Okean boyliklari, ulardan foydalanish va muhofaza qilish 

11 652

Okean boyliklari va ulardan foydalanish. Olimlarning fikricha, hayot okean sohillaridagi to‘lqinlar hosil qilgan „hayot sharbati — bo‘tqasimon loyqa"li suv muhitida hosil bo‘lgan. Okean suvlarida mikroskop bilan ko‘rinadigan organizmlardan tortib 150 tonna keladigan ko‘k kitlargacha, turli xil organizmlar yashaydi. Hozir Dunyo okeanida 160 ming hayvon turi, 10 ming atrofida o‘simlik turi mavjud.

Okean organizmlari yashash joylariga ko‘ra guruhlashtiriladi. Masalan, bentos organizmlar — okean suvlari tubida, yotqiziqlar orasida yashaydi. Nektonlar — erkin ko‘chib yuruvchi organizmlar bo‘lsa, planktonlar  suv oqimlariga qarshilik ko‘rsata olmay, muallaq holatda suzib yuruvchi organizmlardir (fitoplankton va zooplanktonlar).
Dunyo okeani tabiiy boyliklarning xazinasi hisoblanadi. Bu boyliklar biologik, kimyoviy, ma’danli va yoqilg‘i-energetika resurslaridan iborat. Hozir biologik resurslarning  2 % idangina foydalanilmoqda. Lekin bu dunyoda iste’mol qilinadigan oqsil moddalarning 20 % ini tashkil etadi.

Okean suvlaridan yiliga treska, seld, skumbriya baliqlari ko‘plab ovlanadi. Okean tubidan osh tuzi, brom, magniy, oltingugurt, aluminiy, mis, uran, kumush, oltin olinadi.

Dunyo okeanida neft va gaz eng ko‘p Fors ko‘rfazidan, shuningdek, Venesuela qirg‘oqlaridan, Shimoliy dengizdan, Meksika qo‘ltig‘idan qazib olinadi.

Dunyo okeani eng muhim va arzon dengiz transporti yo‘li vazifasini bajaradi. Savdo-iqtisodiy aloqalar doirasidagi mahsulot tashishning 60 % dan ortig‘i dengiz transporti orqali bajariladi. Dunyo xo‘jaligining rivojlanishi, xalqaro mehnat taqsimotining yuzaga kelishi, savdo-sotiqning rivojlanishi dengiz transporti tufaylidir. Hozir Dunyo okeani sohillarida 2 700 dan ortiq dengiz port-shaharlari mavjud.

Dengiz transportida tashiladigan asosiy yuk neft va neft mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Ba’zan bu mahsulotlarni tashiydigan maxsus kema — tankerlar halokatga uchrab, sohil tabiatiga, dengiz organizmlariga katta talafot keltirmoqda.

Dengiz turizmi ham okean resurslaridan foydalanishning bir sohasi sifatida tobora rivojlanmoqda.

Dunyo okeanini muhofaza qilish milliy, regional va xalqaro ko‘lamda amalga oshiriladigan tadbir. Dunyo okeanini tadqiq etish va foydalanish hamda muhofaza qilish maqsadida ko‘plab xalqaro tashkilotlar tuzilgan. Xalqaro dengiz qo‘mitasi, Davlatlararo okeanografik komissiya (UNESCO qoshida) va boshqalar Dunyo okeani boyliklaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish, ularni muhofaza qilish, tiklash va ekologik sharoitini yaxshilash borasida ibratli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.