Toshbaqalar Qizil kitobga kiritiladimi? 

4 016

Bolaligimda dala-qirga saylga chiqqanimizda issiqda inidan yarmi chiqib turgan ko'plab toshbaqalarga duch kelar, ularni ushlamoqchi bo'lganimizda dadam rahmatli "Toshbaqaga teginma, u juda xosiyatli, ammo inidan uzoqqa olib ketsang o'zining va bolalarining uvoliga qolasan” deb koyirdilar. Aynan jonivorlarga tegmaslik, ularga mehr ko'rsatish, har bir o't-o'lan, tirik jonzotning uvoliga qolishdan qo'rqish bir umr qalbimda muhrlanib qolgan bo'lsa ajab emas. Joriy yilda Navoiy viloyatining Xatirchi tumaniga qilgan safarimda qir-adirlarda deyarli toshbaqa uchratmadim. Hayron bo'lib, hamrohimiz Berdiqul Umarovga yuzlanganimizda, "toshbaqalar hozir yaxshigina biznesga aylanganini, ularni uzoq-yaqindan kelgan "tadbirkorlar” terib ketayotganini” aytdi. Nahotki kelajakda farzandlarimiz toshbaqalarni faqatgina hayvonot bog'lari-yu, ertak kitoblardagi suratlar orqali ko'rsa?

- O'zbekistonda dasht toshbaqasi eksport qilishga ruxsat etilgan jonivorlardan biri hisoblanadi, deydi O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining o'simlik va hayvonot dunyosi genofondi institutining katta ilmiy xodimi, biologik fanlar nomzodi Emiliya Vashetko. - Toshbaqalarni AQSh, Yevropa, Yaponiyaning zoodo'konlari hamda restoranlari xarid qilishadi. Aytish joizki, ma`lum kattalikdagi jonivorlar tutilib eksportga olib chiqiladi, inlaridagi tuxumlar yig'ib ketiladi. Asosan Navoiy, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari hududlaridagi ko'plab toshbaqalar terib ketilmoqda. Markaziy Osiyoning boshqa respublikalarida toshbaqalar soni keskin kamaygani sababli Qozog'iston 2003, Tojikiston 2009-yildan ularning eksportini taqiqlangan. O'zbekistonda esa bu jarayon hanuz davom etmoqda. Masalan,  2000-yilda 3500 ta toshbaqa tashqariga olib chiqib ketilgan bo'lsa, 2015-yilda ularning soni 50 mingtaga yetdi.

Shuningdek, pitomniklarda o'stiriladigan toshbaqalar eksporti esa 2003-yilda 5 mingta, 2015-yilda 45 ming donani tashkil etdi. Eng yomoni, yuqorida qayd etilganidek, ma`lum kichikrok hajmdagi toshbaqalar eksportga yo'naltiriladi. Erkak toshbaqalarning hajmi urg'ochisinikidan  kichikroq bo'lganligi sababli, qonuniy va noqonuniy savdo to'riga aynan ular tushadi. Oqibatda faqatgina urg'ochi toshbaqalarning qolishi ularning keskin kamayiga sabab bo'ldi. "Qush bozorlari”da tabiat qo'ynidan noqonuniy terib kelinib sotayotgan "tijoratchi”larga ham keskin choralar ko'rish vaqti yetdi. Chunki jonivorlarning ko'pchiligi yosh bolalar ovunchog'iga aylanib, noto'g'ri boqilishi oqibatida halok bo'ladi.  Ayni paytda O'rta Osiyo toshbaqasini O'zbekiston Qizil Kitobiga zudlik bilan kiritib, uning eksportini taqiqlash, toshbaqalarni yashash hududlari brakonerlardan muhofaza qilish zarur. Buning uchun hozir harakat qilmoqdamiz. Shuningdek, jonivor Yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to'g'risidagi Konventsiyaning ikkinchi ilovasiga va xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Qizil ro'yxatiga yo'qolib borayotgan hayvon turi sifatida kiritilgan,

