Nima sababdan Quyosh tutiladi?
Quyoshning tutilishida uch samoviy jism: Oy, Yer va Quyosh ishtirok etadi. Ma'lumki, Oy Yer atrofida aylanadi, Yer esa o’z navbatida to’xtovsiz Quyosh atrofidagi orbita bo’ylab harakat qiladi. Shunday qilib, vaqti-vaqti bilan Oy Yer va uni yoritadigan Quyosh o’rtasiga tushib qoladi. Shu holatda Quyosh tutilishi degan hodisa ro’y beradi. Quyosh faqat yangi oy chiqqan kezlar tutiladi, chunki ayni shu vaqtda Oy Yerning Quyoshga qaragan tomonida joylashgan bo’ladi. Agar Oyning orbitasi ham Yerning orbitasi joylashgan tekislikda bo’lganida edi, Quyosh har yangi oy chiqqan kez tutilar edi. Biroq Oy Yer atrofidagi 29,5 kunlik harakati vaqtida, odatda, Yer bilan Quyosh o’rtasidagi to’g’ri chiziqni chetlab o’tadi. Munajjimlar Quyosh tutilishi boshlanishini va u qancha davom etishini oldindan sekund-sekundigacha aniq aytib bera oladilar. Shuningdek, ular oldindan bu tutilish to’la, qisman yoki halqasimon bo’lishini ham ayta olishadi. Agar Oy Quyoshni butunlay to’sib qo’ysa, bu to’la tutilish deyiladi. Ammo Yer bilan Oy o’rtasidagi masofa doimo bir xil bo’lmaydi va u ko’pincha juda uzoq bo’ladi. Bu esa Quyosh tutilishiga hamisha ham imkon beravermaydi. Shunda Oyning qora gardishi butun Quyoshni to’sib qo’yadi, biroq uning aylanasi bo’ylab ingichka halqa ko’rinib turadi. Bu Quyoshning halqasimon tutilishini bildiradi. Oyning Quyosh yuzasini qisman to’sib qo’yishi qisman tutilish deyiladi. Quyosh har yili kamida ikki marta tutiladi. Ularning soni beshtagacha ham yetishi mumkin. Yer sharining ma'lum bir qismida Quyoshning to’la tutilishini har 250—300 yilda bir marta kuzatish mumkin. Shuning uchun munajjimlar butun Yer yuzi bo’ylab Quyoshning to’la tutilishi ortidan «quvib» yurishadi.
QUYOSH QACHON O’CHIB QOLADI?
Bunday savol berishning o’ziyoq shubha uyg’otadi. Axir, Quyosh abadiy nur sochmaydimi? Afsuski, bunday emas. Biz Quyosh ham oddiy yulduz ekanini, ertamikechmi, u ham so’nishini yaxshi bilamiz. Olimlar bir vaqtlar, Quyosh asta-sekin sovib yoki «kuyib kul bo’lib» boradi, deb taxmin qilishgan edi. Endi bilamizki, agar haqiqatan ham shunday bo’ganida uning quvvati, bor-yo’g’i, bir necha ming yilga yetardi, xolos. Endi bu taxminga hech kimni ishontirib bo’lmaydi. Quyosh «kuyib kul bo’lmayotgan» bo’lsa, unda nima bo’lyapti o’zi? Hozirgi ilm-fan Quyosh o’z qa'rida ro’y berayotgan reaksiyalar natijasida energiya chiqarayotgani to’g’risidagi nazariyani isbotlab bergan. Buning ma'nosi shuki, vodorod benihoya yuqori issiqlik temperaturasi ta'sirida birlashib, geliy atomlari yadrosini tashkil qiladi. Termoyadro quroli — vodorod bombasi portlaganda ham xuddi shunday reaksiya ro’y beradi. Uning natijasida juda katta miqdordagi energiya ajralib chiqadi. Shunday qilib, Quyoshdagi vodorod zahirasi qancha muddatga yetadi, degan savol tug’iladi. Agar vodorodning yonish jarayoni hozirgiday sur'at bilan davom etaversa, Quyosh yana 150 milliard yil nur sochib turishi mumkin. Bu jarayon natijasida Quyoshning massasi, bor-yo’g’i, 1 foiz kamayadi. Shuning uchun ham Quyosh uzoq kelgusida o’chib qolishi mumkin, degan xavotirga bormasa ham bo’ladi.
OLIMLAR QUYOSHNING TARKIBINI QANDAY ANIQLASHGAN?
Biz Quyosh keskin darajada qizigan gazlarning bir necha qatlamidan iborat ulkan shar ekanini yaxshi bilamiz. Lekin bu haqda va Quyoshda ro’y berayotgan boshqa hodisalar to’g’risida qanday qilib bilib oldik? Munajjimlar maxsus asboblar yordamida Quyosh to’g’risida ko’plab ma'lumotlar yig’ishgan. Bunday asboblardan ayrimlarini sanab o’tish mumkin: spektrograf, spektrogeliograf, koronograf, radioteleskop va kosmik zondlar. Spektrografdan keskin darajada qizigan Quyosh gazlarini o’rganishda foydalaniladi. Uning yordamida Quyosh taratayotgan ranglar qaysi kimyoviy moddalarga bog’liq ekanini bilib olish mumkin. Spektrograf olimlarga Quyosh nuri spektrini doimiy sur'atda yozib borish imkonini beradi. Munajjimlar spektrogelioskop yordamida Quyoshdagi turli moddalar qay darajada taqsimlanganini aniqlashadi. Bu asbobga suratga oluvchi moslama o’rnatilgach, u spektrogelioskop deb ataladi. Koronograf — teleskopning maxsus turi. Munajjimlar koronograf yordamida, Quyosh tutilishini kutib o’tirmasdan, uning tojini suratga olishlari mumkin. Radioteleskoplar esa olimlarga Quyoshdan taralayotgan radioto’lqinlarni o’rganish imkonini beradi. Yer atmosferasi sayyoramizga yetib keladigan Quyosh radiatsiyasining asosiy qismini yutishi sababli olimlar asboblarni atmosferadan yuqoriga o’rnatishadi. Bunday kosmik zondlar Quyosh to’g’risida ko’proq ma'lumot yig’ishga imkoniyat tug’diradi. Garchi mazkur asboblarning texnik tavsiflari keltirilmayotgan bo’lsa-da, bu bilan siz Quyosh to’g’risida ko’plab ma'lumotlar yig’ish imkonini beradigan asboblar mavjudligiga ishonch hosil qilishingiz mumkin.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.