Janubiy Amerika tabiat zonalari va balandlik mintaqalari 

17 921

Tabiat zonalari. Materikda kenglik va balandlik tabiat zonalligi kuzatiladi. Uning tekislik qismida ekvatorial, subekvatorial o‘rmonlar, savannalar, dasht, chalacho‘l, cho‘l va keng bargli o‘rmonlar zonalari shakllangan.
 
Ekvatorial o‘rmonlar zonasi. Janubiy Amerikada ekvatorial o‘rmonlar zonasi ekvatorning har ikki tomonida joylashgan. Ekvatorial o‘rmonlar bu yerda selva (portugalcha, «o‘rmon») deb ataladi. Janubiy Amerikada ekvatorial o‘rmonlar katta maydonni egallagan. Amazonka havzasidagi o‘rmonlar egallagan hududlarga Amazoniya deb nom berilgan. Faqat Braziliya Amazoniyasidagina 4000 ga yaqin daraxt turi uchraydi. Amazoniya ko‘pgina qimmatbaho daraxtlar - kauchuk beradigan geveya daraxti, palmalarning har xil turlari, kakao daraxti, seyba (paxta) daraxti (balandligi 80 m), qovun daraxti va boshqalar vatani hisoblanadi. Eng yengil va qattiq bels daraxti shu zonada o‘sadi. Undan T.Xeyerdal o‘zining "Kon-Tiki" kemasini yasagan. O‘rmonlarda yirik daraxtlar tanasiga chirmashib ketgan chirmoviq o‘simliklar o‘sadi.
 
Afrikadagidek bu yerda ham ekvatorial o‘rmonlar tagida podzollashgan laterit tuproqlar - qizil-sariq ferralitlar vujudga kelgan.

Zonaning hayvonot dunyosi Osiyo va Afrika hayvonlari kabi, daraxtlarda yashashga moslashgan. Masalan, dumi bilan osilib yashashga moslashgan maymunlar, yalqovlar, hatto qurbaqa va kaltakesaklar ham daraxtlarda yashaydi. Daryolar bo‘yida, suv havzalarida va botqoqli yerlarda tuyoqli hayvonlar - tapirlar va suv cho‘chqasi - karibarlar, eng yirik bo‘g‘ma anakonda iloni, yirtqich piranya balig‘i - «daryo odamxo'ri« yashaydi. Qalin o‘rmonlar orasida yirtqich hayvonlardan yaguar uchraydi.

Qushlardan kolibrilar, xilma-xil to‘tilar, katta shaftolixo‘rlar ko‘p tarqalgan. Yirik kapalaklar, yaltiroq qo‘ng‘izlar, o‘rgimchaklar va chumolilarning xilma-xil turlari bor.

Subekvatorial o‘rmonlar zonasi. Bu zona Braziliya hamda Gviana tog‘liklarining shimoliy yonbag‘irlarini egallaydi. Braziliya tog‘ligidagi o‘rmonlarda yomg‘irli mavsum uzoq davom etadi, qurg‘oqchil davr esa uch-to‘rt oygacha cho‘ziladi. Shu sababli o‘rmonlarda bargini to‘kadigan daraxtlar soni orta boradi. Subekvatorial o‘rmonlarda yiliga 2000-3000 mm yog‘in yog‘adi. Gviana tog‘ligining shimoliy qismida yog‘in bundan ham ko‘p yog‘adi. Natijada doimiy yashil o‘rmonlar tarkib topgan.

Savannalar zonasi subekvatorial iqlim mintaqalari hududidagi pasttekisliklarda, yassitog‘liklarda tarkib topgan. Materikning Shimoliy yarimshardagi savannalarida daraxt o‘simliklar (palmalar va akatsiyalar) ko‘p, Janubiy yarimshardagi savannalarda esa kam o‘sadi.

Savannalarning hayvonot dunyosida kichik bug‘ular - mazamlar, yovvoyi cho‘chqalar - pekarlar, zirhlilar - shox moddadan iborat qalqoni bo‘lgan sutemizuvchi hayvonlar, chumolixo‘r, kemiruvchilar, yirik qushlardan nandu tuyaqushi yashaydi. Bu zonada sernam savanna o‘rmonlari, quruq savanna, cho‘lga aylangan savanna, siyrak o‘rmonli savanna va butazorli savanna tabiat komplekslari mavjud.

Dashtlar zonasi. Savannalardan janubda, subtropik iqlim mintaqasida dashtlar zonasi joylashgan. Dashtlar Janubiy Amerikada pampa (indeyeslar tilida «daraxtsiz yerlar«) deb ataladi. Dashtlarda, asosan, o't-o‘simliklardan chalov, betaga, yovvoyi tariq va boshqalar uchraydi. Sernam subtropik iqlim sharoitida hosildor qizil ferralit tuproqlar hosil bo‘lgan. Pampalarda lamalar, tuyaqushlar, pampa bug‘usi, pampa mushugi va boshqa hayvonlar yashaydi.

Cho‘l va chalacho‘llar zonasi. Janubiy Amerikada tropik cho‘llar yo‘q. Faqat Tinch okean sohillarida sovuq Peru oqimi ta'sirida Atakama cho‘li tarkib topgan. Bu cho‘lda yiliga 25-100 mm yog‘in yog‘adi, ba'zan yog‘in yog‘maydi. Cho‘l o‘simliklari namlikni tuman va shudringdan oladi. Mo'tadil iqlim mintaqasida chalacho‘llar zonasi tarkib topgan. Tabiiy sharoiti qattiq, yog‘in kam yog‘adigan bu o‘lka Patagoniya deb ataladi. Bu zonada kam hosilli bo‘z tuproqlar keng tarqalgan. O‘simlik qoplami juda siyrak, ular chimli g‘allagullilardan va tikanli butalardan iborat. Kemiruvchilar, nutriya, mayda zirhlilar kabi hayvonlar ko‘p uchraydi.

Balandlik mintaqalari. And tog‘lari bir necha iqlim mintaqalarini kesib o‘tadi. Balandlik mintaqalarining ko‘p yoki kam bo‘lishi, asosan, ikki sababga: tog‘ tizmalarining balandligiga va ularning ekvatorga yaqin yoki undan uzoqda joylashganiga bog‘liq. Masalan, ekvatorga yaqin joylarda And tog‘larining balandligi 5000-6000 metrni tashkil etadi. Bu yerda quyidagi balandlik mintaqalari uchraydi. 
 
Subtropik mintaqaning And tog‘i etaklarida chalacho‘llar joylashgan. Yuqoriga ko‘tarilgan sari bu mintaqa qattiq bargli, doimiy yashil o‘rmonlar va butazorlar mintaqasi bilan almashinadi. Undan balandda bargini to‘kuvchi buk o‘rmonlari mintaqasi, undan ham yuqorida alp o‘tloqlari joylashgan. Markaziy And yassitog‘liklarida esa tog‘ dashtlari va chalacho‘llar hosil bo‘lgan. 
 

And tog‘larining hayvonot dunyosi juda xilma-xil. Bu yerda ko‘zoynakli ayiq, mo‘ynali shinshilla, yovvoyi lamalar uchraydi. Tog‘larning tik yonbag‘irlarida yirik yirtqich qushlardan kondorlar yashaydi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.