Zamonaviy o`qituvchi 

7 007


  O`quvchilarga chuqur bilim berish, kelajakda o`z o`rnini topishda yoshlikdan tayyorlash tarafdori bo`lgan Abdiyev Rustam eng yaxshi insoniy fazilatlarga ega, o`z fanini yaxshi biladigan, zamonaviy dars o`tish usullarini puxta o`zlashtirgan, samarali mehnati bilan shahar, viloyat va respublika miqyosida e`tirofga loyiq deb topilgan muallimdir.

  U, ta`lim tizimida 14 yildan beri geografiya fanidan dars berib, zamonaviy o`qituvchi nimalarga qodir bo`lishini amalda ko`rsatib kelmoqda. Jumladan, ta`lim mazmunini tubdan yangilash va takomillashtirish borasidagi davlat siyosatini chuqur his etib, geografiya fanidan davlat ta`lim standartlarini va uzviylashtirilgan dasturni mukammal o`zlashtirdi. Har bir darsga puxta tayyorgarlik ko`rib, yangi pedagogik texnologiyalar asosida dars o`tishga odatlandi. O`quvchilarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish doimiy e`tiborida bo`ldi. Murakkab mavzular ustida ishlashda: o`quvchilar bilan yakka tartibda va kichik guruhlarga bo`lib ishlashni tizimli olib bordi. O`quvchilar faolligini, bilim darajasini oshirishda qo`shimcha manbalardan, ayniqsa, Internet ma`lumotlaridan (mentalitetimizni hisobga olib) foydalanish natijasida geografiya fanidan o`ziga xos "Mahorat maktabi” ni yaratdi.

  Men, 2003-2013-yillarda Navoiy viloyati Xalq ta`limi boshqarmasida Ta`lim markazi direktori bo`lib ishlab, xizmat vazifam yuzasidan viloyat miqyosidagi tadbirlar: fan olimpiadalarini, ko`rik-tanlovlarni, uslubiy seminarlarni o`tkazish, ilg`or pedagogik tajribalarni o`rganish va ommalashtirish ishlari bilan shug`ullanganim uchun Abdiyev Rustam "Eng yaxshi dars ishlanmasi”, "Eng yaxshi metodik tavsiya”, "Eng yaxshi nazorat testi” viloyat ko`rik-tanlovlari g`olibi bo`lganligini, ilg`or pedagogik tajribasi viloyat va respublika miqyosida  ommalashtirilganligi shohidi bo`lganman. U, 2011-yilda "Xalq ta`limi a`lochisi” nishoni bilan taqdirlangan. 2012-yilda geografiya fanidan "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi” Respublika ko`rik-tanlovida 1-o`rinni egallagan.

  Darsning muqaddasligini his etib, harakat qilgan o`qituvchi ta`limda yuksak sifat va samaradorlikka erishadi. Abdiyev Rustam shu toifadagi o`qituvchilardandir. U o`qitishning zamonaviy usulidan qaysi darsda qanday foydalanishni biladi. Darsga milliy ruh bera oladi. Xarakterli jihati, o`ziga hamda o`quvchilariga nisbatan nihoyatda talabchandir.  Rustam foydalangan yangi pedagogik texnologiyadan o`qituvchilar foydalansa, shubhasiz yaxshi natijaga erishadi. Ta`limda "O`zbek modeli”ni amaldagi ifodasini his etadi. 

  Abdiyev Rustamni dars o`tishdagi afzallik tomonlaridan biri, har bir o`quvchining xarakter xususiyatini, qobiliyatini, nimadan oqsashini, qolaversa, oilaviy muhitini ham yaxshi biladi. Yangi mavzuni o`tishda amaliy mashg`ulotlarga vaqt ajratadi. U, "Kichik guruh”larda ishlash, "Aqliy xujum”, "O`zaro yordam” usulida dars o`tishni, eng samara beradigan usul deb hisoblaydi. Nazorat testlarini tuzishga ijodiy yondashadi. O`quvchilar bilimida aniqlangan bo`shliqlarni to`ldirish, murakkab mavzular ustida ishlash uchun qo`shimcha mashg`ulotlar o`tadi. Ayniqsa, o`quvchilarning mamlakatimizdagi hamda dunyo geografik olami haqidagi zamonaviy bilim va tasavvurini kengaytirish uchun Internet ma`lumotlaridan o`rinli foydalanish o`z samarasini bermoqda. 

  Abdiyev Rustam o`qitgan o`quvchilar qator yillardan buyon, geografiya fanidan o`tkazib kelinayotgan viloyat fan olimpiadalarida, "Bilimlar bellashuvi”ning viloyat va respublika bosqichlarida g`oliblikni qo`lga kiritmoqdalar.

  Ijodkor va izlanuvchan o`qituvchi Abdiyev Rustam, yangi ijodiy ishga qo`l urib, umumiy o`rta ta`limning davlat ta`lim standartlari va o`quv dasturlari asosida Internet tarmog`ida geografiya fanini mustaqil o`rganishga mo`ljallangan www.geografiya.uz veb-saytini yaratdi.

  Geografiya fanini o`qitishda yuqori natijalarga erishish bilan birga, ijodiy yondoshib, geografiya fanini o`qitishni yanada takomillashtirish va rivojlantirish ishiga katta hissa qo`shayotgan Abdiyev Rustam timsolida eng zamonaviy o`qituvchini ko`raman. Hamkasblarini hamkorlik qilishga chorlayman. 

Shogirdimga bo`lgan dil izhorimni quyidagi misralarga jo etdim.
   
Ta`limda osonmas ibrat bo`lmoqlik,
Lekin uddalading, qozonding hurmat.
Kasbiy mahoratga ko`plar havasda,
Dars erur muqaddas, unutma har vaqt.
 
G`ayrat-shijoating jo`sh urib qalbda,
Yosh avlod zehnini oshir muttasil.
Ona yurt kutadi samar-natija,
Yurtboshim talabin sharaf, vijdon bil. 
Omad yor bo`lsin Rustam! 
Bobonor Nortojiyev
Shoir

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.