Futshtok - mezon
Xaritalarda tepalik va tog‘ laming balandligi dengiz sathidan
(yuzidan) hisob qilinishini bilasiz. Ammo dunyoda dengizlar ko‘p, ularning
sathi havo harorati, bosimi, yer aylanishi, shamollar, qalqish va qaytish
sababli bir tekisda emas. Hatto bir kunning o‘zidayoq bir necha marta o‘zgarib
turadi. Rossiya hududidagi dengizlar sathi ham har xil: Boltiq dengizi yuzidan
Qora dengiz sathi 25, Bering dengiziniki esa 75 santimetr past.
Avstraliyaning shimoliy qirg‘og‘i bilan janubiy qirg‘og‘i orasida suv sathi
ikki metr tafovut qiladi. Shunga qaramay, biror tayanch nuqtasi bo‘lishi kerak
edi. Nihoyat, Boltiq dengizi va Fin qo‘ltig‘idagi Kronshtadt qal’asining suv
yuzasi shunday andaza uchun tanlab olingan.
Dengiz bo‘yiga bitta uzun temir taxtacha o‘matilgan. Taxtachaning 135
santimetr qismi suv ichida, 350 santimetri esa suvdan tashqarida ko'rinib
turadi. Unda suvning sutkada, oyda va ko‘p yillar mobaynida ko‘tarilib-pasayib
turishi belgilangan va o‘rtacha holati nol deb olingan. Shu suv o‘lchagich
reyka Kronshtadt futshtogi deb yuritiladi va barcha balandliklar o‘shanga nisbatan o'lchanadi.
Xaritalarda «dengiz sathidan balandligi» yozuvini o‘qiganda bilingki, hisob siz
hozirgina o‘qigan Kronshtadt futshtogidan boshlangan. Masalan, Toshkent 470, G`alaba cho'qqisi 7495 metr balandlikda, Kaspiy dengizining qirg‘og‘i esa
28 metr pastlikda.
Chet ellarda boshqa nol ko‘rsatkichlar qabul qilingan. Masalan,
Fransiyada 0‘rtayer dengizi bo‘yidagi Marsel futshtogi, Gollandiyada Amsterdam
futshtoglari dengiz sathidan balandlikni o‘lchash mezoni hisoblanadi.
Okean sathining holati Yeming sun’iy yo‘ldoshlaridan kuzatib
o‘lchanganda juda ham notekis ekanligi aniqlandi. Okean sirtida katta-katta
(eni bir necha kilometrga yoyilgan) soyliklar va do‘nglar bor ekan. Masalan,
Hindiston yarimorolining janubida, ekvator atrofida okean suvining yuzi 112
metr cho‘kkan, Grenlandiya va Yevropa o‘rtasidagi suv 68 metr ko‘tarilib
turadi. Bunday holatning sababi — Yer tarkibidagi qattiq jinslarning turlicha
joylashgani, yadro naq markazda bo‘lmay, biroz chetroqqa surilgani, og‘irlik
kuchi har joyda turlicha bo‘lgani deb faraz qilinmoqda. Ayni vaqtda okean chuqurliklarida
suv zichligining turlicha ekanligi ham suv yuzidagi notekislikka sabab bo‘lishi
mumkin.
Umuman, dunyo okeanining sathi asrlar davomida turg‘un bo‘lmagan.
Iqlim sovigan davrlarda muzliklar ko‘payib, talay suv yaxlab qolishi natijasida
okean suvi hozirgidan 100 metrgacha pasaygan, iqlim isigan davrlarda esa muzliklar
erishi bilan okean suvi yana ko‘payavergan bo‘lishi ham mumkin.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.