3-sentyabr Navoiy shahriga asos solingan kun 

2 917

1958-yil 3-sentyabr – Navoiy shahriga asos solingan. Navoiy — Navoiy viloyatidagi shahar (1958 yildan). Viloyatning ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. O’zbekistonning janubiy-g’arbida, Zarafshon daryosi vodiysida, viloyatning sharqiy chekkasida, 347 m balandlikda. Temir yo’l stansiyasi. Avtotransport yo’llarining muhim tuguni, Toshkentdan 509 km. Iqlimi kontinental, yillik o’rtacha harorat 15 C, iyulniki 28,3°, yanvarniki 0,4°. Maydoni 60 km.kv. Navoiy tarkibida Karmana tumani bor. 

Navoiy Zarafshon vodiysidagi tez o’sayotgan, yosh industrial shahar, buyuk o’zbek shoiri Alisher Navoiy nomiga qo’yilgan. Zarafshon daryosining yaqinligi, yirik qishloq xo’jaligi hududning markazida joylashganligi, transport bilan yaxshi ta’minlanganligi shaharning tez o’sish omili bo’ldi. Navoiy O’rta Osiyoda yirik elektr energiya va kimyo sanoati markaziga aylandi. Navoiyda 136 aksiyadorlik jamiyati, 334 davlat korxonasi, 1103 xususiy korxona bor. Shaharda 21 yirik sanoat korxonasi mavjud. Viloyat sanoat korxonalari yalpi mahsulotining ko’p qismi Navoiyda ishlab chiqariladi. Shahar sanoat tarmoqlarida elektr quvvati, mineral o’g’itlar, ip hamda ipak gazlamalar ishlab chiqarilmoqda. "Navoiy-azot" ishlab chiqarish birlashmasi, elektr-kimyo zavodi, Navoiy konchilik-metallurgiya, un, non kombinatlari, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, "Qizilqumsement" korxonasi, paxta tozalash, mashinasozlik, sut, ipak qurti zavodlari, "Sintepon" korxonasi, oziq-ovqat va mahalliy sanoat muassasalari bor. Sanoat, transport va qishloq texnikasini ta’mirlaydigan binolar, maishiy xizmat ko’rsatish kombinati hamda hunarmandchilik tarmoqlari ishlab turibdi. Shaharda xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda qurilgan 18 dan ortiq qo’shma korxonalar faoliyat ko’rsatmoqda. Shulardan "Agama", "Zerispark" korxonalari samarali ishlamoqda. Shahar orqali Uchquduq, Buxoro, Nukus shaharlariga boruvchi temir yo’l o’tgan. Navoiyda 20 ga yaqin yo’nalishda avtomobil transporti qatnaydi. Xalqaro aeroporti Navoiyni Toshkent orqali Respublika viloyatlari va 20 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan o’zaro aloqalar o’rnatishda xizmat qiladi. Shahar Navoiy viloyat hokimiyati binosi hududida (qad. Karmanadya) Mir Sayd Bahrom maqbarasi (11-asr), Qosim Shayx xonaqozi (16-asr) va boshqa me’moriy yodgorliklar mavjud. Navoiy yirik ilm-ma’naviyat va ma’rifat markazlaridan. Bu yerda 2 oliy o’quv yurti (Navoiy davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat konchilik instituti), akademik litsey, 25 umumiy ta’lim maktabi, 3 Mehribonlik uyi (shundan 2 tasi oilaviy), 6 kollej, 3 maxsus internat-maktabi (shundan 1 tasi nogironlar uchun), biznes maktabi, 2 muzey (viloyat o’lkashunoslik muzeyi, uning Qosimshayx Azizov majmuasi filiali, 2 madaniyat saroyi, madaniyat va istirohat bog’lari, Yosh tomoshabinlar teatri, 8 jamoat kutubxonasi, stadion, suzish havzasi, 10 kasalxona, 5 poliklinika, shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatish markazi, 7 tibbiy dispanser faoliyat ko’rsatadi. 1958—60 yillarda shahar yagona bosh plan asosida issiq iqlim, milliy an’analarni hisobga olgan holda qurilgan. Me’mor va quruvchilardan bir guruhi davlat mukofotlariga sazovor bo’lishgan. Shahar ko’kalamzorlashtirilgan, favvora va suzish havzalari ko’p. Alisher Navoiy tavalludining 560-yilligi munosabati bilan Navoiyda Navoiy haykali o’rnatildi (2001).
Hazrat Alisher Navoiy jome’ masjidi.
Navoiy shahri ulug’ o’zbek mutafakkiri va shoiri Alisher Navoiy sharafiga atab shunday nomlangan.  Shaharning  hozirgi hududi oldin Karmana deb atalgan bo’lib, Buxoro amirligining bekligi bo’lgan. 1958-yilning sentyabr oyida Navoiy shahri sanoatlashgan shahar sifatida tashkil topdi. Shu vaqtdan Navoiy viloyati tashkil topganga qadar Navoiy shahri Buxoro oblasti tarkibida bo’lib keldi.

