Dunyo okeanining atmosfera va quruqlikka ta'siri 

5 181

Dunyo okeani Yerning barcha qobiqlari bilan muntazam o‘zaro aloqada bo‘lib, sayyoramiz tabiatiga kuchli ta’sir etib turadi. Dunyo okeanining atmosfera, litosfera, biosfera bilan doimiy o‘zaro ta’siri natijasida „okean-atmosfera-quruqlik" tizimi tarkib topgan. Bu tizimda modda va energiya almashinuvi kuzatiladi. Tizimdagi moddalarning harakatini ta’minlaydigan qudratli kuch quyosh energiyasidir. Dunyo okeani Yer yuzasiga Quyoshdan kelayotgan issiqlikning 70%ini yutadi. Natijada okean issiqlik „akkumulatori"ga aylanadi va atmosferani ilitib turadi, bug‘ holatidagi namlik bilan ta’minlaydi, quruqlikka va barcha suv havzalariga yog‘in beradi.

Quyosh energiyasi ta’sirida harakatga kelgan „issiqlik mashinasi" butun Yer yuzasi bo‘ylab „okean-atmosfera-quruqlik" tizimida issiqlik va namlik taqsimotini ta’minlaydi. „Issiqlik mashinasi"ning harakat yo‘nalishi, tezligi kabi xususiyatlariga Oy va Quyoshning tortishi hamda Koriolis kuchi, Yerning ichki energiyasi, hatto antropogen omil ham ma’lum miqdorda ta’sir etadi. Oqibatda tabiatda turli xil jarayonlar yuzaga keladi.

Okeanning atmosfera va quruqlikka ta’sir etishida havo massalarining o‘rni katta. Okean quyosh issiqligini to‘playdi, ularni dengiz oqimi turli kenglik va uzoqliklarga olib ketadi, atmosferani ilitadi.

Agar havo massalari okean yuzasida hosil bo‘lsa, dengiz havo massalari, aksincha, quruqlik ustida hosil bo‘lsa, kontinental havo massalari deb ataladi. Bu havo massalari „okean-quruqlik" tizimida issiqlik va sovuqlikni tashuvchi vosita vazifasini bajaradi.

Atmosferada sodir bo‘ladigan shamol, bo‘ron va quyunlarning bosh sababchisi ham „okean-atmosfera-quruqlik" tizimidagi modda va energiyaning almashinuvidir. Quyun (tayfun) va bo‘ronlar ikkala yarimsharning 5-20° kengliklari oralig‘idagi okean yuzasida tarkib topadi.

Dengiz oqimlari ham okeanning atmosfera va quruqlik o‘rtasidagi o‘zaro aloqasiga kuchli ta’sir etadi. Ayniqsa, iliq va sovuq dengiz oqimlari issiqlik va sovuqlikni geografik kenglik hamda uzoqliklar bo‘yicha tashiydi.

Okeanlarning yashash uchun qulay bo‘lgan sohillarida qadimdan odamlar makon qurgan. Hozir ham qirg‘oqning 50 km gacha bo‘lgan qismida dunyo aholisining 27% i yashaydi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.