ziv jinslar - lavaning yer yuzasida sovishidan, intruziv jinslar - magmaning yer po`stida sovishidan hosil bo`lgan magmatik tog` jinslari. Intruziv jinslar juda sekin sovib, to`la kristallanadi. Effuziv jinslar tez sovishi na­tijasida shishasimon tuzilishga ega bo`ladi.

Magnezit (Bolqon yarim orolidagi Magneziya o`lkasi nomidan) - magniy, uglerod va kisloroddan tarkib topgan oq yoki kul rang mineral. O`tga chidamli g`isht, sement tayyorlashda, qog`oz, qand ishlab chiqarishda ishlatiladi. Uralda, Sharqiy Si­bir, Uzoq Sharqda, Xitoy, Avstriya va Kanadada konlari bor.

Magnetit- temirning keng tarqalgan minerali. Temir rudasining eng muhim minerallaridan biri.

Magnit anomaliyasi – ko`p miqdorda temir rudasi bo`lgan yerlarda yer yuzasining biron qismida magnit og`ishining keskin o`zgarishi. Kursk magnit anomaliyasi ayniq­sa mashhur.

Magmatizm– magmani suyulib, yuzaga chiqib boshqa tog` jinslari bilan aralashuvi va qotishi.

Magnit anamaliyasi – yer magnit maydonining o`zgarishi.

Magnit kompas – magnit meridian bo`yicha yo`nalishni aniqlashda ishlatiladigan asbob. Yer magnit qutblariga nisbatan yo`nalishini aniqlaydi.

Magnit meridian – yer magnit maydonining kuch chiziqlari bo`ylab yo`nalgan to`g`ri chiziq.

Magnit ekvator – yer sirtiga o`tkaziladigan shartli chiziq. Yer magnit yarim sharini teng ikkiga bo`ladi.

Magnitograf– yer magnit maydoni o`zgarishlarini uzluksiz qayd etib boruvchi asbob.

Magellan bulutlar – Quyosh o`z ichiga oluvchi yulduzlar sistemasiga yaqin joylashgan ikki yulduz majmuasi.

Mador- tropik atamasining eskirgan nomi; Masalan, madori saraton - saraton tropiki, madori jad - jadi, tropigi, mador o`rmoni - tropik o`rmon.

Maydon- ochiq, tekis joy, dala yer. O`rmon orasidagi daraxtsiz sayhon yer, tog`lardagi te­kis joylar, shaharlarda ma’lum maqsadda (bozor, yig`ilish, ko`rgazma joyi) ajratilgan yalang yer. Joy nomlari tarkibida ham uchraydi: Maydontol, Maydon qishlog`i.

Makvis, makkiya - qattiq bargli, tikanli doim yashil bo`ta va daraxtchalardan iborat chakalakzorlar. Makvis, ko`pincha, O`rta den­giz mamlakatlari tog`larining O`rta qismlariga (700 m gacha) xos, o`tib bo`lmas bo`tazorlar hosil qiladi. Makvis tagida bir yillik o`t­lar o`sadi. Ko`pchilik o`simliklar tarkibida o`tkir hidli efir moylari bor.

Makon- joy. Biror tur hayvon yashaydigan, o`simlik o`sadigan joy. Bioxor, biotsenoz atamalariga yaqin keladi. Masalan, tungiz makoni – to`qay, sherlar makoni - changalzor.

Makroiqlim (yunoncha mak­ros - ulkan) - katta hududlar: geografik zonalar, materiklar va okeanlar, hatto, butun Yer shari ayrim qismlarining iqlimi. Mikroiqlimdan farq qilib, mahalliy iqlim, mikroiqlim - kichik hududlarning iqlimidir.
Makrolandshaft - yirik ta­biiy geografik birliklar - o`lkalar, zonalar, provinsiyalar va okruglar landshafti. Masalan, Ust­yurt platosi landshafti, Qoraqum landshafti, o`rmon landshafti va h.k.

Makroreylef- yirik reylef shakllari: tog` tizmalari, yassi tog`liklar, pasttekisliklar. Yer yuzasi katta qismlarining umumiy qiyofasi makrorelyefga bog`liq bo`ladi.

Manba- daryo suv oladigan joy, daryo boshlanadigan joy: muzlik buloq, chashma.

Mangro o`rmonlari - tropiklarning dengiz suvi ko`tarilganida suv bosadigan botqoqli qirg`oqlaridagi doim yashil o`rmon­lar. Asosan, doimiy yashil bo`ta va past bo`yli (5-10 m) daraxtlardan iborat. Daraxtlarning ko`pdan-ko`p ildizlarni tirgovuchga o`xshab ushlab turadi. Mangro o`rmonlariAfrikaning sharqiy sohillarida, Madagaskarda, Seyshel, Maskaren orollari, Janubiy Osiyo (Malayya arxipelagida) va Avstraliyada, Afrika, Markaziy va Janubiy Amerikaning Atlan­tika sohillari va boshqa yerlarda ko`p.

Mangu tung yer - abadiy, ko`p yillik muzloq yer.

Mangu qor - yil bo`yi erimay yotadigan qorlar. Issiq va mo`tadil o`lkalarda baland tog`larda, qutbiy o`lkalarda esa tekisliklarda ham uchraydi.

Mansab- daryolar quyiladigan joy; okean, dengiz, ko`l, boshqa bir daryo mansab bo`lishi mumkin.

Mantiya, Yer mantiyasi - yer po`sti bilan o`zagi (yadrosi) orasida joylashgan qatlam. Qalinligi 2865 km - yer yuzasidan taxminan 35 km dan boshlanib 2900 km chuqurlikkacha davom eta­di. Mantiyada moddaning zichligi 3,3 g/sm.kub dan (yuqori qatlamlarda) 5,7 g/s,.kub gacha (yadro bilan chegaradosh zonada). Mantiyaning kimyoviy tarkibi - tosh meteoritlar va ultra asosli otqindi tog` jins­lari (periododit, dunit) tarki­biga yaqin deb hisoblanadi. Ay­rim suyuq magma uchoqlarini hisobga olmaganda, mantiyada modda qattiq holatdadir.

Marganets rudalari - tarki­bida marganets bo`lgan mineral birikmalar. Marganets qo`shilsa, po`lat bilan cho`yan bolg`alanuvchan va qattiq bo`ladi. Marganets rudalarining 90% idan kuprog`i qora metallurgiyada, qolgan qismi kimyo sanoati va boshqa sohalarda ishlatiladi. Marganets ruda konlari Hindiston, Braziliya, JAR, Marokash, Gabon, XXR, Ruminiya, Vengriyada topilgan. 