3-sentyabr Gollandiyada gullar namoyishi bayrami
Gollandiyaning Aalsmer shahrida har yili 3 sentyabrda gullar namoyishi bo’lib o’tadi. Bu namoyish Aalsmer auksionidan Amsterdan bosh maydonigacha davom etadi. Namoyish ishtirokchilari 2 km dan ko’proq yo’l yurishadi, tomoshabinlar esa millionga yaqin gullarni ko’rish imkoniga ega bo’lishadi. Bu gullar 30 ta avtomobil’ va 20 ta qayiqda olib o’tiladi. Namoyishni Gollandiyaning eng yirik gul firmalari tashkillashtiradilar. Hammasidan ko’proq bu yerda lola, atirgul, xrizontema va nilufar gullarini ko’rish mumkin.

3-sentyabr San-Marino Respublikasi Milliy bayrami
Rasmiy nomi – Shavkatli San-Marino Respublikasi. Poytaxti – San Marino. Hududi – 61 km2. Aholisi-32000 kishi (2012). Davlat tili – ital’yan. Davlat dini-xristian dinining katolik mazhabi. Pul birligi-yevro. Geografik joylashuvi va tabiati. Janubiy Yevropadagi davlat. Italiya hududida, Apennin yarimorolining shimoliy qismida joylashgan (chegarasining uzunligi-39 km). Mamlakat tik qoyali tog’larda joylashgan. Eng baland cho’qqisi-Titanoning (738 m) yaqinida poytaxti San-Marino joylashgan. Iqlimi-subtropik. Mamlakat hududida bir nechta eman va kashtan daraxtzorlari saqlanib qolgan. Tog’ etaklarida Makvis changalzorlari (drok, mirt, lavr, bodom) bor. Yoqimli hidli, efir moyli o’simliklar ko’p. Mamlakat 9 ta okrugdan iborat. Milliy bayrami 3 sentyabr – Respublikaga asos solingan kun. Tarixi. Afsonalarga ko’ra, San-Marinoga 301 yilda tarki dunyo qilgan avliyo Marinus asos solgan. IX asrda hozirgi San-Marino hududi avtonom davlat bo’ldi, XIII asrda esa mustaqil respublika deb e’lon qilindi. Uni Rim papasi Nikolay IV 1291 yili tan oldi. Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Turizm iqtisodining eng muhim sohalaridan biri (San-Marinoga har yili 2 millionda ziyod sayohatchilar tashrif buyuradi). Bu ichki milliy daromadning 60% ini tashkil qiladi. Daromadning yana bir muhim manbai – chet ellik kolleksionerlarga markalar sotish. Aholining turmush darajasini G’arbiy Yevropa mamlakatlarining shu sohadagi ko’rsatkichlariga qiyoslash mumkin. 2012-yilda YaIM miqdori 1850 mln (aholi jon boshiga – 74046) dollarni tashkil etgan. Asosiy savdo hamkori – Italiya. Avtomobil yo’llarining umumiy uzunligi-104 km.

3-sentyabr Butunjahon yolg'izlik bilan kurashish kuni
Ba'zi insonlarga boshqalardan uzoqroq bo'lish yoqsa, ba'zilarga esa jamoada bo'lish yoqadi. Ammo ularning barchasi yolg'izlikda uzoq vaqt yasholmaydilar, chunki yolg'izlik insonni psixikasiga ta'sir ko'rsatadi; negaki odamda qo'rquv, hayajon, depressiya va turli o'ylarga olib keladi. Inson ijtimoiy mavjudot va unga doimo hamroh kerak. Jamityashunoslik ensiklopediyasiga ko'ra, yolg'izlik - bu insonni boshqalardan kommunikativ jihatdan uzoqdaligi, ijtimoiy aloqalarning uzilganidagi holati va hissiyotlaridir.
 Yolg’izlik inson ruhiyatiga ta'sir qilib, og'ir kechinma, qayg'u, bezovtalik, tushkunlikka soladi. Yolg'izlik turli yoshdagi odamlarda og'ir kechadi, ayniqsa yosh bolalarda katta xavf tug'diradi.
 Fransuz yozuvchisi Antuan de Sent-Ekzyuperi shunday deydi; "Men o'z yolg'izligimni bir o'zim yengishga umid qilmayman.Yolg'iz toshning o'zi hech nimaga aylanolmaydi - ammo boshqa toshlar bilan birlashib tosh qal'aga aylanadi”.
 Yolg'iz odamlar soni yildan yilga oshib bormoqda, Bugungi zamonaviy dunyoda, real muloqot virtual muloqat bilan almashib, natijada yolg'izlik hissi nevrozga olib kelmoqda va odamlarda tushkunlik kayfiyati olib bormoqda.
 Butunjahon yolg'izlik bilan kurashish kuni maqsadi o'zlarini yolg'izlikda yaxshi his qilmaydigan odamlarni birlashtirib, ularga yangi tanishlar, do'stlar orttirish va eski do'stlari bilan uchrashishga yordam berishdir.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.