Orol dengizining qirg`og`idan yirik akulaning tishi topildi 

3 091

Orol dengiziga sayyohlarni olib chiquvchi "Moynaq tour” sayyohlik agentligi xodimlari Orolning suvi yaxshi saqlanib qolgan Oqtumsiq burunida yirik akulaning tishini topib oldi. Ayni paytda ushbu tish Nukus shahridagi "Ratmina” mehmonxonasida ko`rgazmaga qo`yilgan, deb xabar qiladi O`zA.

– Biz Orol dengizining qurigan tubidan shunga o`xshash ko`plab tish topganmiz, lekin ularning hajmi kichik edi, – deydi "Moynaq tour” sayyohlik agentligi direktori Amina Bekjanova. – Faraz qilishimizcha, ular akulaning tishi bo`lsa kerak. Lekin yangi topilgan tish eng kattasi hisoblanadi. Shu kungacha bunaqa katta tish uchramagan.

Avvalroq, Orol dengiziga turistlarni sayohatga olib chiqish bilan shug`ullanuvchi nukuslik tadbirkor Tazabay O`teuliev ham nahang baliqning tishini topgandi.

Mo`ynoqlik nuroniy baliqchilar Orol dengizi mavjud paytida unda akulalar bo`lganligini inkor qiladi.
Vikipediya ma`lumotlariga ko`ra, ushbu tish qadim zamonlarda yashagan akulalarning qadimiy avlodi megalodonga tegishli. Megalodon – yo`qolib ketgan akulaning bir turi. U qadimiy oligosen (33-24 million yil avval) davridan pleystosen (2 million – 10 ming yil avval) davrigacha yashagan. Megalodon akulalar o`rtasidagi eng kattasi va kuchlisi bo`lgan. Uzunligi 16 metr, salmog`i 47 tonnagacha bo`lgan. Tishlash kuchi 10,8 tonnagacha etgan. Manbalarga ko`ra, megalodonlar butun dunyo bo`ylab tarqalgan.

Toshga aylangan akula tishlari Ustyurt platosida ham ko`plab topilgan.

Ilmiy manbalar qadimda Kaspiy dengizi bilan Orol dengizi bir bo`lganligini, Ustyurt, Qoraqum, Qizilqum singari cho`llar Tetis okeanining tubi bo`lganligini tasdiqlaydi. Ustyurtda, Qizilqumda chig`anoqlarning ko`p uchrashi buning yaqqol dalilidir. Tetis okeani deyarli milliard yil oldin mavjud bo`lgan (eramizdan avvalgi 850 millioninchi yildan 5 millioninchi yilgacha).

Ustyurt, Qoraqum, Qizilqum singari cho`llar bo`lsa bundan 20-30 million yil ilgari paydo bo`lgan. Ustyurt Kaynozoy erasi o`rtalari qoldig`i bo`lib (21 million yil oldin paydo bo`lgan), ikki materikning to`qnashuvidan yuqoriga chiqib qolgan.

Demak, Orol dengizidan topilgan ushbu tishlarning yoshi millionlab yillar bilan o`lchanadi degan farazni ilgari surish mumkin.
Manba: Darakchi

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.