Marjon- issiq o`lkalardagi dengizda yashovchi hayvonlar. Ular­ning qoldiqlari yig`ilib, mar­jon orollarini hosil qiladi. Marjonlar suv harorati +20 darajadan past bo`lmagan, sayoz, katta to`lqinlar bo`lmaydigan dengizlarda yashaydi. Shu sababli marjon faqat ekvatori­al hamda tropik o`lkalardagina uchraydi.

Marjon orollari - marjon hayvonlari, suvo`tlar va boshqa organizmlar qoldiqlari yig`ilishidan vujudga kelgan orollar. Hozirgi zamon marjon orollari ekvatorial va tropik o`lkalardai boshqa yerlarda uchramaydi. Faqat golfstrim oqimi o`tadigan Ba­gama orollari yaqinidagina tropiklardan tashqarida uchraydi. Marjon orollari joylashgan o`rni va shakliga qarab, qirg`oq riflari, to`siq riflari, atollarga bo`linadi.
Marjon riflari, marjon surilmalari – to`da-to`da bo`lib yashaydigan marjonlarning ohakka aylangan skletlaridan tarkib topgan suv osti qoyalari. Marjon riflarining paydo bo`lishi uchun suv iliq (kamida 20°), sayoz (40-50 m gacha), sho`rligi normal (35%) va toza, dengiz tubi soyadan ibo­rat bo`lishi kerak. Marjonriflari juda katta va qalin bo`lishi mumkin: dengiz sathidan 1500 m baland marjon riflari bilan birga (Zond arxipe­lagi) zamini suv sathidan 1200 m chuqurda bo`lgan marjon riflari ham bor (Marshall orollari).

Marza - reylef shakli. Tepasi qabariq shakldagi uzun cho`zil­gan balandlik. Marzalar tektonik yo`l bilan hosil bo`lishi (antiklinal burma), daryo, dengiz to`lqini keltirgan qumlardan vujud­ga kelishi (qum tillari, barlar), morena jinslarining to`planishidan paydo bo`lishi (ozlar), kishilar tomonidan bunyod etilishi (yo`l ko`tarmalari) mumkin.

