O‘zbekistonning geografik o‘rni, chegaralari va maydoni
O‘zbekiston
O‘rta Osiyoning markaziy qismida, asosan, Amudaryo bilan Sirdaryo orasida
joylashgan. O‘zbekistonning eng shimoliy nuqtasi Ustyurt platosining shimoli
sharqida bo‘lib, 45° 36′ shimoliy kenglikdadir. Eng janubiy nuqtasi Тermiz
shahri yonida, Amudaryo qirg‘og‘ida bo‘lib, 37° 11′ shimoliy kenglikda. Eng
g‘arbiy nuqtasi Ustyurt platosida bo‘lib, 56°00′ sharqiy uzoqlikda, eng
sharqiy nuqtasi esa Farg‘ona vodiysining sharqiy qismida, 73° 10′ sharqiy
uzunlikdadir. O‘zbekistonning eng shimoliy nuqtasi bilan janubiy nuqtasi
orasidagi masofa 925 km ga, eng g‘arbiy nuqtasi bilan sharqiy nuqtasi orasidagi
masofa esa 1400 km ga teng.
O‘zbekiston
geografik o‘rniga ko‘ra O‘rta dengiz bo‘yidagi Ispaniya, Italiya, Gretsiya kabi
mamlakatlar bilan taxminan bir geografik kenglikda joylashgan. Lekin
O‘zbekiston Yevrosiyo materigining ichki qismida okean va dengizlardan
uzoqda joylashganligi tufayli subtropik
okrugdan farq qiladi. Buning ustiga Hind okeanidan kirib keladigan nam va iliq
havo oqimlarini tog‘lar to‘sib turadi.
Aksincha, shimoliy qismi ochiq bo‘lganligi tufayli sovuq havo oqimi bemalol
kirib keladi. Natijada, O‘zbekiston
subtropik mintaqada joylashsa-da, cho‘lga xos bo‘lgan tabiiy sharoit (yozi
bulutsiz, serquyosh, jazirama issiq va quruq, qishi esa nisbatan sovuq) vujudga
keladi.
O‘zbekiston
chegarasining ko‘p qismi tekisliklar, ozroq qismi adir va tog‘lar orqali
o‘tadi. Respublikamiz shimol va shimoli-g‘arbda Qozog‘iston bilan, sharqda
Qirg‘iziston bilan, janubi sharqda Тojikiston bilan, janubi g‘arbda
Тurkmaniston bilan chegaradosh. Janubda O‘zbekiston Surxon-Sherobod vodiysida
Afg‘oniston bilan (Amudaryo orqali) chegaradoshdir.
O‘zbekiston
maydoni 448,9 ming kv.km bo‘lib, kattaligi jihatidan O‘rta Osiyoda Qozog‘iston
va Тurkmanistondan keyingi o‘rinda turadi. O‘zbekiston maydoni Yevropadagi
Buyuk Britaniya va Italiya kabi davlatlar hududidan katta. O‘zbekiston hududi
Belgiya, Niderlandiya va Daniya kabi davlatlarning yer maydonini qo‘shib
hisoblasak ham, ulardan 4 marta, Shveysariyadan 10 marta, Belgiyadan 14 marta
katta.
Aholisi va
ma’muriy-hududiy bo‘linishi. O‘zbekiston O‘rta Osiyoda aholisi zich joylashgan respublika bo‘lib, unda 32,1 mln dan ortiq kishi yashaydi. Uning aholisi Shveysariya aholisidan 4 marta, Qozog‘iston aholisidan 2 marta, Turkmaniston aholisidan 6,5 marta ko‘pdir. O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yillik o‘sishi 1,7 foiz atrofida bo‘lib, asosan, tabiiy ko‘payish hisobiga o‘sib bormoqda. O‘zbekiston aholisining 51 foizi shaharlarda, 49 foizi esa qishloqlarda yashaydi.
O‘zbekiston
aholisining asosiy qismi o‘zbeklar bo‘lib, ulardan tashqari, qozoq, tojik, rus,
tatar, qoraqalpoq, koreys, qirg‘iz, turkman, uyg‘ur, turk, yahudiy va boshqa
millatlar yashaydi.
O‘zbekiston
1924-yilda sobiq Ittifoq tarkibiga kiruvchi respublika tarzida tashkil topgan.
1991-yil 31-avgustda mustaqil deb e’lon qilindi va O‘zbekiston Respublikasi
deb nomlana boshlandi. Hozir poytaxtimiz Toshkent shahrida 2 mln 400 ming dan
ortiq aholi yashaydi.
O‘zbekiston
ma’muriy-hududiy jihatidan 12 viloyat, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston
Respublikasidan iborat.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.