Hozirgi vaqtda O'zbekiston hududining 18%ga yaqinini inson tomonidan o'zgartirilgan landshaftlar tashkil qiladi. Hududning intensiv o'zlashtirilishi o'simlik va hayvonot dunyosining kambag'allashuvi, noyob to'qay, cho'l va tog' ekotizimlarining yo'q qilinishi, atrof-muhitning ifloslanishi, cho'llanish, Orol dengizining ekologik falokati kabi salbiy oqibatlarga olib keldi.   O'zbekiston flora va faunasining ko'plab turlarining soni va tarqalish maydoni keskin qisqardi, ularning ayrimlari butunlay yo'qolib ketdi. Ovlash ob`yektlari bo'lgan yirik sut emizuvchilar va qushlar hamda faqatgina ma`lum tor yashash joylariga bog'liq bo'lgan endemik va relikt o'simliklar eng katta xavf ostida qolmoqda. Oxirgi 100 yil ichida O'zbekiston hududida turon yo'lbarsi, gepard, qulon, orol sulaymonbalig'i va 18 tur o'simlik yo'qoldi. Ilvirs (tog' qoploni), qoraquloq, qoplon kabi yirik yirtqichlar yo'qolish arafasidadir. Silovsin, oq tirnoqli ayiq, burama shoxli echki, buxoro qo'yi, Qizilqum arxari, sayg'oq va jayron juda kam uchraydigan bo'lib qoldi. Yaqin kunlarda O'zbekiston Qizil kitobiga yana bir jonivor turi, oddiy dasht toshbaqasi kiritiladi.

"Dasht toshbaqasining kosasi uncha katta bo'lmagan, yumaloq, sariq-jigarrang tusda. Ularning xalqalariga qarab, toshbaqa yovvoyi tabiat qo'ynida o'sganmi yoki tutqinlikda, aniqlasa bo'ladi. Chunki tabiat qo'ynida yashagan toshbaqalar kosasidagi xalqalarning orasi keng, tutqunlikdagisiniki tor bo'ladi. Toshbaqaning uzunligi odatda 15-20 sm. bo'lib, moda toshbaqa nardan ancha kattadir. O'rta Osiyo toshbaqasining oldingi oyoqlarida 4 ta barmoqlari,  orqa oyoqlarida esa o'simtalar bor.Toshbaqalar umri davomida o'sadi va jinsiy yetuklikka 10 yilda yetishadi.  Toshbaqalarning ko'payishi uchun bir xil yoshdagi jonivorlar zarur. Agarda toshbaqaning dumi uzunroq va kengroq bo'lsa u erkak,  qisqa va yapaloq bo'lsa urg'ochi bo'ladi. Toshbaqalar fevraldan avgust oyigacha ko'payishadi. Moda toshbaqa 2 tadan 6 tagacha tuxum qo'yadi. Inkubatsiya 28-30°S  haroratda 60-65  kun davom etadi. Havo sovuqroq bo'lsa tuxumlardan erkak, issiqroq bo'lsa urg'ochi toshbaqalar yorib chiqadi”, deydi biz bilan suhbatda O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining o'simlik va hayvonot dunyosi genofondi institutining kichik ilmiy xodimi Timur Abduraupov.

Olimlarning fikricha,  tabiatda toshbaqalarning o'ziga xos o'rni bor. Ular boshqa jonivorlar singari oziq zanjirining muhim bo'g'inidan biridir. Uning inson hayotidagi o'rnini esa qadimdan kuzatish mumkin. Odamlar toshbaqalarning go'shtini iste`mol qilib, kosasidan uy-ro'zg'or buyumlarini yasashgan. Toshbaqalar eng qadimgi jonivorlardan biridir. Ular ikki million yil ilgari paydo bo'lib, hozirgacha tashqi ko'rinishi deyarli o'zarmagan. Ilk paydo bo'lgan davrlarda Yer yuzida ularning 20 dan ortiq turi yashagan bo'lsa, hozir sayyoramizda toshbaqaning 14 ta turi mavjud.  O'rta Osiyo toshbaqasi tabiatda dasht o'simliklari, mevalar, sabzavot va poliz ekinlari bilan oziqlanishadi. Ular yakka hoda yashab, faqatgina qo'shilish uchun o'zlariga yor izlashadi.  

Bugungi kunda amaldagi qonunchilikka asosan bir dona toshbaqani ushlab sotganlik uchun  O'zbekiston Respublikasi fuqarosiga eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida, xorijiy davlat fuqarosi uchun esa 100 AQSh dollari miqdorida jarima belgilangan. Jonivorlar populyatsiyasini tiklash, farzandlarimiz faqatgina terrariumlarda emas, yovvoyi tabiat qo'ynida yayrayotgan toshbaqalarni ko'rishlari uchun O'zbekistonda toshbaqalarni ko'paytirish pitomniklar  sonini oshirish lozim. Ularning bir qismini tijorat maqsadida foydalanilsa, ikkinchi qismini tabiat qo'yniga qo'yib yuborish zarur. Shuningdek, toshbaqalarning noqonuniy savdosi va ularni ushlash borasidagi jazo  choralarini  qat`iylashtirish maqsadga muvofiqdir.
Nargis QOSIMOVA
 
Manba: kun.uz

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.