Marlar- Sharqiy Sibir va Uzoq Sharqdagi botqoqliklarda o`suvchi siyrak tilog`och o`rmonlari.
Marmar- metamorfizm ta’­sirida ohaktoshdan paydo bo`lgan kristalli tog` jinsi. Oq, kul rang, pushti va boshqa ranglarda bo`ladi. Oson arralanadi va yaxshi silliqlanadi. Asosan devorlarni qoplash uchun ishlatiladi. Mayda donador oq turidan haykal ham ishlanadi. Uralda, Kavkazda, O`zbekistonda (G`ozg`on) kon­lari bor.
Marshlar - dengiz suvi kuch­li ko`tarilgan va shamol haydagan vaqtdagina suv bosadigan past tekis sohil. Odatda sho`ra o`simliklari o`sadi. Shimoliy dengiz sohillarining ba’zi joylarida marshlar dengiz sathidan pastda joylashgan. Aholi bunday joylarni dengiz bosishidan tug`onlar qurib asraydi. Marshlar pichanzorga aylantiriladi, yem-xashak ekinlari ekiladi.
Marg`zor- maysazor, o`tloq joy.
Matematik geografiya - 1) geografiyaning Yer sharining matematik elementlari haqidagi bo`limi. Matematik geografiyada Yerning shakli, o`lchamlari, harakati, joylarning koordinatalari, ayrim punktlar orasidagi masofa, okean va mate­riklarning maydoniga ko`ra nis­bati kabi ma’lumotlar beriladi. Matematik geografiya geografiyaning eng qadimgi bo`limlaridan biri bo`lib, unda geografik va kartografik ma’lu­motlar uyg`unlashib ketgan. 2) geografiyada matematik metodlarning keng qo`llanilishi. Matema­tik metodlar geografik bilim va tushunchalarni formallashtirishga, geografik ob’yekt, hodisa va jarayonlarning modelini tuzishga, ilmiy tadqiqot ishlarida elektron-hisoblash mashinalarini qo`llashga imkon beradi. Ma­tematik metodlar ba’zi bir geo­grafik fanlarda (iqlimshunoslik, gidrologiya, aholi geografiya­si, shaharshunoslik huudni rejalashtirish va h.k.) ayniqsa muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.
Materik yonbag`ri - okean tubining qirg`oqqa yaqin qismi; shelf bilan okean qa’ri orasida. Chuqurligi 200-3600 m. Bu yerda suv osti tizmalari, qirlari va soyliklari uchraydi.
Materik muzligi - qutbiy o`lkalarda ba’zi orollarni (Grenlandiya, Baffin Yeri) va Antarktida materigini yoppasiga qoplab yotgan muzliklar. Materik muzligi plastik bo`lib, balandroq joylardan atrofga tomon sekin siljib borib, okeanga surilib tu­shadigan muzliklar hosil qiladi.
Materik orollari - bir zamonlar materiklarning tarkibiy qismi bo`lib, keyinchalik quruqlikning chuqishi, tektonik yoriqlar natijasida ajralib qolgan quruqliklar. Bunday orollar zamini materiklarning suv ostidagi davomidir. Materik orollarining ba’zi birlari juda katta bo`ladi; Masalan, Grenlandiya, Yangi Gvineya, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya, Novaya Zemlya.
Materik sayozligi, shelf - dengiz va okeanlar qirg`og`ini o`rab turgan suv osti sayozligi. Eni bir necha km dan 1300 km ga­cha. Dunyo okeani umumiy maydonining 8% ini tashkil etadi. Materik sayozligi dengiz cho`kindilari (shag`al, qum, qumoq, loyqa) ko`p to`planadigan joy bo`lib, yorug` va iliq bo`lgani­dan organizmlar, jumladan ba­liq ko`p. Materik sayozligida ko`plab neft va gaz konlari topilmoqda.
Materiklar, kontinentlar- Yer sharining dengiz va okeanlar bilan qurshab olingan eng yirik quruqliklari. Hammasi bo`lib oltita materiklar bor: Yevrosiyo (Yevropa bilan Osiyo), Afrika, Shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Antarktida va Avstraliya.
Mashriq- sharq, sharqiy o`lkalar. Mashriqdan mag`ribgacha - sharqdan g`arbgacha.
Mag`or– g`or.
Mag`rib (arabcha) - 1) dunyoning to`rt tomonidan biri – g`arb; 2) Afrikada Tunis, Jazoir, Marokashdan iborat hudud.
Mahalliy vaqt - Yer yuzasidagi har bir joyning o`z astrono­mik vaqti. O`rta Quyosh quyi kulminatsiyada bo`lganda mahalliy vaqt 00 soat 00 daqiqa bo`ladi. Mahalliy vaqt har bir joyning geografik uzunligiga bog`liq. Bir meridianda joy­lashgan hamma nuqtalar uchun mahalliy vaqt bir xil bo`ladi.
Mahalliy shamollar - uncha katta bo`lmagan hudud uchun xos bo`lgan ob-havo rejimini hosil qiluvchi va tez-tez takrorlanib turuvchi shamollar. Mahalliy shamollar atmosferaning mahalliy harakatlari oqibatida (tog`-vodiy shamoli) yoki umumiy atmosfera sirkulyatsiyasining mahalliy sharoit ta’­sirida o`zgarishi natijasida vujudga keladi. (Afg`on shamoli, chinuk, samum, Bekobod shamoli).    
Meandr (Kichik Osiyoda egri-bugri bo`lib oqadigan Katta Menderes daryosi nomidan) - te­kislik daryolarining ilon izi bo`lib burilib-burilib oqishi, o`zanning egri-bugriligi.
Mejen - daryoda suv eng kamaygan vaqt. Yer osti suvidan to`yinadigan daryolarda yoz kirib kunlar isib ketishi bilan mejen boshlanadi.
Mezozoy burmalanishi Tinch okean burmalanishi-yer po`sti va yer yuzasi tabiati rivojlanishining mezozoy bosqichida (mezozoy erasida) ro`y bergan tog` paydo bo`lish jarayonlari va burmalanishlar. Mezozoy burmalanishida, chunon­chi, Shimoli-Sharqiy Sibir tog`lari (Yuqori Yana, Cherskiy, Suntir Xayat, Nera, Moma, Anyuy tizmalari), Shimoliy Amerika Kor­dilyera tog`lari va boshqalar hosil bo`lgan.
Mezozoy erasi, mezozoy (yunoncha mezos - O`rta, oraliq zoy- hayot) - Yer geologik tarixining to`rtinchi erasi. Yerdagi hayot taraqqiyotining O`rta bosqichiga to`g`ri keladi. Mezozoy erasi bundan taxminan 230 mln. yil ilgari boshlanib, qariyb 163 mln. yil davom etgan. Paleozoy erasidan keyin, kaynozoy erasidan oldin o`tgan. Trias, yura va bo`r davrlariga bo`lingan. Bu erada umurtqalilar orasida suvda-quruqlikda yashovchilar va uchuvchi sudraluvchilar xarakterli bo`lgan, ular­ning ba’zilari (dinozavrlar, ixtiozavrlar, pterozavrlar va b.) juda yirik bo`lgan; umurtqasizlardan ammonitlar, belemnitlar ko`p bo`lgan, ular era oxiriga kelganda qirilib bitgan; o`simliklardan ginkgosimonlar, sagovniksimonlar ko`p o`sgan. Mezozoy erasida yopiq urug`li o`simliklar, qushlar, xaltalilar, platsentar sut emizuv- chilar va dengiz hayvonlarining ko`p guruhlari birinchi marta paydo bo`lgan. Asosan, Tinch okean sohilida tog` burmalari ko`tarilgan.
Mezoiqlim- nisbatan kichik hududlar iqlimi. Masalan, ki­chik tog` vodiysi iqlimi, shahar iqlimi, sohil iqlimi va h.k.
Mezorelyef- maydoniga ko`­ra o`rtacha (makroreylefdan ki­chik mikroreylefdan katta) relyef shakllari. Masalan, vodiylar, alohida turgan past tog` va qirlar, soyliklar, balkalar va h.k.
Mezosfera (yunoncha mezos - o`rta, sfera - shar) - atmosferaning stratosfera bilan ionosfe­ra oralig`idagi qatlami, baland­ligi 50-55 km dan 80 km gacha. Harorat quyi qismida 0 daraja bo`lsa, yuqori qismida -90 darajaga yetadi.
Meliorativ geografiya - yer­lar va umuman, tabiiy muhit holatini tubdan yaxshilashning geo­grafik asoslari haqidagi ilmiy yo`nalish. Melorativ geografiyaning asosiy vazifasi hududlarni melioratsiya turlariga ko`ra rayonlashtirish, asosiy melioratsiya usullari va tadbirlariga tabiiy geografik jihatdan baho berish va melio­ratsiya tadbirlari natijasining tabiiy sharoitga ta’sirini, shu­ningdek bu tadbirlarning turli regionlardagi samaradorligini aniqlashdan iborat.
Melioratsiya (lotincha melioratsio - yaxshilash) - qishloq xo`jaligida foydalanaladigan yerlarning holatini tubdan yaxshi­lash maqsadida amalga oshiriladigan agrotexnik va gidrotexnik tadbirlar. Meliratsiya katta maydonlarda barcha tabiiy sharoitni odamning xo`jalik faoliyati uchun foydali qilib o`zgartirish; foydali o`simlik va hayvonlar uchun tuproqda qulay suv, havo, issiqlik hamda oziq rejimini, atmosferaning yerga yaqin qatlamida esa havoning namlik issiqlik va harakatlanish rejimini vujudga keltirish; joyni sog`lomlashtirish hamda ta­biiy muhitni yaxshilash imkonini beradi. Melioratsiya qishloq xo`jaligi sa­maradorligini oshirishning aso­siy omilidir. Asosiy meliorativ ishlar: botqoqliklarni quritish, suv havzalari qurish, qurg`oqchil yerlarni sug`orish, yaylov va o`tloqlarni yaxshilash, qorni tutib qolish, daraxtzorlar barpo qilish, kislotali yerlarni ohaklash, sho`rtob yerlarga gips solish, bo`tazorlar barpo qilish, ko`chma qumlarga, shamol va suv eroziyasiga qarshi kurashish (O`rta Osiyoda).
Menzula (lotincha menzula - stolcha) - geodeziyada dalada reja olishda ishlatiladigan chizmachilik stolchasi.
Menzula s’yomkasi - menzula bilan kipregel yordamida topografik reja olish. Menzula s`yomkasida joy­dagi xarakterli nuqtalarga to`g`ri keladigan nuqtalar menzulaga qo`lda chiziladi.
Mergel- ohak-gildan tarkib topgan cho`kindi tog` jinsi; tar­kibida 20-80% karbonat bo`ladi. Mergel qurilish materiali, sement sanoati xom ashyosi sifatida ish­latiladi.
Meridian (lotincha meridianus - tush payti) - Yer yuzasidan o`tib har ikkala qutbni tutashtiruvchi faraziy chiziq; uning bar­cha nuqtalari bir xil geografik uzunlikka ega bo`ladi. Meridian bo`ylab geografik kenglik hisoblab chiqariladi; ekvatordan shimolda shi­moliy kenglik janubda janubiy kenglik bo`ladi. 0 daraja bilan ko`rsatilgan meridian bosh meridian deyiladi. Bosh meridian deb London yaqinidagi Grinvich observatoriyasi meridiani qabul qilingan.
Merkuriy, Utorud - Quyoshga eng yaqin planeta. Quyoshdan 58 mln. km. Quyosh atrofini 88 sutkada aylanib chiqadi. Merkuriy diamet­ri 4865 km. Merkuriy Oyga o`xshab, Quyoshga faqat bir tomoni bilan qarab turadi. Merkuriyning bir tomonida doim kunduzi bo`lib, 400 daraja issiq bo`lsa, ikkinchi tomonida doi­mo tun bo`lib nihoyatda sovuq. Merkuriy yuzasida qora, oqish dog`lar va kuchsiz atmosfera borligi aniqlangan.
Metagalaktika- hozirgi teleskoplar bilan ko`rinadigan 1 mlrd. dan ortiq galaktikalar majmui. Galaktika - Somon yo`li megaplaneta tarkibiga kiradigan yulduz sistemalaridan biri.
Metageografiya- geografiyani fan sifatida tadqiq qiluvchi yo`nalish. Metageografiya geografiyaning ob’ek­ti va predmeti, fanlar sistemasidagi o`rni, asosiy tushunchalari va aksiomatikasini aniqlaydi hamda o`rganadi.
Metallurgiya (metall va yunoncha yergon - ish) - ruda va tarkibida metall bo`lgan materiallardan metall olish, metall va qotishmalarning kimyoviy tarkibini, strukturasini o`zgartirish jarayonlarini o`z ichiga olgan fan, texnika va ishlab chiqarish sohasi. Yer bag`ridan qazib olingan rudalarga dastlabki ishlov be­rish, metall va qotishmalar olish, rafinatsiyalash (tozalash), ularga ma’lum shakl va xossalar berish ham metallurgiya vazifasiga kiradi.
Metamorfizm (yunoncha metamorfis – o`zgarish) -Yer po`sti­ning ichki qismida issiqlik va bosim ta’sirida cho`kindi ham magmatik tog` jinslari struktu­rasi, mineralogik va kimyoviy tarkibining o`zgarishi. Metamorfizm ta’si­rida hosil bo`lgan tog` jinslari metamorfik tog` jinslar i deyiladi.
Metamorfik tog` jinslari - metamorfizm natijasida hosil bo`lgan tog` jinslari. Masalan, ohaktosh marmarga, gil gilli slanetsga aylanadi. Gneys, kristalli slanets, kvarsitlar ham metamorfik tog` jinslari hisoblanadi.
Meteorologik stansiya - mu­ayyan muddatlarda turli asboblar yordamida izchillik bilan meteorologik kuzatishlar olib borib, ob-havo holatini ma’lum qilib turadigan stansiya. Meteorologik stansiyalardan olingan ma’lumotlar asosida ob-havo bashorati tuziladi.
Meteoritlar (yunoncha meteo­ra - osmondagi hodisa) - olam bo`shlig`idan Yerga tushib turadi­gan tosh yoki metall jismlar. Yer­ga tushgan joyda chuqurlik pay­do bo`ladi. Eng og`ir temir meteo­rit Gabada (Afrikada) topilgan. Uning og`irligi 60 t, hajmi 9 m.kub bo`lgan. 1947-yil Yerga Sixote-Alin meteoriti tushgan. Bu meteoritdan og`irligi 35 t keladigan 350 ta bo`lagi terib olingan.
Meteorlar, uchar yulduz­lar - kosmik fazodan qattiq jismlarning tezlik bilan kirib kelishi natijasida atmosferaning yuqori qatlamida (80-130 km balandda) ko`rinadigan yorug`­lik hodisalari. Jismlar yer atmosferasiga kirib kelgach, 2000-3000° gacha qizib yonadi, sirti bug`a aylanib nur sochadi. Shar shaklidagi olovga o`xshab, guldirab ovoz chiqarib uchadigan meteorlar bolidlar deyiladi.
Meteorologiya (yunoncha meteo­ra - osmondagi hodisa, logos - fan) - atmosferada ro`y beradigan hodisalarni: havoning isishi va sovishini, tuman paydo bo`lishi, yog`in yog`ishi, havoning harakati, atmosferadagi elektrik, op­tik va akustik hodisalarni va boshqalarni o`rganadigan fan. Bu hodisalarning hammasi Quyoshdan Yerga keladigan issiqlik bilan bog`liqdir. Meteorologiya ob-havoni o`rganish bilan birga uni oldindan aytib ham be­radi. Bunda meteorologiyaga meteorologik stansiyalar katta yordam beradi. Meteorologiya iqlimshunoslik bilan chambarchas bog`liq.
Metislar (lotincha mikstus - aralash) - turli irqlarga mansub kishilar o`rtasidagi nikohdan paydo bo`lgan avlodlar; Masalan, Amerikada indeetslarning yevro­peoid irqi vakillari bilan aralashishidan paydo bo`lgan metislar.
Metropoliya (yunoncha meter - ona, polis - shahar) - 1) mustamlakalari bo`lgan davlat; Masalan, Buyuk Britaniya o`z mustamlakalari uchun metropoliya bo`lgan; 2) ba’zi bir davlatlarda (Masalan, Kanadada) provinsiya yoki hududning markaziy shahri. Davlatlarning poytaxtlari ham metropoliya deyila­di.
Mehnat resurslari - mamla­katning mehnatga layoqatli yoshdagi barcha aholisi, shuningdek ish­lab chiqarishda ishtirok etadigan 16 yoshgacha bo`lgan o`smirlar va nafaqaxo`rlar. O`zbekistonda 16 yoshdan 55 yoshgacha bo`lgan ayollar va 60 yoshgacha bo`lgan erkaklar mehnatga layoqatli aholi hisoblanadi.
Mehnat taqsimoti - jamiyat taraqqiyoti jarayonida mehnat faoliyatinnng sifat jihatdan farq qilishi. Jamiyat miqyosida va korxona ichida mehnat taqsimoti mavjud bo`ladi. Masalan, ishlab chiqarish yirik tarmoqlarga (sanoat, qishloq xo`jaligi, transport va boshqalar) bo`linadi; bu tarmoqlar, o`z navbatida, yana may­da tarmoqlarga (masalan, sanoat o`g`ir sanoat, yengil sanoatga) bo`linadi va h.k.
Bir mamlakat doirasida va mamlakatlar o`rtasida ishlab chiqarishning ixtisoslashishi ham mehnat taqsimoti deyiladi, masalan, hududiy mehnat taqsimoti va xalqaro mehnat taqsimoti.

