Issiq iqlim mintaqalaridagi tabiat zonalari 

11 801

Subtropik mintaqaning tabiat zonalari. 
Yevrosiyoning subtropik mintaqalarida qattiq bargli doimiy yashil o‘rmonlar va butazorlar, subtropik aralash o‘rmonlar, subtropik chalacho‘l hamda cho‘llar zonalari shakllangan.

Subtropik o‘rmonlar va butazorlar zonasi.
Yevropaning O‘rta dengiz sohillari bo‘ylab joylashgan. Bu yerda yoz quruq va issiq, qish iliq (o‘rtacha harorat +5°, +7°C) hamda seryomg‘ir. Shuning uchun o‘simliklar vegetatsiyasi yil bo‘yi davom etadi. Doimiy yashil o‘simliklar issiq va quruq havoga moslashgan. Ularning barglari qattiq, yaltiroq, ba'zilari tuk bilan qoplangan. Yashil o‘simliklar tagida hosildor jigarrang tuproqlar rivojlangan. Past bo‘yli daraxtlar, mayda bargli tosh eman, yertut daraxti, mirta va boshqalar ko‘p tarqalgan. Madaniy o‘simliklardan anjir, anor, uzum, zaytun va sitrus mevalari yetishtiriladi.

Subtropik sernam musson o‘rmonlar zonasi. 
Bu zona Yevrosiyoning janubi-sharqida musson iqlim ta'sirida hosil bo‘lgan. Bu yerda yoz nihoyatda sernamligi, qish esa quruqligi va salqinligi bilan ajralib turadi. Sernam o‘rmonlar uchun kameliya, kamforali dafna, paporotnik daraxtlari xosdir. Hayvonot olamida panda, qoplon, gibbon (maymun), tapir, piton ilonlari uchraydi.

Subtropik chalacho‘l va cho‘l zonalari. 
Bu zonalar mo‘'tadil mintaqa cho‘llaridan farq qilib, yozi ancha issiq, yomg‘ir kam yog‘adi. Lekin mo‘'tadil mintaqaning cho‘l o‘simliklari bilan o‘xshashligi bor. Bu mintaqadagi cho‘l va chalacho‘llari quruq subtropik cho‘llari deb ham ataladi. Nam subtropik mintaqasiga Qora dengiz qirg‘oqlari tipik misoldir. Quruq subtropik mintaqada iqlim sharoitiga moslashgan oq va qora saksovullar, shuvoq, yantoq, qum majnuntoli, erta bahorda lolaqizg‘aldoqlar, iloq va boshqa past o‘t-o‘simliklari barq urib o‘sadi. Hayvonlardan jayron, sayg‘oq, turli kaltakesaklar va ilonlar, kemiruvchilar, cho‘l burguti, kalxat, yovvoyi kaptarlar, toshbaqa, quyon, tulki, to‘qaylarda yovvoyi cho‘chqa, ondatra, yovvoyi mushuk, turli qushlar yashaydi. Cho‘llar qorako‘l qo‘ylari, tuyalar uchun yaxshi yaylov hisoblanadi.

Tropik mintaqaning tabiat zonalari. 
Tropik mintaqada chalacho‘l va cho‘l zonalari hamda savannalar mavjud. Mo‘'tadil va subtropik mintaqalarning chalacho‘l va cho‘llariga nisbatan bu yerda harorat juda yuqori (iyulning o‘rtacha harorati +30°C ga teng), yog‘ingarchilik esa nihoyatda kam bo‘ladi. Arabiston yarimorolidagi Rub-el-Xali qumli cho‘li eng quruq va issiq joy hisoblanadi. O‘simlik va hayvonlari kam. Arabiston cho‘llarida yovvoyi eshak - onagr, uchqur kiyik, yirtqichlardan sirtlon va chiyabo‘rilar uchraydi.
Tropik savannalar zonasi. Baland bo‘yli g‘allagulli o‘simliklar, siyrak o‘rmonlarda daraxtlardan sal (balandligi 30-35 m), tik, akatsiya va palmalar o‘sadi. Subekvatorial mintaqaga borgan sari savannalarda yog‘ingarchilik miqdori ortib boradi. O‘rmonlar maydoni ham kengayib boradi.

Subekvatorial mintaqaning tabiat zonalari. 
Bu mintaqa savannalar va fasliy nam o‘rmonlar zonasidan tarkib topgan. Savannalar Hindiston va Hindi-xitoy yarimorollarida joylashgan. Afrika savannalariga o‘xshab ketadi. Bu yerda ham o‘t-o‘simliklar, daraxtlar (palma), paporotniklar, akatsiya, mangra (Gang deltasida) o‘sadi. Hindi-xitoy yarimorolida bambuklar ko‘p. Hayvonlardan fil, maymun, yo‘lbars, panda, yak, qoplon, jayron, timsoh, ilon va turli qushlar mavjud.

Subekvatorial fasliy nam o‘rmonlar zonasi daraxt turlariga juda boy. Zona hududida qish juda iliq bo‘ladi. Yanvarning o‘rtacha harorati +15°, +18°C ga teng. Hayvonot dunyosi xilma-xil. Hindistonda va Shri-Lanka orolida hozir ham yovvoyi fillarni uchratish mumkin. Qalin o‘rmonlarda maymunlarning bir necha turlari yashaydi.

Ekvatorial mintaqaning tabiat zonasi. 
Yevrosiyoning ekvatorial mintaqasida bitta tabiat zonasi - ekvatorial nam o‘rmonlar zonasi shakllangan. Bu zona Malakka yarimorolida va ko‘proq orollarda joylashgan. Ekvatorial nam o‘rmonlar zonasi boshqa zonalardan yil bo‘yi namgarchilikning ko‘pligi, haroratning deyarli bir xilligi bilan ajralib turadi. Ekvatorial nam o‘rmonlarda ferralit-laterit tuproqlar hosil bo‘ladi. Ular ko‘p yarusli qalin o‘rmonlar bilan qoplangan. O‘simlik qoplami turlarga boy. Malakkaning o‘zida 7,5 ming tur o‘simlik uchraydi. Yovvoyi buqa, karkidonlar, orangutan maymunlar zonaga xos hayvonlardir.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.