Amerikaning siyosiy xaritasi 

12 852

Amerika G‘arbiy yarim sharda joylashgan ikki materik - Shimoliy va Janubiy  Amerikani  hamda  ularga  yaqin  orollarni qamrab  olgan qit’adir. Uning umumiy maydoni 42 mln.  km2 ga  teng. Shimoliy va Janubiy  Amerika  materiklarini Panama kanali  ajratadi.

Amerikaning zamonaviy siyosiy xaritasida 35 ta mustaqil davlat mavjud. Ular o‘z hududiy kattaligi jihatidan bir-biridan keskin farq qiladi. Qit’adagi 4 ta mamlakat dunyoning 10 ta eng yirik davlatlari qatoridan joy olgan - Kanada, AQSH, Braziliya va Argentina. Boliviya, Kolumbiya, Peru va Meksikaning maydoni 1 mln. km2 dan oshadi. Venesuela va Chili davlatlarining hududi esa 500 ming km2 dan katta. Shu bilan birga, Amerikadagi 7 ta davlatning maydoni 1 ming km2 dan kam. Ularning  barchasi Karib dengizidagi  orollarda  joylashgan.

Amerikada faqatgina 2 ta davlat - Boliviya va Paragvay - bevosita dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas. Meksika, Gvatemala, Gonduras, Nikaragua, Kosta-Rika, Panama va Kolumbiya  qirg‘oqlari ikkita, ya’ni Atlantika va Tinch okean suvlari bilan yuviladi. AQSH va Kanada esa uchta - Atlantika, Tinch va Shimoliy Muz okeanlariga  chegaradosh.

Amerikadagi 35 davlatdan 25 tasi respublika, 10 tasi Britaniya Hamdo‘stligi qirolliklari, ya’ni konstitutsion monarxiyalar hisoblanadi. Konstitutsion monarxiyalardan 2  tasi  – Kanada va  Beliz - Shimoliy  Amerika  materigida joylashgan, qolgan 8 tasi esa  Karib denizidagi orol davlatlaridir.

Amerikada 7 ta federativ davlat joylashgan - AQSH, Argentina, Braziliya, Kanada, Meksika, Venesuela hamda Sent-Kits va Nevis. Sent-Kits va Nevis jahondagi  eng kichik federativ davlat hisoblanadi.

Amerika 2 ta yirik siyosiy-geografik mintaqa - Shimoliy Amerika va Lotin Amerikasiga bo‘linadi. Shimoliy Amerikada AQSH va Kanada joylashgan. Amerikadagi AQSHdan  janubda  joylashgan barcha davlatlar Lotin Amerikasini tashkil qiladi. Jahonning ushbu yirik mintaqasi Lotin Amerikasi deb atalishi ko‘p davlatlarida aholi qadimgi lotin tilidan  kelib chiqqan ispan,  portugal  va fransuz tillarida  so‘zlashishi  bilan  bog‘liq.

Shimoliy Amerika va Lotin Amerikasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi hamda aholining milliy-madaniy xususiyatlari  bilan farq qiladi. AQSH va Kanada «Katta  yettilik» guruhiga kiradigan rivojlangan davlatlar bo‘lsa, Lotin Amerikasi davlatlari  esa rivojlanayotgan davlatlardir.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.