Mehnat unumdorligi - ishlab chiqarish jarayonida kishilar mehnatining foydaliligi, samaradorligi va mahsuldorligi. Mehnat unumdorligi ishlovchining ma’lum vaqt (soat, hafta, oy, yil) davomida tayyorlagan mahsulot hajmi bilan belgilanadi. Mehnat unumdorligi darajasi texnikadan foydalanish va mehnat qurollarini takomillashtirish, ish kuchining malakasi, mehnatning uyushtirilishi va boshqalarga bog`liq.
Migratsiya (lotincha migratsio – ko`chish) -1) aholi migratsiyasi -  aholining bir joydan ikkinchi joyga ko`chishi; 2) hayvonlarning yashash sharoiti va ri­vojlanish siklining o`zgarishi munosabati bilan bir geografik muhitdan boshqa muhitga ko`chishi;
Mikroiqlim - kichik hududlarning iqlimi.
Mikroreylef- Yer yuzasining kichik reylef shakllari: daryo terrasalari, qum tepalari, kichik-kichik ur-qirlar va b.
Militarizatsiya (lotincha militaris - harbiy) - tinch davr­da bosqinchilik urushlariga tayyorlanish maqsadida sanoatni yoki umuman mamlakat iqtisodiyotini harbiy izga solish.

