Geografik qobiqning chegaralari, xususiyatlari 

17 819

Geografik qobiq va uning chegaralari. Atmosferaning quyi qatlami — troposfera, litosferaning ustki g‘ovak qatlami, gidrosfera va biosferalarni o‘z ichiga olgan hamda  o‘zaro ta’sir etib turadigan yaxlit qobiq Yerning geografik qobig‘i deb ataladi.

Geografik qobiqning yuqori va quyi chegarasini, uning qalinligini turli olimlar turlicha o‘tkazishadi va belgilashadi. Ko‘p olimlar geografik qobiqning yuqori chegarasini troposferaning yuqori qismidan o‘tkazishadi va uning qalinligini 30-35 km deb hisoblashadi. Aniqlanishicha, geografik qobiqning yuqori chegarasi ozon pardasiga, pastki chegarasi esa g‘ovak jinslarining tag qismiga to‘g‘ri keladi. Ozon pardasi Yerdagi organizmlarni Quyoshning ultrabinafsha nurlaridan muhofaza qiladi.

Geografik qobiqning xususiyatlari. Geografik qobiqning birinchi xususiyati, uning tarkibiy qismlari — litosfera, gidrosfera, atmosfera va biosferalar doimiy ravishda o‘zaro aloqadorlikda bo‘lishi va bir-biriga ta’sir etishidir; ikkinchi xususiyati, modda va energiya almashinish jarayonining bo‘lib turishidir; uchinchi xususiyati, geografik qobiqda organik hayotning, jumladan, insoniyat jamiyatining mavjudligidir.

Geografik qobiqning rivojlanishiga Yerning tashqi va ichki energiyalari ta’sir etadi. Geografik qobiqda sodir bo‘layotgan barcha jarayonlarning asosiy qismi Quyosh energiyasi va kamroq qismi Yerning ichki energiyasi ta’sirida ro‘y beradi.

Geografik qobiqning tuzilishida modda va energiya almashinuvi muhim rol o‘ynaydi. Bunda litosfera, gidrosfera, atmosfera va biosferalar o‘rtasida moddalar almashinishi ro‘y beradi. Masalan, okean suvi 3000 yilda bir marta yangilanadi. Atmosferadagi namning to‘liq yangilanishi uchun atigi 10 kun kerak bo‘ladi. Aylanma harakatdagi suv boshqa komponentlar bilan bevosita aloqada bo‘lib, geografik qobiqning shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Geografik qobiqning vertikal va gorizontal tuzilishi ham uning asosiy xususiyatlaridan hisoblanadi. Geografik qobiqning vertikal tuzilishi deganda, uning tarkibiy qismlari balandlik bo‘ylab joylashgan holatini tushunish lozim. Geografik qo- biqning gorizontal tuzilishi tabiat komplekslarining kenglik va uzunlik bo‘ylab tarqalishi va almashib kelishida namoyon bo‘ladi. Bunga iqlim mintaqalari, tabiat zonalari yaqqol misoldir. 

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.