Milliy daromad - xalq daromadi - muayyan vaqt (masalan, bir yil) davomida mamlakatning butun aholisi mehnati bilan yaratilgan jami boyliklar. Bunda sarflangan xom ashyo, energiya, ma­shina, ishlab chiqarish binolarining yeyilgan qismi chegirib tashlanadi.
Milliy parklar -  maxsus qo`riqlanadigan hududlar, eng yirik quriqxonalar. Milliy parklar uchun hayvon hamda o`simlik dunyosiga boy, e’tiborga loyiq g`orlari, qoyalari, ko`llari, buloqlari bo`lgan sermanzara va nodir landshaftli joylar tanlanadi. Milliy parklar go`yo ta­biiy muzey sifatida qo`riqlanadi, ularda ilmiy-tadqiqot ishla­ri olib boriladi. Milliy parklar odatda uch qism hududdan iborat bo`ladi: turistlar kirib bir necha kunlab bemalol dam olishi mum­kin bo`lgan qism. Turistlar to­mosha qilishi mumkin bo`lgan qism va qat’iy qo`riqlanadigan qism. Dunyodagi eng yirik milliy park Kanadadagi Vud-Baffalo, AQShdagi Iellouston va Yosemit, Keniyadagi Nayrobi, Shvetsiyadagi Sarek-Shyofalletsdir. Ularda no­dir hayvonlar va o`simliklar, shu­ningdek diqqatga sazovor tabiiy ob’yektlar bor.
Mineral (lotincha minera - ruda so`zidan) - kimyoviy tarki­bi va fizik xossalariga ko`ra taxminan bir xil bo`lgan tabiiy jismlar. Yer po`stida sodir bo`ladigan fizik-kimyoviy jarayonlar natijasida hosil bo`ladi. Mineral tog` jinslari, rudalar va boshqalar mineral jismlar tarkibida bo`ladi. Hozir minerallarning 3 mingga yaqin tu­ri ma’lum. Yer po`stidagi tog` jinslari va rudalar minerallardan tarkib topgan. Minerallar ko`pincha kristallardan iborat bo`ladi. Suyuq (suv, simob) va gazsimon minerallar ham bor.
Mineral suvlar - tarkibida ba’zi bir kimyoviy elementlar va birikmalar, shuningdek gazlar bo`lgan suvlar. Suv tarkibidagi tuzlar   1 g/l dan ortiq bo`lsa mineral suvlar, kam bo`lsa, chuchuk suv deyi­ladi. Agar 50 g/l dan ortiq bo`lsa, sho`r suv, namakob bo`ladi. Suv tarkibida yod, brom, litiy, ba­riy, temir va b., gazlar - karbo­nat angidrid, radon, sulfat gazlari bo`lishi ularda shifobaxsh xususiyat vujudga keltiradi. Tosh­kent mineral suvi, Narzan suvi va b.
Mintaqa- Yer yuzasining ta­biiy geografik kenglik - zonal bo`linishining eng yuqori bosqichi.
Mintaqa vaqti - vaqtni hisoblash tizimlaridan biri. Mintaqa vaqtiga Yer yuzasini har biri o`rtacha 15 darajadan qilib meridian yo`nalishidagi 24 ta mintaqaga ajratish asos qilib olingan. Mintaqalar tartib soni Grinvich meridiani o`rta meridian bo`lgan mintaqadan boshlab sharqqa to­mon 0 dan 24 darajagacha hisoblanadi. Bir mintaqa doirasidagi hamma joyda bir vaqtda soat bir xil hisoblanadi. Mintaqa vaqti deb shu mintaqaning o`rta meridianidagi o`rtacha quyosh vaqti qabul qilingan. Xo`jalik va boshqa amaliy ishlarda qiyinchilik tug`ilmasligi uchun mintaqa vaqti chegaralari qat’iy me­ridian bo`ylab emas, ba’zan ma’muriy chegaralar, daryolar va h.k. lar bo`ylab o`tkaziladi. Mintaqa vaqti dastlab 1883-yili AQShda joriy qilingan. 
Mis rudalari - misning sa­noat ahamiyatiga ega bo`lgan minerallari. Tarkibida 1% dan 2% gacha va undan ortiq mis bo`lgan rudalardan mis olinadi. Dunyoda ishlab chiqariladigan misning 90% i sulfidli rudalardan oli­nadi. Mis ruda konlari: Ural, Zakavkaze, Qozog`iston, O`zbekiston, AQSh, Chili, Kongo, Kanada, Shi­moliy Rodeziyada bor.
Modda va energiya almashinuvi - geografik qobiq va ayrim landshaftlardagi komponentararo aloqalarni ifodalovchi qonuniyat. Tabiatda komponentlararo modda va energiya almashinuvi tufayli tabiiy hududiy kom­plekslar vujudga kelgan. Tabiat­da moddiy va energiya almashinuvi, odatda, aylanma harakat tarzida ro`y beradi. Okean suvlari sirkulyatsiyasi, atmosferadagi ay­lanma harakatlar, suvning aylan­ma harakati, biologic, litologik aylanma harakat va boshqalar ana shundaydir. Aylanma harakatlar tu­fayli tabiatda chiqit hosil bo`l­maydi. Tabiatdagi modda va ener­giya almashinuvi geografik qobiq­ning bir butunligiga sabab bo`ladi.
Moyli ekinlar - moy olish uchun ekiladigan o`simliklar. Kungaboqar, zig`ir, kunjut, kanakunjut, maxsar, yeryong`oq, soya, gor­chitsa, konoplya, paxta va b. Moyli ekinlar jumlasiga kiradi. Shuningdek, zaytun, tunga, kedr, yong`oq, bodom kabi daraxtlarning mag`izlaridan ham moy olinadi. Kungaboqar, zig`ir, konoplya, paxta, yeryong`oq, kunjut moyli ekinlar orasida eng katta o`rin tutadi.
Molibden rudalari(yunoncha molibdos – qo`rg`oshin) - molibdenning sanoat ahamiyatiga ega bo`lgan mineral birikmalari. Aso­siy agregatlari molibdenit va novellit. Molibden rudalarida 0,1% dan 1 % gacha va undan ko`proq molibden bo`ladi. Molibden temir, nikel, kobalt bilan birikmalar hosil qiladi, po`latning qattiq (mustahkam) bo`lishiga yordam beradi. Molibden ruda konlari Armaniston, Shimoliy Kavkaz (Tirniauz), Qozog`iston (Qo`ng`irot, Bo`zshako`l), O`zbekistonda esa Olmaliq, Qoramozor, Zirabuloq-Ziyovuddin, Nurota tog`larida, chet ellarda - AQSh, Chili, Kanada va Norvegiyada bor.
Momaqaldiroq- havoda chaqmoq paytda ro`y beradigan guldirash hodisasi. Momaqaldiroq chaqmoq chaqqanda havoning juda tez isib, kengayishidan, ya’ni portlash to`lqinida ro`y beradi.
Monarxiya(yunoncha monar­xia - yakka hukmronlik) - davlatning bir shaxs - monarx (qirol, podsho, shoh, imperator) to­monidan boshqarilishi. Monarx hokimiyati umrbod bo`lib, avloddan-avlodga o`tadi. Hokimiyat butunlay monarx qo`lida bo`lsa, hokimi mutloq deyiladi; konstitutsiyali monarxiyada monarx hokimiyatini parlament cheklab qo`ygan bo`ladi; parlament roziligisiz monarx davlat ahamiyatiga ega bo`lgan qonunlar chiqarish huquqiga ega emas; Masalan, Buyuk Britaniya, Belgiyada ana shunday.
Momiq bulut - bulut turlaridan biri. Muz kristallchalaridan iborat bo`lib, shakli yupqa patga o`xshaydi. Odatda, soya bermaydi. Troposferaning yuqori qatlamlarida juda past haroratli sharoitda vujudga keladi. Ba’zan havo frontida iliq havoning front yuzasi bo`ylab ko`tarilishidan hosil bo`lib, havo aynishidan darak beradi.
Monitoring– atrof-muhitning holatini kuzatib turish, uni nazorat qilish va boshqarishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadbirlar sistemasi. Monitoring atrof muhitning kelgusidagi o`zgarishlarini oldindan aniqlashni ham o`z ichi­ga oladi.
Monokultura xo`jaligi(yunoncha monos - bitta va lotin­cha kultura - ekish) - birgina joyning o`zida bir xil ekinni uzluksiz ekish. Oqibatda yerning unumdorligi kamayadi, eroziya avj oladi.
Morena- muzliklar olib ke­lib qoldirgan tog` jinslari parchalari (valunlar, palaxsa tosh­lar, shag`al, qum, gil).
Morenali landshaft - yuzasini muzlik otqiziqlari qoplab yot­gan yerlar. Morenali landshaftda xilma-xil ay­rim va qator tepalar (qadimgi morena qoldiqlari), ular orasi­da ko`pincha ko`l yoki botqoqlik bi­lan band chuqurliklar, katta-kichik valunlar ko`p bo`ladi.
Morfoskulptura  - reylef hosil qiluvchi asosan tashqi omil­lar (oqar suvlar, yer osti suvla­ri, shamollar, muzliklar, doimiy muzloqlar, nurash va b.) ta’siri­da paydo bo`lgan qiyosan kichik reylef shakllari. Masalan, jar, yassi jar, morena tepaligi, barxan, dyuna, do`ng qum, karst voronkalari va h.k.

Morfostruktura- reylef hosil qiluvchi endogen va ekzogen omillarning birgalikdagi ta’si­rida, biroq, endogen omilning yetakchi roli ta’sirida vujudga kelgan yirik reylef shakllari: ayrim tog` zanjirlari, tizmalar, tog` vodiylari, qirlar, platolar, pasttekisliklar va boshqalar.
Muvozanat profili - uzoq vaqt davomida suv yuvib borishi natijasida daryo tubidagi notekisliklar tekislangan o`zanning bo`ylama kesimi.
Muz — suvning qattiq, kris­tall holati. Tog`lardagi muzliklarni ham mahalliy aholi muz deydi. Sovuq ma’nosida ham ish­latiladi. Tog` nomlari tarkibida uchraydi: Muztog`, Muztog`ota va h.k.
Muz bosishi - tabiiy muz to`planishi va uning siljib, atrofdagi joylarni qoplashi. Yer yuzining ayrim qismlarini geo­logik davrlar davomida bir necha bor muz bosganligi ma’lum. Bun­day muz bosishlari turli joyda turli nomlar bilan ataladi. Yevropada uch marta, Shimoliy Ame­rikada to`rt marta muz bosishi bo`lgan. Hozirgi Antarktidadagi, Grenlandiyadagi va Arktika orollaridagi muzlar ham ana shunday muzlardir.
Muz dalalari - dreyf sylib (sekin suzib) yuradigan muzlardan eng yiriklari, diametri 10 km va undan ham katta bo`lishi mumkin. Ko`p yillik muz dalalarning qalinligi 3-4 m ga yetadi.
Muz zonalari - Arktika sovuq sahrolari zonalari yoki qutbiy zonalar - Shimoliy qutb bi­lan Janubiy qutb atroflaridagi o`lkalar. Shimoliy yarim shar­da muz zonalari taxminan 70 daraja sh.k. gacha boradi, janubiy yarim sharda Antarktida va uning yon-veridagi orollarni o`z ichiga oladi. Muz zonalarida iqlim nihoyatda sovuq bo`lganidan muzlik keng tarqalgan.
Muz tiqilishi - muz oqishi vaqtida daryo o`zanining toraygan joylarida, tirsaklarda, sayozliklarda muz yig`ilib, daryoni to`sib qo`yishi. Shimolga oqadigan daryo­larda yuqori oqimida muz ko`chib, quyi qismiga kelib to`planishidan ham muz tiqilishi bo`ladi. Amudaryoning quyi oqimida ham kuzatiladi. Muz tiqilishi ba’zan toshqinlarga sa­bab bo`ladi.
Muz g`ori - devorlari, tagi, shipi muz kristallari, muz sumalaklar bilan qoplangan g`or. Bun­day g`orlar ichida havo harorati yil bo`yi 0 darajadan past turadi va tog`larning baland qismlarida, salqin, sovuq o`lkalarda uchraydi.
Muzlik- sharoit qulay joyda qor to`planishidan hosil bo`lib, qiya tomonga siljib turuvchi muz massasi. Qor chegarasidan yuqorida relyefning qor to`plani­shi uchun qulay bo`lgan botiq shakllarida to`planadigan qor­ning zichlashishidan vujudga kela­di. Yer yuzida hozirgi vaqtdagi muzliklar maydoni 16 mln. km.kv dan ortiq. Muzliklar joylashgan o`r­ni va shakliga ko`ra tog` muzligi va te­kislik muzligiga bo`linadi. Muzliklar nishab tomonga surilib turadi; 1 daraja qiyalikdagi yerda muzlik siljishi uchun uning qalinligi 55-60 m bo`lishi kerak. 1,5-2 m qalinlikdagi muz siljiydi. Muzlikning siljish tezligi muz haroratiga, joy­ning qiyaligiga va muzning qalinligiga bog`liq. Muzlik kuniga bir ne­cha mm dan 2-3 m gacha siljishi mumkin. Tog` muzliklari daryolarning to`yintiruvchi muhim suv manbaidir.
Muzlik davrlari - Yerning geologik tarixida quruqlikni qalin muzliklar qoplab yotgan bosqichlar. Kembriydan oldin, pa­leozoy va kaynozoy eralarida muzlik davrlari bo`lib o`tgan. Masalan, Yevropa va G`arbiy Yevropaning kattagina qismini bir necha marta muz bosgan.

Muzlik ko`llari - muzlik o`ygan chuqurliklarda paydo bo`lgan ko`llar. Muzlik ko`llaridan morena ko`li va kar ko`li farq qilinadi. Kola yarim oroli, Kareliya, Finlyandiyada ko`pdan ko`p muzlik o`yib yuborgan dastlabki chuqurliklarda muzlik ko`llari vujudga kelgan.
Muzlik tili – tog` muzligining qor chizig`idan pastga tushib kelgan tarmog`i.
Muzlik sirki - tog`larning tepa qismidagi bir yog`i ochits tovoqsimon tabiiy chuqurlik. Sovuqdan nurash natijasida hosil bo`ladi. Kar deb ham yuritiladi. Ichida ko`pincha muz yig`ilib yotadi.
Muzlik qo`li - vodiy muzligiga yon vodiylardan kelib qo`shilgan muzlik - vodiy muzligi irmog`i. Agar yon vodiy balandroq bo`lsa, muzlik qo`li asosiy muzlikka qo`shilish joyida muzlik sharsharasini hosil qiladi.
Mulatlar- yevropaliklar bi­lan negrlar nikohidan paydo bo`lgan avlodlar.
Musson (arabcha mavsum so`zidan) - qishda quruqlikdan den­gizga, yozda dengizdan quruqlikka tomon esadigan shamollar. Musson quruqlik bilan dengizning bir xil isimasligi oqibatida havo bosi­mining farq qilishidan paydo bo`ladi. Suv quruqlikka qaraganda sekin isib sekin soviydi, shuning uchun yozda quruqlik ustidagi havoga nisbatan dengiz ustida havo harorati past, bosim esa yuqori bo`ladi, shuning uchun shamol den­gizdan quruqlikka qarab esadi. Qishda esa, aksincha, quruqlik tez sovib ketadi, quruqlik ustida harorati past, bosim esa yuqori bo`ladi, shuning uchun shamol quruqlikdan, dengizga tomon esadi. Musson aksari tropik va mo`tadil mintasalarda kuzatiladi.
Musson iqlimi - atmosfera sirkulyatsiyasi musson xarakterida bo`lgan, ya’ni havo massalari yozda dengizdan quruqlikka, qishda esa quruqlikdan dengizga tomon harakat qiladigan o`lkalar iqlimi. Musson iqlimida qish quruq, yoz esa seryomg`ir bo`ladi. Musson iqlimiga Hindiston, Hindixitoy, Uzoq Sharq, Sharqiy Xitoy musson iqlimlari misol bo`la oladi.
Musson shamollari - fasldan faslga o`z yo`nalishini o`zgartiradigan shamollar. 
Mustamlakalar- davlatlar tomonidan bosib olingan va siyosiy hamda iq­tisodiy jihatdan qaram bo`lgan mamlakatlar va o`lkalar. Mustamlakalar biron bir davlat (metropoliya) qo`l ostida bo`ladi. Milliy ozodlik harakati oqibatida ikkinchi jahon urushidan so`ng ko`pchilik mustahlakalar mustaqillikka erishdi.

Mustamlakachilik,kolonia­lizm davlatlarning iqtisodiy jihatdan zaif mamlakatlarni bosib olish, ezish va ekspluatatsiya qilishga qaratilgan siyosati.
Muchal, muchal hisobi- 12 ta hayvonning nomi bilan ataladigan (12 yillik) davriy yil hisobi. Bu hayvonlar: sichson, si­gir, yo`lbars, qo`yon, baliq, ilon, ot, qo`y, maymun, tovuq, it, to`ng`iz. Kishi shu hayvonlar nomi bilan atalgan 12 yilning qaysi birida tug`ilgan bo`lsa, uning muchali shu hayvon nomi bilan atalgan. Masalan, qo`y yilida tug`ilgan kishining mo`chali – qo`y, ot yilida tug`ilgan kishining muchali - ot va h.k. Muchal hisobida shu aytilgan 12 yillik davr bir aylanib kelsa, odam bir muchalga to`lgan bo`ladi. Lekin kishilarning yoshini aniqlashda ularning ona qornidagi vaqti ham bir yilga teng deb hisobga olinadi, ya’ni kishi bir muchalga to`lganida uning yoshi 12 emas, 13; ikki muchalga to`lganda 25 bo`ladi va h.k.
Muyna- muynali hayvonlar (sobol, suvsar, oqsichson, sassiqqo`zan, tulki, qo`yon, norka, bobr, qunduz, ondatra, nutriya, sug`ur, yumronqoziq va b.) va bu hayvonlarning terisi.
Mo`ynoq — bo`yin, bo`g`oz, daryo, ko`l, orol, quruqlik, tog`, qir va h. k. larning tog` cho`ziq qismi.
Mo`tadil iqlim - mo`tadil mintaqa iqlimi, bu mintaqada quyosh hech qachon zenitga chiqmaydi; yil fasllari bir-biridan keskin farq qiladi. Mo`tadil iqlim uch xil bo`ladi: 1) mo`tadil dengiz iqlimi (Masalan, G`arbiy Yevropada), butun yil davomida havoning rutubatli, seryog`in bo`lishi, qishning ancha iliq, yozning salqin kelishi bilan farq qiladi. Haroratning yillik amplitudasi u qadar katta emas (Masalan, Londonda 14°); 2) mo`tadil – kontinental  iqlim qish va yoz haroratining keskin farq qilishi bilan xarakterlanadi: qishi sovuq, yozi issiq, haroratning yillik amplitudasi 40 darajaga yetadi va un­dan ham oshadi; yog`in kam yog`adi (Masalan, MDH hududining katta qismi va Shimoliy Amerikaning markaziy huudlari); 3) mo`tadil musson iqlimi, mo`tadil kontinental iqlim hududlaridagi kabi, qishning sovuq ayoz bo`lishi va qorning kam yog`ishi bilan farq qiladi, mo`tadil den­giz iqlimi hududlaridagi kabi yoz u qadar issiq emas, havo rutubatli bo`lib, yog`in ko`p yog`adi. Haroratning yillik amplitudasi kat­ta  -30 daraja va undan ortiq (Masalan, Uzoq Sharq, Xitoyning shimoli).

Madaniy qatlam – odamlar turmush faoliyatining izlari saqlanib qolgan qatlam.

Maket– xaritada biror joyni kichiraytirib, kattalashtirib yoki o`z holicha tayyorlangan shakli.

Makroiqlim– katta bir hududga taalluqli iqlim.

Mamont g`or – eng qadimiy va eng yirik g`or. Appalachi tog`ida.

Mangu qorlar – yer yuzasida yillar bo`yi erimay yotadigan qorlar.

Mareograf– dengiz sathi tebranishlarini avtomatik usulda yozib boruvchi asbob.

Magnitosfera– yerning eng tashqi va eng katta qobig`i. 

Masshtab– xaritada nuqtalar orasidagi uzunlikning haqiqiy masofalar uzunligiga nisbati.

Mansab - daryolar quyiladigan joy.

Materik sayozligi – shelf – dengiz va okeanlar qirg`og`ini o`rab turadigan suv osti sayoz tekisligi. Dunyo okeanlari umumiy maydonining 8% ni tashkil etadi.

Materik etagi – materiklarning suv ostidagi chekka qismining asosiy elementlaridan biri; materik yon bag`ri bilan okean qari orasida.

Materiklar– yer sharining dengiz va okeanlar bilan qurshab olingan eng yirik quruqliklari.

Materiklararo dengizlar – materiklar orasida joylashgan dengzilar. Tektonik harakatlar natijasida vujudga kelgan.

Mahalliy vaqt – yer sirtidagi biror nuqta uchun belgilangan vaqt joyning geografik uzunligiga bog`liq. Geografik uzunlik sharqqa tomon 15 daraja ortganda mahalliy vaqt 1 soatga ortadi.

Mahalliy shamollar – yer yuzasining ma`lum hududlariga xos bo`lib, tezligi, takrorlanishi, yo`nalishi bilan ajralib turadi.

Marza– relyef shakli. Tepasi qabariq shakldagi uzun cho`zilgan balandlik.

Meandr - (Kichik Osiyo yarim orolidagi ilonizi o`zanli Menderes daryosi nomidan olingan) - daryolarning egri-buri, ilon shaklidagi o`zani. 

Meridian, yer meridiani – yer yuzasida har ikkala qautb orqali o`tadigan faraziy chiziq.

Meteoritlar– sayyoralararo fazodan yerga tushadigan qattiq jismlar.

Metiorit krateri – ulkan metiorit yerga tushganda hosil bo`ldigan chuqurlik.

Meteorlar, (kosmik toshlar) uchar yulduzlar – yerga tomon harakatlanganda ionlashgan yorug` izlar qoldiradi.

Meteorlar oqimi – meteor jismlar yer atmosferasi bilan to`qnash kelganda kuzatiladigan hodisa.

Meandr– tekislik daryolarining ilonizi bo`lib burilib – burilib oqishi.

Mezofitlar - normal namlik sharoitida o`suvchi o`simliklar.

Migratsiya– aholini bir joydan ikkinchi joyga ko`chib yurishi.

Mikroiqlim– yer yuzasiga yaqin havo qatlamlarining iqlimi.

Mikrorelyef– yer yuzasining kichik relyef shakllari.

Mil– uzunlik o`lchov birligi (Rimda ming qo`sh qadam) ko`pincha kemachilikda qo`llaniladi.

Mineral ko`llar – sho`r ko`llar- suvining tarkibida ko`p miqdorda tuz bo`lgan ko`llar tuz miqdori 35 g/kg dan yuqori bo`ladi.

Mineral suvlar – ba`zi kimyoviy element va birikmalarga boy suvlar.

Mintaqa– yer po`sti yoki geografik qobiqning biror jihatidan o`xshash bo`lgan cho`zinchoq qismi.

Momoqaldiroq– qisqa vaqt davom etadigan atmosfera hodisasi momoqaldiroq vaqtida bulut bilan yer orasida elektr zaryadlari paydo bo`lib, qattiq gumburlash tovush chiqadi.

Monoklinal– tog` jinslari qatlamlarining bir tartibda bir tomonga qiyshayib, enkaygan holda yotishi.

Morena– muzliklar tashib yuradigan va olib kelib qoldirgan tog` jinslari parchalari.

Morenali relyef – muzlik ta`sirida paydo bo`lgan relyef. Muzliklar tog` jinskarini yemirib bir joydan ikkinchi joyga ko`chiradi, mayda toshlar yer yuzasiga qolib ketadi.

Morfostrukura– yer yuzasi relyefining uzoq geologik davr davomida endogen protseslar ta`sirida vujudga kelgan qismlari.

Modernizatsiya– yangi, hozirgi zamon talablariga muvofiqlashtirib yangilash, o`zgartirish.

Muz tog`lari – okean va dengizlarda suzib yuradigan juda katta muz parchalari.(aysberg)

Muzloq yerlar – yer po`stining bir necha ming yillar muz bilan qoplanib yotgan qismi.

Musson– yer yuzasida va troposferaning quyi qismida doimo bir tomonga esadigan va faqat yil fasllarining alamashinishi bilangina o`z yo`nalishini qarama-qarshi tomonga o`zgartiradigan havo oqimi. Arabcha – mavsum degani.

Musson oqimlari – musson shamollari ta`sirida okean va dengizlar yuzasiga vujudga keladigan oqimlar.

Mavzuli xaritalar – bir yo`nalishda (relyef, o`simlik, foydali qazilmalar, iqlim va hokazo) ma`lum mavzuga oid geografik predmet va hodisalar tasvirlangan xaritalar.

Mutloq namlik – 1 m kub havoda mavjud bo`lgan gramm hisobida o`lchanadigan suv bug`lari miqdori.

"Millioner” shaharlar – aholi soni 1 mln dan ortiq bo`lgan shaharlar.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.